10-modda. Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining elektr energetikasi sohasidagi vakolatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi elektr energetikasi sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organdir (bundan buyon matnda davlat nazorati organi deb yuritiladi).
Davlat nazorati organi:
elektr energetikasi sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash, uzatish, taqsimlash (yetkazib berish) va isteʼmol qilish chogʻidagi xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), binolar, inshootlar va qurilmalarning energiya samaradorligi hamda energiya tejamkorligi normalariga, shuningdek energiyadan oqilona foydalanishga va sifat koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
elektr energiyasini tejash, undan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha talablar buzilgan taqdirda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻradi.
Davlat nazorati organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
