62-modda. Probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo chorasining qoʻllanilish tartibi
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo chorasi ushbu Qonun talablariga rioya etilgan holda, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻining qarori asosida qoʻllaniladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaror ularning shaxsiy yigʻmajildi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Bir vaqtning oʻzida sodir etilgan bir nechta qoidabuzarlik uchun bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllaniladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi bevosita sud tomonidan belgilangan taqiqlar (cheklovlar) va majburiyatlar buzilganligi aniqlanganidan keyin, biroq mazkur qoidabuzarlik aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllaniladi. Intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaror oʻziga nisbatan ushbu qaror chiqarilgan shaxsga imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.
Probatsiya nazoratidagi shaxs tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻining intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qarori bilan tanishtiriladi. Probatsiya nazoratidagi shaxs intizomiy jazo chorasining qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishishni va unga imzo chekishni rad etgan taqdirda dalolatnoma tuziladi.
