44-modda. Ishga yoki oʻqishga joylashish yuzasidan sud belgilagan majburiyatning probatsiya nazoratidagi shaxs tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Sud tomonidan oʻziga nisbatan ishga yoki oʻqishga joylashish yuzasidan majburiyat belgilangan probatsiya nazoratidagi shaxsni ishga yoki oʻqishga joylashtirish maqsadida tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi xodimi mazkur shaxsni ishga yoki oʻqishga joylashtirishga koʻmaklashish haqida mehnat organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga yoki taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga hamda taʼlim tashkilotlariga taklif yuboradi.
Probatsiya nazoratidagi shaxs probatsiya hisobiga qoʻyilgan paytdan eʼtiboran bir oy ichida ishga yoki oʻqishga joylashishi shart.
Probatsiya nazoratidagi shaxsning bir oy ichida ishga yoki oʻqishga joylashmaganligi ushbu Qonunning 65-moddasiga muvofiq unga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi, bundan probatsiya nazoratidagi shaxs ishsiz deb eʼtirof etilgan hollar mustasno.
