33-modda. Probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) qoʻllash
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni oʻtash tartibi talablarini bajarmayotganligi toʻgʻrisida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni oʻtash davrida jamoat tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi boshligʻining qarori asosida qoʻllaniladi.
Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qoʻllanilishi mumkin emas.
Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) probatsiya nazoratida turgan shaxsdan u probatsiya hisobidan chiqarilayotgan vaqtda yechiladi. Probatsiya nazoratidagi shaxs jazoni oʻtash tartibiga rioya etgan va jamoat tartibini buzishga yoʻl qoʻymagan taqdirda elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) qoʻllanilgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach yechiladi.
Elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
