3-modda. Asosiy tushunchalar
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
probatsiya — muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini taʼminlashga, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va tarbiyaviy taʼsir koʻrsatishga, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
probatsiyaga oid axborot tizimi — manfaatdor davlat organlari oʻrtasida probatsiyani amalga oshirish sohasidagi axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
probatsiya nazorati — muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxslarning, shartli hukm qilingan shaxslarning va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshirishga, ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini hamda jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni shakllantirishga, sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etilishini taʼminlashga, shuningdek ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga qaratilgan faoliyat;
probatsiya nazoratidagi shaxs — muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan, shartli hukm qilingan, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda probatsiya hisobiga qoʻyilgan shaxs;
elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) — ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxsni masofadan turib nazorat qilishga moʻljallangan, qoʻlga yoki oyoqqa taqiladigan elektron qurilma.
