20-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va fuqarolarning probatsiya nazoratida ishtirok etishi
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalarining soʻrovlariga koʻra hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvoriga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan fuqarolarni aniqlaydi hamda mazkur fuqarolarning roziligi bilan ularni fuqarolar yigʻini bayoni asosida probatsiya nazoratidagi shaxslarga jamoat tarbiyachisi etib biriktiradi;
tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari bilan hamkorlikda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil etish, probatsiya nazoratida turgan va ishga joylashishga muhtoj boʻlgan shaxslarni oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirishga, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga, shuningdek kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb etish choralarini koʻradi;
oʻtkaziladigan madaniy va sport tadbirlarida probatsiya nazoratidagi yoshlarning faol ishtirok etishiga koʻmaklashadi.
Fuqarolar probatsiya nazoratida oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
