“Ekosan” xalqaro ekologiya va salomatlik jamgʻarmasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida (556-son)
17.11.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Ekosan” xalqaro ekologiya va salomatlik jamgʻarmasi Oʻzbekistonning va butun Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik holatini yaxshilashga, atrof muhitni muhofaza qilishga, aholining salomatligini himoya qilishga va genofondni saqlab qolishga qaratilgan dasturlar va loyihalar roʻyobga chiqarilishini amalga oshirmoqda.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining oʻquv rejalari, dasturlari va metodik qoʻllanmalariga ekologiya boʻyicha kurslarni kiritsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi maktablarning oʻquv dasturlariga ekologik tarbiya darslarini kiritsin.
3. “Ekosan” xalqaro ekologiya va salomatlik jamgʻarmasining xayriya faoliyatini kengaytirish maqsadida unga quyidagi huquqlar berilsin:
lotereyalar tashkil etish, jamgʻarma tushgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi toʻgʻrisida keng axborot berilishini taʼminlashidan kelib chiqqan holda unga qarashli korxonalar va tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha uning faoliyati ixtisosiga javob beruvchi mahsulotlar va buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek, koʻrgazmalarga, sanʼat ustalarining chiqishlariga va boshqa tadbirlarga kirish chiptalari chiqarish;
Jamgʻarmaning korxonalari va tashkilotlarining valyuta ajratmalari doirasida amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartibda ularning tovarlari va xizmatlarini eksport va import qilishni amalga oshirish;
qoʻshma korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari uchun belgilangan tartibda xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish;
4. Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tadbirkorlar uyushmasi xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, chet el firmalari, shu jumladan savdo - iqtisodiy firmalar bilan aloqalar oʻrnatilishida, shuningdek respublikaning ekologik ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash va amalga oshirish uchun investorlar jalb etilishida “Ekosan” jamgʻarmasiga har tomonlama koʻmaklashsinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bir oy muddatda “Ekosan” jamgʻarmasi markaziy apparatini, viloyat, shahar va tuman boʻlinmalarini joylashtirish uchun joy va yer uchastkalari ajratsinlar hamda ularni telefonlashtirish masalalarini hal etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat teleradiokompaniyasi, Davlat matbuot qoʻmitasi, respublika va viloyat gazetalari tahririyatlari Jamgʻarmaning maqsadlari, vazifalari va faoliyatini keng yoritish uchun televideniye va radio dasturlariga, bosma nashrlarga “Ekologiya va salomatlik” va “Ekosan xabarnomasi” maxsus ruknini joriy etsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat majmuiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 17-noyabr
556-son
