8-modda. Fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga boʻlgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga boʻlgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
fuqaro bogʻdorchilik va uzumchilik shirkati aʼzosi boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
