29-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilingan qarorlar yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Agar ushbu Qonunga muvofiq huquqlar eʼtirof etilgan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan boʻlsa, ushbu shartnomaga asosan bir martalik toʻlov toʻliq toʻlanguniga qadar tuman (shahar) soliq inspeksiyalari mazkur koʻchmas mulk obyektlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan belgilangan tartibda taqiq qoʻyadi.
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
