25-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻidagi davlat nazorati
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻida davlat nazorati, shu jumladan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hollarini barvaqt aniqlashga hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura va ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining, Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalaniladi.
