20-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan maʼlumotlar va hujjatlar uch oy ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalarida (majlislarida) muhokama qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, roʻyxatga olish va eʼlon qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etilayotgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar (fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan yili, yuridik shaxs boʻlgan rezidentlarning toʻliq nomi, roʻyxatdan oʻtgan sanasi hamda soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami);
2) ijara huquqi eʼtirof etilayotgan yer uchastkasi joylashgan manzil, maydon yer uchastkasining ijara muddati, undan amalda foydalanilish maqsadi, u egallab olingan yil;
3) mulk huquqi eʼtirof etilayotgan binolar va inshootlardan amalda foydalanilish maqsadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi shart.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
