2-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bir martalik umumdavlat aksiyasi — oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq 2018-yil 20-apreldan 2019-yil 1-mayga qadar oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi;
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik — ushbu Qonunga muvofiq huquqlar eʼtirof etiladigan koʻchmas mulk obyektlari uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshadigan miqdordagi qarzdorlik;
ortiqcha egallangan yer uchastkasi — yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarda koʻrsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiq boʻlgan, yer uchastkasining chegarasidan tashqarida, unga tutash hududda joylashgan yer maydoni;
oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi — fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan bunday hujjatlar yoʻqolgan yoki toʻliq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasi.
