18-modda. Maʼlumotlar va hujjatlarni oʻrganish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Elektron yigʻmajildga oid maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida shikoyat kelib tushmagan taqdirda elektron yigʻmajild ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq barcha vakolatli tashkilotlar tomonidan toʻliq kiritilgan (biriktirilgan) maʼlumotlar va hujjatlar bilan birga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik tarzda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga koʻrib chiqish uchun uch ish kuni ichida yuboriladi.
Agar mazkur muddat ichida shikoyat kelib tushgan boʻlsa, mazkur shikoyat vakolatli organlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.
Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari haqidagi maʼlumot, shuningdek avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi maʼlumotlar va hujjatlarga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda, mazkur oʻzgartirish vakolatli tashkilotlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.
Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot va (yoki) avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi maʼlumotlar va hujjatlarga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritilganidan keyin bir ish kuni ichida, biroq elektron yigʻmajilddagi maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kamida bir oy ichida elektron yigʻmajild Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan elektron yigʻmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ushbu Qonun talablariga muvofiqlik jihatidan yigirma ish kuni ichida oʻrganiladi, shuningdek ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga hamda 15 va 16-moddalari talablariga muvofiq yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asosliligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi (biriktiriladi).
Elektron yigʻmajildning, maʼlumotlar va hujjatlarning ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga hamda 15 va 16-moddalari talablariga muvofiq emasligi yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asosli emasligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun asos boʻladi.
