14-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi hamda unda maʼlumotlar va hujjatlarni yigʻish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda avtomatlashtirilgan axborot tizimi deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimining operatoridir.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar hamda hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hamda ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritiladi (biriktiriladi).
Ushbu maʼlumotlar va hujjatlar vakolatli tashkilot rahbarining yoki uning oʻrinbosarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Maʼlumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ushbu Qonunning 15-16-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, ikki bosqichda kiritiladi (biriktiriladi).
Maʼlumotlarning va hujjatlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilishi (biriktirilishi) ustidan nazorat prokuratura va adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vakolatli tashkilotlar tegishli maʼlumotlarni va hujjatlarni oʻz axborot tizimlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilgan holda taqdim etishi mumkin.
