12-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishning qoʻshimcha shartlari
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunning 4 — 11-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boʻlgan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylarning qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish toʻgʻrisidagi hujjatlarga (mavjud boʻlsa) muvofiq qurilish taqiqlangan hududlarda joylashmaganligi mazkur yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish uchun asos boʻladi.
Binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni eʼtirof etish masalasi yer fondining toifasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻzgartirilganidan keyin koʻrib chiqiladi.
Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi quyidagi oʻlchamlarda eʼtirof etiladi:
1) agar yer uchastkasi 1999-yil 1-yanvarga qadar egallangan boʻlsa, — barcha hududlarda 0,24 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda;
2) agar yer uchastkasi 1999-yil 1-yanvardan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa, — Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda.
Yer uchastkalari boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga oʻtkazilgan hollarda, yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqi ular avval joylashgan maʼmuriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini eʼtirof etish shartlariga muvofiq, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda eʼtirof etiladi.
Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan oʻlchamlardan oshgan hollarda, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga boʻlgan ijara huquqi, basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xoʻjaligini yoki tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun eʼtirof etiladi.
