Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (475-son)
01.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarda zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarorining 23-bandiga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab dastlabki 20 ta loyiha uchun investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirgan xarajatlarining bir qismi ularni 2025-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr boʻlishi sharti bilan har bir 500 metr yoʻl uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 1 mlrd soʻm miqdorida qoplanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Bunda investorlar xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrida koʻzda tutilgan mablagʻlardan ortiqcha talab etiladigan mablagʻlar kelgusi moliya yilida rejalashtirilishi inobatga olinsin.
2. Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlarini koʻrsatishning har bir bosqichida murojaatlarni koʻrib chiqishni kuzatib borish tartibini joriy etsin;
b) har oy yakuni bilan hisobot oyining 20-sanasiga qadar investorlarga ajratilgan mablagʻlar hisob-kitobi asosida kelgusi oy uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan mablagʻlar boʻyicha buyurtmanomani Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etib borsin;
v) oʻzining rasmiy veb-saytida yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash boʻyicha amalga oshirilgan loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar muntazam ravishda yangilab borilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 1-avgust,
475-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-avgustdagi 475-son qaroriga ILOVA
Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik Nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarorining 23-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda — Davlat budjeti) mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Nizom 2025-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.
2. Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
dor yoʻli — tirgaklar oʻrtasiga tortilgan arqonlar orqali harakatlanuvchi vagonlar, kabinalar va kursilar yordamida yoʻlovchilarni tashishga (koʻchirishga) moʻljallangan transport turi;
investor — yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarning bir qismini qoplab berish uchun murojaat etuvchi yuridik shaxs;
subsidiya — investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplash uchun respublika budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlar.
3. Subsidiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarorining 23-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan muddatdan boshlab investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini ularni 2025-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr boʻlishi sharti bilan har bir 500 metr yoʻl uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 1 mlrd soʻm miqdorida qoplash uchun ajratiladi.
Bunda yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash boʻyicha dastlabki 20 ta loyihaga yoʻnaltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi.
4. Investor subsidiya olish uchun ariza taqdim etish vaqtida quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi.
5. Subsidiya Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ajratiladi.
2-bob. Subsidiya olish uchun arizani taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
6. Investorning vakili (ariza beruvchi) subsidiya olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) Qoʻmitaga Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga qabul komissiyasining qurilishi tugallangan dor yoʻli foydalanishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda tasdiqlangan dalolatnomasining nusxasi ilova qilinadi.
7. Qoʻmita ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kunida uning Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqadi.
8. Qoʻmita arizani oʻrganib chiqib, bir ish kunida subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida (rad etish asoslari aniq koʻrsatilgan holda) qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan soʻng bir ish kunida YIDXP (elektron shaklda murojaat qilinganda) orqali ariza beruvchiga yuboradi.
9. Subsidiya berish quyidagi asoslarga koʻra rad etiladi:
arizada Nizomga 2-ilovada koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmaganligi yoki notoʻgʻri koʻrsatilganligi;
arizaga qabul komissiyasining qurilishi tugallangan dor yoʻli foydalanishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda tasdiqlangan dalolatnomasining nusxasi ilova qilinmaganligi;
ariza beruvchi Nizomning 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan talablarga javob bermasligi.
Subsidiya berishni ushbu bandda koʻrsatilmagan asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Ariza beruvchi subsidiya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgan kundan boshlab, koʻpi bilan oʻttiz ish kunida qarorda koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etishi hamda ularning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, Qoʻmitaga takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Bunda ariza beruvchi ushbu muddat ichida Qoʻmitaga subsidiya olish uchun ariza taqdim etgan boshqa investorlardan keyingi navbatga qoʻyiladi.
11. Ariza takroran taqdim etilgan kundan boshlab yetti ish kunida qayta koʻrib chiqiladi. Bunda subsidiya berishni yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng taqdim etilgan ariza yangi berilgan deb hisoblanadi.
3-bob. Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi
13. Qoʻmita subsidiya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandan soʻng uch ish kunida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga investor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarning hisob-kitobi koʻrsatilgan buyurtmanomani taqdim etadi.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi buyurtmanomani uch ish kunida koʻrib chiqadi hamda mablagʻlar Qoʻmitaning tegishli gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazilishini taʼminlaydi.
15. Mablagʻlar kelib tushganidan soʻng Qoʻmita ularni besh ish kunida investorning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga oʻtkazib beradi.
16. Yil yakuni bilan foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari tegishli moliya yili yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga qaytariladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Subsidiya berish uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratilgan investorlar roʻyxati Qoʻmitaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
18. Investor subsidiya olish uchun taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻgʻriligi uchun masʼul hisoblanadi.
19. Qoʻmita subsidiya berish ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring qilish va Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning investorga yetkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
20. Subsidiya Nizom talablariga xilof ravishda olingan hollarda, Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga taqdimnoma kiritadi hamda subsidiya sifatida ajratilgan mablagʻlarni belgilangan tartibda investordan Davlat budjetiga qaytarish choralarini koʻradi.
21. Investor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
22. Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish
SXEMASI
Investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
