Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga avtomobil transportida yoʻlovchi va yuk tashish faoliyatini litsenziyalash hamda yoʻnalishlarni biriktirish boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish va oʻtkazish tartibini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (465-son)
31.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 9-yanvardagi PF-8-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda yoʻlovchilarga sifatli va xavfsiz avtotransport xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
avtomobil transportida yoʻlovchi va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillarini yanada takomillashtirish hamda litsenziyalash pasportlarini tasdiqlash;
muntazam yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini biriktirish boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish va oʻtkazishda Transport nazorati inspeksiyasining vazifalarini belgilash;
tender gʻolibining har bir avtotransport vositasiga yoʻlovchilarni muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan elektron guvohnoma pasportini tasdiqlash;
muntazam yoʻlovchi tashish yoʻnalishlaridagi avtotransport vositalarining tasdiqlangan yoʻnalish sxemasi va harakatlanish jadvaliga rioya etilishini taʼminlash maqsadida yoʻnalishdagi avtotransport vositalarini sunʼiy yoʻldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlash va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish talablarini joriy etish;
2. Belgilansinki, muntazam yoʻlovchi tashish yoʻnalishlardagi avtotransport vositalarini sunʼiy yoʻldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlash va Transport vazirligining avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish talablari:
2024-yil 1-oktabrdan boshlab — yangidan ochiladigan yoʻnalishlarga;
2025-yil 1-iyuldan boshlab — qolgan barcha yoʻnalishlarga amal qiladi.
3. Transport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-iyul,
465-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-iyuldagi 465-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish toʻgʻrisida” 2011-yil 22-dekabrdagi 340-son qarori quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Belgilansinki, xalqaro avtomobil qatnovida hamda M3 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarida yoʻlovchi va yuklarni shaharlararo (masofasi 400 km va undan yuqori) yoʻnalishlar boʻyicha tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimi raqamli nazorat qurilmasi (taxograf) yordamida nazorat qilinadi.
Bunda haydovchi faqat raqamli nazorat qurilmasida oʻzining haydovchi kartochkasidan foydalanishi lozim boʻladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 2-banddagi “markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb ataladi)” soʻzlari “markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki “Litsenziya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Litsenziya” AT)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilovada:
1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Reglament qoidalari 7 va 8-ilovalarga muvofiq pasportlarda nazarda tutilgan litsenziyalanadigan faoliyat turlariga nisbatan tatbiq etiladi”;
4-banddagi ““Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandda:
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) — yoʻlovchilarni va yuklarni xalqaro tashish boʻyicha litsenziya/litsenziya varaqalarini berish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, bekor qilish va qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari tomonidan — yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo tashish boʻyicha litsenziyalar/litsenziya varaqalarini berish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, bekor qilish va qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — nazorat qiluvchi organlar) mazkur Reglamentga 7 va 8-ilovalarda belgilangan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi hamda huquqbuzarlarga berilgan litsenziya/litsenziya varaqalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, ularni bekor qilish yuzasidan litsenziyalovchi organlarga taqdimnoma kiritadi”;
7-bandning ikkinchi — oʻn ikkinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
8-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
9-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
10-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“avtotransport vositasining davlat raqami belgisi oʻzgargandagina, aynan shu avtotransport vositasiga undagi mavjud litsenziya varaqasi asosida ariza beruvchining litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish boʻyicha arizasiga koʻra — litsenziya varaqalari beriladi”;
2 va 3-boblar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
14-band “(keyingi oʻrinlarda — YIDXP)” soʻzlaridan keyin “yoki “Litsenziya” AT” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
15-bandning toʻrtinchi xatboshisi “YIDXP” qisqartmasidan keyin “yoki “Litsenziya” AT” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Davlat xizmatlarini koʻrsatganligi uchun yigʻim va davlat boji toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi”;
19-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi (shundan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun) — YIDXP orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib murojaat qilinganda, soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin bir soat mobaynida soʻrovnoma litsenziyalovchi organga yuboriladi.
YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali murojaat qilinganda, soʻrovnoma avtomatik tarzda litsenziyalovchi organga kelib tushadi.
Soʻrovnoma YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda soʻrovnoma ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda, navbatdagi ish kuni soʻrovnomaning litsenziyalovchi organga tushgan va litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi”;
23-bandning ikkinchi xatboshisidagi “YIDXP” qisqartmasi “YIDXP/“Litsenziya” AT” soʻzlari bilan almashtirilsin;
24-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Litsenziyalovchi organ davlat boji tushgan vaqtdan boshlab bir ish kunida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan litsenziya/litsenziya varaqalarini rasmiylashtiradi hamda tegishli davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP/“Litsenziya” AT orqali elektron shaklda yuboradi”;
25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Litsenziya/litsenziya varaqalarini berish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni 29-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad qilinadi.
Quyidagilar litsenziya/litsenziya varaqalarini berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
litsenziya/litsenziya varaqasini berish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning (maʼlumotlar) ariza beruvchi tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
ariza beruvchining litsenziya talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi.
Litsenziya varaqalarini berishni boshqa asoslarda rad etish qatʼiy taqiqlanadi.
Ariza beruvchi litsenziya berish rad etilishi toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega”;
27-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
29-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ariza beruvchilar rad etish sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi elektron xabarnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
31-banddagi “YIDXPga” soʻzi “YIDXP va “Litsenziya” ATga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Litsenziat — yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) faoliyat turlari boʻyicha oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin besh ish kuni ichida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli maʼlumotlarni koʻrsatgan holda, litsenziya/litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida davlat xizmatlari markaziga, YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali litsenziya/litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish uchun ariza berishi shart.
Litsenziat — jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining (yakka tartibdagi tadbirkor) unga davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida berilgan guvohnomada koʻrsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin besh ish kuni ichida davlat xizmatlari markaziga, YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali litsenziya/litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish uchun ariza berishi shart.
Litsenziat — avtotransport vositasining davlat raqami belgisi oʻzgargandan keyin besh ish kuni ichida mavjud litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida davlat xizmatlari markaziga, YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish uchun ariza berishi shart.
Ushbu bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun ariza litsenziatning xohishiga koʻra roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yuborilishi mumkin. Bunda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tadbirkorlik subyektining qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun asos boʻlgan maʼlumotlarni koʻrsatgan holda, “Litsenziya” AT orqali litsenziyalovchi organga xabarnoma yuboradi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ orqali litsenziyani qayta rasmiylashtirishda yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya/litsenziya varaqasi qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya/litsenziya varaqasi asosida amalga oshiradi”;
34-bandning birinchi xatboshisidagi “litsenziyalovchi” soʻzi “nazorat qiluvchi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
35 va 36-bandlar kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni 32-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda toʻxtatib turiladi.
Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishi kuyidagi hollarda litsenziyalovchi organ tomonidan toʻxtatib turiladi:
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi yoki nazorat qiluvchi organning litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarori bajarilmaganda.
Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishi oʻn kungacha muddatga litsenziyalovchi organ tomonidan oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga esa — sud tomonidan toʻxtatib turiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turishi litsenziatga litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda, maxsus elektron tizimga kiritilgan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay, maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda yetkaziladi.
Sudning litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organlar yoki sud litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilishi muddatini belgilashi shart. Bunda koʻrsatilgan muddat litsenziat litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni maxsus elektron tizim orqali olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam va olti oydan koʻp boʻlmasligi kerak.
Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turgan litsenziyalovchi organ yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi haqida tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini qayta tiklashi (tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi) shart.
Sudning litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida tegishli litsenziyalovchi organga qonunda belgilangan tartibda yetkaziladi. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishi qayta tiklanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni maxsus elektron tizimga bir ish kunidan oshmagan muddatda joylashtiradi.
Agar litsenziyalovchi organ litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini qayta tiklash haqida yoki qayta tiklashni rad etish toʻgʻrisida uch ish kuni ichida qaror qabul qilmasa, litsenziat mazkur muddat oʻtgandan soʻng litsenziyalovchi organni maxsus elektron tizim vositasida xabardor qilgan holda oʻz faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Litsenziat litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda, sud litsenziyani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida ular koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi. Bunda litsenziya amal qilishining toʻxtatib turilishini sud tomonidan asossiz deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishi qayta tiklangan deb hisoblanadi.
Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi axborot maxsus elektron tizim orqali joylashtirilishi kerak.
36. Litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini tugatish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni 34-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Litsenziyaning/litsenziya varaqasining amal qilishi quyidagi hollarda litsenziyalovchi organ tomonidan tugatiladi:
litsenziyalash tartibi bekor qilinganda;
litsenziya varaqasining amal qilish muddati tugaganda;
litsenziyaga ega boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganda;
litsenziat litsenziyaning/litsenziya varaqasining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga litsenziyaning/litsenziya varaqasining amal qilishini olti oygacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ariza bilan ilgari murojaat etilgan boʻlib, mazkur muddat ichida litsenziyaning/litsenziya varaqasining amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilinmagan taqdirda”;
37-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“litsenziat tomonidan boshqa litsenziatga belgilangan tartibda biriktirilgan muntazam yoʻnalishda yoʻlovchilarni tashish xizmatini koʻrsatish;
muntazam yoʻnalishlarda belgilangan tarif (yoʻl haqi) miqdorini asossiz ravishda oshirish hamda yoʻnalish sxemasidan chetga chiqqan holda (avtomobil yoʻllarida va koʻchalarda belgilangan tartibda vaqtincha cheklovlar kiritilgan yoki avtotransport vositalari harakati toʻxtatilgan holatlar bundan mustasno) belgilanmagan joyda yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish”;
38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Litsenziya/litsenziya varaqasi Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda va holatlarda bekor qilinadi.
Litsenziya/litsenziya varaqasi kuyidagi hollarda bekor qilinadi:
litsenziat litsenziyani/litsenziya varaqasini bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, uning oʻzgartirilishi, shuningdek, yangi vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini yoki harakatlarni (faoliyatni) amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda, qoʻshib yuborilishi bundan mustasno;
yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
jismoniy shaxsning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
litsenziya/litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji belgilangan muddatda toʻlanmaganda;
litsenziat litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya/litsenziya varaqasini berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda;
litsenziya/litsenziya varaqasi qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda.
Litsenziya/litsenziya varaqasi mazkur bandning uchinchi — yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda litsenziyalovchi organ tomonidan bekor qilinadi.
Litsenziya/litsenziya varaqasi mazkur bandning sakkizinchi — oʻn birinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi. Litsenziyalovchi organ litsenziya/litsenziya varaqasini bekor qilish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay, litsenziatga maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda litsenziya/litsenziya varaqasini bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda yetkazadi.
Litsenziya/litsenziya varaqasi mazkur bandning oʻn birinchi xatboshisida koʻrsatilgan asosga koʻra bekor qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Sudning litsenziya/litsenziya varaqasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga hamda litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya/litsenziya varaqasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay, litsenziatga maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda litsenziya/litsenziya varaqasini bekor qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda yetkazadi.
Litsenziyalovchi organ bekor qilingan litsenziya toʻgʻrisidagi axborotni bir ish kuni ichida maxsus elektron tizim vositasida litsenziyalar reyestriga kiritadi.
Litsenziyani/litsenziya varaqasini bekor qilishda, tugatishda, toʻxtatib turishda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
Ushbu bandning oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik subyektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi”;
39-bandning toʻqqizinchi xatboshisidagi “toʻxtatish” soʻzi “tugatish” soʻzi bilan almashtirilsin;
41-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
43-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“43. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP/“Litsenziya” AT orqali doimiy nazoratni amalga oshiradi va monitoring olib boradi”;
3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda litsenziya va litsenziya varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish
SXEMASI
5-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Litsenziya varaqalarini olish uchun korxona ixtiyorida boʻlgan avtotransport vositalari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
T/r Avtotransport vositasining rusumi Davlat raqami Ishlab chiqarilgan yili Yuk koʻtarish quvvati, yoʻlovchi sigʻimi Avtotransport turi Tashuv turi hamda avtotransport vositasining toifasi Faoliyat turi Faoliyat koʻrsatish muddati Avtotransport vositasining texnik holati Mulkchilik toʻgʻrisida maʼlumotlar, ijara shartnomasi muddati, sanasi, ijaraga beruvchi nomi Avtoransport vositasining qayd etish guvohnomasi raqami Berilgan sanasi Texnik holati ”;
quyidagi mazmundagi 7 va 8-ilovalar bilan toʻldirilsin:
“Avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 7-ILOVA
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish faoliyatini litsenziyalash
PASPORTI
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 8-ILOVA
Avtomobil transportida yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash
PASPORTI
g) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Shahar, shahar atrofi, shaharlararo (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ichida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlararo) va xalqaro yoʻnalishlarni biriktirish boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“nazorat qiluvchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmasi”;
toʻrtinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 4-bandning sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“shartnoma (brutto-shartnoma) talab va shartlari uch marotaba buzilganligi holatlari yuzasidan nazorat qiluvchi organ tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomalar asosida belgilangan tartibda shartnomani (brutto-shartnoma) bekor qilish choralarini koʻrish”;
v) 11-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda vaqtincha biriktirish toʻgʻrisidagi elektron xabarnoma olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tashuvchi tomonidan taklif qilingan avtotransport vositalarining har biri uchun litsenziya varaqalari rasmiylashtirilishi, sunʼiy yoʻldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlanishi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilinishi lozim”;
g) 18-banddagi “(shahar avtobus yoʻnalishlari boʻyicha kamida oltmish kalendar kun oldin)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) quyidagi mazmundagi 231-band bilan toʻldirilsin:
“231. Axborot tizimiga joylashtirilgan lotlar boʻyicha sud organlari tomonidan toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ushbu lotlar joylashtirilgan tender roʻyxatidan vaqtincha olib turiladi.
Vaqtincha olib turilgan lotlarning ochiq tender oʻtkazish muddati lotdan olingan muddatiga mutanosib ravishda sud qaroridan kelib chiqqan holda, qayta axborot tizimiga (roʻyxatga) belgilangan tartibda kiritiladi”;
e) 29-bandda:
“b” kichik bandda:
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“avtobus va mikroavtobusning bazaviy komplektatsiyasida yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar mavjudligi (iqlim-nazorat tizimi, internet jahon axborot tarmogʻi va telefon quvvatlagichlari bundan mustasno)”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“taklif etilgan barcha avtotransport vositalarini sunʼiy yoʻldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlash va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish majburiyatini olishi”;
quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan toʻldirilsin:
“d) tender talablarida yoʻnalishda saroydan foydalanish koeffitsiyentini 0,8 ga teng deb hisobga olgan holda, yoʻnalishdagi avtotransport vositalarining hisoblangan soni”;
j) 42-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“42. Tender gʻolibining takliflari nazorat qiluvchi organ va Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati masʼul xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganiladi. Zarurat boʻlganda, takliflardagi maʼlumotlarning haqiqiyligini oʻrganish jarayoniga boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari jalb etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Jamoatchilik nazorati uchun takliflardagi maʼlumotlarning haqiqiyligini asoslovchi hujjatlar, shu jumladan, foto va video tasvirlar nazorat qiluvchi organning masʼul xodimi tomonidan oʻrganish oʻtkazilgan kundan keyin bir ish kunida axborot tizimiga kiritiladi va boshqa tashuvchilarga xolisona tekshirish imkoniyati yaratiladi”;
z) 43-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda oʻrganish oʻtkaziladigan kundan bir ish kun oldin manfaatdor tomonlarga oʻrganish vaqti va manzili toʻgʻrisida xabardor qilinadi”;
i) 46-bandda:
birinchi — uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Takliflarning asosliligi va ularda keltirilgan maʼlumotlarning haqiqiyligini oʻrganishda quyidagilar inobatga olinadi:
avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnomaga muvofiq avtotransport vositasi kategoriyasi, klassi hamda oʻrindiqlari soni va axborot tizimiga kiritilgan boshqa maʼlumotlari ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan maʼlumotlarga mos kelishi;
avtobus va mikroavtobuslarning bazaviy komplektatsiyasida yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklarning mavjudligi hamda ularning soz va funksional holatdaligi”;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“avtotransport vositalarini yoʻlga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazish va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun barcha sharoitga ega texnik bazaning mavjudligi”;
k) 51-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bunda shaharlararo-viloyatlararo hamda xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tender gʻolibi shartnomani akseptlashdan oldin avtovokzal va avtostansiyalar bilan tuzilgan shartnomani axborot tizimiga yuklaydi.
Tender gʻolibi aniqlangan kundan boshlab sakkiz ish kuni muddatda shartnomada koʻrsatiladigan avtotransport vositalarini vakolatli organning avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilishi lozim”;
l) 52-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“52. Quyidagi holatlarda ochiq tender qatnashchisining tender gʻolibligi bekor qilinadi:
lot boʻyicha taklif qilingan avtotransport vositalari boʻyicha maʼlumotlar nazorat qiluvchi organga (oldindan kelishilgan vaqt va manzilga) ularning haqiqatda mavjudligini oʻrganish uchun taqdim qilinmasa;
belgilangan muddatda lot boʻyicha barcha avtotransport vositalari vakolatli organning avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilinmasa;
avtotransport vositalarining har biri uchun litsenziya varaqalarini belgilangan muddatlarda rasmiylashtirib boʻlmasa;
axborot tizimiga joylashtirilgan shartnoma belgilangan muddatda sababsiz akseptlanmasa;
lot boʻyicha takliflardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi tasdiqlanmaganligi oqibatida toʻplangan ballar keyingi qatnashchi toʻplagan ballardan kamayib ketsa;
shaharlararo-viloyatlararo hamda xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tender gʻolibi shartnomani akseptlashdan oldin avtovokzal va avtostansiyalar bilan tuzilgan shartnomani axborot tizimiga yuklamasa;
ochiq tender qatnashchisining tender gʻolibligi bekor qilingan taqdirda, eng koʻp ballar miqdori boʻyicha keyingi qatnashchi tender gʻolibi deb eʼtirof etiladi va keyingi qatnashchilarga ham mazkur tartib amal qiladi”;
m) 56-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“56. Muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan elektron guvohnoma ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan pasportga muvofiq rasmiylashtiriladi”;
n) 60-banddagi “vakolatli organning” soʻzlari “nazorat qiluvchi organning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
o) 64-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“64. Tender gʻolibi lot boʻyicha quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:
a) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq lot boʻyicha taklif etgan tarif darajasi asosida kamida bir yil yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatish;
b) yoʻnalishlarga sunʼiy yoʻldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan toʻliq jihozlangan avtotransport vositalarini chiqarish hamda ularning harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida belgilangan serverga muntazam uzatilishini taʼminlash;
v) qatnayotgan avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, ularning tashqarisida va salonlari ichida tozalash-yuvish ishlarini, yoʻnalishga shartnomada koʻrsatilgan miqdorda toʻliq jihozlangan avtotransport vositalari belgilangan tartibda chiqarilishini taʼminlash;
g) jismoniy va yuridik shaxslarning yoʻlovchilarni muntazam tashishlar bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqishda ishtirok etish va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
d) shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarga videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan avtobuslarni chiqarish;
e) shaharlararo-viloyatlararo hamda xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha avtovokzal va avtostansiyalar bilan tegishli shartnoma tuzish;
j) tender shartnomasi tuzilgandan keyin oʻttiz kun ichida yoʻnalishga joylashtirilgan avtotransport vositalariga biriktirilgan barcha haydovchilariga 30 soatlik dastur boʻyicha Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish”;
p) Nizomga 2-ilovada:
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Qatnashchi tomonidan taklif etilayotgan avtobus va mikroavtobuslarda yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar mavjudligi uchun quyidagi jadvalga muvofiq koeffitsiyent qoʻllaniladi:
Izoh.
Ushbu band faqat 8 oʻrindan oshiq avtobuslar va mikroavtobuslar uchun tatbiq etiladi. Tashuvchi qoʻshimcha qulayliklarning doim soz va funksional holatda saqlanishini taʼminlash majburiyatini oladi. Mazkur band bilan belgilangan koeffitsiyentlar miqdori har bir avtotransport uchun alohida hisoblanadi.
Avtotransportlar talab etilayotgan kategoriyalarga mos kelganidan keyin ularning salonida qulayliklar yaratilgani uchun belgilangan shkala asosida 1 ballga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi.
1 x 1,20 = 1,2 x 10 = 12 konditsioner uchun ball;
1 x 1,15 = 1,15 x 5 = 5,75 internet jahon axborot tarmogʻi uchun ball;
1 x 1,05 = 1,05 x 2 = 2,1 monitorlar uchun ball.
Barcha ballar qoʻshiladi hamda taklif etilgan umumiy avtotransport vositasi soniga boʻlinadi:
(12+5,75+2,1) : 10 = 1,98
Demak, taklif etilgan 10 ta avtotransport vositasida qoʻshimcha qulayliklar yaratilgani uchun 1,98 ball hisoblanadi”;
9-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“korxona balansida avtotransport vositalarini har kuni reysdan oldingi texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun barcha sharoitga ega texnik bazaning mavjudligi uchun 1 ball”;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
r) quyidagi mazmundagi 4-ilova bilan toʻldirilsin:
“Shahar, shahar atrofi, shaharlararo (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ichida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlararo) va xalqaro yoʻnalishlarni biriktirish boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Tender gʻolibining har bir avtotransport vositasiga yoʻlovchilarni muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan elektron guvohnoma
PASPORTI
”.
Izoh. Mazkur ilovaning 3-bandi “a” kichik bandi sakkizinchi va oʻninchi xatboshilari, “b” kichik bandi oltinchi va sakkizinchi xatboshilari, “v” kichik bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi oʻzgartirishlar bilan kiritilayotgan talablar amalda faoliyat yuritayotgan bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni uchun ham tatbiq etiladi.
