Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibini belgilash toʻgʻrisida (457-son)
30.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunida foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish tartibi, sugʻurta obyektlarining roʻyxati hamda gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat natijasida yetkazilgan zararning sugʻurta summasidan ortigʻining oʻrnini qoplash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyatlar natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinadigan gidrotexnika inshootlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ uch oy muddatda fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinadigan oʻz tizimidagi gidrotexnika inshootlarini sugʻurtalash uchun talab etiladigan barcha maʼlumotlarni xatlovdan oʻtkazib, sugʻurta shartnomalari tuzilishini tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinadigan gidrotexnika inshootlari roʻyxatiga kiritilgan gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar mablagʻlari hisobidan fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish bilan bogʻliq sugʻurta mukofoti toʻlovlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
Bunda Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlari 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Suv xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida, 2025-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-iyul,
457-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 457-son qaroriga 1-ILOVA
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi — ushbu Nizomda nazarda tutilgan favqulodda vaziyat yuz berganda, sugʻurtalovchi sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovini) jabrlanganga ushbu sugʻurta hodisasi oqibatida yetkazilgan zararni sugʻurta shartnomasida belgilangan sugʻurta summasi miqdorida toʻlash majburiyatini oʻz ichiga olgan sugʻurta shartnomasi;
sugʻurta qildiruvchi — gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot;
sugʻurta hodisasi — gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotning fuqarolik javobgarligining yuzaga kelish fakti;
sugʻurta hodisasi toʻgʻrisidagi dalolatnoma — favqulodda vaziyat yuz bergan taqdirda, sugʻurtalovchi, sugʻurta qildiruvchi yoki uning vakili va boshqalar ishtirokida tuziladigan hujjat boʻlib, favqulodda vaziyat sodir boʻlgan vaqt, joy va uning sababi toʻgʻrisidagi axborotlardan, boshqa shaxslarga yetkazilgan zarar miqdori, shuningdek, favqulodda vaziyat sodir boʻlganda zararni kamaytirish maqsadida sugʻurta qildiruvchi tomonidan sarflangan xarajatlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi;
favqulodda vaziyat — gidrotexnika inshootlarida odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayoti va faoliyati sharoiti buzilishiga olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoki boshqa ofat natijasida yuzaga kelgan holat.
3. Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zararni sugʻurta qildiruvchi tomonidan qoplash boʻyicha fuqarolik javobgarligi paydo boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan mulkiy manfaatlar sugʻurta qilish obyektlari hisoblanadi.
4. Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash uchun litsenziyaga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlari sugʻurtalovchi hisoblanadi.
5. Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun daʼvo bildirish huquqiga ega boʻlgan jabrlangan shaxslar (jismoniy shaxs, yuridik shaxs yoki davlat) boshqa shaxslar hisoblanadilar.
2-bob. Sugʻurta hodisasi hisoblanmaydigan holatlar
6. Sugʻurta qildiruvchining quyidagilar oqibatida paydo boʻlgan fuqarolik javobgarligi sugʻurta hodisasi deb hisoblanmaydi:
a) yadroviy portlash, radiatsiya, radioaktiv zararlanish, agar ular ushbu gidrotexnika inshootidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlmasa;
b) harbiy harakatlar, shuningdek, manyovrlar yoki boshqa harbiy tadbirlar, qurolli tuzilmalar yoki terrorchilarning harakatlari;
v) ommaviy tartibsizliklar, boshqa fuqarolar boʻysunmasligining jamoaviy holatlari, ish tashlashlar;
g) qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan boshqa holatlar.
3-bob. Sugʻurta shartnomasini tuzish tartibi
7. Sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchi tomonidan belgilangan shaklga muvofiq gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotning tashabbusi asosida rasmiylashtiriladi.
8. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot sugʻurtalovchi tomonidan qoʻyilgan masalalarga muvofiq aniq va toʻliq maʼlumotlarni koʻrsatishi shart.
9. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot sugʻurta shartnomasini tuzish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligi uchun javob beradi.
10. Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta summasining eng kam miqdori gidrotexnika inshootining tegishli sinfi uchun ushbu Nizomga ilovaga asosan belgilanadi.
11. Sugʻura mukofoti sugʻurtalovchi tomonidan ishlab chiqilgan sugʻurta tarifi stavkalaridan, shartnomada belgilangan gidrotexnika inshootining sugʻurta summasi miqdoridan va tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
12. Sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta mukofotining miqdorini belgilashda inshootning joylashgan joyini, undan foydalanishning muhimligini va boshqa shart-sharoitlarni ham hisobga olishi mumkin.
13. Sugʻurta shartnomasini tuzishda sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchining kelishuviga koʻra sugʻurta mukofoti bir yoʻla yoki sugʻurta badallari shaklida toʻlanishi mumkin. Sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga kelib tushishi bilan sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirgan hisoblanadi.
14. Sugʻurta mukofoti (sugʻurta badali) sugʻurtalovchiga kelib tushganidan 3 ish kuni ichida sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta polisi taqdim etilishi lozim. Sugʻurta mukofoti (sugʻurta badali) toʻlanmasdan hamda sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirmasdan, sugʻurta polisini taqdim etish taqiqlanadi hamda bunday hollarda sugʻurtalovchi sugʻurta majburiyatlarini toʻliq oʻz zimmasiga oladi.
4-bob. Sugʻurtalovchi, sugʻurta qildiruvchi va boshqa shaxslarning huquq va majburiyatlari
15. Sugʻurtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
a) sugʻurta shartnomasini tuzishda sugʻurta tavakkalchiligi darajasini aniqlash maqsadida oʻz hisobidan sugʻurta obyektining mustaqil ekspertizasini amalga oshirish;
b) shartnoma tuzishda va sugʻurta shartnomasi amal qiladigan davrda sugʻurta tavakkalchiligini baholash;
v) yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida qoʻshimcha tekshirishlar oʻtkazish;
g) vakolatli organlardan zarar yetkazilganligi sababli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi natijasining texnik jihatdan tekshirish materiallarini, axborot va hujjatlarni, tibbiy xulosalarni, yoʻqotilgan (shikastlangan) mol-mulk qiymati, amalga oshirilgan ishlar qiymati toʻgʻrisida fikrga ega boʻlish imkonini beradigan hisoblarni, shuningdek, boshqa zarur materiallarni soʻrash va olish;
d) sugʻurta qildiruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotlarni tekshirish, sugʻurta shartnomasi talablari va shartlarining sugʻurta qildiruvchi tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
e) gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotdan inshootdan foydalanish davrida sanoat xavfsizlik talablariga rioya etilishini talab qilish.
16. Sugʻurtalovchi quyidagilarga majbur:
a) favqulodda vaziyat sodir boʻlganda zararlarni kamaytirish maqsadida gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotning sugʻurtalovchi tomonidan qoplanishi kerak boʻlgan xarajatlarini toʻlash, agar bunday xarajatlar sugʻurtalovchining koʻrsatmalarini bajarish uchun zarur boʻlgan boʻlsa yoki amalga oshirilgan boʻlsa, koʻrsatib oʻtilgan xarajatlarni toʻlash sugʻurtalovchi tomonidan u tegishli xarajatlar toʻgʻrisidagi dalolatnomani olgan sanadan boshlab bir oy mobaynida, biroq sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) toʻlangandan keyin amalga oshiriladi. Bunday xarajatlar, hatto agar tegishli choralar muvaffaqiyatsiz boʻlganda ham sugʻurta summasi doirasida toʻlanadi;
b) sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta hodisasi roʻy berganda sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash;
v) gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotning mulkiy ahvoli, inshootdan foydalanishning holati, shartlari va xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda sugʻurta shartnomasini tuzish bilan bogʻliq ravishda maʼlum boʻlib qolgan boshqa maxfiy axborotni oshkor qilmaslik, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
g) sugʻurta mukofoti (sugʻurta badali) sugʻurtalovchiga kelib tushganidan soʻng 3 ish kuni ichida sugʻurta polisini sugʻurta qildiruvchiga taqdim etish.
17. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
a) sugʻurta hodisasini tekshirishda qatnashish;
b) sugʻurta hodisalarini tekshirish natijalari boʻyicha qaror yuzasidan shikoyat qilish;
v) sugʻurtalovchidan gidrotexnika inshootida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida bepul axborot olish;
g) gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish masalalari boʻyicha oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish.
18. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot quyidagilarga majbur:
a) sugʻurta mukofoti (sugʻurta badali)ni sugʻurta shartnomasida belgilangan tartibda, muddatlarda va hajmda toʻlash;
b) sugʻurta shartnomasi amalda boʻlgan davrda sugʻurtalovchiga sugʻurta shartnomasini tuzishda, xabar qilingan oʻziga maʼlum boʻlgan jiddiy oʻzgarishlar va holatlar toʻgʻrisida, agar ushbu oʻzgarishlar gidrotexnika inshootining texnik holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sugʻurtalovchiga darhol xabar qilish;
v) sugʻurtalovchiga gidrotexnika inshootlaridagi har qanday favqulodda vaziyatning yuzaga kelishi toʻgʻrisida, shuningdek, boshqa shaxslar tomonidan sugʻurta qildiruvchiga oʻzlarining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga yetkazilgan zararni toʻlash toʻgʻrisida daʼvo bildirishga olib kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatning har qanday oqibatlari, boshqa shaxslarning zararni toʻlatish toʻgʻrisidagi barcha eʼtirozlari va daʼvolari haqida xabar qilish, favqulodda vaziyatning holati va sabablarini tavsiflovchi barcha hujjatlarni taqdim etish;
g) favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida zararlarni kamaytirish uchun oqilona va qulay choralar koʻrish;
d) gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot favqulodda vaziyatni bartaraf etish choralarini koʻrayotganda sugʻurtalovchining koʻrsatmalariga amal qilish;
e) sugʻurtalovchining oldindan roziligini olmasdan, boshqa shaxslar tomonidan bildirilgan talablarni bajarish boʻyicha biron-bir majburiyatlarni oʻz zimmasiga olmaslik;
j) sugʻurta shartnomasida yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
19. Sugʻurta shartnomasida tomonlarning kelishuviga koʻra qonunchilik hujjatlariga muvofiq tomonlarning boshqa huquq va majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin.
20. Boshqa shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
a) gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish masalalari boʻyicha sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) olish;
b) sugʻurta hodisasini tekshirishda qatnashish;
v) sugʻurta hodisasi toʻgʻrisidagi dalolatnoma va qaror yuzasidan shikoyat qilish;
g) sugʻurtalovchidan gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida bepul axborot olish;
d) gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish masalalari boʻyicha oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish.
21. Boshqa shaxslar quyidagilarga majbur:
a) maxsus organlar tomonidan berilgan gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida zarar koʻrilganligi va uning miqdorini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni taqdim etish;
b) sugʻurtalovchiga sugʻurta hodisasini mustaqil ekspertizadan oʻtkazishda koʻmaklashish.
22. Boshqa shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va boshqa majburiyatlar olishi ham mumkin.
23. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot va sugʻurtalovchi tomonidan huquq va majburiyatlar buzilgan taqdirda, ular qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
5-bob. Sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi)ni toʻlash
24. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilot sugʻurtalovchini gidrotexnika inshootida favqulodda vaziyat yuzaga kelganda boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganda, favqulodda vaziyat sodir boʻlgan vaqtdan boshlab 3 ish kuni mobaynida yozma ravishda xabardor qiladi.
25. Sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) miqdori sugʻurtalovchi tomonidan favqulodda vaziyat sabablarini texnik jihatdan tekshirish dalolatnomasi, zarur hollarda sud qarorlari va favqulodda vaziyatning sabablari va holatlari, shu jumladan, boshqa shaxslarga yetkazilgan zarar miqdori koʻrsatilgan boshqa materiallar asosida belgilanadi.
26. Sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) tomonlar imzolagan va favqulodda vaziyatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida tuzilgan dalolatnoma asosida hamda sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta summasi doirasida toʻlanadi.
Agar bitta sugʻurta shartnomasi boʻyicha ularga nisbatan turlicha sugʻurta summasi belgilangan bir necha gidrotexnika inshootlari sugʻurta qilingan boʻlsa, u holda sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) favqulodda vaziyat sodir boʻlgan gidrotexnika inshooti boʻyicha belgilangan sugʻurta summasi doirasida toʻlanadi.
27. Sugʻurta shartnomasi boʻyicha quyidagilar qoplanmaydi:
a) maʼnaviy zarar;
b) sugʻurta qildiruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan shaxslarga, ular Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga binoan shartnoma (kontrakt)ga muvofiq mehnat majburiyatlarini bajarayotganda yetkazilgan zarar;
v) sugʻurta qildiruvchi mulkiy huquqqa, xoʻjalik yurituvi huquqiga yoki tezkor boshqarish huquqiga yoxud boshqacha qonuniy asosda (ijara huquqida, saqlash shartnomasi boʻyicha, ishonchnoma boʻyicha, mulkni unga berish toʻgʻrisidagi tegishli organning farmoyishiga va shu kabilarga koʻra) unga tegishli boʻlgan mol-mulkka yetkazilgan zarar;
g) sugʻurta qildiruvchining neustoyka (jarima, penya) toʻlash, uning kafolatli va shunga oʻxshash majburiyatlarni bajarishi, shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi bilan bogʻliq holda koʻrgan zararlari;
d) gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hududda oʻzboshimchalik bilan qurilgan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulklar, qimmatbaho metallarga yetkazilgan zararlar;
e) yoʻqotilgan foyda.
28. Sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyat natijasida boshqa shaxslar zarar koʻrganda toʻlanadi. Ushbu Nizomning 16-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar sugʻurta qildiruvchiga toʻlanadi.
29. Sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) favqulodda vaziyat toʻgʻrisidagi dalolatnoma imzolangan kundan boshlab bir oy muddatda toʻlanadi.
30. Sud qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilingan (rad etilgan) taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) toʻgʻrisidagi masalani hal etishni, agar dastlabki qaror boʻyicha ijobiy yoki salbiy xulosa chiqarish mumkin boʻlmasa, sudning uzil-kesil qarori qabul qilinadigan vaqtgacha kechiktirishi mumkin.
31. Yetkazilgan zarar sugʻurtalovchi hamda boshqa shaxslar tomonidan qoplanadigan hollarda sugʻurtalovchi faqat sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) va boshqa shaxslar tomonidan qoplanadigan pul oʻrtasidagi tafovutni toʻlaydi.
32. Sugʻurtalovchining sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi)ni toʻlashni rad etish huquqi qonun hujjatlari va shartnoma bilan belgilanadi.
33. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotning zararini toʻlash yuzasidan talab qilish huquqining sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi)ni toʻlagan sugʻurtalovchiga oʻtishi qonunchilik hujjatlari va shartnoma bilan tartibga solinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Sugʻurta shartnomasi boʻyicha paydo boʻladigan nizolar qonunchilikda belgilangan talablar asosida sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasidagi muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
Nizoli masalalar boʻyicha kelishuvga erishish mumkin boʻlmagan taqdirda, ularni hal etish qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarga koʻrib chiqish uchun beriladi.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta summalarining eng kam miqdorlari
Gidrotexnika inshootlarining sinfi Sugʻurta summasining eng kam miqdori (bazaviy hisoblash miqdorida) Birinchi 250000 (ikki yuz ellik ming) Ikkinchi 50000 (ellik ming) Uchinchi-toʻrtinchi 10000 (oʻn ming)
Sugʻurta summasining eng kam miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida sugʻurta shartnomasi tuzilgan kunda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorlari asosida hisoblab chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 457-son qaroriga 2-ILOVA
Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyatlar natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom fuqarolarning hayoti, sogʻligʻiga, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hududda oʻzboshimchalik bilan qurilgan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulklar, shuningdek, qimmatbaho metallarga tatbiq etilmaydi.
3. Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan, ammo egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olish huquqiga ega boʻlgan, shuningdek, imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxslarga oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin.
2-bob. Asosiy tushunchalar
4. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jabrlangan shaxs — gidrotexnika inshootlarida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat natijasida jarohat olgan yoki moddiy zarar koʻrgan jismoniy va yuridik shaxs;
favqulodda vaziyat — muayyan hududda odamlar qurbon boʻlishiga, odamlarning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayoti va faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoxud boshqa ofat natijasida, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatlar.
3-bob. Gidrotexnika inshootida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat natijasida yetkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil etish
5. Gidrotexnika inshootida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri (shaharlar va tumanlar) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) yoki Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) tomonidan favqulodda vaziyatni eʼtirof etish hamda bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qilinadi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi kuch va vositalarini jalb qilgan holda, uning ijrosini taʼminlash yuzasidan belgilangan tadbirlar bajarilishi tashkil etiladi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi hamda hududiy komissiyalar Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 19-iyuldagi 525-son qaroriga muvofiq faoliyat yuritadi.
6. Gidrotexnika inshootida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil qilish favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab ikki kun muddatda uning koʻlamiga qarab (lokal, mahalliy, respublika va transchegaraviy), tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasining qaroriga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Bosh prokuratura yoxud ularning hududiy tuzilmalari hamda sugʻurtalovchi tashkilot vakillaridan iborat favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni aniqlash va baholash boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tuziladi.
7. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yetkazilgan zararni baholashni tashkil etish va nazorat qilish;
gidrotexnika inshootlarida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatdan zarar koʻrgan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni aniqlash hamda jabrlangan shaxslarning uy-joylari, binolari, inshootlari va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazish hamda dalolatnoma rasmiylashtirish;
jabrlangan shaxslarning ariza va hujjatlarini qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va belgilangan tartibda koʻrib chiqish.
4-bob. Yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish
8. Jabrlangan shaxslar gidrotexnika inshootida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida ariza shaklini toʻldirgan holda tegishli Ishchi guruhga taqdim etadilar.
9. Jabrlangan shaxsning shaxsan murojaat qilishi imkoni boʻlmaganda, uning yaqin qarindoshlari yoki vakillari yetkazilgan zarar miqdorini qoplash boʻyicha ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
10. Yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
jabrlangan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (favqulodda vaziyat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — Ichki ishlar vazirligi hamda hududiy davlat organlari tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi vaqtincha hujjat yoki maʼlumotnoma);
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi hujjat (favqulodda vaziyat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — Kadastr agentligining tegishli tuzilmalari tomonidan elektron shaklda taqdim etiladi);
favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan shaxsning yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulkining roʻyxati;
arizani imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat, agar ariza qonuniy vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.
11. Ishchi guruh Favqulodda vaziyatlar natijasida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnaliga kiritgan holda ariza qabul qilingan kun davomida jabrlangan shaxsga hujjatlar qabul qilinganligini tasdiqlovchi tilxat beradi.
12. Jabrlangan shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizaga ilova qilingan hujjatlar toʻliq boʻlmagan taqdirda, Ishchi guruh ushbu hujjatlarni ariza qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda tegishli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab oladi.
5-bob. Yetkazilgan zararni aniqlash va baholash
13. Ishchi guruh jabrlangan shaxs tomonidan taqdim etilgan arizani qabul qilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqadi hamda bir vaqtning oʻzida favqulodda vaziyatdan zarar koʻrgan fuqarolarning hayoti va sogʻligiga yetkazilgan zarar qiymati aniqlanadi, jabrlangan shaxsga tegishli boʻlgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazib, dalolatnoma rasmiylashtiradi.
14. Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda Ishchi guruh jabrlangan shaxs yoki uning vakili va baholovchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — baholovchi) ishtirokida yetkazilgan zararni baholashni tashkil etadi.
15. Yetkazilgan zarar miqdorini baholash quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Ishchi guruh vakillari ishtirokida jabrlangan shaxsga tegishli uy-joylar, binolar, inshootlar hamda mol-mulkka yetkazilgan zararni baholash;
baholash yakunlari boʻyicha uch nusxada umumiy hisobot tayyorlash (umumiy hisobotning bir nusxasi jabrlangan shaxs, bir nusxasi Ishchi guruh, bir nusxasi baholovchi uchun).
16. Baholash ishlari bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Baholashni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida shaffoflik hamda qonuniylik toʻliq taʼminlanishi lozim.
17. Gidrotexnika inshootlari yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun taqdim etilgan ariza va ilova qilingan hujjatlar uch kun muddatda toʻliq hujjatlar tegishli hududiy komissiyaga yuboriladi.
18. Hududiy komissiya taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, oʻn kun muddatda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga taqdimnoma kiritadi.
19. Jabrlangan shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasiga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
20. Jabrlangan shaxslarning shikoyatlari tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqiladi, shikoyatni koʻrib chiqish natijalari haqida jabrlangan shaxs belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
6-bob. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash
21. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyatlar natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) tomonlar imzolagan va favqulodda vaziyatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida tuzilgan dalolatnoma boʻyicha toʻlanadi.
22. Sugʻurtalovchi jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashni va sugʻurta tovoni (sugʻurta puli)ni toʻlashni sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta puli doirasida amalga oshiradi.
23. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat natijasida yetkazilgan zararning sugʻurta summasidan ortigʻini hamda sugʻurta qilinmagan holatlarda zararning oʻrni tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasining taqdimnomasi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamgʻarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
24. Transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan gidrotexnika inshootlaridagi favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalar asosida qoplanadi.
7-bob. Hujjatlarni saqlash
25. Gidrotexnika inshootida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat natijasida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar (ariza, dalolatnoma, baholash hisobotlari, toʻlov varaqalari va boshqalar) hamda Favqulodda vaziyat natijasida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnali belgilangan tartibda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)larning arxiviga 75 yil muddatga saqlash uchun topshiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 457-son qaroriga 3-ILOVA
Fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinadigan gidrotexnika inshootlari
ROʻYXATI
T/r Suv omborlari nomi Sinfi Asosiy texnik koʻrsatkichlari Foydalanuvchi tashkilot Andijon viloyati 1. Andijon I Loyihaviy suv hajmi — 1900 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 115 m Oʻzanli “Oʻzbekgidroenergo” AJ 2. Asaka — adir III Loyihaviy suv hajmi — 3,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 24 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi Buxoro viloyati 3. Tozakoʻl II Loyihaviy suv hajmi — 320 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 28 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 4. Toʻdakoʻl II Loyihaviy suv hajmi — 1389 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 11 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 5. Shoʻrkoʻl III Loyihaviy suv hajmi — 170 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 14,5 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi Jizzax viloyati 6. Jizzax III Loyihaviy suv hajmi — 100 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 25 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 7. Qorovultepa II Loyihaviy suv hajmi — 53 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 40 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 8. Zomin II Loyihaviy suv hajmi — 52 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 74 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 9. Xoʻjamushkent II Loyihaviy suv hajmi — 8 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 44,5 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 10. Sarmich II Loyihaviy suv hajmi — 4,3 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 32 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 11. Arnasoy II Loyihaviy suv hajmi — 1000 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 12 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 12. Oqbuloq IV Loyihaviy suv hajmi — 1,8 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 20,0 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi Qashqadaryo viloyati 13. Hisorok I Loyihaviy suv hajmi — 170 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 138,5 m Oʻzanli “Oʻzbekgidroenergo” AJ 14. Chimqoʻrgʻon II Loyihaviy suv hajmi — 500 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 33 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 15. Pachkamar II Loyihaviy suv hajmi — 260 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 71 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 16. Qalqama III Loyihaviy suv hajmi — 9,4 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 21 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 17. Dehqonobod II Loyihaviy suv hajmi — 34,9 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 48,6 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 18. Qizilsuv II Loyihaviy suv hajmi — 9,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 32,3 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 19. Langar II Loyihaviy suv hajmi — 7,3 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 34 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 20. Shoʻrobsoy IV Loyihaviy suv hajmi — 2,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 12 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 21. Qamashi III Loyihaviy suv hajmi — 25,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 14,9 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 22. Yangiqoʻrgʻon IV Loyihaviy suv hajmi — 3,3 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 16 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 23. Noʻgʻayli IV Loyihaviy suv hajmi — 2,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 13,5 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 24. Qorabogʻ II Loyihaviy suv hajmi — 7,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 31,5 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 25. Talimarjon I Loyihaviy suv hajmi — 1525 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 35 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 26. Shoʻrtan III Loyihaviy suv hajmi — 11,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 17 m Quyilma “Oʻzbekneftgaz” AJ “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ 27. Guldara III Loyihaviy suv hajmi — 3,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 34 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi Navoiy viloyati 28. Koʻksaroy III Loyihaviy suv hajmi 7,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi 23,5 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi Namangan viloyati 29. Chortoq II Loyihaviy suv hajmi — 30 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 21,5 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 30. Eskiyer III Loyihaviy suv hajmi — 18,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 28 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 31. Koʻkseraksoy III Loyihaviy suv hajmi — 6,4 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 41 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 32. Varzik II Loyihaviy suv hajmi — 18,2 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 39 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 33. Jiydaliysoy II Loyihaviy suv hajmi — 47,7 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 65 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 34. Yertikan III Loyihaviy suv hajmi — 20 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 28 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 35. Qorasuv III Loyihaviy suv hajmi — 3,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 25 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 36. Rezaksoy I Loyihaviy suv hajmi — 300 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 90 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi Samarqand viloyati 37. Kattaqoʻrgʻon II Loyihaviy suv hajmi — 900 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 31,2 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 38. Qoratepa II Loyihaviy suv hajmi — 24 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 36 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 39. Tusunsoy II Loyihaviy suv hajmi — 52,1 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 42 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 40. Qorasuv III Loyihaviy suv hajmi — 29 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 15,2 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 41. Sobirsoy IV Loyihaviy suv hajmi — 8 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 8,6 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 42. Oqdaryo III Loyihaviy suv hajmi — 130 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 20 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 43. Kamangaron III Loyihaviy suv hajmi — 1,5 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 32 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 44. Akchabsoy III Loyihaviy suv hajmi — 7,1 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 38 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi Sirdaryo viloyati 45. Gidrotexnika inshooti I Loyihaviy suv hajmi — 350 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 33 m Quyilma “Oʻzbekgidroenergo” AJ Surxondaryo viloyati 46. Degrez IV Loyihaviy suv hajmi — 12,8 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 12,7 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 47. Oq tepa IV Loyihaviy suv hajmi — 120 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 14 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 48. Uchqizil IV Loyihaviy suv hajmi — 160 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 12 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 49. Janubiy Surxon II Loyihaviy suv hajmi — 503 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 30 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 50. Toʻpolang I Loyihaviy suv hajmi — 500 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 185 m Oʻzanli “Oʻzbekgidroenergo” AJ 51. Xangaransoy IV Loyihaviy suv hajmi — 7,62 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 45,0 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 52. Obshirsoy IV Loyihaviy suv hajmi — 0,8 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 18,0 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi Toshkent viloyati 53. Ohangaron I Loyihaviy suv hajmi — 200 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 100 m Oʻzanli “Oʻzbekgidroenergo” AJ 54. Toshkent II Loyihaviy suv hajmi — 250 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 36,5 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 55. Chorvoq I Loyihaviy suv hajmi — 2010 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 165 m Oʻzanli “Oʻzbekgidroenergo” AJ Fargʻona viloyati 56. Gidrotexnika inshooti I Loyihaviy suv hajmi — 350,0 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 24,0 m Quyilma Suv xoʻjaligi vazirligi 57. Karkidon I Loyihaviy suv hajmi — 216 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 70 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi 58. Qoʻrgʻontepa II Loyihaviy suv hajmi — 28,6 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 45 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi Xorazm viloyati 59. Tuyamoʻyin gidrouzel kompleksi I Loyihaviy suv hajmi — 7800 mln.m3 Toʻgʻon balandligi — 34 m Oʻzanli Suv xoʻjaligi vazirligi
Izoh. Mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi Ekspertlar kengashi xulosasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
