Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (444-son)
24.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 20-iyundagi PQ-197-son qarori ijrosi yuzasidan tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash orqali ular tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PQ-197-son qarori bilan Sogʻliqni saqlash vazirligining litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi negizida tibbiy faoliyatni litsenziyalash va nodavlat tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat muassasasi shaklidagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalashni taʼminlash;
tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalashda ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan talablarni ishlab chiqish;
litsenziatlarning tibbiy xizmatlar sifati, litsenziya talab va shartlari nazoratini amalga oshirish;
tibbiyotning nodavlat sektorini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini hamda ularni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
nodavlat tibbiyot tashkilotlarini xalqaro tan olingan akkreditatsiyalashda qatnashish va ularni qoʻllab-quvvatlash;
xalqaro tan olingan akkreditatsiya tashkilotlarini jalb qilish orqali mahalliy tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va “xavfsiz tibbiyot” standartlarini joriy qilish;
tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalashning milliy tizimini joriy etish.
3. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan daromadlar;
xalqaro va xorijiy hukumat, xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa donorlarning grantlari;
Markazning vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Markazning tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin;
Markazni malakali, oʻziga yuklangan vazifalarni yuksak professional darajada bajarishga qodir kadrlar bilan toʻldirsin;
vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Markaz faoliyatini samarali amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan vositalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
b) uch oy muddatda tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash hamda litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlarining, shu jumladan, ular tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatiga qoʻyiladigan talablarning bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotlarni oʻz ichiga oladigan tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish boʻyicha axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin;
v) aholini ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali litsenziya talablari va shartlari, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatiga qoʻyiladigan talablar, shuningdek, litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan, toʻxtatilgan yoxud litsenziyasi bekor qilingan litsenziatlar toʻgʻrisida muntazam ravishda xabardor qilib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri v.b A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyul,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 444-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentining 3-bandi toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga 27-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tibbiy faoliyatni litsenziyalash
PASPORTI
Izoh. Mazkur ilova 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
