SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-20-son)
20.05.2024
Oʻzbekiston Ruspublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 24-iyunda hisobga olindi, hisob raqami 261]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim shaharsozlik normalari va qoidalari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki Ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Transport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-may,
01/2-20-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2024-yil 23-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2024-yil 23-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri I. MAXKAMOV
2024-yil 29-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. SHERMATOV
2024-yil 23-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R. DJURAYEV
2024-yil 3-may
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 1-may
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktori B. ABDIKARIMOV
2024-yil 4-may
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Sh. XAMRAYEV
2024-yil 17-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2024-yil 19-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2024-yil 18-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 19-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. MIRZAMAXMUDOV
2024-yil 17-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2024-yil 13-may
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2024-yil 23-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi A. AZIZOV
2024-yil 24-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 20-maydagi 01/2-20-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) aholi punktlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish, loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishga oid boʻlgan shaharsozlik talablarini belgilaydi.
1-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Ushbu SHNQda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologik xavfsizlik toʻgʻrisida umumiy texnik reglament;
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan oʻtkazish hamda unga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 3586, 2024-yil 19-dekabr);
SHNQ 1.02.07-19 “Qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar. Asosiy qoidalar”;
SHNQ 1.02.09-21 “Qurilish uchun muhandislik-geologiya izlanishlari”;
SHNQ 1.03.02-23 “Hududlarni rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va mazmuni”;
SHNQ 2.01.01-22 “Loyihalash uchun iqlimiy va fizikaviy-geologik maʼlumotlar”;
SHNQ 2.01.02-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”;
QMQ 2.01.03-19 “Seysmik hududlarda qurilish”;
SHNQ 2.01.08-24 “Shovqindan himoya”;
SHNQ 2.02.02-20 “Gidrotexnika inshootlarining asoslari”;
SHNQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”;
SHNQ 2.04.03-24 “Oqova suvlarni chiqarib yuborish. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”;
SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash”;
SHNQ 2.04.07-22 “Issiqlik tarmoqlari”;
SHNQ 2.04.08-22 “Gaz taʼminoti. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.04.13-24 “Qozonxonalar”;
SHNQ 2.04.17-24 “Turarjoy va jamoat binolarining elektr jihozlari”;
SHNQ 2.05.02-23 “Avtomobil yoʻllari. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.05.03-22 “Koʻpriklar va quvurlar”;
SHNQ 2.05.04-21 “Metropolitenlar”;
SHNQ 2.05.06-22 “Magistral quvurlar”;
SHNQ 2.05.07-24 “Avtoturargohlar”;
SHNQ 2.05.08-21 “Aerodromlar”;
SHNQ 2.05.09-22 “Tramvay va trolleybus yoʻllari”;
SHNQ 2.05.12-22 “Shaharlar va boshqa aholi punktlari hududiga yotqizilgan neft quvurlari”;
SHNQ 2.06.01-24 “Gidrotexnika inshootlari”;
SHNQ 2.06.03-21 “Sugʻorish tizimlari. Loyihalashtirish talablari”;
SHNQ 2.06.04-21 “Gidrotexnika inshootlariga boʻladigan yuklanish va taʼsirlar”;
SHNQ 2.06.05-21 “Grunt materiallaridan toʻgʻonlar”;
SHNQ 2.07.02-24 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish”;
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Piyoda mintaqalari 2-qism”;
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism”;
SHNQ 2.07.07-24 “Yer osti makonlari”;
SHNQ 2.08.01-24 “Turar joy obyektlarini loyihalash”;
SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari”;
SHNQ 2.08.03-21 “Sanatoriylar”;
SHNQ 2.08.07-22 “Nogironligi boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari binolarini loyihalashtirish”;
QMQ 2.09.01-19 “Qishloq xoʻjaligi korxonalarining bosh rejalari”;
SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.09.03-23 “Omborxonalar. Loyihalash meʼyorlari”;
SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash”;
SHNQ 2.09.21-22 “Yongʻin-qutqaruv depolari va postlari”;
SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari”;
SHNQ 2.09.20-08 “Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari”;
OʻzMSt 133:2024 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish”;
Oʻz DSt 3196:2023 “Avtomobil yoʻllari va shahar koʻchalaridagi avtobus bekatlari. Umumiy texnik talablar”;
SanQvaN 0020-22 “Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
SanQvaN 0083-24 “Yer osti va yer usti suv obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
SanQvaN 0198-06 “Oʻzbekiston Respublikasi dam olish muassasalari kurort-rekreatsiya zonalarini loyihalashtirish, qurish va obodonlashtirish”;
SanQvaN 0200-06 “Oʻzbekiston aholisini markazlashtirilgan xoʻjalik ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun yer usti va yer osti suv manbalari sinflarini aniqlash, gigiyenik baholashning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0244-07 “Xoʻjalik ichimlik suvi quvurlari va suv taʼminoti uchun moʻljallangan sanitar qoʻriqlanadigan zonalardan foydalanish va loyihalashtirishning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0267-20 “Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlari”;
SanQvaN 0102-25 “Turar joy obyektlarini loyihalashtirish va qurishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
SanQvaN 0318-15 “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv havzalarida suvni muhofaza qilish boʻyicha gigiyenik va epidemiyaga qarshi talablar” ;
SanQvaN 0331-16 “Oʻzbekiston iqlimi sharoitlarida turar joylarni loyihalashtirish, tashkiletish va saqlash boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0339-16 “Oʻzbekiston aholi punktlarini rejalashtirish va rivojlantirish boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0103-25 “Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
SanQvaN 0370-19 “Aholi punktlarida radiotexnik obyektlarni joylashtirish va ulardan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0060-23 “Radiochastotalarning elektromagnit maydonlari manbalari bilan ishlashning sanitariya qoidalari va normalari”;
GOST 22283-2014 “Aviatsiya shovqini. Turar joy qurilishida shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajalari va ularni oʻlchash usullari” (rasmiy manba: Shum aviatsionniy. Dopustimie urovni shuma na territorii jiloy zastroyki i metodi yego izmereniya);
GOST 20444-2014 “Shovqin. Transport oqimlari. Shovqin tavsiflarini oʻlchash usullari” (rasmiy manba: Shum. Transportnie potoki. Metodi opredeleniya shumovoy xarakteristiki).
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
avtoturargoh — transport vositalarini doimiy, vaqtincha yoki mavsumiy saqlash (turishi) uchun moʻljallangan alohida yoki qoʻshib qurilgan, yerusti, yerosti yoki birlashgan bino, inshoot (bino yoki inshoot qismi) yoxud maxsus ochiq maydon;
aglomeratsiya — aholi punktlarining ixcham hududiy guruhi boʻlib, uning asosiy koʻrinishi shaharlar, ajralib turadigan joylar boʻlib, intensiv sanoat, transport va madaniy aloqalarga ega boʻlgan koʻp qatlamli koʻp komponentli dinamik tizimda birlashtirilgan;
aholi punkti — huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul);
aholi punktlariaro hududlar — ikki va undan ortiq aholi punkti oraligʻidagi aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi hududlar;
baland qavatli turar joy binolari — 25 va undan koʻp qavatli turar joy binolari;
biriktirilgan (bloklangan) uy — ikki yoki undan ortiq xonadondan iborat boʻlgan, har biri yer uchastkasiga kirish va alohida muhandislik tizimlari bilan taʼminlangan turar joy binosi;
aholi punktining bosh rejasi — aholi punktini hududiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini hamda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish shart-sharoitlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati;
daha (kvartal) — eng yaqin koʻchalar bilan chegaralangan hudud, eng kichik shaharsozlik elementi;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi;
zonalashtirish — hududni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish chogʻida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda, hududning funksional maqsadga koʻra boʻlinishi;
kam qavatli turar joy binolari — mansarda qavatini ham qoʻshib hisoblaganda 1 — 3 qavatli turar joy binolari;
koʻp qavatli turar joy binolari — 10 — 16 qavatli turar joy binolari;
koʻp kvartirali uy-joylar — koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yoʻlaklariga ega boʻlgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmui;
magistral koʻcha — shaharning asosiy tarmoq yoʻli. Ular umumshahar ahamiyatiga ega boʻlgan (aholi yashovchi, sanoat tumanlari va jamoat markazlari oʻrtasidagi aloqa, shahar tashqarisidagi avtomobil yoʻllariga chiqish) va tuman ahamiyatidagi magistral koʻchalar (tuman chegarasidagi va umumshahar ahamiyatiga ega boʻlgan magistral koʻchalar bilan transport aloqalari)ga boʻlinadi.
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar — yer va/yoki suv kengliklari (akvatoriyalar)ning ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik boʻlgan, xoʻjalik maqsadidagi doimiy yoki vaqtincha foydalanishdan toʻliq yoki qisman chiqarilgan uchastkalari;
rekonstruksiya qilish — binolardan foydalanish sharoitlarini oʻzgartirish, ularning jismoniy eskirishi tufayli yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish, binolardan foydalanishning yangi maqsadlariga erishish uchun asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) oʻzgartirish bilan bogʻliq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar;
sanitariya-muhofaza zonalari — atmosferani ifloslantiruvchi manbalar boʻlgan ishlab chiqarish va boshqa turdagi obyektlar uchun sanitariya-muhofazasi zonasi boʻlib, uning kengligi joylashgan ishlab chiqarishning sinfiga qarab belgilanadi;
stilobat — binoning pogʻonali yarim yertoʻlasining yuqori qismi yoki bir nechta binolarni bogʻlaydigan umumiy yarim yertoʻla. Meʼmorchilikda stilobatlar koʻpincha tijorat obyektlarini joylashtirish uchun foydalaniladi;
tashqi transport — avtomobil, daryo, temir yoʻl va havo transportlarini oʻz ichiga oluvchi tizim tushunchasi;
turar joy mavzesi — magistral koʻchalarga tutash, turar joy binolari va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari majmuasi boʻlgan, shahar turar joy qurilishining birlamchi birligi;
umumiy foydalanishdagi hudud (yer)lar — aholining erkin harakatlanishi (foydalanishi) uchun moʻljallangan va davlat mulki sifatida shahar, tuman davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufidagi yerlar;
funksional zonalar — shaharsozlik hujjatlarida amalga oshiriladigan qurilish parametrlari bilan birga hududdan foydalanish maqsadlari aks ettirilgan va chegaralari belgilangan hududlar. Funksional zonalar hududda ruxsat etilgan shaharsozlik faoliyati turlari (qurilishi, rekonstruksiya, renovatsiya va boshqalar) va chegaraviy (maksimal yoki minimal) oʻlchamlariga koʻra hududiy zonalar va kichik hududiy zonalarga boʻlinadi;
yuqori qavatli turar joy binolari — 17 — 24 qavatli turar joy binolari;
yakka tartibdagi uy-joy — yakka tartibda uy-joy qurish va tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun moʻljallangan bir yer uchastkasida joylashgan bir yoki bir nechta turar joy binolari va xoʻjalik qurilmalari majmui;
oʻrta qavatli turar joy binolari — mansarda qavatini ham qoʻshib hisoblaganda 4 — 9 qavatli turar joy binolari;
qayta qurish (qayta tiklash) — obyektdagi bino va inshootlarni toʻliq yoki qisman buzib tashlab, ularning ixtisoslashishini oʻzgartirgan yoki oʻzgartirmagan holda yangilarini qurish;
qizil chiziqlar — shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan, mavzelarning, kichik dahalarning va rejalashtirish tuzilmasi boshqa elementlarining hududlarini aholi punktlarining koʻchalaridan, tor koʻchalaridan va maydonlaridan ajratib turuvchi chegaralar;
qurilish hududi — shaharsozlik hujjatlarida belgilangan chegaralar va funksional maqsadga ega boʻlgan, bino va inshootlar qurilgan yoki qurilishi rejalashtirilgan hudud;
qurilishni tartibga solish chizigʻi — shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan, bino va inshootlarni joylashtirishda qizil chiziqlar yoki yer uchastkasining chegaralaridan chekinish chegaralari.
3. Ushbu SHNQda quyidagi shartli belgilanishlar va qisqartmalar qoʻllanilgan:
APT — aholi punktlari tizimi;
UMN — turar joy binosining umumiy maydoni yer uchastkasi maydoniga nisbati;
TXS — texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari;
AYOQS — avtomobillarga yonilgʻi quyish stansiyalari;
GTS — gaz taqsimlash stansiyalari;
GTP — gaz taqsimlash punktlari;
RTS — Radiotelevideniye stansiyalari;
RRS — radiorele stansiyalari.
3-bob. Umumiy qoidalar
4. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish, loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda quyidagilar taʼminlanishi lozim:
sanoat zonalari va ishlab chiqarish korxonalarining muhandislik va transport infratuzilmasini rivojlantirilishi, sanitariya holatini yaxshilanishi, aholi salomatligini hamda atrof-muhitni muhofaza qilinishi, tarix va madaniyat yodgorliklarining saqlanishi, aholi punktlari tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega omillarning salbiy taʼsiridan himoya qilish;
fuqarolarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy, madaniy va madaniy xizmatlar koʻrsatish uchun shart-sharoit yaratish hamda hududlarni obodonlashtirish, hayot xavfsizligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish.
5. Aholi punkti hududiy rejalashtirish ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik omillar, barqaror rivojlanish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish kombinatsiyasi asosida hududlarning funksional maqsadini aniqlashga qaratilgan boʻlib, quyidagilarni taʼminlashi kerak:
shaharning barqaror rivojlanishini;
shahar atrof-muhitining sifatini yaxshilashni;
tarixiy-madaniy merosni asrash va qayta tiklashni;
muhandislik, transport va ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirishni;
yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlarini hisobga olish.
6. Shaharchalar kichik shaharlarga qoʻyilgan talablar boʻyicha loyihalashtirilishi lozim.
4-bob. Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni rejalashtirish
1-§. Aholini joylashtirish tizimlari
7. Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhida quyidagi loyiha yechimlari belgilanishi zarur:
aholini joylashtirish tizimlarini, tabiatdan foydalanishni va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy prognozlar;
hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishga doir yechimlar;
aholini joylashtirish tizimlarini rivojlantirish uchun qulay hududlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
qishloq xoʻjaligiga va oʻrmon xoʻjaligiga moʻljallangan hududlar;
ekstremal tabiiy-iqlim sharoitlariga ega boʻlgan hududlar;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga uchragan hududlar;
foydali qazilmalar joylashgan hududlar;
shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish rejimlari va shaharsozlik jihatidan foydalanishning boshqa turlari;
hududlarda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishga oid cheklovlar.
8. Aholi punktlari respublika miqyosidagi joylashtirish tizimi va uning tarkibiga kiruvchi viloyatlar, tumanlar, qishloq xoʻjaligi korxonalarini joylashtirish tizimlari, shuningdek mintaqaviy joylashtirish tizimlarining tarkibiy qismlari sifatida loyihalashtirilishi lozim.
Bunda, joylashtirish tizimlari uchun umumiy boʻlgan ijtimoiy, ishlab chiqarish, muhandislik va transport infratuzilmalarini, shuningdek joylashtirish tizimlari markazlarining taʼsiri doirasidagi istiqbolli rivojlanayotgan mehnat, madaniy, maishiy, jamoa va rekreatsion aloqalar shakllanishini hisobga olish lozim.
9. Turli hududiy darajadagi joylashtirish tizimlari markazlarining taʼsir doiralari Oʻzbekiston Respublikasi hududi va hududining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlar asosida qabul qilinishi kerak.
10. Barcha tizimlarda hududning funksional-fazoviy tashkil etilishini har tomonlama tartibga soluvchi asosiy omillar aholi, ishlab chiqarish va tabiiy resurslar boʻlishi lozim.
11. Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish tizimida yirik shaharlarning asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
poytaxt vazifasini bajaruvchi yirik aglomeratsiyalar — Toshkent, Samarqand, Namangan shaharlari;
yirik aglomeratsiyalar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy makon funksiyalarini bajaradigan aholi punktlari tizimlari (masalan, Fargʻona — Margʻilon, Fargʻona vodiysining subviloyat markazi sifatida, Samarqand, Buxoro, aglomeratsiyalar markazlari, yirik sanoat va turistik markazlari sifatida, Navoiy, Jizzax, Qarshi, Nukus — yirik sanoat shaharlari sifatida, Urganch va Xiva yirik turistik markazlar);
tarixiy, madaniy, turistik va rekreatsion funksiyalarga ega boʻlgan aholi punktlari, ilmiy, mudofaa va boshqa funksiyalarga ega boʻlgan aholi punktlari;
milliy va jahon madaniyati yodgorliklariga ega boʻlgan aholi punktlari.
12. APT guruhlari shakllanish xususiyatlari respublikaning turli mintaqalarida aholi joylashuvi rivojlanishining tarixan shakllanganligi va tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda quyidagicha belgilanishi kerak:
aholisi zich joylashgan va yaxshi rivojlangan urbanistik tuzilmalar hamda aholining keng qamrovli joylashuviga ega, avvaldan oʻzlashtirilganligi va aholi punktlari taqsimlanishi nisbatan bir tekisda boʻlgan hududlari (Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari, Fargʻona vodiysi);
qulay tabiiy-iqlimiy mintaqalar va kommunikatsion tizimlar boʻgʻinida jamlangan mayda aholi punktlardan iborat Xorazm va Qoraqalpogʻistondagi qadimdan sugʻorilib kelinuvchi hududlar;
Fargʻona vodiysining markaziy qismi, Qarshi, Jizzax choʻllari hamda Mirzachoʻldagi aholi punktlari ancha tarqoq joylashgan yangi sugʻoriladigan yerlar;
katta boʻlmagan aholi punktlari joylashgan daryolar vohalari togʻli hududlar;
kichik aholi punktlari va yaylovlarga ega boʻlgan dasht-choʻl hududlari.
13. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatdan rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda aholi punktlarining bir-biriga qoʻshilib ketishi shart-sharoitlari hisobga olinishi kerak.
14. Shaharlari jadal rivojlanayotgan hududlarda shaharlar aglomeratsiyalarining shakllanish tendensiyalari hamda qishloq aholi punktlarining shaharlar tarkibiga qoʻshilib ketishi hisobga olinishi lozim.
15. Respublika hududida aholini joylashtirish bosh tarhini, respublika hududini rejalashtirish tarhini, viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini hamda tumanlarni rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishda aholini joylashtirish tizimlarini shakllantirishga doir loyiha yechimlari aniqlashtirilishi kerak.
Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda dastlabki hisob-kitoblarga asoslanish kerak.
2-§. Aholi punktlarining aholini joylashtirish tizimlaridagi joylashuvi
16. Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishida ularning aholini joylashtirish tizimidagi tutgan oʻrni inobatga olinishi lozim.
Bunda, aholi punktlar respublika, viloyatlar va tumanlar joylashtirish tizimining elementlari sifatida koʻrilishi hamda bu tizimlar markazlarining taʼsir doirasiga kiradigan manzilgoh va hududlar bilan birgalikda maʼmuriy, ishlab chiqarish, mehnat, madaniy-maishiy va rekratsion aloqalarining rivojlanishi belgilanishi kerak.
17. Turli darajadagi aholini joylashtirish tizimlari markazlari vazifasini bajaradigan aholi punktlarning taʼsir doiralari tumanni rejalashtirish loyihalari asosida qabul qilinishi kerak.
Bunda, aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish, funksional zonalashtirish, rejalashtirish tuzilmasi, muhandislik-transport infratuzilmasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha loyiha yechimlari qabul qilinishi lozim.
18. Ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarining loyihaviy muddatlari SHNQ 1.03.02-23ga muvofiq belgilanishi zarur.
19. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ularning maʼmuriy-xoʻjalik boʻysunuvi va ahamiyati hisobga olinishi lozim. Xususan:
mintaqa (respublika) markazi — Toshkent;
viloyatlararo submintaqalar markazlari;
APT guruhlari markazlari — viloyatlar markazlari boʻlgan shaharlar;
mahalliy joylashtirish tizimlari markazlari — maʼmuriy-hududiy tumanlarning markazlari boʻlgan shaharlar va shaharchalar;
dam olish, ishlab chiqarish va transport markazlari — mahalliy joylashtirish tizimlari tarkibiga kiruvchi va joylashtirish tizimining dastlabki boʻgʻini hisoblanuvchi aholi punktlari.
20. APT guruhlari markazlari boʻlgan shaharlarda ularning oʻz aholisidan tashqari butun guruh tizimi aholisiga ham xizmat koʻrsatadigan yirik ishlab chiqarish korxonalari, transport obyektlari, aholiga ijtimoiy, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari joylashtirilishi lozim.
21. Mahalliy joylashtirish tizimi markazlari boʻlgan shaharlar va shaharchalarda APT guruhlari markazlarida joylashgan korxonalarning filiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, shuningdek hududida istiqomat qiluvchi aholiga ijtimoiy, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari joylashtirilishi kerak.
22. Mahalliy joylashtirish tizimlari tarkibiga kiruvchi aholi punktlari hududida APT guruhlari markazlarida va mahalliy joylashtirish tizimlarida joylashgan korxonalarning filiallari, agrosanoat kompleksi korxonalari, ishlab chiqarish-taʼmirlash va xoʻjalik omborlari, shuningdek mahalliy aholiga mavsumiy, davriy hamda kundalik ijtimoiy, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari joylashtirilishi lozim.
23. Aholi punktlaridan joylashtirish tizimlari markazlari bilan ijtimoiy, madaniy va maishiy aloqalar bogʻlanishi (bir yoʻnalishda jamoat transportida qatnash masofasi — vaqt birligida) quyidagilardan oshmasligi kerak:
mahalliy joylashtirish tizimlari uchun — 1,5 h;
APT guruhlari markazlari, viloyatlararo va mintaqaviy markazlar uchun — 2 h.
24. Kundalik mehnat migratsiyasi aloqalari jamoat transportidan foydalanganda quyidagilardan oshmasligi zarur:
mahalliy joylashtirish tizimlar markazlarigacha — 45 min;
APT guruhlari markazlarigacha — 60 min;
eng yirik, yirik, katta va oʻrtacha shaharlar ichida — 40 min;
kichik shaharlar, shaharchalar va qishloq (ovul) aholi punktlari ichida — 30 min.
25. Aholi punktlari tarmogʻi zich boʻlgan hududlar uchun aholi sonini hisoblashda aholini joylashtirish tizimlarining markazlaridagi boshqa aholi punktlari bilan kundalik mehnat migratsiyasi aloqalarini hisobga olish lozim.
26. Mahalliy joylashtirish tizimlari markazlariga ishga kelayotganlarni hisob-kitob qilishda ularning soni shahar aholisining 5 — 15 foizi, APT guruhlari markazlari uchun esa 5 — 10 foiz miqdorda qabul qilinishi kerak.
27. Shaharlar va shaharchalarining rejaviy tuzilmasi boʻyicha yechimlarni qabul qilishda yondosh qishloq (ovul) aholi punktlari bilan oʻzaro aloqalarni, qishloq (ovul) aholi punktlari tuzilmasi boʻyicha yechimlarni qabul qilishda esa ularning qishloqlar aglomeratsiyasiga qoʻshilib ketishini hisobga olish zarur.
28. Viloyatlararo tizimlar markazlari uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ularning hududlarida yirik sanoat, ilm-fan, madaniyat, turizm markazlari barpo etilishini rejalashtirish lozim.
29. Joylashtirish tizimlari markazlari boʻlgan eng yirik, yirik va katta shaharlar uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda shahar bilan yagona xoʻjalik-iqtisodiy, muhandislik-texnik, tabiiy-ekologik va rejaviy majmualarni hosil qiluvchi shahar atroflari zonalari bilan birgalikda koʻrib chiqilishi kerak.
Bunday shaharlarga yondosh hududlar qishloq xoʻjaligi yerlari, landshaft-rekreatsiya zonalari, shaharchalar va qishloq aholi punktlari hamda boshqa obyektlarni oʻz ichiga oluvchi koʻkalamzorlashtirilgan mintaqa (yashil tasma) sifatida rejalashtirilishi lozim.
Shuningdek, mehnat resurslarini hisoblash hamda shahar kichik tizimlarining rivojlanish koʻrsatkichlarini aniqlash ishlari markaz-shahar atrofidagi aholi punktlari bilan kundalik mehnat va madaniy-maishiy aloqalarni hisobga olingan holda bajarilishi kerak.
30. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarini loyihalashdan avval oʻtkaziladigan ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlar hamda SHNQ 1.02.07-19ga muvofiq bajariladigan muhandislik-texnik izlanishlar asosida ishlab chiqilishi lozim.
31. Aholining loyihaviy muddat uchun hisoblangan soni hududning, shu jumladan aholi punktining istiqbolli rivojlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda demografik prognozlar asosida aniqlanishi kerak.
32. Aholi punktlarini rivojlantirish uchun hududlarning rejaviy yechimlari hududlarning texnik-iqtisodiy va sanitariya-gigiyenik koʻrsatkichlarini, energetika, suv va hududiy zaxiralarini, atrof-muhit holatining variantlarini taqqoslash asosida tabiiy va muhit sharoitlarining istiqboldagi oʻzgarishi prognozlarini, ushbu hududlardan oqilona foydalanish imkoniyatini hisobga olgan holda tanlanishi lozim.
33. Aholi punktlarning yangilarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish uchun hududlarni aholining ishlash, yashash va dam olish joylarini joylashtirish sharoitlarini hisobga olgan holda tanlash lozim.
Bunda, hududlarni qishloq xoʻjaligi maqsadida foydalanilmaydigan yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqsiz, sifati yomon va oʻzlashtirish uchun maxsus muhandislik tadbirlarni oʻtkazish talab etadigan yerlardan tanlash lozim.
34. Yangidan quriladigan sanoat korxonalarining ishchi-xodimlarini joylashtirish (ishchilar shaharchasi) uchun hududlarni ushbu korxonalar uchun hududlarni tanlash bilan bir vaqtda tanlash lozim.
35. Aholi punktining bosh rejasida belgilangan chegaralarida joylashgan, biroq qurilishlar amalga oshirilmagan yerlar birinchi navbatda oʻzlashtirilishi lozim (yangi qoʻshilayotgan yer maydonlari bundan mustasno).
36. Melioratsiya holati yaxshi boʻlgan shudgor yerlar, mevazor va uzumzorlar bilan band boʻlgan, shuningdek suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, ihota daraxtzorlari va oʻrmonlar bilan band boʻlgan yerlar shaharsozlik faoliyati maqsadlari uchun foydalanish ushbu yerlarni bir toifasidan boshqasiga oʻtkazilgandan soʻng amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
37. Aholi punktlari hududlarini kengaytirish, ishlab chiqarish korxonalari hamda bino va inshootlar qurilishi uchun yer maydonlarining oʻlchamlari minimal zarur boʻlgan kattalikda, qurilish zichligi talablariga rioya qilingan holda qabul qilinishi lozim.
38. Foydali qazilmalari mavjud boʻlgan maydonlarda shaharsozlik faoliyati uchun hududlarni ushbu konlarni oʻzlashtirish dasturlarini inobatga olgan holda tanlash lozim.
39. Quyidagi hollarda bino-inshootlarni va kommunikatsiyalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
shaxtalar va foydali qazilmalarni boyitish kombinatlarining togʻ jinslari agʻdarmalari mavjud boʻlgan zonalarda;
oʻpirilishlar, qor koʻchkilari va sel oqimlari, suv omborlarining favqulodda suv chiqarish va suv bosish xavfi mavjud boʻlgan zonalarda;
suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi halqasi doirasida;
loyihalanayotgan obyektlar kurortlardagi davolash vositalari ekspluatatsiyasi bilan bevosita bogʻliq boʻlmaganda kurortlarning sanitariya muhofazasi zonasida;
shaharlardagi ihota va sanitariya-gigiyenik funksiyalarni bajaruvchi hamda aholining dam olish maskanlari hisoblangan oʻrmonlar, oʻrmon-bogʻlar va boshqa daraxtzorlar egallagan koʻkalamzorlashtirilgan zonalarda;
xizmat qilish va zararsizlantirish muddatlari oʻtmagan organik va radioaktiv chiqindilar bilan ifloslangan yerlarda;
tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazilishi yoki ilmiy-madaniy ahamiyat kasb etadigan tabiat bogʻlari saqlanishiga xavf solinishi mumkin boʻlgan hollarda qoʻriqxonalarda va ularning qoʻriqlanadigan zonalarida;
madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan chegaralarda.
3-§. Aholining loyihaviy soni
40. Aholining loyihaviy sonini hisoblashda, aholining joriy holatdagi (kundagi) demografik tarkibi va uning hisobiy davrlar boʻyicha kutiladigan oʻzgarishlar hisobga olinishi kerak.
Aholining loyihaviy soni quyidagi usullarga asoslanishi lozim:
mehnat resurslaridan foydalanish — mehnat balansi usuli;
oʻtgan yillardagi va aholini roʻyxatga olish davridagi aholining tabiiy ortishi va migratsiya harakatlarini tahlil qilish asosida demografik prognozlash usuli.
41. Mehnat resurslari aholini kelajakdagi yosh boʻyicha tuzilmasiga muvofiq aniqlanishi, bunda aholining mehnatga layoqatli guruhiga quyidagilar qoʻshilmasligi lozim:
uy xoʻjaligida va shaxsiy yordamchi xoʻjalikda band boʻlgan shaxslar va koʻp bolali onalar (mehnatga layoqatli guruhga kiradigan aholining umumiy sonidan shahar va shaharchalarda 3 — 6 foizni, qishloq aholi punktlarida 4 — 8 foizni tashkil etadi);
ishlamaydigan nogironligi boʻlgan shaxslar va ishga layoqatli yoshida nafaqa oluvchilar (aholining loyihaviy sonidan shaharlar va shaharchalarda 1 — 2,5 foizni, qishloq aholi punktlarida 1-2 foizni tashkil etadi).
Mehnat resurslari tarkibiga qoʻshimcha ravishda nafaqa yoshida ishlashni davom etayotgan shaxslar kiritiladi (loyihaviy muddatda shu guruhga kiradigan aholi sonining 25 — 40 foizini tashkil etadi).
42. Band aholi uch guruhga boʻlinadi:
16 yoshdan katta ishlamaydigan — umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari, akademik litsey, oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari;
aholiga ijtimoiy va madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish muassasalarida ishlovchilar;
iqtisodiyot tarmoqlarining shaharni shakllantiruvchi sohalarida band boʻlgan ishchi-xodimlar.
43. 16 yoshdan katta, ishlamaydigan oʻquvchilar soni statistik maʼlumotlariga koʻra, kelajakdagi soni esa yosh tarkibi va oʻquv yurtlari tarmoqlarining rivojlanishini hisobga olgan holda aniqlanishi, bu guruhga kiradigan aholining loyihaviy umumiy sonidan 2,5 — 5 foiz miqdorida qabul qilinishi kerak.
44. Xizmat koʻrsatuvchi guruhga kiradigan aholisi soni aholi punktining joylashish tizimidagi ahamiyati va uning umumiy aholi soniga qarab hamda mazkur SHNQning 1-ilovasida keltirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha aniqlanishi kerak.
45. Shaharni shakllantiruvchi guruhga kiradigan aholining soni shaharni shakllantiruvchi ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, muassasalar va tashkilotlarda ishlaydiganlarning umumiy soni yigʻindisi sifatida aniqlanishi kerak.
46. Aholi punktlari aholisining umumiy sonini hisoblashda sanatoriya-kurort muassasalarida dam oluvchilar soni hamda tashkil etilmagan dam oluvchilarning nisbatan turgʻun kontingenti qoʻshimcha ravishda hisobga olinishi kerak.
47. Rekonstruksiya qilinadigan aholi punktlarida aholining loyihaviy soni quyidagi formula boʻyicha aniqlanishi lozim:
bu yerda:
A — shaharni shakllantiruvchi xodimlari soni;
T — band aholi soni, aholining umumiy sonidan foizda olinadi;
a — ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqiydigan, 16 yoshdan katta boʻlgan oʻquvchi va talabalar soni, aholining umumiy sonidan foizda olinadi;
v — aholining xizmat koʻrsatuvchi guruhi soni, aholining umumiy sonidan foizda olinadi.
48. Shaharni shakllantiruvchi guruhga kiruvchi aholi sonini aniqlashda tumanni rejalashtirish loyihalarining maʼlumotlari, aholi punktining joylashtirish tizimidagi oʻrni va ahamiyati, shahar atrofi va boshqa aholi punktlaridan ishga kelayotganlar hamda shahar atrofi va boshqa aholi punktlariga ishga ketayotgan ishchi-xodimlar hisobga olinishi lozim.
4-§. Aholi punktlarining funksional zonalari (hududlari)
49. Aholi punktlari hududlarining rejaviy tuzilmasini turar joy, ijtimoiy-amaliy, ishlab chiqarish zonalari va mehnat qilish joylari, koʻcha-yoʻl tarmogʻi hamda umumiy foydalanishdagi koʻkalamzorlashtirilgan hududlarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlagan holda, shuningdek aholi punktining kattaligi va hududining tabiiy-iqlimiy xususiyatlariga asoslangan holda, uning umumiy rejaviy tuzilmasiga bogʻlab shakllantirish lozim.
491. Hududlarda shamol yoʻnalishining erkin harakatlanishini taʼminlash maqsadida shaharlarning bosh rejalarida ventilyatsiya yoʻlaklari (koridorlari) nazarda tutilishi kerak.
Bunda bino va inshootlarning (balandligi, zichligi, uzluksiz front hosil qilishi hamda boshqa parametrlari) ventilyatsiya yoʻlaklarida (koridor) joylashuvi shamol yoʻnalishining erkin harakatini cheklamasligi lozim.
50. Aholi punktlari hududlarida quyidagi funksional zonalar belgilanishi lozim:
turar joy zonalari;
ijtimoiy-amaliy zonalar;
ishlab chiqarish zonalari;
muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari;
rekreatsiya zonalari;
qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar;
maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar;
harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar zonalari;
shahar atrofi zonalari.
Mahalliy sharoitlardan kelib chiqib boshqa hududiy zonalar belgilanishiga yoʻl qoʻyiladi.
51. Madaniy meros obyektlariga ega boʻlgan shaharlar uchun tarixiy qurilish zonasi ajratib koʻrsatilishi lozim.
52. Funksional zonalarning foydalanish maqsadlari hamda ularning hududlarida joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladigan obyektlar Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq qabul qilinishi kerak.
53. Aholi punktlarning rejaviy tuzilmasi funksional zonalarning ixcham joylashuvi va oʻzaro aloqalari, hududdan samarali foydalanish va oqilona boʻlinishi, tabiiy-iqlimiy, landshaft, milliy-maishiy xususiyatlarni hisobga olgan holda, shuningdek atrof-muhit va madaniy meros obyektlari muhofazasini taʼminlagan holda shakllantirish lozim.
5-bob. Turar joy zonalari
1-§. Umumiy talablar
54. Turar joy zonalari (istiqomat qilish hududlari) rejaviy tuzilmasi aholi punktning shakllangan shaharsozlik va tabiiy vaziyatlarini, uning katta-kichikligi va aholini joylashtirish tizimida egallagan oʻrni, ekologik va sanitariya-gigiyena sharoitlari, turar joy va jamoat bino-inshootlarining kompozitsion va estetik mujassamligi, aholiga xizmat koʻrsatish muassasalari tarmogʻi, koʻcha-yoʻl tarmogʻi, muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlari, umumiy koʻkalamzorlashtirilgan hududlar, shuningdek mehnat qilish joylarining oʻzaro bogʻliqligini hisobga olishi lozim.
55. Turar joy zonalarida turar joy va jamoat bino-inshootlaridan tashqari ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, maydonlar, istirohat bogʻlari va boshqa umumiy foydalanish joylari, sanitariya-muhofaza zonalarini yaratishni talab etmaydigan baʼzi kommunal va ishlab chiqarish obyektlari joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
56. Turar joy zonalari quyidagi funksional-rejaviy birliklari boʻyicha tashkil etilishi kerak:
dahalar (koʻchalar bilan boʻlinmagan, maydoni 10 ha gacha boʻlgan hududlar);
mavzelar (daha, mahalla yoki ularning guruhlari, maydoni 10 — 50 ha ni tashkil qiluvchi, koʻchalarning qizil chiziqlari yoki aholi punktining boshqa hududiy elementlari bilan chegaralangan, magistral yoki tuman ahamiyatiga molik koʻchalar bilan boʻlinmagan hudud). Mavzelarda turar joy zonalarining funksiyalariga zid boʻlmagan obyektlar joylashtirilishi;
turar joy tumani (maydoni 50 — 250 ha ni tashkil qiluvchi mavzelar guruhlari, umumiy markazga ega, shahar ahamiyatiga molik magistral koʻchalar, temir yoʻllar, tabiiy hududlar bilan boʻlinmagan hudud). Turar joy tumanida jamoat, maʼmuriy, ishlab chiqarish, kommunal va aholiga davriy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan obyektlar va koʻkalamzorlashgan hududlar joylashtirilishi.
57. Turar joy zonalarini rejalashtirishda quyidagilar joylashtirilishi lozim:
koʻp qavatli (koʻp kvartirali) uy-joylar mavzelari;
tomorqali (bloklangan va yakka tartibdagi) uy-joylar dahalari;
aralash qurilish hududlari — funksional maqsadlariga koʻra (jamoat-turar joy, ishlab chiqarish-turar joy) hamda rejaviy tuzilishiga koʻra (koʻp kvartirali va tomorqali (yakka tartibdagi) uy-joylar) tashkil etgan hududlar.
58. Turar joy zonalarida quyidagilarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi:
alohida turgan, birgalikda qurilgan, birgalikda-qoʻshimcha qilib qurilgan yoki qoʻshimcha qilib qurilgan ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarni;
avtoturargohlarni;
ibodatxonalarni (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va sh.k.).
59. Qishloq aholi punktlarida turar joy zonalarining rejaviy tuzilmasi ishlab chiqarish obyektlarining joylashuvi va ularning oʻzaro bogʻlanishini hisobga olgan holda tashkil etilishi lozim.
I — III toifali avtomobil yoʻllari, shuningdek qishloq xoʻjaligi texnikasi yurishi uchun moʻljallangan yoʻllar qishloq aholi punktlarining turar joy zonalarini kesib oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-§. Koʻp kvartirali turar joy hududlari
60. Turar joy zonalarining oʻlchamlarini aniqlashda hamda turar joy fondini hisoblashda va tuzilmasini belgilashda aholining demografik tarkibi, har bir oilani uy-joy bilan taʼminlanishi zaruratidan kelib chiqib, mavjud va istiqbolda uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi toʻgʻrisidagi statistik va prognoz qilingan maʼlumotlar tahlili asosida aniqlanishi kerak.
61. Hisoblash uchun aholining turar joy bilan taʼminlanish darajasi (ijtimoiy norma) kishi boshiga 16 m² kam boʻlmagan miqdorida qabul qilinishi lozim.
62. Turar joy zonalarining maydonlari 1000 kishi aholiga hisoblangan quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha qabul qilinishi lozim.
a) shaharlarda:
tomorqali (yakka tartibdagi) uy-joylar uchun — 20 — 25 ha;
kam qavatli (tomorqasiz) uy-joylar uchun — 10 — 15 ha;
oʻrta va koʻp qavatli uy-joylar uchun — 8 ha;
baland va yuqori qavatli uy-joylar uchun — 7 ha;
b) qishloq aholi punktlarida:
tomorqali (yakka tartibdagi) uy-joylar uchun — 40 ha;
kam qavatli (tomorqasiz, xoʻjalik qurilmalari bilan) uy-joylar uchun — 20 — 25 ha;
kam va oʻrta qavatli (xoʻjalik qurilmalarisiz) ) uy-joylar uchun — 10 — 15 ha.
Ekstremal tabiiy-iqlimiy sharoitlarga ega boʻlgan hududlar (choʻl, togʻli joylar) uchun ushbu koʻrsatkichlar 30 foizgacha oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
63. Turar joy zonalarini rejalashtirishda ularda joylashtiriladigan binolar turlari, qavatlar soni va zichligi, hududning tarixiy-madaniy, tabiiy-iqlimiy va boshqa mahalliy xususiyatlardan kelib chiqib belgilanishi kerak.
64. Turar joy zonalari tarkibida quyidagi kichik zonalar yoki ularning aralash zonalari tashkil etilishiga yoʻl qoʻyiladi:
baland va yuqori qavatli turar joy binolari zonalari;
oʻrta va koʻp qavatli turar joy binolari zonalari;
kam qavatli turar joy binolari zonalari;
yakka tartibdagi (shu jumladan bloklangan) uy-joylar zonalari.
65. Turar joy zonalarini tashkil etishda, turar joy qurilishi hajmini hisoblashda, turar joy binolari turlarini tanlashda oilalarning demografik tarkibi hamda aholining anʼanaviy turmush tarzi hisobga olinishi kerak.
66. Shaharda quriladigan turar joy binosining umumiy maydoni (yerustidagi barcha qavatlarning foydali maydonlari yigʻindisi) ushbu turar joy binosini qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi maydoniga nisbati (UMN) toʻrt yarim barobardan oshmasligi lozim.
Turar joy zonalarida turar joy binolarining UMN koeffitsiyentlari shahar bosh rejalarida belgilanishi kerak.
67. Turar joy binolarning qulaylik darajasi SHNQ 2.08.01-24 hamda quyidagi 1-jadvalda koʻrsatilgan turlari boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar:
1. k — kvartiradagi xonalarning soni, n — istiqomat qiluvchilar soni.
2. Koʻrsatkichlar loyihadagi hisobiy davr uchun belgilangan.
3. Ushbu koʻrsatkichlar hisob-kitob uchungina foydalaniladi.
68. Turar joy bilan taʼminlanganlik darajasining oʻrtacha hisobiy koʻrsatkichi qulaylikning turli darajasiga ega uy-joy (xonadon)larning oʻzaro nisbatiga bogʻliq holda hisob-kitoblar asosida aniqlanishi kerak.
69. Yuqori va baland qavatli turar joy binolari qurilishi eng yirik va yirik shaharlarda, texnik-iqtisodiy asoslanishlarga binoan amalga oshirilishi kerak.
70. Oʻrta qavatli turar joy binolari katta va yirik shaharlar uchun qurilishning asosiy turi sifatida qoʻllanilishi lozim.
71. Kam qavatli turar joy binolari hamda yakka tartibdagi uy-joylar oʻrta va kichik shahar, shaharchalar va qishloq aholi punktlari uchun qurilishning asosiy turi sifatida qoʻllanilishi kerak.
72. Kam qavatli, yuqori qurilish zichligiga ega turar joy binolari qavatlar soni boʻyicha cheklovlar belgilangan hududlarda hamda yuqori qurilish zichligiga erishish maqsadida qoʻllanilishi kerak.
73. Qishloq aholi punktlarining turar joy zonalarida tomorqali (yakka tartibdagi), kottej va bloklangan uy-joylar hamda kam qavatli koʻp kvartirali turar joy binolari qurilishi lozim.
74. Uy-joy (xonadon) qoshidagi tomorqa yerlarining oʻlchamlari uy-joy turlari va mahalliy sharoitlardan kelib chiqib belgilanishi, biroq 200 m² kam boʻlmasligi lozim.
75. Yakka tartibda uy-joy qurish (tomorqa va uy-joyni obodonlashtirish) uchun yer uchastkalarining oʻlchamlari 400 m² ga teng qilib qabul qilinishi lozim.
76. Turar joy zonalarida rekonstruksiya (renovatsiya) qilinishi rejalashtirilgan hududlarda mavjud turar joy va jamoat binolari saqlanib qolinishi yoki yangilanishi kerak.
Bunday hududlarda ushbu SHNQ talablariga rioya qilgan holda yangi bino va inshootlar qurilishi, mavjud turar joy va jamoat binolarining pastki qavatlaridan foydalanish maqsadlarini oʻzgartirilishi, binolar ustiga yangi qavat yoki mansarda qavatlarini qurilishi, yerusti va yerosti makonlaridan foydalanish lozim.
77. Tarixiy zonalarda rekonstruksiya yoki renovatsiya qilinadigan turar joy binolari ustiga tarixiy muhitning umumiy uslubiy birligini hisobga olgan holda, madaniy meros obyektlarining tarixiy vizual-landshaftini saqlab qolgan holda mansardali qavatlarni qurishga yoʻl qoʻyiladi.
78. Turar joy binolaridan turar joy va boshqa maqsadli (jamoat, ishlab chiqarish) binolargacha boʻlgan oraliq masofalar yashash xonalariga quyosh nurining tushishi va tabiiy yoritilishi darajasining SanQvaN 0102-25 va SHNQ 2.08.01-24 da belgilangan insolyatsiya normalariga muvofiqligi, shuningdek yashash xonalaridan yonidagi hovlilarning sathi koʻrinmasligi shartlarini hisobga olgan holda qabul qilinishi kerak.
Bunda, mazkur SHNQning 18-bobida va SHNQ 2.01.02-04da yongʻinga qarshi masofalar boʻyicha talablarga rioya etish lozim.
79. Uch va undan yuqori koʻp qavatli turar joy binolari va barcha yotoq oʻrinlari mavjud boʻlgan binolar orasidagi masofalar quyidagi 2-jadvalga muvofiq qabul qilinishi kerak.
* olovbardoshligi I yoki II darajali boʻlgan binolar orasidagi masofalarni hisoblashda qoʻllaniladi (bunda, hisoblangan qiymat 6 m dan kam boʻlmasligi kerak); yongʻinga bardoshliligining boshqa darajali binolar orasidagi masofa ushbu
Izohlar:
1. N — loyihalashtirilgan binoning balandligi (yer sathidan eng yuqori qavatning tomyopmasigacha boʻlgan oʻlcham).
2. Ikkita bino orasidagi masofani hisoblash uchun yoʻnalish koeffitsiyenti (ky) ushbu SHNQning 2-ilovasi boʻyicha qabul qilinadi.
3. Yopiq ichki hovlisi bor turar joylarda binolarning ichki fasadlari orasidagi masofa Nmax • 2,3 qiymatida qabul qilinishi kerak.
4. Mansardaning vertikal tashqi devori 1,5 m dan kam va tomning qiyaligi 60º dan kam boʻlganda mansardaning balandligi binoning balandligiga kiritilmaydi.
5. Mavjud mavzelar va kichik dahalarning koʻp kvartirali turar joy binolari oraligʻida bolalar oʻyin maydonchalari, kattalar dam olish maydonchalari, vorkaut maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari hamda avtoturargohlardan tashqari boshqa obyektlarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Koʻp qavatli turar joy binolar va yakka tartibdagi uy-joylar orasidagi eng kam masofa koʻp qavatli turar joy binosining balandligidan kam boʻlmasligi kerak. Oynasi boʻlmagan tomonidan masofani ikki barobargacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
7. Rekonstruksiya, renovatsiya va murakkab shaharsozlik sharoitlarda SanQvaN 0102-25ga muvofiq insolyatsiya normalari taʼminlaganda ushbu jadvalda keltirilgan masofalarni ikki barobargacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
8. Faolligi 8 ball va undan yuqori boʻlgan seysmik hududlarda turar joy binolarning uzun (parallel) tomonlari orasidagi masofa eng baland binoning ikki baravar balandligidan kam boʻlmasligi lozim.
80. Markazlashgan kanalizatsiya tarmogʻi boʻlmagan hududlarda hovli hojatxonalari turar joy va taʼlim muassasalari binolaridan, bolalar va kattalarning dam olish maydonchalaridan 20 m dan, yakka tartibdagi uy-joy tomorqalarida — 10 m dan, suv taʼminoti manbai (quduq)gacha esa — 25 m dan kam boʻlmagan masofada joylashtirilishi kerak.
81. Turar joy hududlaridan shaharsozlik jihatdan foydalanish samaradorligining asosiy mezoni turar joy fondining zichligi boʻlib, u quyidagi parametrlar bilan tartibga solinadi:
uy-joy fondining zichligi — 1 ha hududga uy-joy fondining umumiy maydoni (qavatlari boʻyicha) jami miqdori, m2/ha;
1 ha hududga toʻgʻri keladigan kvartiralar soni;
UMN koeffitsiyenti — foizda, birlik ulushi.
82. Turar joy fondining zichligi quyidagi 3-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar:
1. Turar joy tumanlarida tuman va shahar ahamiyatiga molik jamoat va ishlab chiqarish obyektlarining joylashuvini inobatga olib ulardagi zichlikni 20 foizgacha pasaytirish kerak.
2. Hududlarni qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarida turar joy fondining zichligi ushbu jadvalda keltirilgandan hamda bosh rejalarda qabul qilingan zichlikdan yuqori boʻlmasligi kerak.
3. Turar joy fondining zichligini aniqlashda turar joy hududida joylashgan turar joylar, taʼlim muassasalari, kundalik xizmat koʻrsatish obyektlari, koʻkalamzorlar va avtoturargohlarning yer maydonlari qoʻshib hisoblanishi kerak.
Hisoblanadigan hudud tarkibiga tuman va shahar ahamiyatiga molik boʻlgan obyektlarning hududlari qoʻshilmaydi.
4. Turli xil qavatli binolar qurilishlarida turar joy fondining zichligi quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
bu yerda a1, a2, a3 — loyihada qabul qilingan qavatlilikdagi turar joy binolarining umumiy maydoni, mavzening barcha turar joy binolari umumiy maydonidan foizlarda;
n1, n2, n3 — turar joy fondining qabul qilingan binolar qavatligiga bogʻliq boʻlgan zichligi, m2/ha.
83. Shaharlarda rekonstruksiya va renovatsiya sharoitida turar joy fondining zichligi tegishli asoslash bilan oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
84. Koʻp qavatli kompleks qurilishda mavzelarning hisobiy aholi zichligi 400 kishi/ha dan oshmasligi lozim.
85. Turar joy binolari, taʼlim muassasalarining uchastkalari, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, koʻkalamzorlar, avtoturargohlar egallagan hududlarning ulushi uy-joy fondining qabul qilingan zichligiga, turar joy binolarining joylashishi va tipologiyasiga, meʼmoriy-rejaviy yechimlariga bogʻliq boʻlishi kerak.
86. Koʻp kvartirali uy-joylari boʻlgan turar joy zonalarining koʻkalamzorlashtirilgan hududlari maydoni (maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchastkalarini hisobga olmaganda) mavze hududi maydonining 30 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
87. Dam olish va bolalar maydonchalari hamda piyodalar yoʻlaklarining maydonlari agarda ularning maydoni uchastka umumiy maydonining 30 foizdan ortiq boʻlmagan qismini tashkil etganda koʻkalamlashtirilgan hududlarning tarkibiga qoʻshib hisoblanishi kerak.
88. Turar joy mavze (daha, mahalla)larida quyidagi umumiy foydalanishdagi maydonchalar boʻlishi kerak:
maktabgacha yoshdagi bolalar uchun;
maktab yoshidagi bolalar oʻynashi uchun;
katta yoshdagi aholining dam olishi uchun;
jismoniy tarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanish uchun;
maishiy chiqindilarni yigʻish uchun;
it va boshqa uy hayvonlarini sayr qildirish uchun;
velosiped va boshqa mobil vositalarni (samokat, nogironligi boʻlgan shaxslar va bolalarning aravachalari) saqlash uchun.
89. Maydonchalarning oʻlchamlari hamda turar joy va jamoat binolarigacha masofalar quyidagi 4-jadvaliga muvofiq qabul qilinishi lozim.
90. Chang boʻronlari muntazam sodir boʻladigan hududlarda xoʻjalik maqsadlari uchun yopiq inshootlar qurilganda xoʻjalik maydonchalari oʻlchamlarini, shuningdek mavze miqyosida sport-sogʻlomlashtirish majmualari shakllantirilganda, bolalarning oʻynash maydonchalari, kattalarning dam olishi joylari hamda jismoniy tarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanish uchun maydonchalar oʻlchamlarini ikki barobargacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
91. Bolalarning oʻynash maydonchalari, kattalarning dam olishi joylari hamda jismoniy mashgʻulotlari bilan shugʻullanish maydonchalarini umumlashtirishga yoʻl qoʻyiladi, bunda maydonchalarning yuzasi 150 m2 dan kam boʻlmasligi lozim.
92. Uy-joy qurilishining zichligi yuqori boʻlgan (7000 m2/ha dan ortiq) hududlarda belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun bolalarning oʻynash maydonchalarini, kattalarning dam olishi joylarini va jismoniy mashgʻulotlari bilan shugʻullanish maydonchalarini yerosti va yarim yerosti inshootlarning tomlariga joylashtirish hamda tomlarni koʻkalamzorlashtirish (gazonlar, sayoz ildizli butalar) usullaridan foydalanish kerak.
93. Chiqindi toʻplash maydonchalaridan turar joy binolari, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanish, bolalarning oʻynash maydonchalari hamda katta yoshdagi aholining dam olish joylarigacha, shuningdek taʼlim, sogʻliqni saqlash va umumiy ovqatlanish muassasalarigacha boʻlgan masofa 25 m dan kam boʻlmagan, turar joy binosining eng uzoq kirish joyigacha 100 m dan ortiq boʻlmagan masofada joylashtirilishi lozim.
3-§. Tomorqali uy-joylar hududlari
94. Tomorqali (yakka tartibdagi) uy-joylar hududlari aholi punktlarining bosh rejalariga muvofiq rejalashtirilishi kerak.
Bunda, hududdan foydalanish samaradorligini, aholi punktlarining xususiyatlarini, turar joy binolarining tipologiyasini, rivojlanish omillarini va hududning aholi punkti tarkibida joylashuvini hisobga olish kerak.
95. Aholi punktlari yerlarini iqtisod qilish maqsadida yerlarning shaharsozlik qiymatini hisobga olgan holda, hududlarni rekonstruksiya qilish sharoitida tegishli asoslashlarga tayanib tomorqalar oʻlchamlari kichraytirilgan oʻlchamlarda qabul qilinishi lozim.
96. Yakka tartibdagi uy-joy uchastkalarining kamida 30 foizi koʻkalamzorlashtirilgan (tomorqadan iborat boʻlishi) boʻlishi lozim. Uchastkadagi daraxtlar ularning balandligiga qarab qoʻshni chegarasidan 1 — 3 m uzoqlikda ekilishi kerak.
97. Yakka tartibdagi uy-joylar uchun tomorqalar oʻlchamlari va shakli binolarning chiziqli qurilish zichligi va zarur boʻlgan xoʻjalik qurilmalari joylashtirilishini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
98. Yer uchastkasining old oʻlchami (kengligi) rejadagi uyning asosiy fasadining uzunligiga hamda qoʻshni binolargacha belgilangan maishiy, sanitariya va yongʻin xavfsizligi masofalariga qarab, uchastkaning chuqurligi esa turar joy binosidan xoʻjalik qurilmalarigacha boʻlgan sanitariya masofalari ularning faoliyat maqsadi va hajmiga qarab belgilanishi kerak.
99. Yakka tartibdagi uy-joy zonalari va bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlaridagi turar joy binolari derazalaridan qoʻshni yer uchastkalarida joylashgan xoʻjalik (yordamchi) qurilmalari (ombor, garaj, hammom) hamda chorva va parrandalarni saqlash joylarigacha oraliq masofalar SanQvaN 0339-16ga muvofiq qabul qilinishi lozim.
100. Yer uchastkasi chegarasidan turar joy binosi devorigacha boʻlgan masofa 3 m dan, xoʻjalik binolarigacha — 1 m dan kam boʻlmasligi kerak.
Ushbu oraliq masofa turar joylarni changdan, shovqindan va transportdan chiquvchi zararli gazlardan ihotalash maqsadida koʻkalamzorlashtirish uchun foydalanilishi kerak.
101. Chegaradosh tomorqalardagi uy-joy binolari va xoʻjalik qurilmalari yongʻin xavfsizligi va zilzilabardoshlik talablarini hisobga olgan holda birlashtirilishi (blokirovka qilinishi)ga yoʻl qoʻyiladi.
102. Chegaradosh yer uchastkalardagi uy-joy binolari va xoʻjalik qurilmalari tomlarining nishabligini yogʻingarchilikdan hosil boʻladigan suvlarni qoʻshnining uchastkasiga tushmaydigan qilib yoʻnaltirilishi lozim.
103. Koʻchalarning qizil chiziqlari va qurilishni tartibga solish chiziqlarida xoʻjalik qurilmalari qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
104. Yakka tartibdagi uy-joylar zonalarida chiqindilarni toʻplash maydonchalari qurilishini rejalashtirish lozim.
105. Yakka tartibdagi uy-joy uchastkalarida savdo, ijtimoiy va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
106. Bir tomorqada ikki va uch oilaga moʻljallangan uy-joylar bloklanib qurilishiga yoʻl qoʻyiladi.
107. Turizm salohiyatiga ega boʻlgan aholi punktlarida yakka tartibdagi uy-joy uchastkalarida (etno, agro, eko, gastronomik) turizm doirasida jismoniy shaxslarning vaqtincha yashashi uchun moʻljallangan mehmon uylarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
108. Qishloq aholi punktlarida turar joy fondining zichligi quyidagi 5-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar:
1. Istiqomat qilish hududida yashovchilar uchun uy-joylar, chorva va parrandalar, transport vositalari va boshqa maishiy ehtiyojlar uchun xoʻjalik binolari boʻlganda, ushbu jadvalning 3-bandida koʻrsatilgan uy-joy fondi zichligini 20 foizgacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
2. Uy-joy fondining zichligini hisoblashda aholi punktlararo ahamiyatga ega boʻlgan muassasalar va xizmat koʻrsatish tashkilotlarining yer uchastkalari hisobga olinmaydi.
3. Rekonstruksiya sharoitida ushbu jadval koʻrsatkichlarini tegishli texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarga koʻra oʻzgartirishga yoʻl qoʻyiladi.
4-§. Aralash qurilish hududlari
109. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda aralash qurilish hududlari jamoat, ishlab chiqarish obyektlari va koʻkalamzorlarni oʻz ichiga olgan turar joy dahalaridan iborat boʻlishi, rekonstruksiya sharoitida esa ularning tarkibida ilm-fan va taʼlim muassasalari, biznes obyektlari joylashtirilishi mumkin.
110. Aralash qurilish hududlarida uchastka maydoni 0,5 ha dan ortiq boʻlmagan, ijtimoiy-amaliy va maishiy-kommunal maqsadlarga ega obyektlar, shuningdek oʻz hududidan tashqaridagi atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatmaydigan (shovqin, tebranish, magnit maydonlari, radiatsiya taʼsiri, tuproq, havo, suvning ifloslanishi va boshqa zararli taʼsirlar) sanoat, kommunal va omborxona obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
111. Qishloq aholi punktlarining aralash zonalarida SanQvaN 0103-25ga muvofiq kengligi 50 m dan ortiq boʻlgan sanitariya-muhofaza zonasi tashkil etilishi talab etilmaydigan kichik korxonalar va qishloq xoʻjaligi obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
112. Aralash zonalarda turar joy va jamoat binolari, ilm-fan, taʼlim va xizmat koʻrsatish muassasalari, sanoat korxonalari va ishlab chiqarish va biznes obyektlarini (uchastka maydoni 5 ha dan katta boʻlmagan) joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunday zonalarda ishlab chiqarish jarayonida portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻlmagan, turar joy va jamoat binolari uchun belgilangan shovqin, tebranish, elektromagnitli va ionlovchi nurlanishlarni vujudga keltirmaydigan, atmosfera havosini, yerusti va yerosti suvlarini ifloslantirmaydigan ishlab chiqarish obyektlari joylashtirilishi kerak.
Ular uchun belgilangan sanitariya-muhofaza zonalarining kengligi 50 m dan oshmasligi, hududlariga temir yoʻl izlarining kirmasligi, shuningdek yuk avtomobillarining oqimi bir sutkada (bir yoʻnalishga) 50 dan ortiq boʻlmasligi lozim.
113. Aralash zonalarda mavjud turar joy va ishlab chiqarish bino-inshootlarini rekonstruksiya qilishda korxonalarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini bartaraf qilinishi (texnologik qayta jihozlash orqali zararsiz jarayonlarga oʻtish, quvvatlarni kamaytirish, korxonaning alohida ishlab chiqarish yoʻnalishlari ixtisosini oʻzgartirish yoki uni sanoat zonasiga koʻchirish) kerak.
114. Aralash zonalar uchun shaharlarda maydoni — 10 ha, qishloq aholi punktlarida — 3 ha dan kam boʻlmagan hududlar ajratilishi lozim.
6-bob. Ijtimoiy-amaliy zonalar
115. Ijtimoiy-amaliy zonalarda amaliy, moliyaviy, ijtimoiy faollik markazlarini, sogʻliqni saqlash, madaniyat, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish va biznes obyektlarini, davlat taʼlim muassasalarini va nodavlat taʼlim tashkilotlarini, maʼmuriy, ilmiy-tadqiqot muassasalarini, diniy tashkilotlar (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, ibodatxonalar) va inshootlarni, ijtimoiy soha obyektlarini, shuningdek avtoturargohlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
116. Ijtimoiy-amaliy zonalar tarkibiga madaniy meros obyektlarini kiritishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday binolarda madaniy (muzey, kutubxona, oʻquv markazlari) hamda turizmga oid (etnografik, kosibchilik va milliy hunarmandchilik ustaxonalari) obyektlarni joylashtirish lozim.
117. Eng yirik, yirik va katta shaharlarning ijtimoiy-amaliy zonalari tarkibi umumshahar markazi, rejalashtirish tumanlarining markazlari, turar joy tumanlari markazlari, mahalliy (mavze, daha, mahalla) markazlari, birlamchi xizmat koʻrsatish markazlari, dam olish zonalari markazlaridan iborat boʻlishi kerak.
118. Yirik va katta shaharlarda barpo etiladigan maʼmuriy tumanlar markazlari rejalashtirilishi yoki turar joy tumanlari markazlari bilan umumlashtirilishi lozim.
119. Madaniy meros obyektlari boʻlgan aholi punktlarda barpo etiladigan umumshahar markazlari avvaldan shakllangan tarixiy muhit yaxlitligini taʼminlashi lozim.
120. Yirik va katta shaharlarda istiqomat qilish hududlari boʻlaklarga boʻlinganda umumshahar markazlariga shahar ahamiyatidagi kichik markazlar qoʻshilishi lozim.
121. Oʻrta va kichik shaharlarda yagona umumshahar markazlari shakllantirilib, ular tarkibiga istiqomat qilish hududlarining mahalliy (mavze, daha, mahalla) markazlari kiritilishi kerak.
122. Aholiga xizmat koʻrsatish markazlari tizimini shakllantirishda turli darajadagi markazlarning oʻzaro taʼsirini hamda quyidagi 6-jadvalda keltirilgan hisobiy xizmat koʻrsatish doirasidagi aholi sonini hisobga olish lozim.
Izohlar:
1* — 1,5 — 2,0 h lik transport qatnovi doirasidagi shahar atrofida istiqomat qiluvchi aholining 10 foizga xizmat koʻrsatishni hisobga olgan holda.
2** — 45 — 60 min li transport qatnovi doirasidagi shahar atrofida istiqomat qiluvchi aholining 20 foizga xizmat koʻrsatishni hisobga olgan holda.
3. Choʻl va togʻli hududlarda joylashgan aholi punktlari uchun shu markazlargacha piyoda yetib olish vaqti 20 — 25 foizga oʻzgartirilishi kerak.
123. Ijtimoiy-amaliy zonalari, joylashayotgan obyektlar tarkibi va binolarning turlariga qarab koʻp funksiyali (umumshahar va tuman) va ixtisoslashgan zonalarga ajratilishi kerak.
124. Ijtimoiy-amaliy zonalarni aholi punktining markaziy qismlarida, magistral koʻchalarga, jamoat transporti tugunlariga, sanoat korxonalari va boshqa ommaviy qatnovli obyektlarga tutash hududlarda shakllantirish lozim.
125. Koʻp funksiyali ijtimoiy-amaliy zonalarda, ularning funksiyalarni amalga oshirishga monelik qilmaydigan hajmda koʻp qavatli turar joy binolari joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, turar joy binolarining pastki qavatlari yoki stilobat qismlarida ijtimoiy-amaliy zonalarning funksional maqsadlariga mos keluvchi tijorat va biznes obyektlari boʻlishi kerak.
126. Koʻp funksiyali ijtimoiy-amaliy zonalar minimal oʻlchamli yer uchastkalarida joylashishi va keng tarkibli funksiyalarga ega ijtimoiy markazlar koʻrinishida shakllanishi kerak. Ularda asosan savdo va umumiy ovqatlanish muassasalari, boshqaruv, biznes, fan, madaniyat hamda shahar va tuman ahamiyatiga molik obyektlar, xizmat koʻrsatish sohasiga doir muassasalari boʻlgan turar joy binolari, shuningdek katta yer uchastkalari talab qilmaydigan (1,0 ha dan katta boʻlmagan) va sanitariya-muhofaza zonasining kengligi 25 m dan ortiq boʻlmagan korxonalar joylashtirilishi kerak.
127. Ijtimoiy-amaliy zonalar aholi punkti miqyosidagi markazlar tizimini shakllantirishi, mahalliy markazlarning, shu jumladan mahallalarning bir qismi boʻlib, turar joy va boshqa funksional zonalarda alohida ajratilgan uchastkalar koʻrinishida shakllantirilishi kerak.
128. Mahalladagi koʻkalamzorlashtirilgan hududlarning ulushi markaz hududining kamida 25 foizni tashkil qilishi kerak.
Avtoturargohlar markazning istalgan joyidan 100 m, jamoat hojatxonalari — 200 m masofada yoki binolar tarkibida joylashtirilishi lozim.
129. Koʻp funksiyali ijtimoiy-amaliy zonalarning maydonlari yiriklashtirilgan koʻrsatkichlar asosida, bir kishi hisobiga, m² da hisoblanishi kerak:
eng yirik, yirik va katta shaharlarda — 2 — 5;
oʻrta shaharlarda — 5 — 10;
kichik shaharlarda, shaharchalarda va qishloq aholi punktlarida — 10 — 20.
130. Madaniy meros obyektlari boʻlgan aholi punktlarida mavjud tarixiy muhitning yaxlitligini saqlab qolgan holda va madaniy meros obyektlarining muhofaza qilish zonalarining rejimlariga rioya qilgan holda umumshahar markazining yadrosini shakllantirish kerak.
Bunda, atrof-muhitning kompleks faolligini taʼminlagan holda jamoat-tarixiy binolar bilan bir qatorda turar joy binolarini saqlash, tiklash va rivojlantirish lozim.
131. Tarixiy zonalardagi turar joy binolarining turlari va qavatlari soni madaniy meros obyektlari boʻlgan aholi punktning funksional va meʼmoriy-makon xususiyatlarini, uning tarixiy-madaniy anʼanalarini ochib beradigan hamda mavjud binolarni rekonstruksiya qilish boʻyicha talablarni, shuningdek yerusti va yerosti makonidan foydalanish qoidalarini belgilaydigan tarixiy-shaharsozlik tadqiqotlarga asoslangan holda ishlab chiqilgan loyihada koʻrsatilishi kerak.
132. Ijtimoiy soha obyektlari zonalari maʼmuriy, tibbiy, ilmiy, taʼlim, savdo (shu jumladan yarmarkalar, buyum va kiyim-kechak bozorlari), koʻrgazmalar, sport va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan shahar ahamiyatiga ega ixtisoslashgan markazlar sifatida shakllantirilishi lozim.
Ushbu zonalarni joylashtirishda ularning faoliyati xususiyatlari, hududga boʻlgan ehtiyojlari, katta sigʻimli avtoturargohlarni tashkil etish, rivojlangan transport va muhandislik infratuzilmalarini yaratish zarurati, shuningdek atrof-muhit va qoʻshni bino-inshootlarga taʼsir darajasi hisobga olinishi kerak.
133. Ixtisoslashgan markazlar aholi punktlari chegarasida yoki ularning tashqarisida joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
134. Tomorqali (yakka tartibdagi) turar joy zonalari boʻlgan kichik aholi punktlarining turar joy zonalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha kichik korxonalarni va boshqa ishlab chiqarish obyektlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi.
135. Ijtimoiy-amaliy zonalar koʻkalamzorlashtirilgan hududlar bilan uzviy bogʻlanishni lozim. Bu zonalar doirasida koʻkalamzorlashtirilgan hududlar kamida 25 foizni tashkil etishi kerak.
Madaniy meros obyektlari mavjud boʻlgan hududlarda shakllangan holatdan kelib chiqib ushbu koʻrsatkich 25 foizdan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
136. Umumshahar va tuman ahamiyatiga molik istirohat bogʻlari ijtimoiy-amaliy zonalar bilan tutash hududlarda joylashtirilishi va ularning rejaviy tizimi bilan uygʻunlashtirilishi lozim.
137. Istirohat bogʻlari ijtimoiy-amaliy zonalar bilan tutash hududlarda joylashtirilganda ular uchun avtoturargohlarni umumlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
138. Ijtimoiy-amaliy zonalarni quyidagilar hisobiga rivojlantirish lozim:
jamoat binolarini tubdan rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, obyektlarning ixtisosligini oʻzgartirish, qurilish zichligini oshirish;
xizmat koʻrsatish obyektlarigacha yetib borish normalarini taʼminlagan holda piyodalar aloqa yoʻllarini shakllantirish;
bosh magistral koʻchalarda harakat tezligini taʼminlash hamda rejalashtirish tizimlarining asosiy tugunlarida piyodalar aloqa yoʻllarini fazoviy jihatdan ihotalash;
madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish.
139. Eng yirik, yirik va katta shaharlarning jamoat markazlarida obyektlarni eng katta mujassamlanganligi va majmualiligi bilan ajralib turuvchi yadro (oʻzak)larni ajratish lozim.
140. Yadro (oʻzak)larning maydoni bir istiqomat qiluvchiga 1 — 3 m² hisobidan qabul qilinishi kerak.
7-bob. Ishlab chiqarish zonalari
1-§. Umumiy talablar
141. Aholi punktlarining hududlarida ishlab chiqarishni taʼminlaydigan sanoat ishlab chiqarish va kommunal obyektlari, omborxonalar, muhandislik va transportga oid infratuzilmalar obyektlari, yordamchi ishlab chiqarishlar joylashtiriladigan ishlab chiqarish zonalari shakllantirilishi lozim.
Ushbu zonalarda ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatini taʼminlaydigan yordamchi binolarni va omborxonalarni, avariya-qutqaruv xizmati obyektlarini, ishchilarga xizmat koʻrsatish muassasalarini hamda ilmiy muassasalarning tajriba ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
142. Qishloq aholi punktlarida ishlab chiqarish hududlarida qishloq xoʻjaligi mashinalarini taʼmirlash ustaxonalari va garajlari, urugʻ, oʻgʻit, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va chorva yemlari omborlari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlashga ixtisoslashgan obyektlar joylashtirilishi lozim.
143. Ishlab chiqarish zonalarining rejalashtirish va qurish loyihalarida tegishli ishlab chiqarish sohalarining istiqbolli rivojlanishi boʻyicha prognozlarni hisobga olgan holda ularni rivojlantirish bosqichlari belgilanishi kerak.
144. Ishlab chiqarish zonalari tarkibiga quyidagilarni kiritishga yoʻl qoʻyiladi:
kommunal zonalar (kommunal va omborxona obyektlari, uy-joy-kommunal xoʻjaligi obyektlari, transport obyektlari, ulgurji savdo obyektlari joylashgan zonalar);
sanoat zonalari (temir yoʻl shoxobcha yoʻllari joylashgan, eni 50 m dan katta boʻlgan sanitariya-muhofaza zonalarini tashkil etish talab qiladigan ishlab chiqarish obyektlari joylashgan zonalar);
ishlab chiqarishning boshqa turlari, muhandislik va transport infratuzilmalari (ilmiy-tajriba ishlab chiqarish zonalari, texnoparklar, maxsus iqtisodiy va industrial zonalar).
145. Ishlab chiqarish zonalarida joylashgan korxonalar va obyektlarning xavflilik darajasi SHNQ 2.09.02-23 boʻyicha aniqlanishi kerak.
146. Ishlab chiqarish zonalari va korxonalarning sanitariya-muhofaza zonalari doirasida ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan uy-joylar, mehmonxonalar, yotoqxonalar, bogʻ-dala hovlilar, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, sport inshootlari, boshqa jamoat binolarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sanitariya-muhofaza zonalaridan rekreatsiya yoki qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Korxonalarning sanitariya-muhofaza zonalari yer maydonlari bu korxonalarning hududlari tarkibiga qoʻshilmaydi.
147. Turar joy va ishlab chiqarish zonalarini, ishlab chiqarish korxonalari va turar joy hududlarini aralash joylashtirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
148. Oziq-ovqat, tibbiy, farmatsevtika hamda sanitariya-muhofaza zonasi 100 m dan kam etib belgilangan korxonalarni zararli ishlab chiqarish korxonalari (metallurgiya, kimyo, neft kimyosi va shunga oʻxshash) hududida va ularning sanitariya-muhofaza zonalarida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
149. Ishlab chiqarish zonalari funksional-rejaviy jihatdan mavze (guruh)lar koʻrinishida tashkil etilishi, shuningdek ularning tarkibiga kiruvchi asosiy va yordamchi ishlab chiqarish bino-inshootlari korxonaning yuk oboroti va transport turi, qurilish bosqichlari hamda quvvatlarni oʻzlashtirish navbatlarini inobatga olgan holda SHNQ 2.09.17-24ga muvofiq joylashtirilishi kerak.
150. Togʻ-kon sanoati (ochiq konlar, toʻplangan togʻ jinslari, shlak toʻplagichlar) bilan bogʻliq hududlar aholi punktlari chegarasidan tashqarida, ularning sanitariya-muhofaza zonalarini va shamolning asosiy (ustuvor) esish yoʻnalishini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
151. Sanitariya-muhofaza zonalarining kengligi SanQvaN 0103-25 boʻyicha qabul qilinishi kerak.
152. Portlovchi moddalarni va ular asosida ishlangan mahsulotlarni (qurol-yarogʻ omborlari, bazalar, portlovchi moddalar omborlari) tayyorlovchi va saqlovchi obyektlar uchun cheklovlar oʻrnatilgan (xavfli) zonalar va maydonlar belgilanishi lozim. Cheklovlar oʻrnatilgan (xavfli) zonalarda turar joy, jamoat va ishlab chiqarish bino-inshootlari qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
153. Ilmiy-tajriba ishlab chiqarish zonalarida ilmiy muassasalarning tajriba ishlab chiqarish tashkilotlari, ilmiy muassasalarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, ular bilan bogʻliq boʻlgan oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari, turar joy binolari, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish muassasalari, shuningdek muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
154. Ilmiy muassasalarning yer uchastkalari oʻlchamlari (binolarning har qavatdagi 1000 m2 umumiy maydoniga), gektar (ha) hisobida koʻpi bilan quyidagicha boʻlishi kerak:
tabiiy va texnika fanlari — 0,12 — 0,17;
ijtimoiy fanlar — 0,08 — 0,1.
Ushbu koʻrsatkichlar alohida sharoit va ishlash tartibini talab qiluvchi obyektlarga (botanika bogʻlari, observatoriya, elementar zarrachalarni tezlashgichlar) tatbiq etilmaydi. Mazkur hududlar tarkibiga tajriba maydonlari, poligonlar, zaxira hududlari, sanitariya-muhofaza zonalari kiritilmaydi, mazkur koʻrsatkichlarning kichigi qabul qilinishi kerak.
155. Ilmiy muassasalar hududlarda binolar, maydonlar, koʻkalamzorlar, yoʻllar, yoʻlaklar va avtoturargohlar uchun hududlar ajratilishi, bunda, bino va inshootlarni qurilish maydoni muassasa uchastkasi maydonining 50 foizidan, yoʻllar va yoʻlaklar maydoni 15 — 20 foizdan ortiq, koʻkalamzorlashtirilgan hududlar va sport maydonchalari maydoni 20 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
156. Aholi punktlarida ishlab chiqarish zonalarning yangilarini joylashtirish yoki mavjudlarini kengaytirish uchun yer uchastkalarni tanlashda quyidagilarni hisobga olish lozim:
transport logistikasining qulayligi;
geologik sharoitlar;
seysmik mikrohududlashtirish;
yerosti chuchuk suvlarining himoya zonalari;
moʻljaldagi korxonalar va ishlab chiqarishlarning sohasi va turlari;
aholi punktining umumiy rejaviy tuzilmasiga muvofiqligi;
transport logistikasining qulayligi;
korxonalarning ishlab chiqarish va texnologik jihatdan oʻzaro aloqalari oqilona tashkil etilishi;
texnik-iqtisodiy, sanitariya-gigiyenik koʻrsatkichlar, energetika, suv va hududiy zaxiralar, atrof-muhit holatining istiqbolli prognozlarini qiyoslash asosida foydalanish;
tabiiy va boshqa sharoitlarning istiqboldagi oʻzgarishi taxminlari.
157. Mavjud korxonalar tarkibida boshqa yoʻnalishdagi yangi ishlab chiqarishlarni va kichik korxonalarni ularning atrof-muhitga salbiy taʼsiri darajasi asosiy ishlab chiqarishning zarari darajasidan oshib ketmaganda va ekologik sharoiti yomonlashuviga olib kelmaganda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
2-§. Sanoat zonalari
158. Sanoat (ishlab chiqarish) korxonalari aholi punktlarining ishlab chiqarish zonalari hududida, umumiy yordamchi ishlab chiqarishlari yoki infratuzilma obyektlari boʻlgan korxonalar guruhlari tarkibida, ularning oʻzaro taʼsirini hisobga olib joylashtirish lozim.
159. Sanoat (ishlab chiqarish) zonalarini joylashtirishda korxona xodimlarining yoʻl vaqtlari eng kam boʻlishi uchun ularning turar joy mavzelari bilan oʻzaro bogʻlanishini taʼminlash lozim.
160. Sanoat (ishlab chiqarish) zonalari oʻlchamlari ularning foydalanish jadalligi, aholi punktida joylashuvi, hududning shaharsozlik qiymati, korxonalarning sohaviy xususiyatlari, yuk aylanishi va transport turlari, ishlab chiqarish korxonalarining ixcham joylashuvini hisobga olinishi lozim.
161. Ishlab chiqarish korxonalari, ishlab chiqarish obyektlari, xizmat koʻrsatish muassasalarining qurilish maydonlari korxonalar egallagan hududlarning 70 foizdan ortiq boʻlmasligi kerak.
162. Sanoat (ishlab chiqarish) zonasi hududining egallanish darajasi aniqlanishi, sanoat (ishlab chiqarish) korxonalari, ular bilan bogʻliq obyektlar va xizmat koʻrsatish muassasalarning hududlari maydonlari, jumladan temir yoʻl bekatlari va shoxobcha yoʻllari egallagan maydonlar aholi punktining bosh rejasida belgilanishi kerak.
163. Ishlab chiqarish korxonalari uchun yer uchastkalari maydonlarining oʻlchamlari dastlabki texnik-iqtisodiy hisoblar yoki amaldagi oʻxshash korxonalar boʻyicha nisbiy koʻrsatkichlarga asoslangan hisoblar bilan aniqlanishi kerak.
Ishlab chiqarish korxonalari uchun ajratiladigan yer uchastkalari maydoni bunday korxonalarni rejalashtirish loyihalari bilan hamda SHNQ 2.09.17-24ga muvofiq belgilanishi kerak.
164. Sanitariya-muhofaza zonalarining koʻkalamzorlashtirish maydoni quyidagi foizlarda boʻlishi kerak:
300 m gacha — 60;
301 — 1000 m — 50;
1001 — 3000 m — 40.
165. Turar joy hududi tomonidan eni kamida 50 m li, zona eni 100 m gacha boʻlganda esa kamida 20 m li daraxt-butazorlar ekilishi kerak.
166. Korxonalarning chiqindixonalari, shagʻal, shox-shabba saqlanadigan joylari, sarqit va chiqindi oʻralarini qurishga faqat bu chiqindilarni qayta ishlash mumkin boʻlmaganda yoʻl qoʻyiladi, bunda ishlab chiqarish zonalari va tarmoq korxonalari uchun markazlashgan (guruhli) chiqindixonalar qurilishi kerak.
Ular uchun yer uchastkalari korxonalardan hamda yerosti suvlari himoya zonalarining II mintaqasidan tashqarida ajratilishi, bunda ifloslantiruvchi moddalarning tuproqqa va sizot suvlariga tushishining oldi olinishi lozim.
167. Koʻmir, slanets, margimush, qoʻrgʻoshin, simob va boshqa yonuvchi hamda zaharli moddalar boʻlgan chiqindixonalar turar joy hamda jamoat bino va inshootlaridan SanQvaN 0103-25ga muvofiq aniqlangan masofada joylashtirilishi lozim.
168. Qishloq aholi punktlarida doimiy va mavsumiy sanoat (ishlab chiqarish) korxonalarining ixtisoslashgan filiallarini joylashtirish lozim.
169. Qishloq aholi punktlarida ishlab chiqarish zonalari umumiy tarmoq avtomobil va temir yoʻllar bilan alohida uchastkalarga boʻlinmasligi lozim.
170. Qishloq aholi punktlarining ishlab chiqarish zonalariga kirib boruvchi elektr, telekommunikatsiya, aloqa tarmoqlari, mahalliy ahamiyatdagi boshqa simli tarmoqlar dala chetlaridan, yoʻllar yoqalarida, mavjud trassalar boʻylab, qishloq xoʻjaligi ekinzorlari bilan band boʻlmagan yerlardan, kommunikatsiyalargacha bemalol yetib olish imkonini taʼminlagan holda joylashtirish kerak.
3-§. Kommunal-ombor zonalari
171. Kommunal-omborxona zonalarida oziq-ovqat va goʻsht-sut sanoati korxonalari, umumtovar (oziq-ovqat, nooziq-ovqat) hamda ixtisoslashgan omborxonalar (muzxona, kartoshka, sabzavot va mevalar saqlash joylari), shahar aholisiga kommunal, transport va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari joylashtirilishi kerak.
172. Ishlatib boʻlingan togʻ-kon yerosti lahimlari va yerusti uchastkalarining obyektlarni joylashtirish uchun yaroqli boʻlgan joylar mavjud boʻlganda ularda oziq-ovqat va sanoat mollari omborxonalari, taqsimlovchi muzxonalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
173. Kartoshka, sabzavot va mevalar saqlash joylarining sanitariya-muhofaza zonalari oʻlchamlari 50 m dan kam boʻlmasligi lozim.
174. Aholiga bevosita kundalik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan omborlar tizimini aholi punktlaridan tashqarida transport tugunlariga, tashqi avtomobil va temir yoʻl transport tarmoqlariga yaqin joylarda joylashtirish lozim.
Bir guruh aholi punktlariga xizmat koʻrsatuvchi markazlashgan omborlar qurilishi va ular koʻproq tuman markazlarida yoki temir yoʻl bekatlari yonidagi aholi punktlarida joylashtirilishi kerak.
175. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda kommunal-ombor zonalarini alohida-alohida, turar joy va ishlab chiqarish hududlari bilan transport aloqalarini taʼminlagan holda joylashtirish lozim.
176. Kommunal-ombor zonalarida omborxonalar va kommunal korxonalarning ixtisoslashgan guruhlari asosan birlashgan hamda tovarlarni saqlashga qoʻyiladigan talablarga rioya qilgan holda joylashtirish kerak.
177. Aholi punktlarini rekonstruksiya qilish davrida turar joy hududlarida joylashgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda yongʻinga qarshi normalar talablariga javob bermaydigan omborxonalar va kommunal obyektlar kommunal-ombor zonalariga koʻchirilishi lozim.
178. Kommunal-ombor zonalari yer uchastkalarining maydonlari eng yirik va yirik shaharlarda koʻp qavatli omborlarni qurishni hisobga olib aholining bir kishi uchun 2 m2, boshqa shahar aholi punktlarida esa 2,5 m2 hisobidan qabul qilinishi kerak. Umumtovar va ixtisoslashgan omborlar uchastkalarining oʻlchamlari ushbu SHNQning 3-ilovasiga koʻra qabul qilinishi lozim.
8-bob. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari
1-§. Umumiy talablar
179. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalarida havo, temir yoʻl, avtomobil, daryo transporti va quvur orqali yetkazib berish transporti, aloqa inshootlari hamda kommunikatsiyalarini va muhandislik uskunalarini joylashtirish, ularning ishlab turishi uchun inshootlar joylashtirilishi lozim.
180. Aholi punktlarining muhandislik jihozlanishi turar joy, ijtimoiy-amaliy, ishlab chiqarish va boshqa hududlar uchun suv taʼminoti, oqava suvlari tarmoqlari, elektr, issiqlik va gaz taʼminoti, telekommunikatsiya va boshqa turdagi muhandislik tizimlarni mujassamlashtirgan holda loyihalashtirish lozim.
2-§. Aholi punktlarining muhandislik infratuzilmasi
181. Aholi punktlarida iqlimiy, geografik va boshqa sharoitlaridan qatʼiy nazar aholi uchun zarur sanitariya-gigiyenik sharoitlarni, shuningdek mehnati, maishiy turmushi va dam olishi uchun qulayliklarni taʼminlovchi muhandislik uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
182. Texnik-iqtisodiy asoslanishlarga muvofiq bir biriga yaqin joylashgan shahar va qishloq aholi punktlari ehtiyojlarini taʼminlash uchun markazlashgan tuman suv va issiqlik taʼminoti, oqava suvlarini tozalash inshootlari va boshqa tizimlar boʻlishi kerak.
183. Aholi punktlarning muhandislik infratuzilmalarini shakllantirishda quyidagilar taʼminlanishi lozim:
foydalanishning ishonchliligi, aholi punktlarining mavjud va loyihalashtirilgan muhandislik infratuzilmasining barqarorligi;
aholi uchun qulay sanitariya-gigiyenik va xavfsiz yashash sharoitlari;
yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan turar joy, jamoat va ishlab chiqarish binolarining sanitariya-texnik qulayligi;
yetkazib beriladigan resurslar va kommunal xizmatlarning isteʼmol sifati;
resurslar (energiya)ni tejash;
aholi punktlari hududlarida va ulardan tashqaridagi tabiiy majmualarni aholi punktlari urbanizatsiyalangan muhitining salbiy texnogen taʼsiridan muhofaza qilish.
184. Muhandislik infratuzilmalarni rivojlantirish va oʻzgartirish sxemalari, texnologiyalari, texnik va loyihaviy yechimlari aholi punktlari hududlarini shaharsozlik jihatdan oʻzlashtirish (yangi qurilish, rekonstruksiya qilish) xususiyatlari, joylashgan obyektlarga nisbatan isteʼmol talablari va hajmlarini taʼminlashi lozim.
185. Aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda asosiy resurslarga elektr energiyasi, telekommunikatsiya, aloqa vositalari, gaz, issiqlik va suvga boʻlgan ehtiyojlar quyidagilar asosida belgilanishi kerak:
tarmoqlarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning maʼlumotlari va texnik shartlari;
normativ hujjatlarda belgilangan meʼyorlar va koʻrsatkichlar;
ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning ehtiyojlari, yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan korxonalarning loyihaviy koʻrsatkichlari;
resurslar isteʼmolining joriy miqdorlari va resurslarni tejash dasturlarini hisobga olgan holda jamlangan koʻrsatkichlar;
tadqiqotlar va asoslash.
3-§. Muhandislik tarmoqlar va inshootlar joylashuvi
186. Muhandislik tarmoqlarni joylashtirishda quyidagilar taʼminlashi kerak:
yerusti va yerosti makonidan oqilona foydalanish;
qurilishning eng past qiymati, tarmoqlarning saqlanishi va ishonchli ishlashi, ulardan foydalanish qulayligi va xavfsizligi;
transport harakati uchun eng kam toʻsqinlik qilishi, yoʻl qoplamalari va koʻkalamzorlarning saqlanishi, aholi uchun normal turmush sharoiti.
187. Muhandislik tarmoqlarining (texnik) zonalarida quyidagilar boʻlishi zarur:
magistral yoʻllar tizimi va muhandislik tarmoqlari tizimining rejaviy jihatdan ajratilishi; muhandislik tarmoqlarini qurish va foydalanish sarf-xarajatlari kamayishini taʼminlaydigan yuqori ixchamligi; zarur yerosti makonini kelgusida yangi tarmoqlarni yotqizish uchun zaxiralash; muhandislik tarmoqlari tizimini turar joy tumani va mavze (daha, mahalla)larning rejaviy yechimlari bilan uzviy bogʻlash; muhandislik tarmoqlarini qurish va foydalanish davrida koʻkalamzorlarni saqlab qolish.
188. Yer osti muhandislik tarmoqlari koʻcha va yoʻllarning koʻndalang kesimlari ichida, trotuarlar yoki yoʻl harakatini ajratuvchi tasmalar ostida, transheyalar yoki tonnellarda (oʻtish mumkin boʻlgan kollektorlarda) joylashtirish lozim.
Qizil chiziq va qurilishni tartibga solish chizigʻi orasida past va oʻrta bosimli gaz tarmoqlari va kabellar (elektr, telekommunikatsiya liniyalari, signalizatsiya, dispetcherlik) joylashtirilishi kerak.
189. Yoʻlning qatnov qismi kengligi 22 m dan ortiq boʻlganda suv taʼminoti tarmoqlari koʻchaning har ikki tomonida joylashtirilishi kerak.
190. Koʻcha va yoʻllarning qatnov qismlarini rekonstruksiya qilishda ularning tagida (yer ostida) joylashgan tarmoqlarni harakatini ajratuvchi tasmalar va trotuarlar tagiga koʻchirilishi, tonnellar qurilganda yoʻl ostidagi mavjud tarmoqlarni saqlab qolish va yangilarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
191. Muhandislik tarmoqlarini oʻtkazish uchun tonnel (oʻtish kollektor)lar bir vaqtning oʻzida diametrlari 500 — 1000 mm boʻlgan issiqlik tarmoqlarini, 500 mm gacha suv taʼminoti tarmoqlarini, diametri 10 mm dan ortiq boʻlgan telekommunikatsiya kabel liniyalarini va kuchlanishi 10 kV gacha boʻlgan elektr tarmoqlari kabellarni joylashtirish zarurati boʻlganda, shuningdek magistral koʻchalar va temir yoʻllari bilan kesishgan joylarda loyihalanishi kerak.
192. Tonnellarda gaz hamda yonuvchan va yengil alangalanuvchi moddalarni tashuvchi quvurlarni kabellar bilan birgalikda oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
193. Rekonstruksiya sharoitida, madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan zonalarida yoki koʻchalarning kengligi yetarli boʻlmaganda, diametri 200 mm dan ortiq boʻlgan issiqlik tarmoqlari tonnel (kollektor)lar oʻtkazilishi kerak.
Tuproqlarning geologik va gidrogeologik xususiyatiga koʻra yerostidan oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa yoki shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish zonalarida vaqtinchalik yechim sifatida issiqlik tarmoqlarini yerustidan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
194. Texnik zonalarni qisqartirish maqsadida mavze (daha, mahalla)larda muhandislik tarmoqlarni yuklamalar oʻqlariga yaqinroq joylashtirish kerak.
195. Mavze (daha, mahalla)larni loyihalashtirishda kanalizatsiya, suv taʼminoti va drenaj tarmoqlari uchun sxemalarni, shuningdek binolar qurilishining navbatlarini rejalashtirish imkoniyatini yaratish maqsadida muhandislik uskunalari (issiqlik va sovutish punktlari, nasos stansiyalari) hamda tarmoqlarning mavze (daha, mahalla)lar hududlariga kirish joylarini relyef boʻyicha pastroq tomondan joylashtirish lozim.
196. Binolarga yondosh uchastkalarning obodonlashtirish darajasini yaxshilash maqsadida quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
issiqlik va suv taʼminoti quvurlarining tranzit tarmoqlarini binolarning yertoʻla qismida ajratilgan boʻlmalar orqali oʻtkazish; issiqlik va suv taʼminoti quvurlarining kirish joylari, shuningdek kanalizatsiya tarmoqlarining chiqish joylarini binolarning yon tarafidan amalga oshirish; gaz quvurlari kirishini binolarning hovli tomonidan amalga oshirish; telekommunikatsiya kabel liniyalarini (gʻilof quvurlarda) binolarning otmostkasi tagidan, elektr kabellarini esa bevosita otmostka yoqalab oʻtkazish; muhandislik tarmoqlarini umumiy transheyada, qurilishi zich hududlarda, iqtisodiy asoslangan boʻlsa umumiy kollektorlarda yotqizilish.
197. Turar joy binolari, umumiy oʻrta va maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolari yertoʻlalarida kuchlanishi 0,4 — 10 kV boʻlgan kabel elektr tarmoqlarini oʻtkazish va past kuchlanishli shchitlarni oʻrnatish lozim.
198. Bir texnik zonada materiallari va yotqizish chuqurligi bir xil boʻlgan quvurlar yotqizilishi kerak.
199. Texnik zonalarda piyodalar yoʻlkalari, sport mashgʻulotlari va bolalar maydonchalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, ular tarmoqlarning kuzatuv quduqlari va kameralaridan kamida 3 m masofada boʻlish lozim.
200. Mavze (daha, mahalla)dagi muhandislik tarmoqlarining eng samarador sxemasi tarmoqlarni yotqizish variantlarining texnik-iqtisodiy hisoblarni qiyoslash asosida tanlanishi kerak.
201. Mavze (daha, mahalla)larda rejaviy yechimlar samaradorligi muhandislik tarmoqlari uzunligi va ixchamligi nuqtai nazaridan 1000 m² umumiy maydondagi tarmoqlar zichligi koʻrsatkichlari bilan belgilanishi kerak. Ular quyidagi 7-jadvalda keltirilgan koʻrsatkichlardan oshmasligi lozim.
Izoh. 1-2 qavatli qurilgan mavze (daha, mahalla)da 0,4 kV va tashqi yoritish elektr tarmoqlari havo tarmoqlari sifatida qabul qilinishi kerak.
202. Umumshahar va tuman ahamiyatidagi magistral koʻchalarda bevosita koʻchaga xizmat qiluvchi va shahar transportining uzluksiz ishlashini taʼminlovchi tarmoqlarni (shahar elektr transporti, koʻcha yoritish va yoʻl harakatini tartibga solish kabellari), shuningdek tranzit suv va gaz quvurlari, kanalizatsiya kollektorlari, issiqlik va boshqa maxsus maqsadli tarmoqlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
203. Koʻchaning qizil chizigʻidan yerosti muhandislik tarmoqlari quyidagi tartibda joylashtirilishi lozim:
telefon kanalizatsiyasi; elektr kabellari; issiqlik tarmogʻi; gaz quvurlari; suv quvurlari; kanalizatsiya tarmogʻi; drenaj tarmoqlari. Bunda, tarmoqlarning vertikal holati ularga erkin ulanish imkonini taʼminlashi kerak.
204. Issiqlik va suv taʼminoti quvurlari hamda koʻp sonli kabellarni bir joydan yotqizishda, yerosti xoʻjaligi yaxshi rivojlangan shahar magistrallarini qayta qurishda, koʻchaning koʻndalang kesimida tarmoqlarni alohida yotqizish uchun joy yetarli boʻlmaganda, magistral koʻchalar va temir yoʻllar bilan kesishganda muhandislik tarmoqlarini umumiy kollektorlarda yotqizilishi kerak.
205. Transformator podstansiyalaridan va telekommunikatsiya stansiyalaridan chiqishda, shuningdek koʻp sonli aloqa va elektr kabellarini yotqizish moʻljallanayotgan koʻchalarda kabel kollektorlari loyihalanishi lozim.
206. Muhandislik tarmoqlarni bevosita gruntga yotqizishda texnik jihatdan asoslangan holatlarda quvurlarni umumiy transheyada birgalikda yotqizish kerak.
207. Yonuvchan suyuqliklar va gazlarni tashuvchi quvurlarni hamda kuchlanish kabellarini birgalikda yotqizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
208. Muhandislik tarmoqlar orasida, shuningdek ulardan bino va inshootlar poydevorigacha masofalar bu tarmoqlardagi kameralar, quduqlar va boshqa qurilmalar oʻlchami hamda joylashuvi, montaj va taʼmir sharoitlaridan kelib chiqib belgilanishi kerak.
209. Yerosti muhandislik tarmoqlaridan bino va inshootlargacha eng uzoq masofa quyidagi 8-jadvalga muvofiq qabul qilinishi lozim.
Izohlar:
1. Tor sharoitlarda yuqori bosimli gaz quvurlaridan bino (inshoot)largacha boʻlgan masofani SHNQ 2.04.08-22ga muvofiq qabul qilinishi kerak.
2. Kanal tubi bino (inshoot) asosidan 0,5 m dan koʻproq balandlikda joylashgan boʻlsa issiqlik tarmoqlarini bino (inshoot) poydevoriga jipslashtirib joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
3. Ushbu jadvalda koʻrsatilgan kabellardan havo tarmoqlari tayanchlarigacha masofa boʻlib kuchlanishli kabellarga tegishlidir.
4. 110 — 120 kV kuchlanishli kabellardan, korxona toʻsiqlari, estakadalar, tutashish tarmogʻi va telekommunikatsiya tarmoqlarigacha boʻlgan masofa kamida 1,5 m boʻlishi kerak.
5. Kuchlanishli kabellardan elektrlashgan temir yoʻlgacha masofa kamida 10,75 m boʻlishli lozim.
6. Tarmoqlar boshqa tarmoqlar va inshootlar poydevori asosidan pastda joylashtirilganda ushbu jadvaldagi masofani tuproq turiga koʻra oshirish yoki poydevorni mustahkamlash kerak.
7. Poydevorlar choʻkishi, tarmoqdagi avariyalarda tayanch va estakadalar poydevorlari shikastlanishi ehtimolini istisno qiluvchi choralarni amalga oshirish sharti bilan yerosti muhandislik tarmoqlarini quvurlarning tayanchlari va estakadalari, telekommunikatsiya tarmoqlari doirasida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Qurilish davrida suv sathini pasaytirish orqali yotqizilishi lozim boʻlgan muhandislik tarmoqlarini joylashtirishda ulardan bino (inshoot)largacha masofani asos grunti mustahkamligi buzilishi ehtimoli boʻlgan zonalarini hisobga olgan holda belgilash kerak.
8. Sugʻoriladigan hududlarda yerosti muhandislik tarmoqlaridan sugʻorish kanallarigacha (kanal qirgʻogʻigacha) masofa quyidagicha qabul qilinadi: past va oʻrta bosimli gaz quvurlaridan, suv, kanalizatsiya va suyuq yonilgʻi quvurlaridan, suv oqimlaridan — 1 m, bosimi 0,6 MPa (6 kgf/sm²) gacha boʻlgan yuqori bosimli gaz quvurlari, issiqlik tarmoqlari, xoʻjalik-maishiy va yomgʻir kanalizatsiyasidan — 2 m, kuchlanishli kabellar va aloqa kabellaridan — 1,5 m, koʻcha tarmogʻi sugʻorish kanallaridan bino (inshoot)lar poydevorlarigacha — 5 m. 9. 20 m dan kam chuqurlikda joylashgan (konstruksiyaning yuqori qismidan yerning yuzasigacha) metropoliten yerosti inshootlari choʻyan tyubinglar hamda temir-beton yoki yopishtiriladigan gidroizolyatsiyali beton qobiqlardan masofa quyidagicha qabul qilinadi: suv, kanalizatsiya va issiqlik tarmoqlarigacha — 5 m, yopishtiriladigan gidroizolyatsiyasi boʻlmagan qobiqlardan kanalizatsiya tarmoqlarigacha — 6 m, boshqa suv uzatuvchi quvurlargacha — 8 m, qobiqlardan 10 kV gacha kuchlanishli kabellargacha — 1 m, 35 kV gacha kuchlanishli kabellargacha — 3 m. 10. Suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlarini transheyada oʻtkazishda I turdagi grunt sharoitlarida tarmoqlardan bino (inshoot)lar poydevorlarigacha masofa kamida 5 m, II turdagi grunt sharoitida quyidagi jadvaldagi muvofiq qabul qilinadi:
Choʻkuvchanligi II-turdagi grunt sharoitida bino (inshoot)larni qurishda gruntning choʻkuvchanlik xossalari yoʻqotilganidan soʻng quvurlardan bino (inshoot)larning poydevorlarigacha masofa choʻkuvchan boʻlmagan gruntdagi singari qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Ushbu masofalarga rioya etishning iloji boʻlmaganda quvurlar suv oʻtkazmaydigan kanallar, tonnellar va tagliklarda yotqizilishi, avariyaviy suvlarni tekshirish quduqlariga chiqarib yuborish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
210. Yonma-yon oʻtuvchi yerosti muhandislik tarmoqlari (parallel joylashganda) orasidagi masofalar quyidagi 9-jadvalga muvofiq qabul qilinishi kerak.
* — Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari talablariga muvofiq. Izohlar: 1. Bir nechta suv quvurlarini parallel yotqizishda orasidagi masofa SHNQ 2.04.02-19 ga muvofiq olinishi kerak. 2. Maishiy kanalizatsiya va xoʻjalik-ichimlik suvi quvurlari orasidagi eng kam masofa quyidagicha olinadi: temir-beton quvurlardan suv quvurigacha — 1,5 m; diametri 200 mm gacha boʻlgan choʻyan quvurlardan suv quvurigacha — 0,7 m; diametri 200 mm dan ortiq quvurlardan — 1 m; plastmassa suv quvurigacha — 0,7 m. 3. Gaz quvurlarini parallel yotqizishda — bir transheyada ikki va undan koʻp gaz quvurlari bosimidan qatʼi nazar, yonma-yon joylashtirilganda ular orasidagi masofa quyidagicha olinadi: diametri 300 mm gacha boʻlgan quvurlar uchun — 0,4 m, diametri 300 mm dan oshiq quvurlar uchun — 0,5 m. 4. Ushbu jadvalda poʻlat gaz quvurlari uchun masofa koʻrsatilgan. Nometall gaz quvurlarini joylashtirish SHNQ 2.04.08-22ga muvofiq olinishi kerak. 5. Quduq (kamera) devori qarshisida payvandlangan yoki yigʻma birikish joylari boʻlmagan hollarda quvur bilan quduq (kamera)ning tashqi devori oʻrtasidagi masofa 0,15 m olinishiga yoʻl qoʻyiladi. Quduq (kamera)larni poʻlat quvurlari bilan aylanib oʻtishga yoʻl qoʻyiladi. 6. Muhandislik tarmoqlarini kanalizatsiya tarmoqlari bilan parallel yotqizishda boshqa tarmoqda oʻrnatilgan quduq tubini beton bilan monolitlagan holda kanalizatsiya quvurini quduq tagidan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. 7. Boshqa inshootlarning quduq (kamera)lari hamda umumiy kollektorlarni har qanday muhandislik tarmoqlari kesib oʻtishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, loyihalanayotgan muhandislik tarmogʻi quduq (kamera) yoki umumiy kollektorning har tomonidan 0,5 m ga chiquvchi va ularda joylashgan armatura hamda uskunalardan foydalanishga va taʼmirlashga xalaqit bermaydigan gʻilofga olinishi kerak. 8. Suv quvurini issiqlik tarmogʻi bilan bir transheyada yotqizishda, ular orasidagi masofa issiqlik-texnik hisoblar asosida qabul qilinishi kerak. 9. Kuchlanishli elektr kabellarini issiqlik tarmogʻi bilan parallel yotqizishda issiqlik tarmogʻining issiqlik izolyatsiyasi kabellar yilning har qanday faslida issiqlik tarmogʻidan qoʻshimcha tarzda isishi, kuchlanishi 10 kV gacha boʻlgan kabellar uchun 10⁰ dan va 220 kV gacha kabellar uchun 5⁰ dan oshmasligini taʼminlashi kerak. 10. Polietilen quvurli telefon kanalizatsiyasidan boshqa tarmoqlargacha masofa telefon kanalizatsiyasida kuzatuv quduqlari oʻrnatilishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak. 11. Kuchlanishi 35 kV gacha boʻlgan kabellarni yotqizishda koʻrsatilgan masofalar maxsus izolyatsiyasiz kabellar uchun 0,5 m gacha, kabellar gʻilof quvurlardan oʻtkazilganda esa 0,25 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi. 110 — 220 kV li moy toʻldirilgan kabellarning yaqinlashish masofasi 50 m dan oshiq boʻlmagan uchastkalarda quvurlargacha boʻlgan masofani ular oʻrtasida kabellarning mexanik shikastlanishini istisno qiluvchi himoya devorini oʻrnatish sharti bilan 0,5 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi. Suyuq yonilgʻi va gaz quvuroʻtkazgichlari bundan mustasno. Quvurlar ostidan va ustidan kabellar oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
211. Muhandislik tarmoqlari oʻzaro kesishganda ular orasidagi vertikal masofalar quyidagi 10-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izoh. Tor sharoitlarda ushbu jadvaldagi masofalarni kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda loyihalarda tarmoqlar orasiga maxsus qistirma tagliklar oʻrnatilishi kerak.
212. Muhandislik tarmoqlarning metropoliten inshootlari bilan kesishishi 60 — 90° burchak ostida boʻlishi kerak.
213. Kesishish uchastkalarida quvurlar bir tomonga nishablikka ega boʻlishi va himoya konstruksiyalari (poʻlat gʻiloflar, monolit beton yoki temir-beton kanallar, kollektorlar, tonnellar) ichidan olib oʻtilishi lozim.
Metropoliten inshootlari qobiqlari tashqarisidan himoya konstruksiyalari oxirigacha masofa har bir tomonga kamida 10 m, qobiq yoki rels poyi (yerusti liniyalarida) va himoya konstruksiyalari orasidagi vertikal masofa kamida 1 m boʻlishi lozim.
214. Muhandislik tarmoqlarining metropoliten stansiya inshootlarini kesib oʻtishiga va gaz quvurlarini tonnellar tagidan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
215. Metropoliten inshootlari bilan kesishish joylarida bosimli quvurlar poʻlatdan yasalgan va kesishish uchastkasining har ikkala tomonida suv chiqarish joylari boʻlgan quduqlar hamda yopish armaturasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
216. Muhandislik tarmoqlari yerosti piyodalar oʻtish joylari bilan kesishganda quvurlarni tonnellar ostidan, elektr va aloqa kabellarini tonnellar ustidan oʻtkazish kerak.
217. Ishlab chiqarish korxonalari va omborlarini taʼminlash uchun suyultirilgan gaz hamda yonuvchan va yengil alangalanuvchi moddalarni tashuvchi quvurlarni turar joy hududlaridan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
218. Magistral quvurlari (gaz, neft va neft mahsulotlari, suv quvurlari) SHNQ 2.05.06-22 va SHNQ 2.05.12-22ga muvofiq, vayronaliklar boʻlishi ehtimoli boʻlgan hududlar tashqarisidan oʻtkazish lozim.
219. Magistral gaz quvurlarini loyihalashtirishda ularni mavjud va yotqizilayotgan gaz quvurlari bilan halqalanishi lozim.
4-§. Suv taʼminoti
220. Markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti uchun manbalar va suv olish joylari SanQvaN 0200-06 va OʻzMSt 133:2024 talablariga muvofiq tanlanishi, bunda suv olish inshootlarining turi va sxemasi hududning geologik, gidrologik va sanitariya sharoitlaridan kelib chiqib belgilanilishi kerak.
Ichimlik suvi taʼminoti ehtiyojlar uchun birinchi navbatda yerusti suv obyektlaridan keyin esa yerosti suv obyektlaridan amalga oshirilishi lozim.
221. Yerosti suvlari zaxiralari kam boʻlgan taqdirda, ular texnik-iqtisodiy asosga muvofiq ichimlik suvini sunʼiy ravishda toʻldirish choralari belgilanishi lozim.
Ichimlik suvi uchun suv olish, yerusti hamda yerosti manbalari joylashgan sanitariya-muhofaza zonalarida ichimlik suvi taʼminotiga taalluqli boʻlmagan hamda sanoat va fuqarolik obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
222. Ichimlik suvi uchun suv olish joylari atrofida SanQvaN 0244-07ga muvofiq sanitariya-muhofaza zonalari tashkil etilishi kerak.
Aholi punktlari hududida markazlashtirilgan ichimlik suvi olish inshootlarini joylashtirish va magistral suv quvurlarini yotqizish, suv taʼminoti inshootlari va quvurlari uchun sanitariya-muhofaza zonalari ushbu SHNQ, SHNQ 2.04.02-19 va SanQvaN 0244-07 talablariga muvofiq belgilanishi lozim.
223. Suv taʼminoti tizimlari, shuningdek yongʻinga qarshi suv tarmoqlari SHNQ 2.04.02-19ga muvofiq loyihalashtirilishi lozim.
224. Suv olish inshootlarining yangilarini qurish va mavjudlarini kengaytirish loyihalarida ularga yondosh hududlarining tabiiy muhiti va ekologik holatiga taʼsiri (yuza va yerosti oʻzanlari, yer-tuproq holati, oʻsimliklar) hisobga olinishi kerak.
225. Suvni tayyorlash stansiyalari uchun yer uchastkalari maydonlari ularning quvvatidan (ming m3/d) kelib chiqib loyiha hujjatlari boʻyicha qabul qilinishi lozim, koʻpi bilan, ha:
0,8 gacha — 1; 0,8 — 12 — 2; 12 — 32 — 3; 32 — 80 — 4; 80 — 125 — 5; 125 — 250 — 12; 250 — 400 — 18; 400 — 800 — 24.
226. Yer uchastka maydonlari keyinchalik loyiha hujjatlarida SHNQ 2.04.02-19 boʻyicha aniqlashtirilishi kerak.
227. Aholi punktlarining suv taʼminoti tizimlarini loyihalashda aholining oʻrtacha bir sutkalik xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun suv isteʼmoli SHNQ 2.04.02-19 boʻyicha olinishi lozim.
228. Aholi punktlarida tashqi yongʻinga qarshi suv taʼminoti boʻlishi, yongʻinga qarshi suv tarmoqlari xoʻjalik-ichimlik yoki ishlab chiqarish suv taʼminoti tarmoqlari bilan birlashtirilishi zarur.
229. Eng yirik, yirik, katta va boshqa toifalangan shaharlarning hamda alohida ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarning suv taʼminoti tizimlari yangidan loyihalashtirilganda kamida ikkita mustaqil suv manbalariga ega boʻlishi hamda ularning biri yerosti manbalaridan boʻlishi kerak.
Suv taʼminoti tizimini ikkita mustaqil manbadan tashkil etish imkoni boʻlmaganda, suv olish bosh inshootlari ikki guruhga ajratilishi lozim.
230. Suv olish bosh inshootlarning quvvati SHNQ 2.04.02-19 boʻyicha hisoblanishi kerak. Bosh inshootlarning bir guruhi ishdan chiqqanda faol qolgan inshootlarning quvvati korxonalarning ishlab chiqarish va texnologik ehtiyojlarini avariya holatidagi rejimda, shuningdek aholining xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun suv bilan taʼminlashi kerak.
231. Bosh inshootlar ishdan chiqqanda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida, sigʻim (rezervuar)larda yoki magistral suv quvurlarida ichimlik suvi zaxirasi saqlanishi lozim.
232. Sigʻim (rezervuar)lar kuchli vayronaliklar ehtimoli boʻlgan hududlarda joylashganda ularning konstruksiyalari kuchli portlashlar oqibatida hosil boʻladigan zarba toʻlqinining ortiqcha bosimi taʼsiriga bardosh berishi lozim.
233. Suvning strategik zaxirasini yaratish uchun moʻljallangan ichimlik suvi sigʻim (rezervuar)lari hamda magistral suv quvurlari uchastkalari himoyalangan germetik lyuklar hamda harakatlanuvchi suv idishlari (avto va temir yoʻl sisternalari)ga suvni taqsimlab qoʻyish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
234. Eng yirik, yirik va katta shaharlarni suv bilan taʼminlovchi inshootlar favqulodda holat davrida elektr toki manbasidan uzib qoʻyilganda zaxira elektr manbalariga ulanishi lozim.
235. Markazlashtirilgan elektr energiyasi taʼminoti uzib qoʻyilganda shahar tashqarisidagi himoyalangan suv taʼminoti inshootlarining umumiy ishlab chiqarish quvvatlari mahalliy va evakuatsiya qilingan aholining, shuningdek chorva mollarining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun yetarli boʻlishi kerak.
236. Xavfli zararlanish (ifloslanish) ehtimoli boʻlgan hududlarda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun yerosti suv manbalaridan taʼminlanadigan himoyalangan markazlashtirilgan (guruhlangan) suv taʼminoti tizimini tashkil etish lozim.
5-§. Oqava suvlari (kanalizatsiya) tizimlari
237. Aholi punktlarining kanalizatsiya tizimlari uchun loyihalar suv isteʼmoli va oqava suvlarni chiqarib tashlash balanslari tahlili bilan birga suv taʼminoti tizimlarining loyihalari bilan bogʻlab ishlab chiqilishi kerak.
Bunda, ishlab chiqarish suv taʼminoti va sugʻorish uchun tozalangan oqava suvlarini hamda yomgʻir suvlarini jamlash va ulardan foydalanish imkoni koʻrib chiqilishi lozim.
238. Oqava suvlarini tozalash inshootlari uchun yer uchastkalari maydoni mazkur SHNQning 11-jadvaliga muvofiq qabul qilinishi kerak.
239. Markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi boʻlmagan hududlarda barcha qabul qilingan yechimlar markazlashgan kanalizatsiya umumiy tizimining tarkibiy qismi boʻlishi, aholi punktlarida tuproq sharoitlarini hisobga olib septiklar va oqava suvlarni tashib kelib toʻkish stansiyalari boʻlishi lozim.
240. Toʻkish stansiyalari va ularning sanitariya-muhofaza zonalari SHNQ 2.04.03-24, SanQvaN 0083-24 va SanQvaN 0103-25 talablarini inobatga olgan holda quyidagi 11-jadvalga muvofiq joylashtirilishi kerak.
Izohlar:
1. Quvvati 280 ming m3/d dan ortiq boʻlgan tozalash inshootlari yer uchastkalari maydoni loyihalar, oʻxshash inshootlar loyihalari boʻyicha olinishi kerak.
2. Mahalliy kanalizatsiya tizimlarini tozalash inshootlari va ularning sanitariya-muhofazasi zonalari uchun yer uchastkalari oʻlchamlari grunt sharoitlari va oqava suvlar miqdoriga koʻra SHNQ 2.04.13-24 hamda SanQvaN 0103-25ga muvofiq olinishi kerak.
241. Aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqishda quyidagi 12-jadvalga muvofiq suv balansi tuzilishi lozim.
Izohlar:
1. Aholining xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun suv isteʼmoli SHNQ 2.04.02-19 boʻyicha olinishi kerak.
2. Sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalarining ishlab chiqarish va xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun suv sarflari SHNQ 2.04.02-19 boʻyicha olinishi kerak.
3. Mahalliy sanoat uchun suv sarflari hisobga olinmagan sarflar bilan birga xoʻjalik-ichimlik ehtiyojlari uchun suv sarfining 20 foiz miqdorida hisobga olinishi kerak.
6-§. Yomgʻir kanalizatsiyasi
242. Shaharlarda hamda sanoat korxonalari hududlarida yopiq yomgʻir kanalizatsiyasi boʻlishi, yomgʻir suvlarini olib chiqib ketishning ochiq tizimlaridan oʻrta va kichik shaharlarda, shaharchalarda va qishloq aholi punktlarida, istirohat bogʻlari va xiyobonlarda foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Koʻchalar boʻylab hamda kam qavatli binolar qurilishi hududlarida kyuvet lotoklar koʻrinishidagi ochiq tizimlardan foydalanish lozim.
243. Yomgʻir kanalizatsiyasi aholi punktlarining mavjud hududi va rivojlanishini hisobga olgan holda muhandislik infratuzilmasi va hududni obodonlashtirish elementi sifatida SHNQ 2.04.13-24 hamda SanQvaN 0083-24ga muvofiq loyihalanishi lozim.
Yomgʻir kanalizatsiyasi turlari hududdan funksional foydalanish, rejalashtirish va sanitariya talablarni hisobga olgan holda tanlanishi kerak.
244. Yomgʻir kanalizatsiyasiga kelib tushadigan yogʻingarchilik suvlari (yomgʻir, qor) ning hajmi SHNQ 2.01.01-22ga muvofiq hisoblanishi kerak.
7-§. Sanitariya tozalash
245. Aholi punktlari hududlarini sanitariya tozalash tizimi kanalizatsiya tizimi bilan birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish va resurslarni tejash talablarini hisobga olgan holda maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarini yigʻish va yoʻq qilishni (olib tashlash, zararsizlantirishni) taʼminlashi kerak.
Maishiy chiqindilar yigʻilishi normalari quyidagi 13-jadval boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Izohlar: 1. Chiqindi yigʻilish normalarining kattaroq miqdorlari eng yirik va yirik shaharlar uchun olinishi kerak. 2. Yirik oʻlchamli maishiy chiqindilarning yigʻilish normalari qattiq maishiy chiqindilar uchun keltirilgan qiymatlarining tarkibida 5 foiz miqdorida qabul qilinishi kerak.
246. Maishiy chiqindilarni zararsizlantirish, tashish va qayta ishlash uchun korxonalari va inshootlarning yer uchastkalari hamda sanitariya-muhofazasi zonalari oʻlchamlari quyidagi 14-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar: 1. Poligon maydonlarining kichik oʻlchamlari qumli tuproqlarda joylashgan inshootlar uchun berilgan. 2. Chiqindini qayta ishlash va chiqindini yoqish korxonalari atmosfera havosiga zararli moddalarni chiqarib tashlaganda sanitariya-muhofazasi zonasining oʻlchamlari ifloslanishning tarqalishi hisob-kitoblari asosida aniqlashtirilishi kerak.
247. Chiqindilarni joylashtirish obyektlari eng yaqin aholi punktlariga nisbatan, yerosti suvlari oqimidan kamida 10 m pastda (loyli yoki suglinkali gruntli yerlarda) joylashtirilishi kerak. Bunday joylardagi yerosti suvlari isteʼmol qilish va sugʻorish maqsadlari uchun foydalanilmasligi lozim.
248. Qattiq maishiy chiqindilar poligonlarga, kompostlash maydonlariga, qayta ishlash va yoqish zavodlariga, shahar suyuq chiqindilari esa oqavalarni tozalash stansiyalariga yoki assenizatsiya maydonlariga tashilishi zarur.
249. Ishlab chiqarishda utilizatsiya qilinishi mumkin boʻlmagan sanoat chiqindilari korxonalar tomonidan maxsus poligonlarga yoki sanoat chiqindixonalariga tashilishi kerak.
250. Eng yirik va yirik shaharlar hamda respublika ahamiyatiga molik kurortlar uchun maishiy chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilishi kerak.
8-§. Elektr energiyasi taʼminoti
251. Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan havo elektr uzatish tarmoqlari (bundan buyon matnda elektr tarmoqlari deb yuritiladi) aholi punktlarining turar joy hududlaridan tashqarida oʻtkazilishi lozim.
252. Eng yirik va yirik shaharlarning turar joy va jamoat hududlarida pasaytiruvchi podstansiyalarga kiruvchi kuchlanishi 35 kV va undan yuqori elektr tarmoqlari kabellar orqali oʻtkazilishi va umumiy energetika tizimlarga kiruvchi elektr uzatish tarmoqlarining ishlab chiqarish zonalari hamda qishloq xoʻjaligi korxonalari hududlarida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
253. Rekonstruksiya sharoitida kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan mavjud elektr tarmoqlarini turar joy hududlaridan tashqariga chiqarish yoki havo liniyalarini kabel liniyalariga almashtirilishi lozim. Boʻshagan hududlarda turar joy va jamoatchilik binolarini qurish rejalashtirilganda podstansiyalarini yopiqlari bilan almashtirish zarur.
254. Transformator quvvati 16 000 kWA va yuqoriroq boʻlgan pasaytirish stansiyalari hamda turar joy hududlaridan oʻtuvchi havo tarmoqlarining kabel tarmogʻiga oʻtish joylari, kurort majmualari hududida esa barcha transformator podstansiyalari va taqsimlash qurilmalari yopiq turda boʻlishi kerak.
255. Podstansiyalar va havo tarmoqlarining kabelga oʻtish joylariga transport vositalari hamda kabel va havo tarmoqlari kirib-chiqishi uchun texnik yoʻlaklarni joylashtirish lozim.
256. Yopiq pasaytirish podstansiyalari hamda 110 — 220 kV kuchlanishli majmualar va taqsimlash qurilmalari uchun yer uchastkalarining oʻlchamlari 0,6 ha dan, havo tarmoqlarining kabel tarmogʻiga oʻtish joylari uchun esa 0,1 ha dan oshmasligi kerak.
257. Alohida turadigan taqsimlash punktlarini va har biri 1000 kV quvvatiga ega boʻlgan koʻpi bilan ikkita transformatorli 6 — 20 kV kuchlanishli podstansiyalarni joylashtirishda shovqindan saqlash maqsadida ularning turar joy va jamoat binolaridan uzoqligi kamida 10 m, davolash-profilaktika muassasalari binolaridan kamida 25 m boʻlishi lozim.
258. Umumiy oʻrta taʼlim va maktabgacha taʼlim tashkilotlari hududlarida taqsimlash punktlari va transformator podstansiyalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
259. Shaharlarning turar joy hududlarida 4 qavatli va undan baland binolar qurilishi hududlarida hamda kurort majmualari hududida barcha elektr tarmoqlari kabel orqali oʻtkazilishi kerak.
Tashqi yoritish tarmoqlarini havo simlari orqali amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
260. Elektr taʼminoti tizimlari SHNQ 2.04.17-24 hamda Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari talablariga muvofiq loyihalanishi kerak.
261. Elektr energiyasi sarfini aniqlashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun — faoliyat yuritayotgan korxonalarning isteʼmol hajmlari, yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan yoki oʻxshash korxonalarning loyihalari va yiriklashtirilgan koʻrsatkichlar;
xoʻjalik-maishiy va kommunal ehtiyojlar uchun SHNQ 2.04.17-24 normalari.
262. Elektr isteʼmolining yiriklashtirilgan koʻrsatkichlari quyidagi 15-jadval boʻyicha qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Izohlar: 1. Elektr isteʼmoli koʻrsatkichlari katta shaharlar uchun keltirilgan. Ular shaharlar guruhi koeffitsiyentlari bilan qabul qilinishi kerak: eng yirik 1,2; yirik 1,1; oʻrta 0,9; kichik 0,8. 2. Keltirilgan koʻrsatkichlarda turar joy va jamoat binolari, kommunal-maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, tashqi yoritish, shahar transporti (metropolitensiz), suv taʼminoti, oqava suvini chiqarish va issiqlik taʼminoti tizimlarining elektr isteʼmoli hisobga olingan.
263. Energetika tizimiga kiruvchi elektr uzatish tarmoqlari sxemalari zarur holatlarda energiya tizimini mustaqil ishlaydigan qismlar (bogʻlamlar, uzellar)ga avtomatik ravishda ajratish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
264. Yangi energetika inshootlari, yuqori kuchlanishli (200 — 500 kV va undan yuqori) elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalari toifalangan shaharlar va obyektlarning kuchli vayronaliklar, shuningdek halokatli suv toshqini boʻlishi ehtimoli boʻlgan hududlardan tashqarida joylashtirilishi kerak.
Kuchli vayronaliklar boʻlishi ehtimoli boʻlgan hududlardan oʻtuvchi mavjud, quvvati 200 kV boʻlgan tarmoqlarni qayta yotqizish zarurati boʻlganda ularni bunday hududlardan tashqariga chiqarish, eng qisqa yoʻldan oʻtuvchi tutashmalarni qurish, yoxud ularni yerosti kabellar orqali oʻtkazish lozim.
265. Elektr taʼminoti tizimining taqsimlovchi tarmoqlari halqalangan boʻlishi kerak.
266. Eng yirik, yirik va katta shaharlarning tashqi elektr taʼminoti sxemasini loyihalashtirishda ularning elektr taʼminoti vayronaliklar boʻlishi ehtimoli boʻlgan hududlardan tashqarida tarqoq joylashgan bir necha mustaqil manbalardan taʼminlanishi lozim.
267. Elektr taʼminoti tizimi obyektlari buzilganda havo orqali elektr uzatish tarmogʻiga qisqa ulangichlar oʻrnatish hisobiga elektr energiyasini buzilgan obyektlardan aylantirib oʻtkazish imkonini taʼminlashi kerak.
268. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda joylashgan mudofaa va fuqaro muhofazasi obyektlari, korxonalar, metropoliten, temir yoʻlning elektrlashgan uchastkalari, gaz va suv taʼminoti obyektlarini, davolash muassasalarini va boshqa muhim obyektlarni favqulodda holat davrida elektr bilan barqaror taʼminlash maqsadida, havodan oʻtkazilgan 0,4 — 220 kV quvvatli elektr tarmoqlari kabel tarmogʻiga almashtirilishi kerak.
9-§. Issiqlik taʼminoti
269. Aholi punktlarining issiqlik taʼminoti issiqlik taʼminoti sxemalariga muvofiq rejalashtirilishi lozim.
270. Bir va ikki qavatli binolar quriladigan hududlarda issiqlik taʼminoti sxemasi boʻlmaganda, markaziy issiqlik taʼminoti tizimlarini jamoat va turar joy binolari guruhlari uchun umumlashtirilgan qozonxonalardan tashkil etilishi lozim.
271. Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimlarining manba (qozonxona)larini joylashtirish uchun yer uchastkalarining oʻlchamlari quyidagi 16-jadval boʻyicha olinishi lozim.
Izohlar:1. Issiq suv isteʼmolchilarini bevosita suv olish yoʻli bilan taʼminlovchi isitish qozonxonalari, shuningdek yonilgʻisi temir yoʻl orqali keltiriladigan qozonxonalar uchun yer uchastkalari maydonini 20 foizga kengaytirish kerak.2. Kul-shlak yigʻish joylari turar joy, ijtimoiy-amaliy va rekreatsiya zonalaridan tashqarida joylashtirilishi lozim.3. Qozonxonalarning sanitariya-muhofaza zonalari SanQvaN 0103-25ga muvofiq belgilanishi kerak.
272. Aholi punktlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti manbalari kommunal va ishlab chiqarish zonalarida, issiqlik yuklamalari markazida joylashtirilishi kerak.
273. Rekonstruksiya sharoitida isteʼmolchilarni yakka tartibdagi issiqlik taʼminotiga oʻtkazishni hisobiga samaradorligi past boʻlgan qozonxonalarning issiqlik yuklamalarini markazlashtirilgan energiya ishlab chiqaruvchi manbalarga oʻtkazilishi yoki yopilishi lozim.
274. Issiqlik taʼminoti tizimlarini rivojlantirish va rekonstruksiya qilishda izolyatsiya qilingan quvurlardan foydalanish kerak.
275. Aholi punktlarining issiqlik taʼminoti tizimlari SHNQ 2.04.05-22, SHNQ 2.04.07-22, SHNQ 2.04.13-24 va boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq loyihalashtirilishi kerak.
276. Turar joy va jamoat bino (inshoot)larini isitish, ventilyatsiya va issiq suv bilan taʼminlash loyihalari mavjud boʻlmaganda, soatlik hisoblangan issiqlik isteʼmoli binolarning umumiy maydonining 1 m² ga teng boʻlgan issiqlik isteʼmolining nisbiy koʻrsatkichlari quyidagi 17-jadval boʻyicha aniqlanishi lozim.
10-§. Gaz taʼminoti
277. Magistral gaz quvuroʻtkazgichlarining GTSlari aholi punktlaridan tashqarida SHNQ 2.05.06-22ga muvofiq joylashtirilishi va magistral gaz quvuroʻtkazgichlarning aholi punktlari hududidan tashqarida oʻtkazilishi kerak.
278. Magistral quvuroʻtkazgichlardan aholi punktlari va sanoat korxonalari chegaralarigacha boʻlgan masofalar SHNQ 2.05.06-22 boʻyicha olinishi kerak.
279. Aholi punktlari hududida gaz tarqatish tizimi hamda gaz isteʼmol qiluvchi obyektlaridan turli maqsadlardagi bino (inshoot)largacha boʻlgan masofalar SHNQ 2.04.08-22ga muvofiq belgilanishi kerak.
280. Gaz toʻldirish shoxobchasi yer uchastkalari maydoni ularning ishlab chiqarish quvvatidan kelib chiqib quyidagicha qabul qilinishi lozim, koʻpi bilan, ha:
10 ming t/yil 6; 20 ming t/yil 7; 40 ming t/yil 8.
281. GTPlar va oraliq ballon saqlash omborlari uchun yer uchastkalari 0,6 ha oʻlchamda ajratilishi kerak. Ushbu obyektlardan turli maqsadlardagi bino (inshoot)largacha boʻlgan masofalar SHNQ 2.04.08-22ga muvofiq belgilanishi lozim.
282. Suyultirilgan uglevodorod GTPlarni aholi punktlarining tashqarisida yoki chekka qismida joylashtirish kerak.
283. Gaz tarqatish tizimi, gaz bosimi, GTP soni hamda gaz tarqatish quvurlari tuzilmalari (halqa, boshi berk, aralash) gaz isteʼmoli hajmini, isteʼmolchilarning joylashish zichligini, gaz taʼminoti ishonchliligini hisobga olgan holda tanlanishi lozim.
284. GTPlar yuklamalar markazlariga yaqinlashtirilgan holda joylashtirish kerak.
285. Kam qavatli uy-joylari boʻlgan daha (mahalla)lar uchun isitish va issiq suv taʼminoti gaz yoqilgʻisidan foydalaniladigan alohida issiqlik manbalariga oʻtkazilishi lozim.
286. Gazdan foydalaniladigan uy-joy massivlari uchun hisoblangan gaz sarfini aniqlash uchun SHNQ 2.04.08-22 boʻyicha nisbiy maksimal soatlik gaz isteʼmoli hisoblanishi kerak.
287. Gaz taʼminoti tizimlari SHNQ 2.04.08-22ga muvofiq loyihalanishi lozim.
288. Aholi punktlarida gazning hisobiy sarfi SHNQ 2.04.08-22ga boʻyicha olinishi kerak.
289. Eng yirik, yirik va katta shaharlarni ikki va undan ortiq mustaqil magistral gaz quvurlari orqali gaz bilan taʼminlashda gazni uzatish ushbu quvurlarga ulangan hamda bu shaharlardan tashqarida joylashgan GTS orqali amalga oshirilishi lozim.
290. Eng yirik, yirik va katta shaharlarning GTS va GTPlari, shuningdek bunday shaharlardan tashqarida joylashgan alohida ahamiyatga ega obyektlarning GTPlari yer ostidan aylantirib olib oʻtiladigan gaz quvurlari (baypaslar) hamda ularda gazni uzib qoʻyadigan uskunalar bilan jihozlanishi kerak.
291. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda yuqori va oʻrta bosimli asosiy taqsimlovchi gaz quvurlari hamda favqulodda holat davrida faoliyatini davom etuvchi ushbu shaharlarning obyektlariga ulanadigan tarmoqlar yer ostidan oʻtkazilishi va halqalanishi lozim.
292. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda yangi gaz taʼminoti tizimlarini loyihalashtirish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishda asosiy gaz taqsimlash tugunlarida (GTS, GTP) havodagi zarba toʻlqini bosimi (impulsi) taʼsirida gaz tarmogʻidan uzib qoʻyadigan uskunalarni hamda oldi berk (tupik) gaz quvurlari orasiga baypaslar oʻrnatilish kerak.
11-§. Aloqa, televideniye va radioeshittirish
293. Telekommunikatsiyalar, aloqa, radioeshittirish va televideniye, qoʻriqlash va yongʻin signalizatsiyasi, muhandislik uskuna tizimlarini dispetcherlash korxonalari, bino va inshootlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga va loyihalash normalariga muvofiq joylashtirilishi kerak.
Shuningdek, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish maqsadida mahalliy televideniye, kabel televideniye, radioeshittirish, mobil aloqa, simli xabardor qilish hamda ovoz chiqarish vositalaridan foydalanish lozim.
294. RTS, RRS binolarini va antenna-machta inshootlarini joylashtirishda efirga uzatilishiga xalaqit beruvchi manbalardan uzoqlashish masofalari quyidagi 18-jadvalga muvofiq qabul qilinishi kerak.
Izoh: Xalaqit beruvchi manbalardan masofalar barcha toifa RTS yoki RRS qurilishi uchun tanlangan maydonlarda ularning qiymatiga yarasha aniqlanishi kerak.
12-§. Transport va koʻcha-yoʻl tarmoqlari
295. Transport infratuzilmasi aholi punktlari ichida, aholi punktlari oʻrtasida va ularga tutash hududlar bilan qulay hamda xavfsiz yoʻlovchi va yuk tashish aloqalariga boʻlgan ehtiyojni taʼminlaydigan tashqi, shahar atrofi va shahar transporti uchun aloqa yoʻnalishlari va tuzilmalarining yagona tizimi sifatida shakllanishi kerak.
296. Transport infratuzilmasini rivojlantirish shaharsozlik hujjatlari va ular asosida ishlab chiqilgan maxsus tarhlar va loyihalar bilan belgilanishi kerak.
Obyektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, temir yoʻl hamda avtomobil yoʻllari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazish amaliyotini qoʻllash orqali ularning saqlab qolinishini qatʼiy taʼminlashi kerak.
297. Tashqi, shahar atrofi va shahar transporti kommunikatsiyalari hamda inshootlarini, shuningdek ularning oʻzaro aloqalari tugunlarini (transport almashtirish uzellarini) rivojlantirish uchun jamoat markazlari, turar joy, landshaft-rekreatsion hududlar hamda umumiy foydalanishdagi koʻkalamzor hududlarni tranzit va yuk tashish transportlari oqimlaridan ihotalanishini tashkil etish uchun hududiy zaxiralar bilan taʼminlash lozim.
298. Aholining avtomobilizatsiya darajasi muayyan hudud uchun statistik maʼlumotlarga asoslangan holda uning ijtimoiy, iqtisodiy, geografik va boshqa funksional xususiyatlarini inobatga olgan holda hisoblab chiqilishi kerak.
13-§. Tashqi va shahar atrofi transporti
299. Tashqi va shahar atrofi transporti kommunikatsiyalari va inshootlarini rivojlantirish tuman, viloyat va mamlakatning yagona transport tarmogʻining tarkibiy qismi sifatida koʻrib chiqilishi kerak. Bunda, quyidagi avtomobil yoʻllarining funksional-rejalashtirish tasnifi hisobga olinishi kerak:
xalqaro ahamiyatga molik;
davlat ahamiyatiga molik;
mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari.
300. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari aholi punktlarini ularning istiqbolli chegaralaridan tashqarida aylanib oʻtadigan qilib loyihalashtirish lozim.
301. Aholi punktlari orqali oʻtadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining uchastkalari ularning tasnifini hisobga olgan holda SHNQ 2.05.02-23 va SHNQ 2.07.06-24 talablariga muvofiq loyihalanishi kerak.
302. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining oʻqidan aholi punktlarining turar joy zonalari chegaralarigacha masofa kamida quyidagicha, m, boʻlishi lozim:
I — III-toifa yoʻllari uchun — 100;
303. Avtomobil yoʻllari oʻqidan jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish shirkatlari chegaralarigacha masofa kamida quyidagicha, m, qabul qilinishi kerak:
I — III-toifa yoʻllari uchun — 50;
IV-toifa yoʻllari uchun — 25;
V-toifa yoʻllari uchun — normalanmaydi.
304. Aholi punktlari hududlarini avtomobil transportining shovqini va chiqindi gazlaridan salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida yoʻl yoqalab kamida 10 m kenglikdagi ihota daraxtzorlar yaratilishi kerak.
305. Tegishli asoslash bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini shahar hududidan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, avtomobil yoʻllar SHNQ 2.05.02-23ga muvofiq loyihalashtirilishi lozim.
306. Aholi punktlarining istiqbolli chegaralari doirasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari relyefdan (ariqlar, jarlar va boshqalar) shovqin tarqalishiga tabiiy toʻsiq sifatida foydalangan holda, turar joy va ijtimoiy-amaliy zonalari, dam olish maskanlari, madaniy meros obyektlarining muhofaza qilish zonalaridan tashqarida qurilishlardan holi boʻlgan hududlar orqali oʻtkazilishi kerak.
307. Transport mezoniga koʻra shahar atrofi hududi yoʻnalishli yoʻlovchi tashish hamda yengil avtomobil transportlarida mehnat harakati uchun sarflanadigan oʻrtacha vaqtga koʻra ajratilishi va bu koʻrsatkichlar quyidagidan oshmasligi lozim, min:
eng yirik va yirik shaharlar uchun — 40;
yirik va oʻrta shaharlar uchun — 30;
kichik shaharlar va shaharchalar uchun — 20.
Bunda, shahar atrofi yoʻlovchi tashish transportining toʻxtash joylariga piyodalarning yaqinlashish uzoqligi 1 km dan oshmasligi kerak.
14-§. Koʻcha-yoʻl tarmogʻi
308. Shaharlar koʻcha-yoʻl tarmogʻini rivojlantirishda favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilinayotgan aholini oʻtqazish-tushurish uchun moʻljallangan temir yoʻl stansiya (punkt)larigacha keladigan magistral yoʻllar qurilishi lozim.
309. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining eng yirik, yirik va katta shaharlar chegaralari bilan kesishgan joylarida transport infratuzilmasi obyektlarini maxsus texnikani hamda aholi (xodimlar)ni sanitariya ishlovidan oʻtkazish uchun moslashtirish imkoniyatlari yaratilishi kerak.
310. Shaharlar koʻcha-yoʻl tarmogʻining tasnifi va asosiy koʻrsatkichlari mazkur SHNQning 19- va 20-jadvallariga muvofiq qabul qilinishi lozim.
Izohlar: 1. Koʻcha-yoʻl tarmogʻi tarkibida shahar markazining arxitektura-rejalashtirish tuzilishi uchun asos boʻlgan shaharning shoxkoʻchalari ajratib chiqarilishi kerak. 2. Shaharlarning kattaligi va rejalashtirish tuzilmasiga, transport oqimining hajmiga qarab, koʻrsatilgan asosiy toifalar koʻcha va yoʻllar bilan toʻldirilishi yoki ularning toʻliq boʻlmagan tarkibidan qoʻllanilishga yoʻl qoʻyiladi. 3. Rekonstruksiya sharoitida, shuningdek tuman ahamiyatiga ega koʻchalar uchun faqat jamoat transporti vositalari va piyodalar oʻtishi uchun moʻljallangan magistral koʻchalar yoki ularning uchastkalari qurilishiga yoʻl qoʻyiladi. 4. Madaniy meros obyektlari boʻlgan shaharlarda shahar markazining tarixiy qismidan oʻtadigan yerusti transporti harakati cheklanishi yoki qisqartirilishi kerak: aylanma magistral koʻchalar, transport harakati cheklangan koʻchalar, piyodalar koʻchalari va zonalarini tashkil etish; tarixiy qismining perimetri boʻylab avtoturargohlarni joylashtirish. 5. Alohida transport oʻtishi turi sifatida velosipedlar uchun alohida oʻtish yoʻlakchalari oʻz ichiga olgan tizim sifatida yoki yoʻl tarmogʻi boʻylab loyihalashtirilishi kerak.
Izohlar: 1. Koʻchalar va yoʻllarning kengligi transport va piyodalar harakatining jadalligiga, koʻndalang profilga joylashtirilgan elementlarning tarkibiga (yoʻllar, yerosti kommunikatsiyalarini yotqizish uchun texnik yoʻlaklar, trotuarlar, yashil maydonlar va boshqalar) qarab, sanitariya-gigiyena talablarini hisobga olgan holda hisoblash yoʻli bilan aniqlanishi kerak. Koʻchalar va yoʻllarning qizil chiziqlardagi kengligi quyidagicha qabul qilinadi, m: magistral yoʻllar — 50 — 100; magistral koʻchalar — 40 — 100; mahalliy ahamiyatga ega koʻchalar va yoʻllar — 15 — 30. 2. Harakatning hisoblangan tezligi qiymatini koʻcha va yoʻlning funksiyasiga, yoʻl qurilishi turiga (qurilish, rekonstruksiya) va ularning sharoitlariga qarab qabul qilinishi kerak. Qurilishdan holi hududlarda yangi qurilish obyektlarini loyihalashtirishda tezlikning yuqori qiymatlari qabul qilinishi kerak. Rekonstruksiya obyektlarini loyihalashtirishda yoki mavjud qurilishda yer sathi balandliklarida katta farq boʻlgan murakkab relyef sharoitida, texnik-iqtisodiy asoslashlar bilan tezlikning pastki qiymatlari qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda harakatning ruxsat etilgan tezligi 10 km/h ga pastroq qilib qabul qilinishi kerak. 3. Yoʻlning kengligi 10 ta tasma belgilanganda turli sathlardagi transport yechimlari orasidagi minimal masofa 20 foiz ga oshirilishi kerak. 4. Eng yirik, yirik va katta shaharlarning magistral koʻchalarida jamoat transportlari harakatlanishi uchun kengligi 3,75 m boʻlgan alohida tasmalarni tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi. 5. Piyodalar yoʻlaklarining kengligi kiosklar, oʻrindiqlar va boshqalarni joylashtirish uchun zarur boʻlgan maydonlarni oʻz ichiga olmaydi. 6. Mahalliy koʻchalarni rekonstruksiya qilish sharoitida, shuningdek har ikki yoʻnalishda hisoblangan piyodalar harakati 50 kishi/h dan kam boʻlsa, kengligi 1 m boʻlgan yoʻlaklarni qurishga yoʻl qoʻyiladi. 7. Piyodalar yoʻlaklari binolarning devorlariga, tirgak devorlarga yoki toʻsiqlarga tutashganda, ularning kengligi kamida 0,5 m ga oshirilishi kerak. 8. Magistral koʻchalar va yoʻllar, transport chorrahalarining loyihaviy koʻrsatkichlariga bosqichma-bosqich erishilganda kelajakda qurilish uchun hudud va yerosti makonini zaxiralash lozim. 9. Magistral yoʻllarni loyihalashtirishda yoʻl boʻylab toʻsiqlarsiz zonani taʼminlash lozim (harakatni tashkil qilishning texnik vositalari bundan mustasno). Bunday zonaning oʻlchami tor sharoitlarni hisobga olgan holda, harakatning hisoblangan tezligiga qarab qabul qilinishi kerak.
311. Koʻchalarning reja va koʻndalang kesimi elementlari SHNQ 2.07.06-24ga muvofiq qabul qilinishi kerak.
312. Shaharchalar va qishloq aholi punktlarining koʻcha va yoʻllari tasnifi hamda asosiy koʻrsatkichlari mazkur SHNQning 21- va 22-jadvallariga muvofiq qabul qilinishi kerak.
313. Istirohat bogʻlarining yoʻllari, oʻtish yoʻllari va velosiped yoʻlaklari mazkur SHNQning 23 va 24-jadvallarida keltirilgan koʻrsatkichlarni inobatga olgan holda loyihalashtirilishi kerak.
15-§. Magistral yoʻllar
314. Magistral koʻchalar tarmogʻining oʻrtacha zichligi koʻrib chiqilayotgan hududning chegaralari doirasida oʻtadigan koʻchalarning uzunligini hisobga olgan holda aholi punktining qurilgan maydoniga nisbatan 2,2 — 2,4 km/km2 zichlikda qabul qilinishi kerak.
315. Rekonstruksiya sharoitida aholi punktlarining markaziy hududlarida binolar bilan qurilgan koʻchalarning avtomobil yoʻllarining kengligi yetarli boʻlmaganda orasidagi masofa 350 m dan oshmaydigan masofada parallel koʻchalar orqali bir tomonlama harakatlanishni tashkil etish kerak. Rekonstruksiya sharoitida faqat jamoat transporti va piyodalar oʻtishi uchun moʻljallangan koʻchalarni qurishga yoʻl qoʻyiladi.
316. Turli transport vositalari harakatining intensivligini hisoblashda ularni quyidagi koeffitsiyentlaridan foydalangan holda bitta avtomobil hisobiga keltirish lozim:
yengil avtomobillar — 1;
yuk avtomobillari, yuk koʻtarishi, t:
2,0 gacha — 1,5;
2,0 dan 5 gacha — 2,0;
5 dan 8 gacha — 2,5;
8 dan ortiq — 3,5;
avtopoyezdlar — SHNQ 2.05.02-23ga muvofiq;
avtobuslar — 2,5;
trolleybuslar — 3,0;
ulama avtobuslar, trolleybuslar va tramvaylar — 4,0;
mototsikl, mopedlar — 0,5.
317. Koʻchaning qatnov qismida bir tasmaning oʻtkazish qobiliyati transport turlari, harakatning hisoblangan tezligi, boʻylama qiyaligi, tasmalar soni, transport vositalarining bir tasmadan ikkinchisiga chap yoki oʻnga burilish uchun oʻtishi jadalligiga qarab hisoblanishi kerak.
318. Dastlabki hisob-kitoblar uchun koʻchaning bir tasmasining oʻtkazuvchanligi quyidagi chorrahalarda olinishi kerak:
turli sathlarda — 1200 — 1500 keltirilgan avto/h; bir sathida — 750 — 850 keltirilgan avt/h.
319. Bir sathda kesishishda oʻtkazuvchanlik svetoforlar bilan boshqariladigan chorrahalarda chapga burilish harakati boʻlmagan holat uchun aniqlanishi kerak.
Chorrahada chapga burilish harakati boʻlganda harakat tasmasining oʻtkazuvchanligi chapga burilish harakatining jadalligiga mutanosib ravishda pasayishi lozim.
320. Uzluksiz harakat magistrallarida markaziy qatnov qismlari hamda bir tomonlama harakatli mahalliy oʻtish yoʻllari qurilishi kerak.
321. Uzluksiz harakat magistrallarining mahalliy oʻtish yoʻllari kengligi aholi punkti ichida koʻpi bilan 11,25 m, aholi punktidan tashqarida — 7,5 m qabul qilinishi lozim.
322. Qurilgan hududlarda mahalliy oʻtish yoʻllari kengligini 8 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
323. Uzluksiz harakat magistrallarining qatnov qismi chetidan turar joy binolarigacha masofa kamida 50 m deb olinishi lozim. Shovqin pasaytiruvchi qurilmalardan foydalanganda bu masofani 25 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
324. Uzluksiz harakat magistrallarining markaziy qatnov qismlari boshqa umumshahar ahamiyatidagi magistrallar va yoʻllar bilan, shuningdek temir yoʻllar bilan barcha kesishuvlarni turli sathlarda 1500 — 2000 m masofada joylashtirish kerak.
16-§. Shahar ahamiyatidagi magistral koʻchalar
325. Shahar ahamiyatidagi, harakati tartibga solinadigan magistral koʻchalarning boshqa transport yoʻllari bilan kesishuvi bir sathda loyihalanilishi, tegishli texnik-iqtisodiy asoslash bilan bu kesishuvlarda turli sathlardagi transport yechimlari qurilishiga yoʻl qoʻyiladi.
326. Shahar ahamiyatidagi magistral koʻchalarning boshqa koʻchalar bilan kesishuvlari bir-biridan kamida 500 m masofada boʻlishi, tor koʻchalarni shahar ahamiyatidagi magistral koʻchalarga tutashish masofasi chorrahadan kamida 100 m etib belgilanishi lozim.
327. Tartibga solinadigan harakat chorrahalariga yaqinlashganda yoʻl qatnovi qismi toʻxtash chizigʻidan kamida 50 m masofada 1-2 qatorga kengaytirilishi kerak.
328. Bir sathda belgilangan piyodalar oʻtish joylarida SHNQ 2.07.06-24 ga muvofiq transport vositalari va piyodalarning “koʻrish uchburchagi” hisobga olinishi kerak.
329. Aholi punktlari koʻcha va yoʻllarining yer poyi yondosh hududning hamda mavjud bino va inshootlarining balandlik qiymatlarini hisobga olib loyihalanishi lozim.
330. Yer poyi va yoʻl qoplamalarining konstruksiyalari SHNQ 2.05.02-23ga muvofiq loyihalanishi kerak.
331. Transportning bir tomonlama bir va ikki tasmali harakati boʻlgan koʻcha va yoʻllarning qatnov qismi 750 m gacha boʻlgan radiusli gorizontal egri uchastkalarida quyidagi 25-jadvalga muvofiq kengaytirilishi lozim.
332. Ikki tasmali yoʻllarning uzunasiga nishabi 40 foizdan ortiq va uzunligi 300 m dan ortiq boʻlgan uchastkalardagi koʻtarilishlarda qoʻshimcha tasma boʻlishi lozim.
333. Ikki tasmali yoʻldan oʻtish va unga qaytish uzunligi kamida 70 m boʻlishi, bunda toʻliq kenglikdagi tasma uzunligi 40 m va oʻtish tasmalarini toʻgʻrilash uzunligi 30 m dan kam boʻlmasligi kerak.
334. Boshi berk koʻchalarning qatnov qismlarini aylanish radiusi 15 m dan kam boʻlmagan maydonchalar yoki 20x20 m oʻlchamli aylanish maydonchalari bilan tugashi lozim.
Aylanish maydonchalarida jamoat transportining oxirgi bekatlarini va avtoturargohlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
335. Uzunligi 150 m dan oshmagan boshi berk tor koʻchalar trotuar bilan birlashtirilishi va kengligi kamida 3,5 m qilib qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Boshi berk tor koʻchalar oʻlchamlari 12x12 m boʻlgan aylanish maydonchalari yoki yoʻl oʻqi boʻyicha kamida 20 m radiusli halqa bilan tugashi lozim.
336. Mavze va dahalarga kirish yoʻllari, shuningdek binolardan oʻtish joylari bir-biridan kamida 300 m, perimetr boʻyicha qurilgan rekonstruksiya qilinayotgan hududlarda esa kamida 180 m masofada boʻlishi kerak.
337. Oʻtish yoʻllari va piyodalar yoʻlaklari turar joy va jamoat binolari devorlaridan kamida 5 m uzoqlikda joylashtirilishi lozim.
338. Aholisi 3 ming kishidan ortiq boʻlgan koʻp qavatli turar joy binolari guruhlariga olib boruvchi, kengligi 5,5 m boʻlgan ikki tasmali va 1,5 m kenglikdagi trotuarlari boʻlgan oʻtish yoʻllari qabul qilinishi lozim.
339. Bir tomonlama aylana harakatli va uzunligi koʻpi bilan 300 m boʻlgan oʻtish yoʻllarining trotuarlari boʻlgan holatlarda kengligi 3,5 m boʻlgan bir tasmali harakat yoʻlagi qilib qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Bir tasmali oʻtish yoʻllarida 100 m dan koʻp boʻlmagan oraliq bilan kengligi 6 m va uzunligi 15 m boʻlgan ayrilish maydonchalari boʻlishi kerak.
340. Turar joy va jamoat binolariga oʻtish yoʻllarini loyihalashtirishda ushbu SHNQning 15-bobiga muvofiq yongʻin-qutqaruv mashinalarining yetib borish imkoniyatlari taʼminlanishi lozim.
341. Koʻcha va yoʻllar qatnov qismlarining burilish radiuslari trotuarlar va ajratuvchi tasmalar chetidan kamida 15 m deb olinishi kerak. Aholi punktining rekonstruksiyasi sharoitida va qurilgan hududlarida ushbu radiusni 5 m gacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
342. Uzluksiz harakat magistrallarida kengligi 4 m boʻlgan oʻrtalik ajratish tasmalari loyihalanishi kerak.
343. Ajratuvchi toʻsini (ihota toʻsigʻi) boʻlgan oʻrtalik ajratish tasmasining kengligi 2 m gacha kamaytirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
344. Kengligi 5 m dan kam boʻlgan oʻrtalik ajratish tasmasida harakat xavfsizligini taʼminlashga aloqasi boʻlmagan inshootlar oʻrnatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
345. Qizil chiziqlar yoqalab joylashgan trotuarlarning oʻtkazuvchanligi 700 kishi/h, koʻcha qatnov qismidan bir sathdagi piyodalar oʻtishida — 1200 kishi/h, yerosti piyodalar oʻtishlarda — 1500 kishi/h hisobida qabul qilinishi kerak.
346. Trotuarlarning uzunasiga qiyaligi 30 m dan koʻp boʻlmaganda ularning qiyaligi 60 foizdan, togʻli sharoitlarda esa 80 foizdan oshmasligi, qiyaliklar katta va uzun boʻlganda zinalar qurilishi lozim.
Trotuarlar nogironlar aravachalari uchun harakatlanish imkoniyati SHNQ 2.07.02-24ga muvofiq taʼminlashi kerak.
347. Uzluksiz harakat magistrallarining markaziy qatnov qismlaridan piyodalar oʻtishlarini turli sathlarda loyihalash lozim.
348. Yer osti piyodalar oʻtish tonnellarining eni 3 m, tonnellarga tushish zinalarining eni (tonnelning har ikkala tomonida) — 2,25 m kam boʻlmasligi kerak.
349. Barcha yer osti piyodalar oʻtish tonnellarida bolalar va nogironligi boʻlgan shaxslar aravachasi harakatlanishi uchun kengligi 1 m boʻlgan pandus loyihalanishi kerak.
17-§. Tashqi transport
350. Temir yoʻl, avtomobil va havo transportining yoʻlovchi vokzallarini aholi punktining markazi, turar joy va ishlab chiqarish zonalari bilan, shuningdek tashqi avtomobil yoʻllari bilan transport aloqalarini taʼminlagan holda joylashtirish kerak.
351. Avtovokzallar, avtostansiyalar va shahar atrofi avtobus yoʻnalishlarining oxirgi bekatlari, jamoat va savdo markazlari joylashgan majmualarda joylashtirilishi kerak:
eng yirik, yirik va katta shaharlarda — markaziy yoki oʻrtalik hududlarda;
oʻrta va kichik shaharlarda hamda shaharchalarda — markaziy zonada.
352. Temir yoʻl transportidan avtobusga va aksincha, shuningdek qishloq aholisini yashash joylariga yetkazilishini taʼminlash uchun temir yoʻl vokzal (bekat)lari va avtovokzal (bekat)lar bir-biriga yaqin joylashtirilishi kerak.
18-§. Temir yoʻl transporti
353. Turar joy zonalari va koʻkalamzorlashtirilgan hududlarida temir yoʻlning saralash, yuk va texnika stansiyalari, yuk hovlilari, omborxonalarning konteyner maydonchalari hamda ularga olib boruvchi yoʻllarning yangilarini qurish va mavjudlarini kengaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
354. Temir yoʻl uzellarida yuklar harakati aholi punktlarining istiqbolli chegaralaridan tashqarida aylanma yoʻnalishlari orqali taʼminlanishi kerak.
355. Eng yirik va yirik shaharlarda shahar atrofi poyezdlarining harakati markaziy yoʻlovchi stansiya orqali diametral yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim.
356. Shahar atrofi poyezdlarining toʻxtash bekatlari ishlab chiqarish va turar joy zonalari, jamoat markazlari yaqinida, transport uzellarini tashkil etilgan holda joylashtirilishi kerak.
357. Temir yoʻllarning har xil sathlarda kesishuvini I, II toifadagi yoʻllar uchun — aholi punktlaridan tashqarida, III, IV toifadagi yoʻllar uchun — istiqomat qilish hududlaridan tashqarida loyihalanishi lozim.
358. Aholi punktlarining hududida temir yoʻllarning koʻchalar va avtomobil yoʻllari, shuningdek jamoat elektr yoʻlovchi transporti yoʻnalishlari bilan bir sathda kesishuvlari SHNQ 2.05.02-23 va SHNQ 2.05.09-22 talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
359. Turar joylar temir yoʻldan (temir yoʻlning chetki izidan hisoblaganda) 100 m kenglikdagi sanitariya-muhofaza zonasi bilan ajratilishi, sanitariya-muhofaza zonasi 50 m gacha kamaytirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
360. Saralovchi bekatlardan turar joylargacha masofalar yuk aylanishi, tashiladigan yuklarning portlash xavfi, shuningdek yoʻl qoʻyiladigan shovqin va tebranish darajasini hisobga olgan holda hisoblash asosida qabul qilinishi kerak.
361. Temir yoʻldan bogʻdorchilik shirkatlari hududlarigacha boʻlgan sanitariya-muhofaza zonasining eni kamida 50 m boʻlishi lozim.
362. Sanitariya-muhofaza zonasida, temir yoʻl tarmoqlanishidan tashqarida SanQvaN 0103-25da belgilangan obyektlarni, shu jumladan avtomobil yoʻllari, avtoturargohlar, avtomobillarga xizmat koʻrsatish korxonalari, omborlar va kommunal-maishiy tashkilotlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Sanitariya-muhofaza zonasi maydonining kamida 60 foizi koʻkalamzorlashtirilishi kerak.
19-§. Havo transporti
363. Aerodromlar SHNQ 2.05.08-21 talablarini hisobga olgan holda joylashtirish va loyihalashtirish kerak. Parvozlar xavfsizligi, havo kemalarining shovqini va elektromagnit nurlanishining ruxsat etilgan darajalari GOST 22283-2014, SanQvaN 0060-23 va SanQvaN 0370-19ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
364. Faoliyat yuritayotgan aerodromlar hududi yaqinida turar joylar va dam olish maskanlari ushbu SHNQga rioya qilgan holda joylashtirilishi kerak.
365. Shahardan aeroportgacha boʻlgan masofa 10 km dan ortiq boʻlganda shahar hududida aerovokzal loyihalanishi lozim.
366. Aerodromlar chegaralaridan istiqomat qilish hududlarigacha masofalar, ularning kelajakdagi rivojlanishini hisobga olgan holda quyidagi 26-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar: 1. Aerodrom toifasi fuqarolik aviatsiyasi aerodromlarini texnologik loyihalashtirish normalariga muvofiq belgilanishi kerak. 2. Aerodromning uchish-qoʻnish oʻqidagi shovqin taʼsiri zonasiga tushgan istiqomat qilish hududlarini yanada rivojlantirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
367. Parvoz xavfsizligini taʼminlash maqsadida aerodromlar atrofida parvoz xavfsizligiga tahdid soluvchi quyidagi obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
aerodrom nazorat nuqtasidan 46 km radiusda joylashtiriladigan binolar, inshootlar, shuningdek odamlar, qushlar hamda yovvoyi hayvonlar (kemiruvchilar) koʻplab toʻplanishiga olib keladigan obyektlar; aerodrom nazorat nuqtasidan 46 km radiusda joylashtiriladigan radio aloqa va elektr uzatish liniyalari (shu jumladan yuqori kuchlanishli), radio va elektromagnit nurlanishli boshqa obyektlar, shuningdek yoritish texnikasi obyektlari; aerodrom nazorat nuqtasidan 15 km radiusda joylashtiriladigan portlash xavfi boʻlgan obyektlar; joylashtiriladigan joyidan qatʼi nazar chiqarib yuboriladigan gazlarni favqulodda yoqish uchun mashʼala qurilmalari; aerodrom nazorat nuqtasidan 46 km radiusda joylashtiriladigan sanoat va boshqa korxonalar hamda inshootlar, parvoz koʻrinishini va aerodrom uchish maydonlarining holatini yomonlashtiruvchi obyektlar; joylashtiriladigan yeridan qatʼi nazar mutlaq balandligi 50 m va undan ortiq boʻlgan obyektlar.
20-§. Daryo transporti
368. Daryo portlari turar joy zonalaridan tashqarida, daryo oʻzani boʻylab pastda, turar joylardan kamida 100 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak.
369. Daryo portlarining changiydigan yuklarni yuklash-tushirish va saqlash joylari turar joylardan kamida 300 m uzoqlikda joylashtirilishi lozim.
370. I toifaga mansub boʻlgan yengil yonuvchan va yonilgʻi suyuqliklarni saqlash omborlari turar joylardan kamida 200 m, II va III toifa omborlari esa 100 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak.
371. Daryo portlari hududida suvga tushish yoʻllari va yongʻin qutqaruv mashinalarining suv olishi maydonchalarini joylashtirish lozim.
372. Daryo portining yuk saqlash joylarining qirgʻoqboʻyi hududlari kengligi 300 m dan oshmasligi kerak.
373. Tashish ishlarida band boʻlmagan kemalar hamda kichik hajmli motorli kemalarning sohil bazalari va toʻxtash joylari turar joy binolaridan va ommaviy dam olish joylaridan 50 metrdan kam boʻlmagan uzoqlikda joylashtirilishi lozim.
374. Daryo portining yengil yonuvchan va yonilgʻi suyuqliklar omborlarini joylashtirish uchun moʻljallangan hududlari daryo oʻzani boʻylab pastda, xoʻjalik-ichimlik suvini olish inshootlari, turar joylar va ommaviy dam olish maskanlari, pristanlar, daryo vokzallari, kemalar turish joylari, gidroelektrostansiyalar, ishlab chiqarish korxonalari va koʻpriklardan kamida 500 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak.
375. Daryo oʻzani boʻylab teparoqda joylashtirilganda ushbu obyektlardan I toifa omborlari uchun kamida 5,0 km, II va III toifadagilar uchun esa — 3,0 km masofada joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
21-§. Jamoat transporti
376. Eng yirik, yirik va katta shaharlar uchun jamoat transporti turlari va yoʻnalishlari hisoblar asosida tanlanishi kerak.
377. Shaharsozlik hujjatining loyihaviy muddatiga transport harakati hisoblari uchun koʻrsatkichlar bir yilda bir kishiga katta shaharlar uchun 350 — 425, yirik shaharlar uchun 425 — 470 safar deb qabul qilinishi lozim.
378. Shaharchalar va qishloq aholi punktlarida, turar joy hududlaridan ish joylarigacha masofa 1,5 km dan oshmaganda, shaharchada jamoat transporti boʻlmasligiga yoʻl qoʻyiladi.
379. Shaharlarning qurilgan hududlarida jamoat transporti yoʻnalishlarining zichligi yoʻlovchi oqimlarining intensivligiga bogʻliq holda 1,5 — 2,5 km/km2 qabul qilinishi kerak.
Eng yirik va yirik shaharlarning markaziy qismlarida bu tarmoqning zichligini 4,5 km/km2 gacha oshirilishi lozim.
380. Jamoat transporti oddiy turlarining tashish imkoniyatlari transport vositasi sigʻimi boʻyicha, yoki yoʻlovchi salonining boʻsh maydoni toʻlishi 4 kishi/m2, tezyurar turlari uchun — 3 kishi/m2 normasi bilan aniqlanishi kerak.
381. Jamoat transporti har xil turlarining qatnov tezligi va tashish imkoniyatlari quyidagi 27-jadvalga muvofiq olinishi lozim.
382. Istiqomat qilish joyi yoki ishxonadan jamoat transportining eng yaqin bekatigacha piyoda yetishning uzoqligi 400 m dan oshmasligi kerak.
Eng yirik, yirik va katta shaharlarning yakka tartibdagi uy-joy qurilishi hududlarida bu masofa 600 m gacha, oʻrta va kichik shaharlarda esa 800 m gacha oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
383. Eng yirik va yirik shaharlarning umumshahar markazlarida jamoat transporti bekatlarigacha piyoda yetishning uzoqligi 250 m, ommaviy dam olish va sport zonalarida 800 m dan oshmasligi kerak.
Murakkab relyef sharoitida bu masofa bosib oʻtiladigan past-balandlikning har 10 m uchun 50 m ga qisqartirilishi lozim.
384. Shahar transportining bekatlari orasidagi masofalar avtobus, trolleybus va tramvaylar uchun 400 — 600 m, tezyurar avtobus va tramvaylar uchun 800 — 1200 m, metropoliten uchun 1000 — 2000 m, elektrlashtirilgan temir yoʻl uchun 1500 — 2000 m qabul qilinishi kerak.
385. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda transportning bir turidan boshqasiga oʻtish joylarida transport tugunlari jamoat transportining barcha turlari majmuasi sifatida tashkil etilishi lozim.
386. Oʻtish joylari turiga qarab quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
tashqi va shahar atrofi transporti uchun toʻxtash bekatlari; koʻchadan tashqarida tezyurar elektr transporti stansiyalari; koʻcha yoʻlovchi tashish transporti bekatlari; shaxsiy transport vositalari uchun avtoturargohlar; piyodalar uchun maydonlar va yoʻlaklar.
387. Transportning bir turidan boshqasiga oʻtish joylarida, hisobiy yoʻlovchi oqimlari qiymatlaridan qatʼi nazar, yoʻlovchining bekatdan-bekatga oʻtish vaqti, kutish vaqtini hisobga olmaganda 5 min dan oshmasligi kerak.
388. Oʻtish joylarida qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun transportyor, eskalator, lift, koʻtargich va harakatlanuvchi yoʻlaklar kabi qurilmalar boʻlishi kerak.
389. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda jamoat transporti yoʻnalishlari, shu jumladan tramvay yoʻllari va metropolitenning yer ustidan oʻtgan qismlari, transport vositalarining umumiy oqimi harakatlanishi tartibga solinadigan magistral koʻchalar va yoʻllarda, yoʻlning ajratilgan tasmasida yoki alohida yoʻl qismida tashkil etilishi lozim.
390. Mavze (daha, mahalla)lar ichidan oʻtuvchi jamoat transporti yoʻnalishlarida jamoat transporti harakatlanishining intensivligi soatiga 30 dona, harakatlanish tezligi esa 40 km/h dan oshmasligi kerak.
391. Harakat tezlashuvi va pasayishi uchun oʻtish yoʻllari oʻlchamlari quyidagi 28-jadval boʻyicha olinishi lozim.
392. Tramvay yoʻllari asosan alohida toʻshamada joylashtirilishi kerak. Ikki yoʻlli alohida tramvay toʻshamasining eni butun tramvay yoʻnalishi davomida, maydonchalarini hisobga olganda kamida 10 m, bir yoʻlli — 3,8 m deb qabul qilinishi kerak. Tramvay yoʻllari SHNQ 2.05.09-22 talablariga muvofiq loyihalashtirilishi kerak.
393. Avtobus va trolleybuslarning bekatlarini chorrahadan soʻng kamida 20 m masofada joylashtirish lozim. Bunda, yoʻl harakati ishtirokchilari uchun koʻrish uchburchagi taʼminlanishi hamda SHNQ 2.07.06-24 va Oʻz DSt 3196:2023 talablariga rioya etilishi lozim.
394. Bir chiqish maydonchasining uzunligini bir yoʻnalishli bekat uchun 20 m, bir necha yoʻnalishli uchun kamida 30 m deb qabul qilish kerak. Chiqish maydonchalarining eni kamida 1,5 m boʻlishi kerak.
395. Toʻxtash va chiqish maydonchalari koʻcha qatnov qismini toraytirish hisobiga qurilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
396. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda jamoat transportining oxirgi bekatlarida harakat boʻyicha dispetcher xonasi, haydovchilar uchun dam olish hamda ovqatlanish xonalari, transport vositalarining vaqtincha turish maydonchalari va chiqish maydonchalari joylashtirilishi uchun oʻlchami 1 — 1,5 ha boʻlgan maxsus maydonchalar boʻlishi kerak.
22-§. Metropolitenlar
397. Metropolitenlar qurilishi mahalliy geologik, gidrogeologik va iqtisodiy sharoitlarni inobatga olgan holda rejalashtirilishi lozim.
398. Metropolitenlar yer ostida, shuningdek yer usti (osma) usulida qurishiga yoʻl qoʻyiladi. Metropolitenlar SHNQ 2.05.04-21ga muvofiq loyihalashtirilishi kerak.
399. Yerosti metropoliten yoʻllari yoki ularning uchastkalari tinchlik hamda favqulodda holat davrida aholini muhofaza qilish nuqtai-nazaridan ikkilamchi inshoot sifatida tasniflanishi kerak.
Favqulodda holat davrida aholini zamonaviy qurollarning bevosita taʼsiridan muhofaza qilish uchun yerosti metropolitenlarni ikkilamchi inshoot sifatida moslashtirish boʻyicha muhandislik-texnik tadbirlar ishlab chiqilishi lozim.
23-§. Velosiped infratuzilmasi
400. Velosiped infratuzilmasini (shu jumladan velosiped yoʻlaklarini) loyihalashtirish aholi punktlari chegaralarida ishlab chiqilgan velosiped harakati sxemalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
401. Magistral koʻchalarda velosiped yoʻlaklari qurilishi harakatlanish uchun yoʻlning qatnov qismidan yoki trotuarlar qismidan alohida yoʻlaklarni ajratgan holda amalga oshirilishi kerak. Mahalliy koʻchalarda velosipedchilarning harakatlanishi yoʻl boʻylab tashkil etilishi lozim.
402. Tuman ahamiyatidagi magistral koʻchalarda, ajratish tasmalari bilan ajratilgan velosiped yoʻlaklari boʻlishi kerak.
403. Aholining ommaviy dam olishi zonalarida va koʻkalamzorlashtirilgan hududlarda velosiped yoʻlaklari boshqa koʻchalar, yoʻllar va piyodalar yoʻnalishlaridan ihotalangan holda loyihalashtirilishi kerak. Velosiped yoʻlaklari bir va ikki tomonlama harakatli qilib barpo etilishi lozim. Bunda veloyoʻlak chetidan xavfsizlik masofasi kamida, m:
yoʻl qatnov qismigacha, transport inshootlari tayanchlari va daraxtlargacha — 0,75; trotuarlargacha — 0,5; avtoturargohlar va jamoat transporti bekatlarigacha — 1,5 m boʻlishi kerak.
404. Koʻchalarning qatnov qismi chetidan velosiped tasmalarini juft chiziq bilan belgilanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Velosiped yoʻlagining eni transport oqimi yoʻnalishidagi harakatda kamida 1,2 m va qarama-qarshi harakatda kamida 1,5 m, trotuar yonida barpo etiladigan velosiped tasmasining eni kamida 1,0 m boʻlishi kerak.
405. Velosiped yoʻllari qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan yoʻllar boʻylab uchastkalarda, transport intensivligi kuniga kamida 4 mingga yetadigan hamda dastlabki besh yilida velosiped yoki mopedlarning intensivligi bir yoʻnalishda 200 velosiped (moped)ga va 30 min ichida eng koʻp trafik bilan yoki kuniga 1 000 donaga yetishi mumkin boʻlgan yoʻl qismlarida loyihalashtirilishi lozim.
406. Hududlarni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisida (shu jumladan yoʻl qurilishi loyihalari) shaharsozlik hujjatlarida velosiped va yugurish yoʻlaklari, badminton, stritbol va mini-futbol maydonchalari hamda yoʻnalishlari boʻyicha yoʻl belgilari bilan taʼminlanishi lozim.
407. Yangi quriladigan turar joy mavzelarida har 5 ta kvartira uchun kamida bitta velosiped hisobidan velosipedlarni saqlash joylari loyihalanishi kerak.
408. Velosipedlarni saqlash uchun koʻp kvartirali uy-joylar, jamoat, maʼmuriy, ijtimoiy va ishlab chiqarish binolariga kirish joylari yaqinida, umumiy foydalanishdagi koʻkalamzorlar hududlarida, shuningdek avtoturargohlarda velosiped turargohlari joylashtirilishi kerak.
24-§. Avtomobillarga va transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish korxonalari
409. Fuqarolarga tegishli yengil avtomobillarni doimiy saqlash joylari (100 foizi qamrab olgan holda), ularning egalari yashash joyidan koʻpi bilan 1000 m masofada joylashtirilishi lozim. Rekonstruksiya qilinadigan va shaharlarning tarixiy zonalarida bu masofa 1,5 barobarga oshirilishi mumkin.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga qarashli transport vositalarini saqlash uchun boks turidagi garajlar ularning yashash joyidan koʻpi bilan 200 m masofada joylashtirilishi kerak.
410. Hisob muddatiga kutiladigan avtomobillar sonini joylashtirish uchun yetarli boʻlgan sigʻimdagi yerosti yoki koʻp qavatli avtoturargohlar SHNQ 2.05.07-24 ga muvofiq loyihalanishi kerak.
Shaharsozlik hujjatining birinchi navbati davri uchun ochiq avtoturargohlar SHNQ 2.05.07-24 ga muvofiq loyihalanishi yoʻl qoʻyiladi.
411. Avtoturargohlarda mashina joylarining kamida 5 foizi (lekin bitta joydan kam boʻlmagan holda) nogironligi boʻlgan shaxslarning avtomobillari uchun ajratilishi kerak.
412. Savdo va biznes markazlari, koʻngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllari boʻyidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari kiritilishi lozim.
Bunda, mazkur infratuzilma obyektlari avtoturargohlaridagi mashina joylarining kamida 5 foizi (lekin bitta joydan kam boʻlmagan holda) elektromobillar va gibrid avtomobillarni quvvatlantirish uchun ajratilishi kerak.
413. Yengil avtomobillarga moʻljallangan avtoturargohlar uchun yer uchastkalari maydonlari quyidagi oʻlchamlarda qabul qilinishi kerak, bir mashina-joy uchun kamida, m2:
2-qavatli avtoturargohlar — 20; 3-qavatli avtoturargohlar — 14; 4-qavatli avtoturargohlar — 12; 5-qavatli avtoturargohlar — 10; ochiq atoturargohlar — 25; koʻkalamzorlarni hisobga olgan holda ochiq atoturargohlar uchun — 35.
414. Avtoturargohlarning kirish-chiqish joylari magistral koʻchalar chorrahalaridan kamida 50 m, mahalliy ahamiyatidagi koʻchalardan 20 m, jamoat transporti bekatlaridan 5 m masofada boʻlishi kerak.
415. Yerosti avtoturargohlarining kirish-chiqish joylari turar joy va jamoat binolari derazalaridan, shuningdek taʼlim va davolash muassasalari hududlaridan kamida 15 m uzoqlikda boʻlishi kerak.
416. Turar joy, jamoat va dam olish maskanlarida avtoturargohlarni hisoblash normalari quyidagi 29-jadvalga muvofiq belgilanishi kerak.
29-jadvalAvtoturargohlar joylashadigan hududlar va obyektlarHisob birligiHisob birligiga mashina-joylari soni (kamida)Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan koʻp qavatli turar joy binolari10 ta kvartiraga7 taBoshqa viloyatlarda joylashgan koʻp qavatli turar joy binolari2 ta kvartiraga1 taMaktabgacha taʼlim tashkilotlari25 ta bolaga1 taMaktab25 ta oʻquvchiga1 taOliy taʼlim tashkilotlari4 ta talabaga1 taTibbiyot muassasalari:shifoxonalar5 ta koykaga1 tapoliklinikalar5 ta qatnovchiga1 taMaʼmuriy binolarbinoning har 10 m2 maydoni1 taUmumiy ovqatlanish va marosimlar oʻtkazish binolari (toʻyxonalar)4 ta oʻringa1 taMaishiy va kommunal xizmat koʻrsatish obyektlaribinoning har 10 m2 maydoni1 taMasjidlar10 kishiga1 taSanoat va ishlab chiqarish korxonalari20 ta xodimga2 taSigʻimi 500 kishidan ziyod boʻlgan sport bino va inshootlari10 ta oʻringa1 taTeatrlar, sirklar, kinoteatrlar, konsert zallari, muzeylar va koʻrgazma majmualari5 ta oʻringa1 taMadaniyat va istirohat bogʻlarihududning har 0,05 ha ga1 taSavdo maydoni 200 m2 dan ziyod boʻlgan savdo markazlari10 m2 (savdo maydoniga)1 taBozorlar2 ta savdo rastasiga1 taMehmonxonalar5 ta oʻringa1 taAeroport, vokzallar va avtostansiyalar5 ta yoʻlovchiga(tigʻiz paytida)1 taSanatoriylar va dam olish uylari10 ta dam oluvchiga1 taQabristonlarhududning har 0,05 ha ga1 ta
Izoh:
2. Transport vositalarini doimiy yoki vaqtincha saqlash uchun moʻljallangan avtoturargohlar alohida yoki qoʻshib qurilgan, yerusti, yerosti yoki birlashgan bino, inshoot (bino yoki inshootning qismi) yoxud maxsus ochiq maydon shaklida mahalliy sharoitdan kelib chiqib tashkil etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
417. Vaqtincha avtoturargohlardan aeroportlar, vokzallar, temir yoʻl bekatlari va savdo majmualarigacha boʻlgan masofa koʻpi bilan 100 m, boshqa obyektlar uchun — 300 m boʻlishi kerak.
418. Ochiq avtoturargohlar hamda avtomobillarga TXSdan turar joy va jamoat binolari derazalarigacha, bolalar va davolash muassasalari hududlarigacha boʻlgan masofalar quyidagi 30-jadvalda keltirilgan masofalar dan kam boʻlmasligi kerak.
419. TXS 200 yengil avtomashinaga 1 post hisobidan, ularning yer uchastkasi oʻlchamlari (ha) stansiya uchun quyidagicha qabul qilinishi lozim:
3 — 5 post uchun — 0,3-0,5; 10 post uchun — 1,0; 15 post uchun — 1,5; 25 post uchun — 2,0; 40 post uchun — 3,5.
420. TXS aholi punktlarining markaziy va bosh koʻchalarda joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. TXS magistral yoʻllar boʻyida, bir-biridan kamida 1,5 — 2,0 km masofada joylashtirish kerak.
421. Yirik TXS aholi punktlarining kommunal-ombor va ishlab chiqarish zonalarida joylashishi lozim.
422. TXS bokslarining chiqish joylari magistral koʻchalarga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqmasligi kerak.
25-§. Avtomobillarga yonilgʻi quyish stansiyalari
423. Aholi punktlarida AYOQS turar joy va jamoat hududlardan tashqarida, umumiy ehtiyojni hisobga olib avtomobillashuvi darajasi, harakat intensivligi va isteʼmol talabiga bogʻliq holda joylashtirish kerak.
424. Muayyan joylashuv uchun AYOQS turini tanlash uning quvvati va texnologik yechimlariga bogʻliq holda, shaharsozlik cheklovlari va tabiat muhofazasiga oid talablarini hisobga olib oʻtkazilishi lozim.
425. AYOQS sanitariya-gigiyenik hamda yongʻinga qarshi talablarga rioya qilgan holda, haydovchilar va transport vositalariga servis xizmat koʻrsatish, chakana savdo, tez ovqatlanish, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, yuvish va moylash xonalari hamda alohida obyektlari boʻlgan avtoyonilgʻi quyish majmualari sifatida loyihalashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
426. AYOQS 1200 ta yengil avtomobilga bir yonilgʻi-quyish kolonkasi hisobidan SHNQ 2.09.20-08ga muvofiq loyihalanishi kerak.
427. Avtomobillashuv darajasi 1000 kishi aholi soniga oʻrtacha 80 dona avtomobil hisobidan qabul qilinishi kerak.
428. Tarkibida transport vositalariga xizmat koʻrsatish punktlari boʻlgan AYOQS faqat sanoat va kommunal-ombor zonalari koʻcha-yoʻllari boʻylab, ularning hududida va aholi punktlaridan chiqishda joylashtirilishi lozim.
429. Shaharlarda AYOQS umumshahar va tuman ahamiyatidagi magistral koʻcha-yoʻllarda, shuningdek sanoat va kommunal-ombor zonalari koʻchalari boʻylab hamda ularning hududlarida, transport harakati yoʻnalishlari va yoqilgʻi turidan qatʼiy
nazar, bir-biridan 2,5 — 3,0 km masofada joylashtirilishi kerak. AYOQS hududlarida kamida 2 ta elektromobil akkumulyatorlarini quvvatlantirish uskunalari oʻrnatilishi lozim.
430. Aholi punktlariaro hududlarda AYOQSni joylashtirish hamda ular orasidagi masofalar SHNQ 2.05.02-23ga muvofiq qabul qilinishi lozim.
26-§. Avtokorxonalar, garajlar va depolar
431. Avtokorxonalar, yengil va yuk avtomobillari garajlari, tramvay va trolleybus depolari shaharlarning sanoat zonalarida joylashtirilishi kerak.
432. Avtokorxonalarning yer maydonlari quyidagi oʻlchamlarda loyihalanishi lozim, bir transport vositasi uchun, m²:
koʻchma tarkibga texnik xizmat koʻrsatish va joriy taʼmirlash ishlarining toʻla majmui bilan avtotransport korxonalar, avtobuslar uchun ochiq toʻxtash joyi bilan — 160; yuk avtomobillari uchun — 120 — 150; yengil taksomotorlar uchun — 85 — 120; yengil avtomobillar uchun yopiq toʻxtash joyi bilan — 32 — 40; taʼmir ustaxonalarisiz tramvay deposi uchun — 500 — 600; taʼmir ustaxonalari boʻlgan tramvay deposi uchun — 400 — 600; trolleybus parklari uchun — 300 — 350.
9-bob. Rekreatsiya zonalari
1-§. Umumiy talablar
433. Aholi punktlarida tabiiy tizim bilan bogʻliq umumiy foydalanishdagi koʻkalamzorlashtirilgan hududlar (bundan buyon matnda yashil hududlar deb yuritiladi) va boshqa ochiq maydonlar tizimining uzluksizligi taʼminlanishi kerak.
434. Landshaft-rekreatsiya hududlari turizmni va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun moʻljallangan boʻlib, tarkibida koʻkalamzor obyektlari (shahar oʻrmonlari, oʻrmon-bogʻlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, bogʻlar, sayilgohlar), hayvonot bogʻlari, hovuzlar, plyajlar, sohilboʻyi obyektlari va boshqa obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunday tizimlar yordamida aholi punktining oʻlchamlari, ahamiyati, rejalashtirish hamda arxitektura-fazoviy tuzilmasi asosida ochiq va yashil maydonlarning yagona tizimi shaklida aholi punktining tabiiy-ekologik tizimi yaratilishi kerak.
435. Aholi punktlari va shahar atrofi hududlarning yashil hududlari rekreatsiya tadbirlarni tashkil etish va atrof-muhit holatini yaxshilash uchun moʻljallangan boʻlib, ularning iqlim oʻzgarishiga moslashuvi hisobga olinishi lozim.
436. Yashil hududlar aholi punktlarining turar joylari, jamoat va biznes obyektlari bilan qulay piyoda va transport aloqalariga ega boʻlishi kerak.
437. Aholi punktining rejalashtirish tuzilmasini shakllantirishda muhim rol oʻynaydigan suv obyektlari mavjud boʻlganda, suv-yashil tizimlarni yaratish lozim.
438. Shaharsozlik hujjatlarida rekreatsiya va zaxira hududlar sifatida belgilangan yashil hududlar rekreatsiya funksional zonasiga ajratib chiqarilishi kerak.
439. Yashil hududlardan funksional foydalanish turi ularning maqsadi, holati, qiymati va rejalashtirish tizimida egallagan oʻrnidan kelib chiqib belgilanishi kerak.
Aholining yashil maydonlarga boʻlgan ehtiyojlari ushbu SHNQga muvofiq hisoblanishi kerak.
2-§. Mintaqaviy rekreatsiya tizimlari
440. Rekreatsiya hududlari rivojlanishini aholi punktlari tizimlarining rejaviy tuzilmasidan, mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan kelib chiqib ularni oʻzlashtirish muddatlariga bogʻliq boʻlmagan holda amalga oshirilishi lozim.
441. Rekreatsiya maqsadlari uchun hudud tanlash, rekreatsiya hududini funksional zonalashtirish va meʼmoriy-rejaviy tashkil etish tabiiy zaxiralar majmuini baholash asosida amalga oshirilishi kerak.
442. Baholash ishlari kurort zaxiralari, manzaralar, sanitariya-gigiyenik xususiyatlar, muhandislik-qurilish sharoitlari, hududlardan joriy foydalanilishini tahlil qilish asosida bajarilishi lozim.
443. Rekreatsiya hududlarining chegaralari geografik obyektlar va tabiiy toʻsiqlar (togʻ tizmalari, daryolar, koʻllar, avtomobil yoʻllari) boʻyicha, tarkibiga milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar va buyurtma qoʻriqxonalarni tashkil etish uchun yaroqli tabiiy hududlarni kiritgan holda belgilash lozim.
444. Rekreatsiya hududlariga boʻlgan ehtiyoj hisoblari va turli rekreatsiya zonalarida bir dam oluvchi uchun maydon normasidan kelib chiqib quyidagi 31-jadval boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Izoh: Kasr suratida togʻ va togʻoldi hududlari uchun maxrajda suv havzalari yonidagi tekislik hududlari uchun normalar keltirilgan.
445. Kam suvli hududlarda dam olish joylarini tashkil etish maqsadida mavjud suv omborlarining sohillaridan foydalanish hamda sunʼiy havzalarni yaratish lozim.
Ular aholi punktlari tizimlarining asosiy shaharlari-markazlaridan 10 — 15 km doirasida joylashtirilishi kerak.
446. Sunʼiy havzalar sohillarida dam olish joylarini tuzilishi ushbu obyektlardan foydalanish talablariga javob berishi, yerlar rekultivatsiyasi, sayoz joylar va botqoqliklarni yoʻq qilish, suv havzalarini obodonlashtirish va tabiiy muhitni asrash tadbirlari amalga oshirilishi lozim.
447. Tabiiy va sunʼiy suv havzalari asosida tashkil etilgan plyajlarda bir vaqtning oʻzida tashrif buyuruvchilar soni plyajlarning bir vaqtning oʻzida yuklanish koeffitsiyentlari asosida quyidagicha hisoblanishi kerak:
sanatoriylar uchun — 0,6 — 0,8; dam olish va turizm muassasalari uchun — 0,7 — 0,9; bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlari uchun — 0,5 — 1,0; mahalliy aholi uchun umumiy foydalanish plyajlari — 0,2; mustaqil dam oluvchilar uchun — 0,5. Sohillarda tashkil etiladigan plyajlar sigʻimi suv almashuvi shartlariga rioya qilgan holda sunʼiy burunlar, koʻrfazlar va yarimorollarni tashkil etish yoʻli bilan oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
448. Har qanday turdagi rekreatsiya muassasasi uchastkasi chegarasidan boʻlgan masofani quyidagicha qabul qilish kerak, kamida, m:
turar joy uylarigacha — 500, rekonstruksiya sharoitida — 100; kommunal xoʻjalik muassasa va obyektlari, bazalar, omborlar va boshqalar — 500; I, II, III toifadagi avtomobil yoʻllarigacha — 500, IV toifa — 200; bogʻdorchilik shirkatlari hududlarigacha — 300.
449. Togʻli rekreatsiya zonalarining funksional tuzilishi muayyan tabiiy-shaharsozlik vaziyati, vertikal zonalashtirish, shuningdek hududdan foydalanishning moʻljallangan yoʻnalishini va ushbu SHNQning 4-ilovasini hisobga olgan holda tashkil etilishi lozim.
450. Togʻ sharoitlarida dam olish joylarini shakllantirishda funksional zonalar hududlari va yoʻl qoʻyiladigan rekreatsion yuklamasi nisbatining hisobiy koʻrsatkichlari quyidagi 32-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
451. Rekreatsiya zonalarida barcha dam oluvchilarning, nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek doimiy aholi ehtiyojlarini qondiruvchi ochiq va yopiq elementlardan iborat boʻlgan madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari tarmogʻi shakllantirilishi lozim.
452. Yopiq tarmoq muassasalari muntazam dam olish muassasalari tarkibida tashkil etilib, sanatoriylar, dam olish muassasalari va mehmonxonalarini loyihalashtirish SHNQ 2.08.02-23 va SHNQ 2.08.03-21 ga muvofiq hisoblanishi kerak.
453. Rekreatsiya hududlaridagi ochiq xizmat koʻrsatish tarmogʻini quyidagi 33-jadvalga koʻra loyihalashtirish lozim.
Izoh: Xizmat koʻrsatish tizimining har bir boʻgʻini rekreatsiya yuklamasi oʻzgarishlariga moslanishi lozim: xizmat koʻrsatish markazlari, tarmoqlari — mavsumiy, mahalliy elementlar — haftalik; obyektlarning maydalangan tarmogʻi — kundalik.
454. Rekreatsiya hududlarida aholi punktlari tizimining asosiy magistral yoʻllari bilan qulay aloqaga ega boʻlgan transport va piyodalar yoʻllarining yagona tizimini yaratish kerak.
Yoʻllar rekreatsiya hududidagi asosiy oqimlarini taqsimlovchi bosh yoʻllar hamda alohida dam olish muassasalariga xizmat qiladigan mahalliy yoʻllarga boʻlinishi lozim.
455. Tranzit avtomobil va temir yoʻllar dam olish joylarini kesib oʻtmasligi, ularni aylanib oʻtishi, dam olish maskanlari orqali transport magistrallarining oʻtkazilishini istisno qilish iloji boʻlmaganda, ularning sathi chuqurlashtirilishi, yer ostidan yoki osma yoʻloʻtkazgichlar orqali oʻtkazilishi kerak.
456. Rekreatsiya hududining maydoni katta boʻlganda, qatnov qismlari quyidagi kenglikda boʻlgan, harakat tezligi cheklangan avtomobil yoʻllari va yoʻl-soʻqmoq tarmogʻi loyihalanishi kerak, m:
shosse yoʻllari — 9; bosh yoʻllar — 5 — 7; ikkinchi darajali yoʻllar — 2,5 — 3,0; bosh yoʻlkalar — 7; soʻqmoqlar — 1,2 — 2,0.
3-§. Shahar atrofi rekreatsiya zonalari
457. Aholi punktlarining rekreatsiya tizimlarini shahar atrofi hududlarining rejaviy tuzilmasi yechimlari bilan uygʻunlikda loyihalashtirish kerak.
458. Shahar atrofidagi qisqa muddatli ommaviy dam olish maskanlarini joylashtirish dam olish oqimlarining koʻlamini hisobga olgan holda, ularga jamoat transportida yetib olish vaqti quyidagilardan oshmasligi lozim, min:
eng yirik va yirik shaharlar uchun — 60; katta va oʻrta shaharlar uchun — 40; kichik shaharlar va shaharchalar uchun — 30.
459. Qisqa muddatli ommaviy dam olish obyektlari (bundan buyon matnda dam olish maskanlari deb yuritiladi) hududlarining oʻlchamlari bitta tashrif buyuruvchiga kamida 500 — 1000 m² hisobidan olinishi, shu jumladan uning faol dam olish turlari uchun intensiv foydalaniladigan qismi bitta tashrif buyuruvchiga kamida 100 m² ni tashkil etishi kerak.
460. Alohida qisqa muddatli ommaviy dam olish zonasining maydoni kamida 50 ha, choʻl va yarim-choʻl hududlarda kamida 30 ha boʻlishi lozim.
461. Shahar atrofi rekreatsiya zonalarida yashil hududlar shakllantirilib, ular tarkibida quyidagilar joylashtirilishi kerak:
tabiiy sharoitlarda qisqa muddatli dam olish va turizm obyektlari va hududlar — rekreatsion-sogʻlomlashtirish oʻrmonlari va suv havzalari, shahar tashqarisidagi bogʻlar va oʻrmon bogʻlari, ochiq osmon ostidagi memorial va etnografik muzeylar, tarixiy-madaniy majmualar; tarkibida dam olish maskanlari, pansionatlar, sanatoriy-kurort majmualari, motel va kempinglar, plyajlar, sport inshootlari, sayyohlik, ov va baliqchilik bazalari, sport-sogʻlomlashtirish oromgohlari, bogʻdorchilik shirkatlari boʻlgan aralash, qisqa muddatli va uzoq muddatli dam olish zonalari; uzoq muddatli dam olish, turizm va kurort zonalari, davolash-profilaktika muassasalari (tegishli tabiiy-davolash omillari mavjud boʻlganda), qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internatlari;
462. Shahar atrofi rekreatsiya zonalari mavjud oʻrmonlar negizida yoʻl-soʻqmoq tarmogʻini oʻtkazish, kichik meʼmoriy shakllar va dam olish moslamalari bilan jihozlash orqali shakllantirilishi kerak.
463. Shahar tashqarisidagi bogʻlarda hududining 8 — 12 foizgacha boʻlgan qismi, oʻrmon bogʻlarda hududining 4 foizgacha boʻlgan qismi yoʻl-soʻqmoq tarmogʻi uchun ajratilishi lozim.
464. Rekreatsiya hududlariga dam oluvchilar yuklamasi quyidagilardan oshmasligi kerak, kishi/ha:
shahar tashqarisidagi bogʻlar uchun — 50; yaylov bogʻlari uchun — 15; oʻrmon bogʻlari uchun — 10.
465. Aholining har xil turdagi va shakllardagi dam olishga boʻlgan ehtiyojining normativ hisobi quyidagi 34-jadval boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Izohlar: 1. Jadvalda yozgi yakshanba kunlari qisqa muddatli dam oluvchi shaharliklarning shahar aholisi soniga nisbatan ulushi taqsimoti tabaqalashtirilgan hisobda keltirilgan. 2. Surat va maxrajda shahar muhitining yuqori va sust urbanizatsiyalashgan shaharlar uchun dam oluvchilarning taqsimlanishi mos ravishda keltirilgan. 3. Shahar tashqarisidagi rekreatsiya hududlari uchun dam oluvchilarning almashish koeffitsiyentini — 1, shahar ichida esa 2 dan koʻp boʻlmagan deb olish kerak. 4. Bir vaqtning oʻzida dam oluvchi shahar va qishloq aholisi sonining nisbatini mavsumdan qatʼi nazar, uzoq muddatli dam olish uchun 6:1 deb olinishi kerak.
466. Shaharlar tashqarisidagi ommaviy dam olish muassasalari va kurort-rekreatsiya zonalari SanQvaN 0198-06 talablari asosida loyihalashtirilishi lozim.
467. Kurort zonalari va dam olish zonalarida joylashgan plyajlar hududining oʻlchamlari bitta tashrif buyuruvchi quyidagicha qabul qilinishi kerak, kamida, m2:
yirik suv omborlari va koʻllarda — 5; daryo va koʻllarda — 8; daryo va koʻllarda (bolalar uchun) — 4.
468. Qishloq xoʻjaligi uchun foydalanishga yaroqli boʻlgan yerlarda joylashgan daryo va koʻl plyajlari oʻlchamlarini bitta tashrif buyuruvchi uchun 4 m2 hisobidan kelib chiqib qabul qilish lozim.
469. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus davolash plyajlari hududining oʻlchamlari bitta tashrif buyuruvchi uchun 8 — 12 m2 hisobidan kelib chiqib qabul qilinishi kerak.
470. Bir tashrif buyuruvchi uchun plyaj qirgʻogʻining minimal uzunligi quyidagicha qabul qilinishi kerak, kamida, m:
yirik suv omborlari va koʻllarda — 0,2, daryo va koʻllarda — 0,25.
471. Rekreatsiya zonalari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda rekreatsiya, dam olish, sogʻlomlashtirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan omborxonalar, sanoat, ishlab chiqarish, kommunal va boshqa obyektlarning yangilarini qurish va mavjudlarini kengaytirishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
Bunday hududlarda tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash maqsadida shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinishi hamda muhofaza qilish va foydalanish rejimlari oʻrnatilishi kerak.
472. Estetik va madaniy-tarbiyaviy ahamiyatga ega yuqori darajada saqlanib qolgan tabiiy landshaftlar hududlarida milliy va tabiat bogʻlarini shakllantirish kerak.
473. Milliy va tabiat bogʻlarini meʼmoriy-hajmiy jihatdan tashkil etishda ularning hududlarini qoʻriqxona, qoʻriqxona-rekreatsiya, rekreatsiya va xoʻjalik zonalariga ajratgan holda ulardan ilmiy, madaniy-maʼrifiy va rekreatsiya maqsadlarida foydalanish lozim.
4-§. Aholi punktlarining rekreatsiya zonalari va koʻkalamzorlashtirilgan (yashil) hududlari
474. Aholi punktlari hududlaridagi turli maqsadlardagi yashil maydonlarning ulushi (yashillik darajasi), shu jumladan turar joy yoki aralash qurilish hududlarida, mavze (daha, mahalla)larning umumiy koʻkalamzorlashtirilganlik darajasi kamida 25 foizni tashkil etishi kerak.
Alohida turuvchi bino va inshootlar yoki ularning majmualari hududlari bino (inshoot)larning qurilish maydonining 30 foizidan kam boʻlmagan maydoni koʻkalamzorlashtirilgan (daraxt ekilgan) boʻlishi lozim.
Toshkent shahri hududida qurilishi rejalashtirilayotgan balandligi yer yuzasidan 12 m va undan yuqori yoki umumiy maydoni 500 m2 va undan katta boʻlgan yakka tartibdagi uy-joylar, shuningdek umumiy hajmi 300 m3 va undan ortiq boʻlgan noturar joy binolari (sanoat obyektlari bundan mustasno) loyihalashtirilayotganda bino umumiy maydonining har 100 kvadrat metriga kamida bitta daraxt va ikkita buta koʻchatlari ekilishi lozim.
475. Funksional maqsadlarga koʻra aholi punktlarining yashil hududlari quyidagilarga boʻlinishi lozim:
umumiy foydalanishdagi — rekreatsion, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar (agar shahar tumanlarga boʻlingan boʻlsa, shahar va tuman ahamiyatga ega boʻlgan istirohat bogʻlari, xiyobonlar), shahar oʻrmonlari, dam olish zonalari, suv boʻyidagi qisqa muddatli dam olish joylari, umumshahar va viloyat ahamiyatiga ega markazlari jamoat joylarining yashil hududlari; cheklangan foydalanishdagi — sanoat, kommunal-omborlar, maʼmuriy-biznes, ilmiy-taʼlim, savdo-maishiy, tibbiy-sogʻlomlashtirish, sport va koʻngilochar, madaniy-maʼrifiy, diniy binolar atrofidagi yashil hududlar; maxsus maqsadlar uchun — botanika bogʻlari, dendrologik bogʻlar, sanitariya-muhofazasi zonalari va sanitariya oraliqlari chegaralarida joylashgan yashil hududlar, eroziyaga qarshi va yoʻl chetidagi dov-daraxtlar maydonlari; turar joy hududlarining koʻkalamzorlashtirilgan hududlari; aholi punktlari koʻchalarining qizil chiziqlari chegarasida joylashgan dov-daraxtlar maydoni; zaxira hududlar — shaharsozlik hujjatlari bilan belgilangan, aholi punktining yashil hududlari tizimini takomillashtirish uchun keyinchalik obodonlashtirilishi rejalashtirilgan yashil hududlar; aholi punktining obodonlashtirilmagan hududlari — shaharsozlik hujjatlari bilan qurilish uchun belgilangan hududlar.
476. Aholi punktlarining rekreatsiya zonalariga shahar oʻrmonlari, xiyobonlar, istirohat bogʻlari, shahar bogʻlari, hovuzlar, koʻllar, suv havzalari, plyajlar egallagan hududlar, shuningdek dam olish, turizm, jismoniy tarbiya va sport maqsadlari uchun moʻljallangan boshqa hududlar kiritilishi lozim.
477. Shahar va qishloq aholi punktlari chegaralarida alohida muhofaza qilinadigan hududlar zonalari ajratilishi, ularning tarkibiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ilmiy, tarixiy-madaniy, rekreatsion va sogʻlomlashtirish qiymatiga ega boʻlgan yer uchastkalari kiritilishi kerak.
478. Istirohat bogʻlariga jamoat transportida yetib olish vaqti (transportni kutish vaqtini hisobga olmaganda) shahar bogʻlariga — 30 min dan va tuman bogʻlariga — 20 min dan koʻp boʻlmasligi lozim.
479. Hayvonot bogʻlari rekreatsiya zonalari tarkibida joylashtirilishi kerak. Hayvonot bogʻlari chegaralaridan turar joy va jamoat binolarigacha boʻlgan masofa sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq boʻlishi, lekin 50 m da kam boʻlmasligi kerak.
480. Istirohat bogʻlari va xiyobonlarini joylashtirishda mavjud dov-daraxtlar hamda suv havzalari boʻlgan hududlar saqlab qolinishi lozim.
481. Istirohat bogʻlari va xiyobonlarning maydonlarini quyidagicha qabul qilish lozim, kamida, ha: shahar bogʻlari — 15, rejaviy tumanlar bogʻlari — 10, turar joy tumanlari bogʻlari — 3, xiyobonlar — 0,5.
Rekonstruksiya sharoitida bogʻ va xiyobonlarning maydonlarini 20 foizgacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
482. Sayilgohlar piyodalarning ommaviy harakati yoʻnalishlarida loyihalanishi kerak.
Koʻchaning oʻqi boʻylab joylashgan bitta yoʻlakli sayilgoh (bulvar, alleya)larning kengligi 18 m dan, koʻchaning bir tomonida (yoʻl va bino oʻrtasida) joylashganda esa 10 m dan kam boʻlmasligi lozim.
483. Sayilgohlar ularning uzunligi va kengligi, koʻchaning koʻndalang kesimidagi joylashuvi koʻchaning meʼmoriy-rejaviy yechimi va ularning qurilishini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
Sayilgohlarda qisqa muddatli dam olish joylari boʻlishi lozim.
484. Noqulay landshaft-iqlim sharoitida joylashgan aholi punktlari bogʻlarining maydonini sayilgohlar sonini va ularning uzunligini oshirish hisobiga qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
485. Bino va inshootlardan hamda obodonlashtirish obyektlaridan daraxtlar va butalargacha boʻlgan masofa quyidagi 35-jadval boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Izohlar: 1. Keltirilgan normalar shox-shabbasi 5 m gacha boʻlgan daraxtlarga tegishli boʻlib, kattaroq daraxtlar uchun oshirilishi kerak. 2. Elektr uzatish havo tarmoqlaridan daraxtlargacha boʻlgan masofa Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalarining II boʻlimiga muvofiq qabul qilinishi kerak. 3. Binolar yaqinida ekiladigan daraxtlar turar joy va jamoat xonalarining meʼyorlangan insolyatsiyasiga toʻsqinlik qilmasligi lozim.
486. Aholi punktlari hududida joylashgan umumiy foydalanishdagi yashil hududlar (istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar) maydoni quyidagi 36-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar: 1. Kurort shaharlarda umumiy foydalanishdagi umumshahar yashil hududlarning maydoni 50 foizgacha oshirilishi kerak. 2. Choʻl va yarim-choʻl hududlarda, choʻl-saxro vohalarda hamda quruq yerlarda joylashgan aholi punktlarda umumiy foydalanishdagi yashil hududlarning maydoni 20-30 foizgacha oshirilishi kerak. 3. Oʻrmonlar, yirik daryolarning qirgʻoqboʻyi mintaqalarida va suv havzalari yaqinida joylashgan oʻrta va kichik shaharlar, shaharchalar hamda qishloq aholi punktlarida umumiy foydalanishdagi yashil hududlarning maydonini 20 foizgacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi. 4. Kengligi 1 km dan ortiq sanitariya-muhofaza zonalari tashkil etilishi talab etiladigan korxonalar joylashgan shaharlarda yashil hududlarning maydonini kamida 15 foizga oshirilishi kerak.
487. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda mavjud shahar oʻrmonlari hududlari shahar oʻrmon bogʻlariga aylantirilishi va ushbu SHNQning 36-jadvalida keltirilgan yashil hududlarga qoʻshimcha ravishda bir kishiga 5 m2 hisobidan qoʻshimcha hisoblanishi kerak.
488. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda shahar hamda tuman ahamiyatiga ega istirohat bogʻlaridan tashqari ixtisoslashgan bolalar, sport, koʻrgazma, hayvonot va botanika bogʻlari tashkil qilinishi kerak.
489. Bolalar bogʻlarining oʻlchamlari sport maydonchalari va inshootlarning maydonlarini qoʻshgan holda 0,5 m²/kishi hisobidan qabul qilinishi lozim.
490. Istirohat bogʻlari va xiyobonlar maydonlarini quyidagicha qabul qilish lozim:
shahar istirohat bogʻlari — 15 ha; rejaviy tumanlar istirohat bogʻlari — 10 ha; turar joy tumanlari istirohat bogʻlari — 3 ha; xiyobonlar — 0,5 ha.
Rekonstruksiya sharoitida ularning maydonini kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
491. Istirohat bogʻlari hududlarining kamida 70 foizni koʻkalamzorlashtirilgan hududlar tashkil etishi kerak.
492. Umumiy foydalanishdagi yashil hududlar obodonlashtirilishi va kichik meʼmoriy shakllar (favvoralar, hovuzlar, zinalar, rampalar, tirgak devorlar, soyabonlar, koʻshklar, lampalar) bilan jihozlanishi lozim.
493. Rekreatsiya hududlarida yoʻl-soʻqmoq tarmogʻi (yoʻl, sayilgoh, yoʻlak), piyodalar harakatining asosiy yoʻnalishlari, jamoat transporti bekatlari, oʻyin va sport maydonchalarigacha eng qisqa masofalarni aniqlagan holda, kichik qiyaliklar bilan tanlanishi kerak.
Yoʻlaklar kengligining karraligi 0,75 m (bir kishilik yoʻlak kengligi)ga teng boʻlishi kerak.
494. Nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojini inobatga olgan holda quyidagilar taʼminlanishi lozim:
yoʻlaklar yoritilgan boʻlishi hamda boʻylama qiyaligi — 8 ‰ dan, koʻndalang qiyaligi — 2 ‰ dan koʻp boʻlmasligi; yoʻlaklar kengligi 1 m dan kam boʻlmasligi.
Bunday yoʻlaklarning har 100 — 150 m da dam olish va nogironlik aravachalarni burib (qaytarib) olish maydonchalari boʻlishi kerak.
495. Aholi punktlarini loyihalash va qurishda atmosfera havosi sifatini saqlash (PM2.5, PM10) hamda mikroiqlimni yaxshilash maqsadida aholi punktlari atrofida shamol yoʻnalishini va tezligini hisobga olgan holda shamoldan himoya qiluvchi ihotazorlar barpo etilishi lozim.
496. Himoya ihotazorlarning eni kamida quyidagicha boʻlishi kerak:
eng yirik va yirik shaharlar uchun — 500 m; katta va oʻrta shaharlar uchun — 100 m;
kichik shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punktlari uchun — 50 m.
497. Moʻtadil iqlimli hududlarda himoya ihotazorlarning eni 25 foizgacha qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi.
5-§. Dam olish va kurort zonalari
498. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarkibida tibbiy shifobaxsh omillarga, qulay mikroiqlim, landshaft va sanitariya-gigiyena sharoitlariga ega boʻlgan yerlarda davolash-sogʻlomlashtirish zona (sanatoriy, kurort)lar ajratib chiqarilishi kerak.
499. Bu hududlarda sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish, dam olish va sayyohlik muassasalari, davolanuvchilar va dam oluvchilarga xizmat koʻrsatish muassasalari va korxonalari, shuningdek kurort zonalari markazlarini shakllantiruvchi kurort bogʻlari va umumiy foydalanishdagi yashil hududlar va plyajlar joylashtirilishi lozim.
500. Yangi loyihalanayotgan sanatoriy, kurort va sogʻlomlashtirish muassasalari hududlaridan kurort va dam olish obyektlariga xizmat koʻrsatishga daxli boʻlmagan obyektlargacha masofalar quyidagicha qabul qilish kerak, kamida, m:
turar joy va jamoat binolari, kommunal xoʻjalik obyektlari va omborxonalargacha — 500; xoʻjalik obyektlari va omborxonalargacha rekonstruksiya sharoitida — 200; bogʻdorchilik shirkatlari qurilmalarigacha — 300; umumiy foydalanishdagi temir yoʻllargacha — 500; avtomobil yoʻllarigacha, toifalari: I — 500; II va III — 300; IV — 200; V — 50.
501. Istirohat bogʻlari, oʻrmonli bogʻlari, shahar oʻrmonlari hududlariga bir vaqtning oʻzida tashrif buyuruvchilarning hisobiy soni quyidagicha qabul qilish lozim, koʻpi bilan, kishi/ha:
shahar istirohat bogʻlari uchun — 100; dam olish zonasi istirohat bogʻlari uchun — 70; kurort istirohat bogʻlari uchun — 50; oʻrmon bogʻlari uchun (oʻtloq bogʻlari, gidrobogʻlar) — 10; shahar oʻrmonlari uchun — 1 — 3.
502. Tashrif buyuruvchilar soni bir vaqtning oʻzida 10 — 15 kishi/ha boʻlganda ularning harakatini tashkil etish uchun yoʻl-soʻqmoq tarmogʻi, oʻrmonning yalanglik chekkalarida tuproqni himoyalovchi ekinlar ekilishi, tashrif buyuruvchilar soni bir vaqtning oʻzida 50 kishi/ha va undan ortiq boʻlganda oʻrmon landshaftini bogʻ landshaftiga aylantirish ishlari loyihalarga kiritilishi kerak.
503. Kurort zonalarining umumiy foydalanishdagi hududlari maydoni sanatoriy, kurort va sogʻlomlashtirish muassasalari sigʻimidan kelib chiqib qabul qilinishi lozim:
kurort zonalari markazlari uchun 10 m2/kishi; yashil hududlar uchun 100 m2/kishi hisobidan.
504. Choʻl va yarim-choʻl hududlarda, shuningdek shakllanib boʻlgan togʻli kurortlarning umumiy foydalanishdagi yashil hududlari maydonini 30 foizgacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
505. Dam olish maskanlari, sanatoriy va kurortlar daryolar va suv omborlari qirgʻoqlarida joylashtirishda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya-muhofazasi zonalarida yerdan foydalanish va xoʻjalik faoliyatini yuritish boʻyicha oʻrnatilgan rejimga rioya etish lozim.
506. Rekreatsiya zonalarida ularning ekologik, sanitariya-gigiyenik va dam olish vazifalarini bajarishiga zid boʻlgan obyektlar joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
507. Ommaviy qisqa muddatli dam olishi zonalari sanatoriylardan, bolalar va oʻsmirlar uchun dam olish oromgohlaridan, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun sanatoriya-sogʻlomlashtirish muassasalaridan, bogʻdorchilik shirkatlaridan, umum foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan kamida 500 m, dam olish uylaridan esa kamida 300 m masofada joylashtirilishi kerak.
508. Oʻrmon bogʻlari, dam olish hamda kurort zonalari hududida avtoturargohlar boʻlishi lozim.
509. Plyajlar, xizmat koʻrsatish obyektlari va dam olish maskanlaridan avtoturargohlargacha masofa 500 m dan oshmasligi kerak.
Dam olish maskanlaridan avtoturargohlargacha eng kam masofa 50 m, plyajlardan esa — sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq boʻlishi kerak.
510. Kurort zonalarini loyihalashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
sanatoriy-kurort muassasalarini shovqin darajasi maqbul boʻlgan hududlarda joylashtirilishini; bolalar uchun sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalarini kattalar uchun moʻljallangan muassasalardan kengligi 100 m dan kam boʻlmagan koʻkalamzor tasmalar bilan ajratilishini; davolanuvchilar va dam oluvchilarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish va kommunal-omborxona obyektlarini, turar joy va jamoat binolarini olib chiqishni; transport harakatini cheklash va kesib oʻtuvchi transportning tranzit harakatini istisno qilishni.
511. Sanatoriya-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalarining xizmat koʻrsatuvchi xodimlari yashaydigan turar joylarni ularning ishlash joyigacha yetib borish uchun zarur boʻlgan vaqti sarfi 30 min atrofida boʻlishini taʼminlangan holda, kurort hududidan tashqarida joylashtirish lozim.
512. Kurort zonasida joylashgan bir xil turdagi va ixtisosligi boʻyicha yaqin boʻlgan sanatoriya-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalarini tibbiy, madaniy-maishiy va xoʻjalik xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha markazlashtirish va yagona meʼmoriy-hududiy majmualarga birlashtirish lozim.
513. Dam olish va kurort zonalari uchun tabiiy va sunʼiy suv havzalari asosida tashkil etiladigan plyajlarda bir vaqtning oʻzida tashrif buyuruvchilar soni mazkur SHNQning 457-bandi talablariga muvofiq hisoblanishi kerak:
Plyajlar suv havzasidan 100 m gacha kenglikdagi hududda joylashganda 30 — 40 kishi/ha rekreatsion yuklamani taʼminlash darajasida obodonlashtirilishi kerak.
Yaylov-oʻtloqli plyajlar uchun rekreatsiya yuklamasi 75 — 100 kishi/ha, qumli plyajlar uchun — 1000 kishi/ha hisobidan olinishi kerak.
10-bob. Qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar
514. Aholi punktlarining chegaralari chizigʻi doirasida haydaladigan yerlar, bogʻlar, tokzorlar, polizlar, pichanzorlar, yaylovlar va boshqa yer maydonlari, shuningdek qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan binolar va inshootlar egallab turgan, qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalarga ajratiladi.
515. Qishloq aholi punktlarining ishlab chiqarish zonalarida, ularning ishlab chiqarish ixtisosiga muvofiq, qishloq xoʻjaligi korxonalarini hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini birlamchi, toʻliq va tizimli qayta ishlash korxonalar guruhlari yoki ayrim kichik korxonalarni joylashtirish lozim.
516. Qishloq xoʻjaligi va boshqa qayta ishlash korxonalari, bino va inshootlarni qishloq aholi punktlarining ishlab chiqarish zonasida joylashtirishda ularning orasida texnologik loyihalashning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari hamda yongʻinga qarshi normalari talablaridan kelib chiqib, shuningdek QMQ 2.09.01-19 talablarini hisobga olib yoʻl qoʻyiladigan eng kichik masofalar belgilanishi lozim.
517. Chorvachilik majmualari va fermalar hududida hamda ularning sanitariya-muhofaza zonalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarni, umumiy ovqatlanish va ularga tenglashtirilgan obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
518. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini va boshqa obyektlarni joylashtirishda tuproqning, yerusti hamda yerosti suvlarining, yuzaki suv toʻplash joylarining suv havzalari va atmosfera havosining ifloslanishiga qarshi choralar koʻrilishi lozim.
11-bob. Maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar
519. Maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar foydalanilishi aholi punktlari hududiy zonalarining boshqa turlaridan foydalanishga toʻgʻri kelmaydigan dafn qilish joylari, chorva mollari koʻmiladigan joylarni, maishiy chiqindilar tashlanadigan axlatxonalarni va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun ajratilishi lozim.
520. Maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar aholi punktlari hududlaridan tashqarida joylashtirilishi lozim.
521. Maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar uchun SanQvaN 0103-25ga muvofiq sanitariya-himoya zonalari oʻrnatilishi kerak.
12-bob. Harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar zonalari
522. Harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar zonalarida alohida rejim belgilanadigan obyektlar joylashtirilishi kerak.
523. Harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlarning chegaralaridan 50 m gacha boʻlgan masofada bino va inshootlar loyihalanmasligi, mazkur harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlarning chegaralaridan 50 m dan soʻng, bino va inshootlarning balandligini 15 m gacha loyihalanilishi lozim.
Agar bino va inshootlar balandligi 15 m dan oshirilganda har bir metr balandlik uchun mos ravishda masofa ham 1,5 m ga uzaytirilishi kerak. Bino va inshootlar portlash xavfi mavjud obyektlargacha 400 — 5000 m masofada loyihalanishi zarur.
13-bob. Shahar atrofi zonalari
524. Shahar atrofi zonalari shaharlar chegaralaridan tashqaridagi, shahar bilan yagona ijtimoiy, tabiiy, xoʻjalik jihatdan uygʻunlashib ketgan hududni tashkil etadi.
525. Shahar atrofi zonalari tarkibiga quyidagi hududlar ajratilishi lozim:
shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlari hududlari; aholi punktlariaro hududlari (shaharni rivojlantirish uchun zaxira hududi); jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun yer uchastkalari; aholi dam olish joylari va shahar atrofi rekreatsiya zonalari; qishloq xoʻjaligini yuritish uchun moʻljallangan yerlar; muhandislik, transportga oid infratuzilmalar obyektlari yerlari; muhofaza va sanitariya-gigiyena vazifalarini bajarish uchun moʻljallangan yerlar.
526. Quyidagi sanoat, kommunal, omborxona obyektlari shahar atrofi zonalarida joylashtirilishi kerak:
ayrim ajratilgan omborlar; davlat zaxiralari omborlari; neft va neft mahsulotlarining 1-guruh omborlari; neft va neft mahsulotlarining tushirib-ortish omborlari; suyultirilgan gaz omborlari; kuchli taʼsir qiladigan zaharli moddalarning tayanch omborlari; oziq-ovqat, yem-xashak va sanoat xomashyolari tayanch omborlari; portlovchi moddalar omborlari; oʻrmon va qurilish ashyolarining tayanch omborlari.
527. Shahar atrofi zonalarida aholi punktlarini koʻchat materiallari bilan taʼminlashni hisobga olib, daraxt va butalar koʻchatxona (pitomnik)lari hamda gul-oranjereya xoʻjaliklari tashkil etilishi kerak.
528. Koʻchatxonalar maydoni aholi punktining umumiy foydalanishdagi yashil hududlari va sanitariya-muhofazasi zonalari oʻlchamlaridan kelib chiqib 3 — 5 m2/kishi hisobidan qabul qilinishi kerak. Koʻchatxonalarning maydoni kamida 80 ha boʻlishi lozim.
529. Gul-oranjeriya xoʻjaliklarining umumiy maydonini 0,4 m2/kishi hisobidan qabul qilinishi kerak.
14-bob. Aholiga xizmat koʻrsatish infratuzilmalari
1-§. Umumiy talablar
530. Aholiga xizmat koʻrsatish tizimlari aholi punktlarining aholini joylashtirish tizimidagi ahamiyatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan turli tipdagi majmualardan shakllantirilishi kerak.
531. Poytaxtlarda hamda viloyat markazlari boʻlgan shaharlarda xizmat koʻrsatish majmualari tarkibiga xalqaro tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlash imkoniyatiga ega milliy ahamiyatga molik obyektlar (teatrlar, muzeylar, sanʼat va savdo koʻrgazma majmualari, sport inshootlari va bazalari, tashqi va ichki savdoning brend korxonalari, modalar uylari, yuqori toifali mehmonxonalar) kiritilishi lozim.
532. Viloyatlararo ahamiyatga ega shaharlar uchun xizmat koʻrsatish majmualari har bir hududning xususiyatlarini hisobga olgan holda, viloyat markazlarining xizmat koʻrsatish obyektlaridan uzoqda joylashgan aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha bir qator funksiyalarni takrorlashi kerak.
533. Tuman markazlari boʻlgan shaharlarda xizmat koʻrsatish majmualari tumanning kichik shaharlari, shaharchalar va qishloq aholi punktlari aholisiga epizodik, davriy va kundalik ehtiyojlari boʻlgan xizmatlarning standart toʻplamini koʻrsatishni taʼminlaydigan oddiy statsionar va koʻchma obyektlar tarmogʻini shakllantirishi lozim.
534. Kichik shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punktlarida xizmat koʻrsatish majmualari transportdan foydalangan holda yetib olish imkoniyati doirasida boʻlgan, aholi punktlari va ularga tutash hududlarning maʼmuriy chegaralarida yashovchi aholi uchun davriy va kundalik ehtiyojlari boʻlgan xizmatlarning barcha turlarini taʼminlaydigan xizmat koʻrsatish obyektlarini oʻz ichiga olishi kerak.
535. Xizmat koʻrsatish majmualarini rivojlanish parametrlari, aholi punktining funksional-hududiy tuzilishi va ularning tarkibiy-rejalashtirish elementlarini aniqlashda ushbu SHNQning 5-ilova koʻrsatkichlarini inobatga olgan holda, quyidagilar hisobga olinishi lozim:
aholi punktining rejaviy tuzilmasi, funksional zonalashtirish xususiyatlari va jamoat joylarining mahalliylashganligini; aholi sonining dinamikasi va ijtimoiy-demografik tarkibini; turli muassasa va korxonalarning ijtimoiy hamda hududdagi joylashuvi qulayligini; obyektlarning tarkibi, ularning joylashuvi, funksiyalarining rivojlanish darajasi, moddiy-texnika bazasining holati va mulk turlarini.
2-§. Aholiga xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlari
536. Aholiga xizmat koʻrsatish aholining toʻlaqonli yashash muhitiga boʻlgan huquqini roʻyobga chiqarishga xizmat qiluvchi, taʼlim, ijtimoiy, madaniy, maishiy, tibbiy, savdo, umumiy ovqatlanish va kommunal xizmat turlarini koʻrsatish, telekommunikatsiya, aloqa, shuningdek sport inshootlari va moliya muassasalari tomonidan koʻrsatilishi lozim.
537. Aholiga xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlari aholining asosiy qismi istiqomat qiladigan va ish joylariga yaqin hududlarda, jamoat markazlarida hamda jamoat transporti tizimi bilan bogʻlangan holda, piyodalar va transport vositalaridan foydalanish doirasida joylashtirilishi kerak.
538. Aholiga xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlari ularga yetib olish qulayligi boʻyicha:
kundalik ehtiyojlar uchun — piyoda 30 min dan koʻp boʻlmagan; davriy ehtiyojlar uchun — transportdan foydalangan holda 30 min dan oshmaydigan masofada joylashtirilishi kerak.
539. Aholiga kundalik xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlarining xizmat koʻrsatish radiuslari quyidagi 38-jadval boʻyicha, ularning binolari va yer uchastkalari chegarasidan koʻchalarning qizil chiziqlari va boshqa binolargacha boʻlgan masofalar esa mazkur SHNQning 39-jadvali boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Izohlar: 1. Jadvalda koʻrsatilgan radiuslar nogironligi boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, shuningdek gimnaziyalar, litseylar, alohida fanlarni oʻrganish markazlariga hamda nodavlat taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi. 2. Choʻl va yarim choʻl zonalarda hamda murakkab relyefli hududlarda jadvalda koʻrsatilgan radiuslarni 20 foizgacha oʻzgartirishga yoʻl qoʻyiladi.
39-jadvalXizmat koʻrsatish muassasa va korxonalarining binolari(yer uchastkalari)Xizmat koʻrsatish muassasalari va tashkilotlarining binolari (yer uchastkalari)dan masofa, mQizil chiziqqachaUy-joylar devorigachaMaktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, davolash muassasalari binolarigachashahar aholi punktlaridaqishloq aholi punktlaridaMaktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari,(bino devorigacha)2510insolyatsiya va yoritish normalariga koʻraYongʻin qutqaruv depolari1010--Ikkilamchi xomashyo qabul punktlari--2050Qabristonlar66SanQvaN 0103-25 boʻyichaPoliklinika, dispanser va shifoxonalar 66SanQvaN 0020-22 boʻyicha
3-§. Taʼlim muassasalari va tashkilotlari
540. Taʼlim tashkilotlari aholining taʼlim, mehnat, estetik va jismoniy tarbiyaga kundalik ehtiyojin taʼminlash tizimlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari (umumiy turdagi, koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan, inklyuziv guruhlarga ega boʻlgan hamda qoʻshma turdagi); umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari (boshlangʻich taʼlim, tayanch oʻrta taʼlim va oʻrta taʼlim muassasalari, litseylar, gimnaziyalar, oʻquv-pedagogik majmualar va boshqalar); professional taʼlim tashkilotlari (kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar); maktabdan tashqari taʼlim muassasalari (bolalarning boʻsh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport yoʻnalishidagi maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari); jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish markazlari; yoshlar uchun oʻquv, madaniyat va dam olish markazlari; oliy taʼlim tashkilotlari (bakalavriat va magistratura bosqichi); oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari (oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar, tayanch doktorantura — falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) va doktorantura — fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun taʼlim shakli).
541. Kichik shaharlar, shaharchalar va tuman markazlarida maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari sigʻimi yondosh hududlardagi qishloq aholi punktlaridan keladigan bolalarni hisobga olgan holda aniqlanishi lozim.
4-§. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari
542. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining sigʻimi aholining demografik tarkibidan kelib chiqib, maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qamrab olish darajasi 1 — 5 yoshdagi bolalarni — 85 foiz, 5 yoshdan katta bolalarni esa — 100 foiz miqdorda qabul qilinishi kerak.
543. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun yer uchastkalari maydoni 1 oʻrin hisobidan quyidagi oʻlchamlarda qabul qilinishi kerak, m2:
100 oʻringacha — 40; 100 oʻrindan ortiq — 35; turar joy binolari ichiga qoʻshib qurilganda — 29. yakka tartibdagi uy-joylarda joylashtiriladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun — 12.
544. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va ularning hududlari SHNQ 2.08.02-23ga muvofiq loyihalanishi kerak.
545. Sogʻlomlashtirish, maxsus hamda nogironligi boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari SHNQ 2.08.07-22ga muvofiq joylashtirilishi lozim.
546. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining sigʻimlarini maktabgacha yoshdagi bolalarni qamrab olinishi koʻrsatkichlari, sogʻlomlashtirish va maxsus muassasalar demografik maʼlumotlarga hamda quyidagi 40-jadvalga muvofiq hisoblanishi lozim.
547. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tizimiga idoraviy va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ham kirishiga yoʻl qoʻyiladi.
5-§. Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari va maktab-internatlar
548. Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining quvvatlari bolalarni qamrab olishni hisobga olgan holda belgilanishi lozim, bunda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining boshlangʻich va tayanch oʻrta taʼlim bosqichlari uchun — 100 foiz, oʻrta taʼlim bosqichi uchun — 75 foiz.
549. Umumiy oʻrta (oʻrta maxsus) taʼlim tashkilotining hududida har bir taʼlim oluvchi uchun ajratiladigan umumiy maydoni oʻlchamlari quyidagi 41-jadvaliga muvofiq belgilanishi lozim.
550. Ixtisoslashtirilgan va maxsus maktablar (matematika, tillar, aniq fanlar), gimnaziyalar, litseylar, shuningdek nodavlat taʼlim tashkilotlarining sigʻimlari oʻquvchi oʻrin soni hisobidan qabul qilinishi kerak.
551. Maktab-internatlarning sigʻimi muayyan sharoitlardan kelib chiqib loyihalash topshirigʻi bilan belgilanishi kerak.
552. Aholi punktlaridagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi quyidagi yechimlardan biri asosida loyihalashtirilishi lozim:
oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻiga ulash;
oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻi mavjud boʻlmagan holda oqova suvlarni olib chiqib ketish yoki infiltratsiyali tizimga ulash.
553. Maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari sigʻimi hamda uchastkalar maydoni oʻlchamlari quyidagi 42-jadvalga muvofiq qabul qilinishi kerak.
554. Maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini bolalarning turar joyiga piyoda yetib olish yaqinligini hisobga olib joylashtirish kerak. Yirik maktablar negizida bolalar uchun madaniy-hordiq va jismoniy-sogʻlomlashtirish markazlari (toʻgaraklari)ni yaratishga yoʻl qoʻyiladi.
555. Qishloq aholi punktlarida maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari aholi punktida joylashgan maktablar va madaniyat markazlar tarkibida joylashtirilishi lozim. Yirik qishloq aholi punktlarida maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari qishloqlar guruhini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
6-§. Professional taʼlim, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari
556. Professional taʼlim tashkilotlari (PTT) yirik va katta shaharlarda, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari (OTT) esa eng yirik va yirik shaharlarda loyihalashtirish topshirigʻiga koʻra joylashtirilishi kerak.
OTTning oʻqituvchilari va xizmat koʻrsatish xodimlarining soni shaharni shakllantiruvchi guruh tarkibida hisobga olinishi lozim.
557. Professional taʼlim tashkilotlarining sigʻimi umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini tugatgan oʻquvchilar sonining 25 foizi miqdorida hisobga olinishi kerak.
PTTning oʻqituvchilar va xizmat koʻrsatish xodimlari shaharni shakllantiruvchi guruh tarkibida hisobga olinishi zarur.
558. PTT va OTT uchun yer uchastkalari maydoni taʼlim yoʻnalishdan va talabalar sonidan kelib chiqib mazkur SHNQning 43 va 44-jadvallari boʻyicha hisoblanishi, rekonstruksiyasi sharoitida ularning yer uchastkalari maydoni 30 foizgacha kamaytirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
559. Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi OTTning oʻquv xoʻjaliklari (qishloq xoʻjaligi dalalari, tajriba uchastkalari, poligonlar) oʻquv binolaridan alohida joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Ularning maydonlari loyihalashtirish topshirigʻi bilan belgilanishi kerak.
7-§. Davolash-profilaktika muassasalari
560. Davolash-profilaktika muassasalari sigʻimi va uchastkalarining oʻlchamlari hisob koʻrsatkichlari SanQvaN 0020-22 hamda quyidagi 45-jadval boʻyicha qabul qilinishi kerak.
Izohlar: 1. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari davlat tibbiyot muassasalariga qoʻshimcha hisobga olinishi kerak. 2. Qishloq aholisiga xizmat koʻrsatish uchun mahalliy va tuman shifoxonalari boʻlishi lozim. 3. Bir yer uchastkasida bir necha statsionar joylashganda uchastka maydoni umumiy sigʻimidan kelib chiqib hisoblanishi kerak. Eng yirik va yirik shaharlarda rekonstruksiya hududlarida, relyefda, koʻkalamzorlashtirish va qurilish uchun noqulay sharoitlarida shifoxonalar uchun yer uchastkalari maydonini 25 foizgacha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi. Shahar atrofi zonalarida joylashtiriladigan shifoxonalarning uchastkalari maydonini 25 foizgacha oshirishga yoʻl qoʻyiladi. 4. Sigʻimi 400 koykagacha boʻlgan shifoxona yer uchastkasini 50 foizgacha oshirishga yoʻl qoʻyiladi. 5. Statsionar va poliklinika (dispanser) yer uchastkalari oʻlchamlari bitta davolash-profilaktika qilish muassasasiga birlashtirilganda tegishli normalar boʻyicha olinishi kerak. 6. Shaxsiy davolash muassasalari yer uchastkalari oʻlchamlari davlat davolash-profilaktika muassasalari normalari boʻyicha olinishi kerak. 7. Davolash-profilaktika muassasalarining joylashuvi, hisob normalari va yer uchastkasi oʻlchamlari SanQvaN 0020-22 boʻyicha olinishi kerak.
https://neolex.uz/uz/laws/law-7029601
