28-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga doir masalalarni hal qilish tartibi toʻgʻrisida (431-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga doir masalalarni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari rayosatlariga ushbu Qonunga ilova qilingan roʻyxatda koʻrsatilgan hujjat va maʼlumotnomalar topshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlarining rayosatlari maʼmuriy-hududiy boʻlinishda ushbu Qonunga muvofiq yuz bergan oʻzgarishlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga har oyda xabar berib turadilar.
Maʼmuriy-hududiy birliklar va aholi punktlarini tuzish, tugatish, ularga nom berish, nomini oʻzgartirish, aholi punktlarini shaharlar, shahar posyolkalari toifasiga oʻtkazish, qayta tuzish va ularning boʻysunishini oʻzgartirish, Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlar, nohiyalar, shaharlardagi nohiyalar, qishloqlar, ovullar chegaralarini oʻzgartirish hamda ularning maʼmuriy markazlarini koʻchirish, aholi punktlarini birlashtirish, hisobga olish va qayd etish, shaharlar va shahar posyolkalarining chegaralarini belgilash va kengaytirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining farmonlari, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari rayosatlarining qarorlari “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi”da eʼlon qilinishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
431-XII-son
