13-modda. Davlat statistika organlarining huquqlari
Davlat statistikasi toʻgʻrisida (920-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Davlat statistika organlari:
moliya, bank, bojxona hamda boshqa idoralar va xizmatlardan, jamoat birlashmalaridan va tashkilotlardan, jismoniy shaxslardan davlat statistika hisobotini va davlat statistika kuzatuvi oʻtkazish uchun boshqa zarur maʼlumotlarni (maʼlumotlar tayyorlash qaysi jarayonda ekanligidan qatʼi nazar), shuningdek hisobotga ilova qilinadigan tushuntirishlarni berishni talab qilish va belgilangan tartibda bepul olish hamda ulardan foydalanish;
respublika hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda statistika maʼlumotlarining dastlabki tarzda roʻyxatga olinishini va ularning qay darajada aniq ekanligini tekshirish;
olinayotgan statistika maʼlumotlari qay darajada toʻliq va xolis ekanligini tekshirishning mustaqil ekspertizasini tashkil etish va oʻtkazish;
davlat statistikasi va u bilan bogʻliq maʼlumotlarni dastlabki tarzda roʻyxatga olish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga zid boʻlgan idoraviy hujjatlarning amal qilishini aniqlangan qoidabuzarliklarga barham berilguniga qadar toʻxtatib qoʻyish;
boshqa davlatlar statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan belgilangan tartibda shartnomalar va bitimlar tuzish;
davlat statistika hisobotlari va boshqa kuzatuvlar uchun maʼlumotlar taqdim etmagan yoxud maʼlumotlarni kechikib yoinki buzib taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda jarima solish choralarini qoʻllash;
bank muassasalaridan tadbirkorlik subyektlari, notijorat faoliyat bilan shugʻullanuvchi subyektlar va jamoat birlashmalari uchun schyotlar ochilganligi toʻgʻrisida axborotlar olish huquqiga egadir.
Davlat statistika organlari Oʻzbekiston Respublikasining hududida joylashgan barcha mulk shakllaridagi va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri yuritilishini yoʻlga qoʻyadilar, bu registrda yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyatini ifodalovchi statistika koʻrsatkichlarining majburiy tarkibi roʻyxatga olinadi.
Davlat statistika organlarining oʻz vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari barcha yuridik va jismoniy shaxslarning bajarishi uchun majburiydir.
