Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ishlar holati toʻgʻrisida (SQ-927-IV-son)
22.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan parlament nazorati doirasida Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati oʻrganildi.
Oʻrganish natijalari viloyat mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida qator ijobiy natijalarga erishilganini koʻrsatdi.
Xususan, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2024-yil 1-yanvar holatiga 99,8 mingtani, shundan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (yuridik shaxs) 56 mingtani, yakka tartibdagi tadbirkorlar 43,8 mingtani tashkil etgan.
Aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish darajasi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Kattaqoʻrgʻon shahri (26 kishiga 1 ta tadbirkor), Samarqand shahri (27/1) va Oqdaryo tumani (36/1) hissasiga toʻgʻri kelgan. Mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2023-yil boshidan 783,3 mingta xonadon xatlovdan oʻtkazilgan, daromad topishga harakat qilayotgan va ishlash istagida boʻlgan 298 ta xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 ta xonadon savdo va xizmat, 264 ta xonadon dehqonchilik va issiqxona, 123 ta xonadon bogʻdorchilik, 34 ta xonadon kichik ishlab chiqarish, 10 ta xonadon hunarmandchilik va 66 ta xonadon boshqa yoʻnalishlarda tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan.
Viloyatda hokim yordamchilari yordamida hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga jami 423,5 ming kishining bandligi taʼminlangan.
Viloyatda hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida oʻqish istagini bildirgan 28 024 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitilgan. Hokim yordamchilarining koʻmagi bilan jami 19 625 ta (12 055 ta YTT va 7 570 ta yuridik) tadbirkorlik subyekti tashkil qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan “Onlayn mahalla” platformasida 5 441 ta mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida 1, 27 trln soʻm (oʻz mablagʻi hisobidan 925,7 mlrd soʻm, bank krediti 331,7 mlrd soʻm) mablagʻ oʻzlashtirilib, 23 507 nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Ishsiz, kam taʼminlangan va kambagʻal oila aʼzolari boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlashiga koʻmak berish maqsadida Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2023-yilda 6 695 nafar fuqaroga 30,1 mlrd soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2023-yilda 51,2 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga 902 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan boʻlib, ushbu moliyaviy manbalar mahallalarda ishsizlar, yoshlar va xotin-qizlarning kichik ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalari boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda koʻmak boʻlgan.
Oʻrganish jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligi aniqlandi.
Viloyatda 2024-yilning 1-yanvar holatiga faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining soni 2023-yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan.
Viloyatda aholini tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish darajasi Pastdargʻom (58 kishiga 1 ta), Urgut (54/1 ta), Kattaqoʻrgʻon (53/1 ta) tumanlarida past.
Bundan tashqari, 2023-yilda hokim yordamchilarining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha viloyatning oʻrtacha koʻrsatkichi 77 ballni (100 baldan) tashkil etgan boʻlsa-da, Jomboy (70,8 bal) va Kattaqoʻrgʻon (73 bal) tumanlarida past natijalar qayd etilgan.
Shuningdek, viloyatda 87 ta mahalla hokim yordamchilarining faoliyati qoniqarsiz deb topilgan, xususan, Samarqand shahrida 18 nafar hokim yordamchisi, Urgut, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida 14 nafar, Pastdargʻom tumanida 11 nafar va Payariq, Toyloq tumanlarida 6 nafardan hokim yordamchisi ishlarni yetarli darajada tashkil etmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qaroriga asosan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan oilaviy kreditlardan maqsadli foydalanilishi va kreditlar samaradorligini monitoring qilish choralari koʻrilmaganligi tufayli hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ajratilgan 1,5 trln soʻmlik kreditning 72,3 mlrd soʻmi (4,9 foiz) muammoli kreditga aylangan.
Muammoli kreditlar Ishtixon tumanida (11,8 mlrd soʻm), Kattaqoʻrgʻon, Payariq va Paxtachi tumanlarida (6 mlrd soʻmdan ortiq) va Kattaqoʻrgʻon shahrida (5,1 mlrd soʻm) eng koʻp boʻlgan.
Shuningdek, Kattaqoʻrgʻon tumanida 8 nafar hokim yordamchisi, Oqdaryo, Urgut tumanlari va Samarqand shahrida 6 nafardan, Jomboy tumanida 5 nafar, Qoʻshrabot, Payariq, Paxtachi tumanlarida 4 nafardan hokim yordamchisi oilaviy tadbirkorlik uchun kredit ajratish soʻralgan murojaatlarni koʻrib chiqish muddatini buzgan.
Viloyatda hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlik maqsadida elektron onlayn-auksion orqali savdoga chiqarilgan 14 ta va ijaraga chiqarilgan 15 ta davlat mulki obyekti Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan asossiz ravishda rad etilgan.
Shuningdek, tahlillarga koʻra viloyatda tovar aylanmasi “nol” boʻlgan 13 mingdan ziyod korxonaning 1 136 tasida 46 mlrd soʻmdan koʻp tovar aylanmasi borligi, ishchi sonini umuman koʻrsatmagan 6 mingdan ziyod korxonaning 322 tasida jami 500 nafardan ortiq nolegal ishchilar ishlayotgani aniqlangan va ularning hisobidan bir yilda kamida 800 mln soʻm daromad soligʻi yoʻqotilgan.
Viloyatda agrar sohada aholini band qilish orqali uning daromadini koʻpaytirishga qaratilgan ishlarga toʻliq eʼtibor berilmagan. Jumladan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining Samarqand filiali tomonidan 70 ta mahallada 38 ta holatda suv taʼminoti muammoli boʻlgan 154 gektar yer maydoni auksionga chiqarilgan, natijada mazkur yer maydonlari uzoq muddatdan beri sotilmasdan qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-93-sonli Farmoniga muvofiq “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tegishli 1 igi boʻyicha hokim yordamchisi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 35 ta tadbirkorning arizasi muddatida koʻrilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-sonli qarori asosida joriy etilgan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi ijrosi doirasida kredit resurslaridan foydalanish darajasi past. 2024-yil 1-aprel holatiga dasturda ishtirok etish uchun kelib tushgan 12 990 ta arizadan atigi 287 ta arizaga (2,2 foiz) kredit mablagʻlari ajratilgan.
Shuningdek, bugungi kunda kompleks dasturida ishtirok etib, sertifikat olgan 609 nafar talabgorga bank kreditlari ajratilmagan. Jumladan, Biznesni rivojlantirish bankidan 188 ta talabgorga, Xalq bankidan 154 ta talabgorga, Mikrokreditbankdan 103 ta talabgorga, boshqa banklardan 164 ta talabgorga kreditlar ajratilmagan.
Viloyatda yangi tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha shahar va tumanlarning markaziy hududlaridan oʻtgan jami uzunligi 312,5 km boʻlgan kanalning 52 km qirgʻoq qismida xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish boʻyicha hokim yordamchilari tomonidan aniq takliflar kiritilmagan.
Viloyatda 2018-2019-yillarda tijorat maqsadi uchun 710 gektar boʻlgan 6 mingta yer maydoni sotilgan boʻlib, ularning 3 017 tasida, yaʼni 314,6 gektar maydonda (50,3 foiz) qurilish ishlari hanuzgacha boshlanmagan.
“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat oʻrnatilgan boʻlishiga qaramasdan, murojaatlarning 22 foizini (205 ta) koʻrib chiqish muddatlari buzilgan.
Xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarining ayrim yoʻnalishlarida belgilangan reja bajarilmagan. Jumladan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi oʻquv muassasalarida oʻqitilishi rejalashtirilgan 2 345 nafar xotin-qizdan faqatgina 15 nafari (0,6 foizi) oʻqishga jalb qilingan xolos.
Shuningdek, viloyatda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan 2 162 nafar xotin-qizning faqat 30 foizigina (659 nafariga) kredit olgan.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish borasida xalq deputatlari Nurobod tuman Kengashidan boshqa birorta ham tuman shahar kengashida joriy yilning aprel-may oylari davomida ushbu masala muhokama qilinmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyevning Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ishlar holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Samarqand viloyati hokimining birinchi oʻrinbosariga viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilsin.
3. Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Samarqand viloyati hokimligi:
viloyat mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlasin;
Samarqand shahri, Pastdargʻom, Payariq va Kattaqoʻrgʻon tumanlaridagi tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda sustkashlikka yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan taʼsirchan choralar qoʻllash masalasini koʻrib chiqsin;
ayrim sabablarga koʻra faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam berish, faoliyatini qayta tiklashi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda mavjud muammolarini hal etish boʻyicha barcha zarur ishlarni amalga oshirsin;
xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash borasida tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlari oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin;
viloyatda yangi tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun Kattaqoʻrgʻon shahri markazidan va Paxtachi tumanidan oʻtgan Narpay kanali hamda Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kattaqoʻrgʻon kirish kanali” qismida xizmat koʻrsatish va dam olish obyektlarini joylashtirish bilan bogʻliq mavjud imkoniyatlarni oʻrganib chiqib, ularni belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga elektron auksion orqali ijaraga berish choralarini koʻrsin;
mazkur Qaror va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotni joriy yilning 15-oktabriga qadar Oliy Majlis Senatiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi:
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi imkoniyatlaridan tadbirkorlar kengroq foydalanishini taʼminlash hamda hududlarda yangi ish oʻrinlari sonini koʻpaytirish maqsadida dastur ishtirokchilariga qoʻyilgan talablarni tegishli idora va tashkilotlar bilan birga qayta koʻrib chiqib, takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
hokim yordamchilarining faoliyati qoniqarsiz deb topilgan Samarqand shahrida, Urgut, Kattaqoʻrgʻon, Pastdargʻom, Payariq va Toyloq tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish yuzasidan tizimli ish tashkil etish choralarini koʻrsin;
Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda hududlarning xususiyatlari, “oʻsish nuqtalari” va salohiyatini inobatga olib, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqsin hamda uning bajarilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish boʻyicha oʻrganish oʻtkazib, mavjud muammolar va aniqlangan byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Davlat aktivlarini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda “Onlayn mahalla” elektron platformasining “E-ijara”, “E-auksion” hamda “K-SAVDO” avtomatlashgan axborot tizimlari bilan toʻliq integratsiya qilinishini taʼminlasin;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotni joriy yilning 15-oktabriga qadar Oliy Majlis Senatiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda aholini band qilish orqali daromadini oshirish maqsadida yashash punktlaridan uzoq joylashgan va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududdan aholiga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijara asosida elektron auksionga chiqariladigan yer maydonlarini ajratish choralarini koʻrsin.
7. Xalq deputatlari Samarqand viloyati, tuman va shahar Kengashlariga:
“Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy muhokama qilish;
tuman (shahar) mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish, xotin-qizlarni iqtisodiy faolligini oshirish, kasb-hunarga oʻqitish va ularni tadbirkorlikka jalb qilish hamda tadbirkorlar murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish hamda ularni hal etish boʻyicha muntazam choralar koʻrsin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 22-iyun,
SQ-927-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 22-iyundagi SQ-927-IV-sonli qaroriga ILOVA
Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
