Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3528-son)
10.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3528]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
15-mh-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2024-yil 25-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 10-iyuldagi 15-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universiteti (bundan buyon matnda TDYU deb yuritiladi) huzuridagi akademik litseylarda (bundan buyon matnda akademik litseylar deb yuritiladi) yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yakuniy davlat attestatsiyasi — oʻquvchilarning bilim, malaka va ulardan foydalanish koʻnikmasi darajasini davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiqligini kompleks baholash orqali oʻquvchilarga akademik litseyni tugatganligi toʻgʻrisida diplomni berish masalasini hal etuvchi taʼlim sifatini nazorat qilishning turi;
yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) — tegishli mutaxassisliklar boʻyicha tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish uchun akademik litsey xodimlari, TDYU, “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi (zaruratga koʻra turdosh taʼlim yoʻnalishi) mavjud boshqa oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari hamda hududiy adliya organlari vakillaridan iborat komissiya;
yakuniy davlat attestatsiya sinovlari (bundan buyon matnda attestatsiya sinovlari deb yuritiladi) — akademik litsey oʻquv rejasidagi tegishli fanlar majmui.
2. Quyidagilar yakuniy davlat attestatsiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻquvchilarning tegishli fanlar boʻyicha bilim va ulardan foydalanish koʻnikmasi darajasini davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiqligini kompleks baholash;
attestatsiya sinovlari yakuni boʻyicha akademik litseyni tugatganligi toʻgʻrisida oʻquvchiga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) berish masalasini hal etish.
2-bob. Komissiyani shakllantirish tartibi
3. Komissiya aʼzolari tarkibi kamida 7 kishidan iborat boʻlib, uning uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda komissiya vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya sinovlarini topshirishga tavsiya etilgan har bir fan boʻyicha alohida komissiya tuzilishi mumkin.
Komissiya aʼzolari tarkibining kamida oʻttiz foizini oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari tashkil etishi lozim.
Akademik litsey direktori (bundan buyon matnda direktor deb yuritiladi) komissiya tarkibini shakllantirish jarayonida manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.
4. Komissiya raisi yakuniy davlat attestatsiya boshlanishidan kamida bir oy oldin TDYU rektorining, komissiya aʼzolari esa direktor buyrugʻi bilan tayinlanadi.
5. Komissiya raisi akademik litseyda ishlamaydigan mutaxassis boʻlishi lozim. Bir shaxs ketma-ket akademik litseyda ikki martadan ortiq komissiya raisi boʻlishi mumkin emas.
Komissiya aʼzosi akademik litsey oʻquvchilariga oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda-anda boʻlgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotin, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari), basharti ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻlishiga bogʻliq boʻlsa, shuningdek manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Komissiya oʻz faoliyatini mazkur Nizom va oʻquvchilarning tayyorgarlik darajasi hamda taʼlim mazmuniga qoʻyilgan davlat taʼlim standartlari talablarini bajarishga yoʻnaltirilgan boshqa qonunchilik hujjatlariga tayangan holda olib boradi.
7. Yakuniy davlat attestatsiyasida fuqarolarni oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va ota-onalar vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.
8. Komissiya har yili yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish davridan boshlab keyingi oʻquv yili boshlangunga qadar faoliyat koʻrsatadi.
9. Direktor va direktor oʻrinbosarlari yakuniy davlat attestatsiyasini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishga hamda komissiyaning ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga masʼul hisoblanadi.
3-bob. Yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish
10. Yakuniy davlat attestatsiyasiga tegishli oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini toʻliq tugatgan va oʻquv rejasida nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar qoʻyiladi.
11. Attestatsiya sinovlarini topshirishga tavsiya etiladigan fanlar roʻyxati va oʻtkazish shakllari TDYU Kengashi tomonidan belgilanadi.
12. Attestatsiya sinovlarining tarkibiy qismlari va ularni oʻtkazish muddatlari oʻquv rejada belgilanadi.
13. Yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish jadvali direktor tomonidan yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin tasdiqlanadi.
14. Attestatsiya sinovlarining namunaviy savol va topshiriqlari mazmuni, hajmi va murakkablik darajasi tegishli fanning davlat taʼlim standartiga muvofiq oʻquv dasturida nazarda tutilgan materiallarni oʻquvchi tomonidan oʻzlashtirilganlik darajasini aniqlashga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart.
15. Attestatsiya sinovlarini oʻtkazish shakli toʻgʻrisidagi maʼlumot yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan 6 oy oldin oʻquvchilar eʼtiboriga yetkaziladi.
Chet tili (ingliz tili) fani boʻyicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga hamda umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat ega boʻlgan oʻquvchilar attestatsiya sinovlarini topshirishda tegishli fandan ozod etiladi va ularga mazkur fan boʻyicha maksimal ball beriladi.
16. Attestatsiya sinovlarining savollari oʻquv dasturlar mazmunini toʻliq qamrab olgan holda akademik litseyning oʻqituvchilari tomonidan shakllantiriladi. Savollar attestatsiya sinovlaridan 6 oy oldin ekspertizadan oʻtkazish uchun TDYUga taqdim etiladi. TDYU tomonidan savollar ular taqdim etilgan kundan eʼtiboran 20 ish kuni davomida ekspertizadan oʻtkaziladi va tegishli ekspertiza xulosalari akademik litseyga yuboriladi.
17. Attestatsiya sinovlarining savollari oʻquv dasturlari doirasida tuzilishi hamda attestatsiya sinovlari boshlanishidan kamida 1 oy oldin oʻquvchilarning eʼtiboriga yetkazilishi lozim.
18. Direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari oʻquvchilar sonidan kelib chiqib attestatsiya sinovlarining savollari variantlarini tuzadi va ularning oshkor etilmasligini taʼminlaydi.
19. Attestatsiya sinovlarini oʻtkazish jarayoni videotasvirga olish orqali amalga oshiriladi. Attestatsiya sinovlarining yuqori darajada ochiqlik va shaffofligini taʼminlash maqsadida ushbu jarayon videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan oʻquvchilarning ota-onalari tomonidan real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borish imkoni yaratiladi.
20. Attestatsiya sinovlariga mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitoblar, lugʻat, shpargalkalar va boshqa materiallar olib kirgan, attestatsiya sinovlari jarayonida ulardan foydalangan oʻquvchilar attestatsiya sinovlari oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi.
Belgilangan tartibni buzgan oʻquvchilar attestatsiya sinovlaridan chetlashtiriladi hamda komissiya aʼzolari tomonidan yakuniy davlat attestatsiyasidan chetlashtirish boʻyicha ushbu Nizomga ilovada koʻrsatilgan shaklda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
21. Attestatsiya sinovlari natijalari ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi.
Komissiya tomonidan attestatsiya sinovlari natijalariga koʻra topshiriqlarning 86 — 100 foizi toʻgʻri bajarilgan boʻlsa “aʼlo”, 71 — 85 foizi toʻgʻri bajarilsa “yaxshi”, 56 — 70 foizi toʻgʻri bajarilsa “qoniqarli” baholanadi.
Attestatsiya sinovlari natijalari boʻyicha oʻquvchi 55 va undan kam ball toʻplagan hollarda “qoniqarsiz” baholangan deb hisoblanadi.
22. Komissiyaning qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan, yigʻilishda ishtirok etuvchilarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan holda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
23. Attestatsiya sinovlari natijalari shu kunning oʻzida eʼlon qilinadi va komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan, Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi.
24. Oʻquvchi attestatsiya sinovlarining barchasidan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng unga akademik litseyni tugatganligi toʻgʻrisida davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) beriladi.
Oʻquv dasturlarini oʻzlashtirishda oʻquv rejasidagi barcha fanlarning kamida 4/5 qismi boʻyicha 86 ball va undan yuqori oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga erishgan (boshqa fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 71 balldan kam boʻlmagan), shuningdek attestatsiya sinovlarining har biri boʻyicha kamida 86 ball oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ega boʻlgan oʻquvchilarga aʼlo darajali diplom beriladi.
25. Attestatsiya sinovlarining biridan “qoniqarsiz” baholangan yoki uzrli sabablarga (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) koʻra attestatsiya sinovlarida ishtirok etmagan oʻquvchi boshqa attestatsiya sinovlarini topshirish huquqidan mahrum etilmaydi.
26. Uzrli sabablarga koʻra attestatsiya sinovlarida qatnasha olmagan oʻquvchilar direktor buyrugʻi bilan komissiya ishi yakunlanishiga qadar boshqa muddatlarda oʻtkaziladigan attestatsiya sinovlariga kiritiladi.
27. Akademik litseyning davlat taʼlim standartlariga muvofiq oʻquv dasturini bajargan, biroq yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etmagan yoki unda “qoniqarsiz” baholangan oʻquvchilar oʻqish muddati tugagandan soʻng, 3 yil ichida arizasiga muvofiq tegishli sinovni qayta topshirish huquqiga ega.
Bunda, direktor shaxsni yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirishga qoʻyish haqida buyruq chiqaradi.
Muddatli harbiy xizmatda boʻlgan vaqt, 3 yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun beriladigan taʼtil vaqti mazkur uch yillik muddatga kirmaydi.
28. Attestatsiya sinovlarini qayta topshirish muddatida attestatsiya sinovlaridan 3 yil ichida ham oʻta olmagan yoki attestatsiya sinovlarini qayta topshirish uchun murojaat qilmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq davlat taʼlim standartlari doirasida umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini mustaqil oʻzlashtirgan holda eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish huquqiga ega boʻladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.
4-bob. Attestatsiya sinovlari natijalarini apellyatsiya tartibida koʻrib chiqish
29. Oʻquvchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun direktor buyrugʻi bilan kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Attestatsiya sinovlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Attestatsiya sinovlarining natijasidan norozi boʻlgan oʻquvchilar attestatsiya natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda, Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchini shikoyat koʻrib chiqilishidan 2 kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
31. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
32. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
33. Apellyatsiya komissiyasi attestatsiya sinovlari jarayonida oʻquvchining bergan javoblarini ular aks etgan videotasvirlarni koʻrish orqali tekshiruvdan oʻtkazadi. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida oʻquvchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
attestatsiya sinovlarining natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
attestatsiya sinovlarining natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda oʻquvchining attestatsiya sinovlari natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
36. Apellyatsiya komissiyasining attestatsiya natijalariga oʻzgartirish kiritish va oʻquvchini attestatsiya sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori asosida oʻquvchiga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) beriladi.
37. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan oʻquvchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoida
38. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Yakuniy davlat attestatsiyasidan chetlashtirish haqidagi DALOLATNOMA ______________sh. “___” _________20___ yil Biz, quyida imzo chekuvchilar shuni tasdiqlaymizki, oʻquvchi ________________________________________________________________________________________________________________________________________ (F.I.O.) quyidagi sabablarga koʻra yakuniy davlat attestatsiyasidan chetlashtirildi: taqiqlangan vositalardan (uyali telefon, kompyuter hamda boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, lugʻat, kitob, shpargalka) foydalangan; taqiqlangan vositalarni (uyali telefon, kompyuter hamda boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, lugʻat, kitob, shpargalka) olib kirgan. ________________________________________________________________________________________________________________________________________ (nizomda koʻzda tutilgan boshqa holatlar Oʻquvchi tomonidan ______________________________________________________ talablari buzilgan. 1. Komissiya raisi ___________________________ __________________ (F.I.O.) (imzo) 2. Komissiya aʼzosi ___________________________ __________________ (F.I.O.) (imzo) 3. Komissiya aʼzosi ___________________________ __________________ (F.I.O.) (imzo)
Izoh: ushbu dalolatnoma yakuniy davlat attestatsiyasi hujjatlariga tikib qoʻyiladi.
