“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-250-son)
10.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-4931-son Farmoniga muvofiq “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish, Fargʻona viloyatida import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida:
1. Fargʻona viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasining:
Fargʻona viloyati, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi 1-ilovaga muvofiq jami 210,4 gektar, shundan 143,3 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;
ushbu qarorga 1-ilovadagi yer uchastkalari hisobiga “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Qoʻqon” EIZ) hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilayotgan hududi chegaralari tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Fargʻona viloyati hokimligi:
a) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududi bosh rejasining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin, bunda:
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” unitar korxonasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilansin;
bosh reja loyihasini ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga koʻra aniqlansin;
bosh rejani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Fargʻona viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari, Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin;
b) “Qoʻqon” EIZ uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer uchastkalari oʻrniga uch yil muddatda har yili teng ulushlarda 3-ilovaga muvofiq yangi yerlarni oʻzlashtirish va sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkazish orqali qoplash choralarini koʻrsin;
v) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 2026-yil oxiriga qadar “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududida kamida 1 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilishini, 11,7 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishini, yiliga 965 mln AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish, shundan 313,6 mln dollarini eksportga yoʻnaltirish boʻyicha quvvatlar ishga tushirilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududida:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmonining 3-bandida belgilangan tartibda bosqichma-bosqich ajratiladi;
infratuzilma obyektlarini qurish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq moliyalashtiriladi;
infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ajratiladigan yerlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligining oʻrnini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hamda Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududi tasdiqlangan bosh rejasiga asosan:
uch oy muddatda 2024-2025-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlanishi lozim boʻlgan obyektlar (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) roʻyxatini tasdiqlasin;
2024-yil 1-noyabrga qadar obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va oʻrnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi obyektlar roʻyxati tasdiqlangandan soʻng bir oy muddatda ularning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.
7. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududi bosh rejasi belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini oʻrnatsin.
8. Kadastr agentligi:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda yer uchastkalarining ushbu qarorga asosan yangi maqsadlar uchun ajratilishiga, shuningdek, yangi yerlarning sugʻoriladigan yerlar toifasiga kiritilishiga koʻra Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritib borsin;
yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy davlat nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov hamda Fargʻona viloyati hokimi X.X. Bozarov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
PQ-250-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 1-ILOVA
Fargʻona viloyati, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkaziladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 2-ILOVA
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilayotgan hududi chegaralari
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 3-ILOVA
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer uchastkalari oʻrniga Fargʻona viloyati Quvasoy shahri hududidan yangi oʻzlashtiriladigan yerlar va sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkaziladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
