Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakolatlari, vazifalari va funksiyalarining reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida (KQ-769-IV-son)
26.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Soʻnggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatlari kengaytirildi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari bir-biridan ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-28-sonli Farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik va ijro organlarining vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritildi, bir birini takrorlovchi funksiyalarni bekor qilish choralari belgilandi.
Shu bilan birga, mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarini bir-biridan ajratgan holda aks ettirish va tasdiqlash, shuningdek, mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi tomonidan mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestri ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi:
mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrining belgilangan tartibda yuritilishini tashkil etsin;
bir oy muddatda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrining “Kengash.gov.uz” elektron tizimiga kiritilishini taʼminlasin;
mahalliy Kengashlar deputatlari uchun mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestridan foydalanish tartibi yuzasidan oʻquv-seminarlar tashkil etsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 26-iyun,
KQ-769-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 26-iyundagi KQ-769-IV-sonli qaroriga ILOVA
Mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalari reyestrini (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) yuritish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va uning Kengashi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga asosan ishlab chiqilgan.
3. Reyestrni yuritishning asosiy maqsadi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vazifa va funksiyalarini (bundan buyon matnda vazifa va funksiyalar deb yuritiladi) tizimlashtirish, monitoring qilish va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona ochiq elektron axborot bazasini shakllantirish hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni Reyestrni shakllantirish va yuritish boʻyicha vakolatli organ (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonida ushbu vazifa Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Reyestrni shakllantirish va yuritish vakolatli organ tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “E-kengash” mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari portali — avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi (bundan buyon matnda elektron tizim deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
6. Elektron tizimdan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalliy Kengashlar kotibiyatlari xodimlari tomonidan foydalanish elektron raqamli imzo yoki “One ID” orqali amalga oshiriladi.
7. Reyestrdagi maʼlumotlar tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
Davlat siri va qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarni tashkil etadigan maʼlumotlar Reyestrga kiritilmaydi.
8. Reyestr davlat tilida yuritiladi.
9. Reyestrni shakllantirish va yuritish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Reyestrga kiritiladigan maʼlumotlar manbasi va turlari
10. Reyestr Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va uning Kengashi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalar asosida shakllantiriladi.
11. Reyestrga kiritiladigan maʼlumotlar quyidagi sohalarga boʻlinadi:
a) budjet, moliya va soliq siyosatiga oid vakolatlar;
b) hududiy dasturlarni tasdiqlashga oid vakolatlar;
d) mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarini lavozimga tasdiqlash va lavozimdan ozod etishga oid vakolatlar;
e) mansabdor shaxslarning hisobot va axborotlarini eshitish;
f) mahalliy davlat hokimiyatining faoliyatini tashkil etish sohasidagi vakolatlar;
g) mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etish sohasidagi vakolatlar;
h) mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini tashkil etish sohasidagi vakolatlar;
i) normativ tusdagi qarorlar qabul qilishga oid vakolatlar;
j) nazorat va nazorat-tahlil faoliyatiga doir vakolatlar;
k) maʼmuriy-hududiy tuzilish, chegara, geografik obyektlarni nomlash bilan bogʻliq vakolatlar;
l) mulkchilik, yer munosabatlari, xususiylashtirishga oid vakolatlar;
m) turli sohalarga oid boshqa vakolatlar:
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlar;
suv va suvdan foydalanish sohasidagi vakolatlar;
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi vakolatlar;
taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi vakolatlar
sogʻliqni saqlash va sanitariya-epidemiologik sohasidagi vakolatlar;
ijtimoiy himoya sohasidagi vakolatlar;
ijtimoiy sheriklik sohasidagi vakolatlar;
mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlar;
uy-joy, kommunal xoʻjalik
mudofaa, xavfsizlik va huquq-tartibot muhofazasi sohasidagi vakolatlar.
12. Quyidagi maʼlumotlar Reyestrda aks ettirilishi lozim:
vazifa va funksiyani qisqacha nomi;
vazifa va funksiyani belgilovchi normativ-huquqiy hujjat nomi va rekvizitlari;
belgilangan tartibda vazifa va funksiyani amalga oshirish yuklatilgan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organining rasmiy nomi va darajasi (xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashi).
13. Ushbu Nizomning 11- va 12-bandlariga muvofiq shakllantirilgan va Reyestrga kiritilgan har bir vazifa va funksiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan axborot tizimida qayd etiladi.
3-bob. Vazifa va funksiyalarga oid maʼlumotlarni Reyestrga kiritish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki Reyestrdan chiqarish tartibi
14. Vazifa va funksiyalarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat kuchga kirgan kundan boshlab 15 ish kuni davomida vakolatli organ axborot tizimidagi shaklni toʻldirish yoʻli bilan ushbu Nizomning 11- va 12-bandlari talablariga muvofiq vazifa va funksiyalarga oid maʼlumotlarni shakllantiradi.
15. Axborot tizimiga vazifa va funksiyalarga oid kiritilgan maʼlumotlarni vakolatli organ 3 ish kuni davomida ularning toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi.
16. Ushbu Nizomning 11- va 12-bandlari talablariga muvofiq vazifa va funksiyalarga oid maʼlumotlar toʻliq va haqqoniy boʻlgan taqdirda, vakolatli organ ushbu maʼlumotlarni tasdiqlaydi.
17. Vakolatli organ tomonidan vazifa va funksiyalarga oid maʼlumot tasdiqlangandan soʻng maʼlumotlar axborot tizimida aks ettiriladi.
18. Axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarni tekshirish natijasida ularda texnik koʻrinishdagi, shu jumladan, maʼlumotlar mazmunining oʻzgarishiga olib kelmaydigan xatoliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, mazkur xatoliklar vakolatli organ tomonidan axborot tizimi orqali bartaraf etilishi mumkin.
19. Vazifa va funksiyaga oid maʼlumotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki Reyestrdan ularni chiqarish uchun quyidagilar asos boʻladi:
vazifa va funksiyani belgilovchi normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi;
vazifa va funksiyani belgilovchi normativ-huquqiy hujjatning bekor qilinishi;
vazifa va funksiyani amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari oʻzgarishi.
20. Ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, vakolatli organ 3 ish kuni davomida vazifa va funksiyaga oid maʼlumotga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki uni Reyestrdan tashlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimidagi shaklni toʻldirish yoʻli bilan ushbu Nizomning 11- va 12-bandlari talablariga muvofiq shakllantiradi hamda Reyestrga kiritish uchun zarur choralar koʻradi.
Bunda:
vazifa va funksiyaga oid maʼlumotga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda, vakolatli organ kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning sanasi va mohiyati toʻgʻrisida Reyestrda tegishli belgi qoʻyadi;
Reyestrdan vazifa va funksiya chiqarilgan taqdirda, vakolatli organ vazifa va funksiyaga oid maʼlumotlarni Reyestrdan toʻliq chiqarmaydi, balki Reyestrga u bekor qilinganligi, shuningdek, mazkur vazifa va funksiya bekor qilingan sana va buning asosi toʻgʻrisida tegishli belgi kiritadi.
4-bob. Vakolatli organ va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining huquqlari va majburiyatlari
21. Vakolatli organ quyidagi huquqlarga ega:
mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini axborot tizimi orqali tizimli tahlil hamda monitoring qilish;
axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligini oʻrganib borish;
zaruratga koʻra mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining oʻziga xos boʻlmagan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, amalga oshirish mexanizmi mavjud boʻlmagan hamda takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini bekor qilish, shuningdek, ular faoliyatida byurokratik toʻsiqlar, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash.
Vakolatli organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
22. Vakolatli organ quyidagilarga majbur:
ushbu Nizom talablariga muvofiq vazifa va funksiyalarning Reyestrda qayd etilishi yoki undan chiqarilishi, shuningdek, ularga oid maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlash;
axborot tizimiga kiritilgan vazifa va funksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reyestrda qayd etishdan oldin ularning ushbu Nizom talablariga muvofiqligini tekshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Reyestrda qayd etilgan vazifa va funksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalana olishlarini taʼminlash.
Vakolatli organ zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Mahalliy Kengashlarning vakolatlari, vazifalari va funksiyalari reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakolatlari, vazifa va funksiyalari reyestrini yuritish
SXEMASI
Bosqichlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Axborot tizimiga vazifa va funksiyalarga oid maʼlumotni kiritish 15 ish kuni davomida 2-bosqich Axborot tizimiga kiritilgan vazifa va funksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻliqligi hamda haqqoniyligi yuzasidan ularni tekshirish va reyestrda qayd etish 3 ish kuni davomida 3-bosqich Vazifa va funksiyalarga oid maʼlumot toʻliq yoki haqqoniy boʻlmagan taqdirda, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqish, kamchiliklarni bartaraf etish hamda vazifa va funksiyalarga oid maʼlumotlarni axborot tizimiga qaytadan kiritish 2 ish kuni davomida 4-bosqich Vazifa va funksiyani belgilovchi normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganda yoki bekor qilinganda vazifa va funksiyaga oid maʼlumotga tegishli oʻzgartirish kiritish boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish va axborot tizimiga kiritish 3 ish kuni davomida 5-bosqich Vazifa va funksiyaga oid maʼlumotga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha maʼlumotlarni ushbu sxemaning 2- va 3-bosqichlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish 3 ish kuni davomida
