Mahallalarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-234-son)
25.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mahallalar obodligini taʼminlash, ularni saqlash va obodonlashtirish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda mahallalar hududida yashovchi aholini mahalla obodligiga keng jalb qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Fargʻona viloyati, Bagʻdod tumani, “Yuksalish” MFY tajribasi asosida joriy yil yakuniga qadar 1-ilovaga muvofiq mahallalarda, eksperiment tariqasida, xususiy sektor ishtirokida mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha tubdan yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha eksperiment doirasida:
mahallalarda mahalla obodligi bilan shugʻullanuvchi “Mahalla servis kompaniyasi” (keyingi oʻrinlarda — Servis kompaniyasi) faoliyati tashkil etiladi;
Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi;
mahalla fuqarolar yigʻini hamda Servis kompaniyasi oʻrtasidagi xizmat koʻrsatish shartnomasini tuzish, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladi;
Servis kompaniyasiga mahallalar binosi hududida bepul foydalanish huquqi asosida xonalar ajratiladi hamda 2-ilovaga muvofiq zarur texnik vositalar va uskunalar ularni soz va ishchi holatda saqlash sharti bilan bepul foydalanishga beriladi;
Servis kompaniyasiga ustuvor ravishda mahallada istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz, mavsumiy ishlarga chiqadigan fuqarolar jalb qilinadi;
Servis kompaniyasi hudud obodligini taʼminlash ishlarini mahalla fuqarolar yigʻinining buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiradi;
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tomonidan Servis kompaniyalarining reyestri yuritiladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Servis kompaniyalari faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida eksperiment doirasida:
mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq zarur texnik vositalar va uskunalar Uyushma tomonidan markazlashgan tartibda, istisno tariqasida maxsus axborot portalida eʼlonni joylashtirmasdan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda oʻtkazmasdan ichki tanlov savdolari asosida eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xarid qilinadi;
Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar Servis kompaniyasi tomonidan bajariladi, bunda toʻlovlar, istisno tariqasida, tender va tanlov savdolarini oʻtkazmasdan, maxsus axborot portalida tegishli axborotlarni joylashtirmasdan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda oʻtkazmasdan, mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladi;
mahalla aholisining obodonlashtirish va tozalik bilan bogʻliq muammolarini doimiy ravishda oʻrganish hamda bartaraf etish uchun mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan mahalla fuqarolar yigʻinlariga qoʻshimcha bir nafardan xodim ajratiladi.
Bunda, ushbu xodimlar shtatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar joriy yilda Uyushmaga 2024 moliya yili uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yil 1-yanvardan boshlab har yili budjet parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Servis kompaniyalari:
mahalla fuqarolar yigʻinining buyurtmasi asosida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish xizmatlarini bajaradi, ariqlar va sugʻorish tizimlarini tozalaydi, koʻchalarning tozaligini taʼminlaydi, koʻchatlar ekadi va parvarishlaydi;
shartnoma asosida ijtimoiy soha obyektlarida obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlarini koʻrsatadi;
shartnoma asosida chiqindilarni yigʻib saralaydi va chiqindi korxonalari tomonidan olib chiqib ketilishini tashkil etadi;
aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, 3-ilovaga muvofiq boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlarni koʻrsatadi.
5. Mazkur qarorga 1-ilovadagi mahallalar obodligini tashkil qilish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar belgilansin.
Bunda:
mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan texnik vositalar va uskunalarni xarid qilish, zarur hollarda Servis kompaniyalari uchun qoʻshimcha xona qurish hamda chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish xarajatlari uchun jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va maʼmuriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga oʻtkaziladigan olib qoʻyilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari boʻyicha undiriladigan mablagʻlardan (taqsimotidan avval) Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga 100 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi;
undirilgan mablagʻlar birinchi navbatda Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
mahallani obodonlashtirish ishlari uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2025-yil 1-yanvarga qadar har oyda 20 mln soʻmdan mablagʻ ajratiladi.
6. Belgilansinki, Servis kompaniyalari mahallani obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarish, shuningdek, mahalla aholisiga mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlarni koʻrsatish doirasida foyda, mol-mulk va yer soliqlari hamda ijtimoiy soliq toʻlovlarini toʻlashdan, shuningdek, Servis kompaniyasi ishchi xodimlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.
Uyushma Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Servis kompaniyalariga qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari boʻyicha Soliq kodeksiga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Kadastr agentligi tashkil qilinayotgan yangi tizimning samarali yoʻlga qoʻyilishini taʼminlash maqsadida bir oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq mahallalarga tutash boʻlgan hududlarda chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish uchun yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.
8. Mahalla va Servis kompaniyalari uchun bino-inshootlarni qurish boʻyicha buyurtmachi etib — Uyushma va uning hududiy boʻlimlari, pudratchi etib — Uyushma huzuridagi “Mahalla binolarini qurish va kapital taʼmirlash direksiyasi” MChJ belgilansin. “Mahalla binolarini qurish va kapital taʼmirlash direksiyasi” MChJga toʻgʻridan-toʻgʻri yordamchi pudrat tashkilotlarini yollash huquqi berilsin.
9. Uyushma, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda:
Servis kompaniyalari tomonidan faoliyat yuritish va xizmat koʻrsatish hamda ularni moliyalashtirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi nizomni;
“Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” tamoyili asosida yakka tartibdagi uy-joylarda istiqomat qilish va faoliyat yuritish qoidalarini tasdiqlashga oid qaror loyihasini;
b) 2025-yil 1-yanvarga qadar eksperiment natijasi boʻyicha xususiy sektor ishtirokida mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha yangi tizimni respublikaning barcha mahallalarida joriy etish boʻyicha taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Servis kompaniyasi bino-inshootlari hamda chiqindi yigʻish shoxobchalarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqib, Uyushmaga taqdim etsin hamda doimiy ravishda quriladigan obyektlar ustidan belgilangan tartibda davlat arxitektura nazoratini oʻrnatsin.
11. Uyushma bir oy muddatda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh.S. Hidoyatov hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Q.Q. Quranboyev belgilansin.
Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
PQ-234-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 1-ILOVA
“Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati tashkil etiladigan mahallalar roʻyxati
T/r Hudud nomi Tuman (shahar) nomi Mahalla nomi 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri “Jolshilar” MFY 2. Amudaryo tumani “Qipchoq” OFY 3. Beruniy tumani “Doʻstlik” OFY 4. Boʻzatov tumani “Qusxanatov” OFY 5. Kegeyli tumani “Juzim bagʻ” OFY 6. Qonlikoʻl tumani “Sari altin” OFY 7. Qoraoʻzak tumani A. Dosnazarov OFY 8. Qoʻngʻirot tumani “Xorazm” OFY 9. Moʻynoq tumani “Qiziljar” OFY 10. Nukus tumani “Taqirkoʻl” OFY 11. Taxiatosh tumani “Naymankoʻl” OFY 12. Taxtakoʻpir tumani “Qoraoy” OFY 13. Toʻrtkoʻl tumani “Ziyokor” MFY 14. Xoʻjayli tumani “Amudaryo” OFY 15. Chimboy tumani “Kenes” OFY 16. Shumanay tumani “Mamiy” OFY 17. Ellikqalʼa tumani “Tozabogʻ” OFY 18. Andijon viloyati Andijon shahri “Maʼrifat” MFY 19. Xonobod shahri “Teyit” MFY 20. Andijon tumani “Qoratut” MFY 21. Asaka tumani “Ergashobod” MFY 22. Baliqchi tumani “Navnihol” MFY 23. Buloqboshi tumani “Qumguzar” MFY 24. Boʻston tumani “Sarbon” MFY 25. Izboskan tumani “Birlashgan” MFY 26. Jalaquduq tumani “Doʻngqishloq” MFY 27. Marhamat tumani “Birlik” MFY 28. Oltinkoʻl tumani “Uyushin” MFY 29. Paxtaobod tumani “Navbahor” MFY 30. Ulugʻnor tumani “Sariqsuv” MFY 31. Xoʻjaobod tumani “Xidirsho” MFY 32. Shahrixon tumani “Choʻja” MFY 33. Qoʻrgʻontepa tumani “Sohibqiron” MFY 34. Buxoro viloyati Buxoro shahri “Otbozor” MFY 35. Kogon shahri “Mirzo Ulugʻbek” MFY 36. Buxoro tumani “Rabotak” MFY 37. Vobkent tumani “Kosari” MFY 38. Jondor tumani “Dalmunobod” MFY 39. Kogon tumani “Niyoz Xoji” MFY 40. Olot tumani “Gʻanchi Chandir” MFY 41. Peshku tumani “Zandane” MFY 42. Romitan tumani “Shoʻrcha” MFY 43. Shofirkon tumani “Dorigar” MFY 44. Qorakoʻl tumani “Qoraxoji” MFY 45. Qorovulbozor tumani “Boʻzachi” MFY 46. Gʻijduvon tumani “Qassobon” MFY 47. Jizzax viloyat Jizzax shahri “Qaliya” MFY 48. Arnasoy tumani “Yangiboʻston” MFY 49. Baxmal tumani “Tongotar” QFY 50. Gʻallaorol tumani “Xonimqoʻrgʻon” QFY 51. Sh. Rashidov tumani “Yangidiyor” MFY 52. Doʻstlik tumani “Qahramon” MFY 53. Zarbdor tumani “Toshkesgan” MFY 54. Zomin tumani “Qushtol” MFY 55. Zafarobod tumani “Boʻston” MFY 56. Mirzachoʻl tumani “Ipak yuli” MFY 57. Paxtakor tumani “Mingchinor” MFY 58. Forish tumani “Xonbandi” MFY 59. Yangiobod tumani “Sarmich” QFY 60. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Qilichbek qoʻrgʻoncha” MFY 61. Shahrisabz shahri “Miraki” MFY 62. Nishon tumani “Paxtazor” MFY 63. Kasbi tumani “Maymanoq” MFY 64. Gʻuzor tumani “Guliston” MFY 65. Muborak tumani “Sariq” MFY 66. Kitob tumani “Denov” MFY 67. Yakkabogʻ tumani “Chinobod” MFY 68. Qarshi tumani “Omontepa” MFY 69. Mirishkor tumani “Guliston” MFY 70. Shahrisabz tumani “Sarchashma” MFY 71. Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Gulbogʻ” MFY 72. Dehqonobod tumani “Oʻzbekiston” MFY 73. Koʻkdala tumani “Oltindala” MFY 74. Qamashi tumani “Kamay” MFY 75. Chiroqchi tumani “Navroʻz” MFY 76. Navoiy viloyati Navoiy shahri “Yoshlik” MFY 77. Gʻozgʻon shahri “Tumar” MFY 78. Zarafshon shahri “Yulduz” MFY 79. Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFY 80. Uchquduq tumani “Yoʻlchilar” MFY 81. Nurota tumani Gʻafur Gʻulom MFY 82. Karmana tumani “Oʻzbekiston” MFY 83. Konimex tumani “Toʻqqiztepa” MFY 84. Qiziltepa tumani “Soʻfiyon” MFY 85. Navbahor tumani “Qorovultepa” MFY 86. Xatirchi tumani “Zarafshon” MFY 87. Namangan viloyati Namangan shahri “Barkamol avlod” MFY 88. Davlatobod tumani “Orzu” MFY 89. Yangi Namangan tumani “Bunyodkor” MFY 90. Mingbuloq tumani “Tegirmonboshi” MFY 91. Kosonsoy tumani “Qoʻqimboy” MFY 92. Namangan tumani “Shoʻrqishloq” MFY 93. Norin tumani “Rovot” MFY 94. Pop tumani “Eski Toʻda” MFY 95. Toʻraqoʻrgʻon tumani “Zarbdor” MFY 96. Uychi tumani “Pastguzar” MFY 97. Uchqoʻrgʻon tumani “Qoʻgʻay” MFY 98. Chortoq tumani “Toʻpqayragʻoch” MFY 99. Chust tumani “Mustaqillik” MFY 100. Yangiqoʻrgʻon tumani “Boʻston” MFY 101. Samarqand viloyati Samarqand shahri “Xoʻja qishloq” MFY 102. Kattaqoʻrgʻon shahri “Goʻzalkent” MFY 103. Bulungʻur tumani Fozil Yoʻldosh MFY 104. Jomboy tumani “Guliston” MFY 105. Ishtixon tumani “Koʻtarma” MFY 106. Kattaqoʻrgʻon tumani “Kadan” MFY 107. Qoʻshrabot tumani “Zarkent” MFY 108. Samarqand viloyati Narpay tumani “Sarbozor” MFY 109. Nurobod tumani “Nurbuloq” MFY 110. Oqdaryo tumani “Yangiqoʻrgʻon” MFY 111. Payariq tumani “Turkibola” MFY 112. Pastdargʻom tumani “Mustaqillik” MFY 113. Paxtachi tumani “Amirobod” MFY 114. Samarqand tumani “Diyor” MFY 115. Toyloq tumani “Bogʻichinor” MFY 116. Urgut tumani “Kenagas” MFY 117. Surxondaryo viloyati Termiz shahri “Temiryoʻlchi” MFY 118. Angor tumani “Yuqori Xoʻjaqiya” MFY 119. Bandixon tumani “Birdamlik” MFY 120. Boysun tumani “Chilonzor” MFY 121. Denov tumani “Vodiy” MFY 122. Jarqoʻrgʻon tumani “Qorayontoq” MFY 123. Qumqoʻrgʻon tumani “Yangihayot” MFY 124. Qiziriq tumani “Buyuk kelajak” MFY 125. Muzrabot tumani “Chegarachi” MFY 126. Oltinsoy tumani “Xoʻjaipok” MFY 127. Sariosiyo tumani “Sangardak” MFY 128. Termiz tumani Sh. Rashidov MFY 129. Uzun tumani “Yangikuch” MFY 130. Sherobod tumani “Dehqonariq” MFY 131. Shoʻrchi tumani “Olatemir” MFY 132. Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Nurafshon” MFY 133. Shirin shahri “Nurobod” MFY 134. Yangiyer shahri “Binokor” MFY 135. Boyovut tumani “Tinchlik” MFY 136. Guliston tumani “Inoqlik” MFY 137. Mirzaobod tumani “T. Axmedov” MFY 138. Oqoltin tumani “Mustaqillik” MFY 139. Sardoba tumani “Doʻstlik” MFY 140. Sayxunobod tumani “Guliston” MFY 141. Sirdaryo tumani “Baxmal” MFY 142. Xovos tumani “Xovosobod” MFY 143. Toshkent viloyati Angren shahri “Gulzor” MFY 144. Bekobod shahri “Q. Farmonov” MFY 145. Nurafshon shahri “Qumariq” MFY 146. Olmaliq shahri “Chambil” MFY 147. Ohangaron shahri “Qoʻrgʻon” MFY 148. Chirchiq shahri “Kimyogar” MFY 149. Yangiyoʻl shahri “Yangihayot” MFY 150. Bekobod tumani “Ilgʻor” MFY 151. Boʻka tumani “Ezgulik” MFY 152. Zangiota tumani “Namuna” MFY 153. Qibray tumani “Navroʻz” MFY 154. Quyi Chirchiq tumani “Madaniyat” MFY 155. Oqqoʻrgʻon tumani “Navbahor” MFY 156. Parkent tumani “Kumushkon” MFY 157. Piskent tumani “Mingtepa” MFY 158. Toshkent tumani “Fayzobod” MFY 159. Chinoz tumani “Birlik” MFY 160. Yuqori Chirchiq tumani “Guliston” MFY 161. Boʻstonliq tumani “Daxana” MFY 162. Oʻrta Chirchiq tumani “Doʻstlik” MFY 163. Ohangaron tumani “Ungut” MFY 164. Yangiyoʻl tumani “Gʻalaba” MFY 165. Fargʻona viloyati Quvasoy shahri “Qoʻchqorchi” MFY 166. Margʻilon shahri “Bahrin” MFY 167. Qoʻqon shahri “Mingtut” MFY, 168. Fargʻona shahri “Simtepa” MFY 169. Beshariq tumani “Dehqontoʻda” MFY 170. Bagʻdod tumani “Yuksalish” MFY 171. Buvayda tumani “Elobod” MFY 172. Dangʻara tumani “Shodlik” MFY 173. Yozyovon tumani “Qoratepa” MFY 174. Quva tumani “Akbarobod” MFY 175. Oltiariq tumani “Yangihayot” MFY 176. Qoʻshtepa tumani “Shomirza” MFY 177. Rishton tumani “Qoshqayron” MFY 178. Soʻx tumani “Rovon” MFY 179. Toshloq tumani “Istiqlol” MFY 180. Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani “Kichik Oqmachit” MFY 181. Uchkoʻprik tumani “Bekobod” MFY 182. Fargʻona tumani “Yangi asr” MFY 183. Furqat tumani “Chirkay” MFY 184. Xorazm viloyati Urganch shahri “Gulshan” MFY 185. Xiva shahri “Lolazor” MFY 186. Bogʻot tumani “Yangiqadam” MFY 187. Gurlan tumani “Navbiryop” MFY 188. Qoʻshkoʻpir tumani “Oltinvoha” MFY 189. Urganch tumani “Oyoqbogʻ” MFY 190. Hazorasp tumani “Karvak” MFY 191. Xonqa tumani “Tayanch” MFY 192. Xiva tumani “Atajon Toʻra” MFY 193. Shovot tumani “Chigʻatoy” MFY 194. Yangiariq tumani “Doʻstlik” MFY 195. Yangibozor tumani “Istiqlol” MFY 196. Tuproqqalʼa tumani Y.Oxunboboyev MFY 197. Toshkent shahri Bektemir tumani “Iykota” MFY 198. Mirobod tumani “Qoʻyliqota” MFY 199. M. Ulugʻbek tumani “Chingeldi” MFY 200. Olmazor tumani “Ibroxim ota” MFY 201. Sergeli tumani “Qubaytepa” MFY 202. Uchtepa tumani “Koʻkcha-Oqtepa” MFY 203. Chilonzor tumani “Xontoʻpi” MFY 204. Shayxontohur tumani “Kattahovuz” MFY 205. Yunusobod tumani “Sharq haqiqati” MFY 206. Yakkasaroy tumani “Muqimiy” MFY 207. Yangihayot tumani “Jaloyir” MFY 208. Yashnobod tumani “Bunyodkor” MFY
Izoh: mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 2-ILOVA
“Mahalla servis kompaniyasi” uchun xarid qilinadigan zarur texnik vositalar va uskunalar
ROʻYXATI
T/r Texnik vositalar va uskunalar nomi Birligi Miqdori Talab etiladigan mablagʻning cheklangan miqdori (mln.soʻm) Jami 72,0 1. Elektr motoroller dona 2 50,0 2. Motokultivator dona 1 6,0 3. Dezinfeksiya uskunasi dona 1 0,5 4. Pulverizator (kompressori bilan) dona 1 2,0 5. Elektr generator dona 1 6,0 6. Motoarra dona 1 1,5 7. Bolgarka dona 1 0,5 8. Perforator dona 1 3,0 9. Drel dona 1 0,5 10. Shrupovyort dona 1 0,5 11. Payvandlash uskunasi dona 1 1,5
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 3-ILOVA
“Mahalla servis kompaniyasi” tomonidan mahalla aholisiga koʻrsatiladigan pulli xizmatlarning namunaviy
ROʻYXATI
T/r Xizmat turlari nomi 1. Elektrik xizmati 2. Santexnik xizmati 3. Yerga ishlov berish 4. Daraxtlarga shakl berish va ishlov berish 5. Maishiy texnikalarni taʼmirlash 6. Gilam yuvish 7. Payvandlash 8. Tandir va oʻchoq qurish 9. Uy-jihozlarini taʼmirlash (mebel) 10. Oyna va rom oʻrnatish 11. Quyosh paneli oʻrnatish 12. Quduq qazib berish 13. Yordamchi inshootlar qurish 14. Koʻmir tashish 15. Oqova handaqlari va oʻralar qazish, ularni tozalash 16. Uyni taʼmirlash 17. Isitish qozonlarini yasash va oʻrnatish 18. Moʻrilarni tozalash 19. Oʻt oʻrish 20. Koʻchat ekish va yetkazib berish 21. Hasharotlarga qarshi dorilash 22. Tegirmon xizmati 23. Devorlarga rang berish
Izoh: mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
