Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-tajriba stansiyalari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda yer resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (375-son)
02.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizdagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy salohiyatini tizimli oshirib borish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eksportbop meva va uzum navlarini yaratish, introduksiya qilish, intensiv koʻchatchilikni rivojlantirish, resurs tejaydigan ilgʻor agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish hamda ularning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Surxondaryo hamda Navoiy viloyatlari hokimliklarining Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut) ilmiy-tajriba stansiyalarida Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi mablagʻlari hisobidan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasida:
qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqqan 142 gektar yer maydonini qayta foydalanishga kiritish maqsadida elektr energiya tejaydigan zamonaviy nasos agregatini oʻrnatish va sugʻorish tarmoqlarini tiklash, meva hamda uzum navlarining intensiv koʻchatchiligini yoʻlga qoʻyish;
350 gektar yer maydonida intensiv mevali bogʻ va 200 gektar yer maydonida uzumzorlar barpo etish;
viruslardan holi, sogʻlom meva va uzum koʻchatlarini “in-vitro” usulida koʻpaytirish uchun zamonaviy laboratoriya hamda issiqxonalar tashkil etish;
50 gektar yer maydonida meva va uzum navlarining standartlarga javob beradigan koʻchatlarini yetishtirish;
300 gektar yer maydonida suv tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish;
b) Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida 200 gektar yer maydonining suv taʼminotini yaxshilash uchun elektr energiya tejaydigan zamonaviy nasos agregatini oʻrnatish va sugʻorish tarmoqlarini tiklash hamda uzum navlari koʻchatchiligini tashkil etish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Institut va uning tizimidagi ilmiy-tajriba stansiyalari yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash uchun 73 km uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarida taʼmirlash-tozalash ishlarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining mazkur qarorga ilovaga muvofiq Institutning Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasiga tegishli 217,8 gektar yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish hamda ushbu yer maydonlarida meva, uzum va sabzavot mahsulotlari yetishtirish maqsadida aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga shartnoma asosida oʻttiz yil muddatga ijara berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda meva, uzum hamda sabzavot mahsulotlarini yetishtirish maqsadida mazkur qarorga muvofiq Qiziriq tumani hokimligi zaxirasiga qaytariladigan yer maydonlarini ijaraga olish huquqini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar Institut hamda uning tizimidagi ilmiy-tajriba stansiyalariga qarashli barcha yer maydonlari, maʼmuriy va boshqa bino-inshootlarga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-iyul,
375-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-iyuldagi 375-son qaroriga ILOVA
Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasini tuman hokimligi zaxirasiga qaytariladigan yer maydonlari
ROʻYXATI
