Respublika valyuta jamgʻarmasi hisobidan chet el valyutasida kreditlar berish va ularni toʻlash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida (534-son)
03.11.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika valyuta jamgʻarmasi hisobidan chet el valyutasida kreditlar berishni tartibga solish va ularni toʻlanishini nazorat qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika valyuta jamgʻarmasi hisobidan chet el valyutasida kreditlar berish va ularni toʻlash tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
chet el valyutasidagi kreditlar Hukumatning qarorlariga qatʼiy rioya qilgan holda importning oʻrnini bosuvchi va eksportga moʻljallangan ustuvor ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga, oziq-ovqat xarid qilishga va boshqa birinchi navbatdagi ehtiyojlar uchun ajratilishini taʼminlasin;
berilgan kredit resurslaridan maqsadli foydalanish, ularning oʻzini qoplash va respublika budjeti oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 3-noyabr,
534-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 534-son qaroriga ILOVA
Respublika valyuta jamgʻarmasi hisobidan chet el valyutasida kreditlar berish va ularni toʻlash
TARTIBI
UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-maydagi 251-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika valyuta jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-apreldagi 195 - son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Respublika valyuta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet el valyutasidagi kreditlar respublika Hukumatining qarorlari asosida sarmoya qoʻyilmalarini mablagʻ bilan taʼminlashga, importning oʻrnini bosuvchi samarali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga hamda taqchil oziq-ovqat tovarlarni xarid qilishga beriladi.
Bunda Hukumat qarorlari chet el valyutasida kredit berish shartlari (summasi, muddati , foiz stavkasi va boshqalar) qayd etiladi.
Kreditlar qarz oluvchining mulkiy javobgarligi (garov majburiyatlari) ostida beriladi.
3. Xorijiy valyutadagi kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan mazkur Tartibning 2-bandiga muvofiq loyihani valyuta bilan oʻzini qoplash va uning xalq xoʻjaligi uchun ahamiyatini hisobga olgan holda 10 yildan koʻp boʻlmagan muddatga qarz oluvchi korxonaga u kreditdan foydalangan va uni tugagan davrda tushgan valyuta mablagʻlari hajmidan ortiq boʻlmagan summa (hisoblangan foizlar ham shu jumlaga kiradi) beriladi.
4. Chet el valyutasidagi kreditlar qarz oluvchi korxonalar kredit mol-mulk yoki mahsulot garovi, yuqori organ, sugʻurta kompaniyasi, vakil qilingan bankning kafolati bilan taʼminlangan taqdirda beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga kredit boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni qarzdor korxonaning Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi va boshqa vakil qilingan banklardagi schyotlariga toʻlov talabnomalari berish yoʻli bilan undirib olish huquqini beradi.
5. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va boshqa vakil qilingan banklar kreditni toʻlash muddati boshlanishidan 30 kun oldin qarzdor schyotidagi eng kam kunlik qoldiqning kreditorning majburiyatlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha barcha toʻlovlarni amalga oshirish uchun yetarli miqdorda boʻlishini taʼminlaydi.
6. Chet el valyutasidagi kreditlar Moliya vazirligi tomonidan kredit boʻyicha Qarzning toʻlanmagan qismiga chet el valyutasida foizlar hisoblangan holda odatdagi tijorat shartlarida beriladi.
Foiz stavkalari kredit berilayotgan korxonaning xalq xoʻjaligi uchun ahamiyatiga bogʻliq ravishda belgilanadi va ularning miqdori kredit berish paytida amalda boʻlgan yillik libordan kam boʻlmasligi kerak.
Foiz stavkalari kredit bitimida kelishilgan muayyan davrga belgilanadi va mana shu davr davomida amal qiladi, Kredit bitimi imzolangandan keyin berilgan kredit qarzdorning joriy valyuta schyotiga yuboriladi.
7. Qarz oluvchi korxona unga Respublika valyuta jamgʻarmasi tomonidan chet el valyutasida berilgan kreditdan qatʼiy maqsadli foydalanishi kerak.
II. KREDITLAR BERISh
8. Qarz oluvchi kredit olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslangan iltimosnoma bilan murojaat qiladi, Iltimosnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
a) kredit olishning maqsadi, soʻralayotgan kreditning summasi va muddati;
b) soʻralayotgan kredit hisobiga sotib olinadigan tovarlar va xizmatlardan foydalanishdan koʻriladigan iqtisodiy samara;
v) chet el valyutasidagi kreditni toʻlash manbalari.
Qarz oluvchi korxonaning iltimosnomasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) kreditni taʼminlash kafolati (garov shartnomasi, yuqori organ, sugʻurta kompaniyasi, vakil qilingan bankning kafolati);
b) kreditdan foydalanish va uni toʻlash, shuningdek kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash muddatlari jadvali;
v) raqobat varaqasi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat bankining xulosalari.
Zarur hollarda qarz oluvchidan kreditdan maqsadli foydalanishga uni toʻlashga va import qilinayotgan tovarlar va xizmat samaradorligiga tegishli boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar talab qilinishi mumkin.
9. Kredit ajratish toʻgʻrisida Hukumat qarori qabul qilingandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan qarz oluvchi korxona oʻrtasida kredit berish tartibini, undan foydalanishni, foizlarni hisoblash va qarz oluvchi korxonaning qarzlarini toʻlash shartlarini tartibga soluvchi kredit shartnomasi (ilovaga muvofiq imzolanadi).
Kredit shartnomasi: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan — Vazir yoki uning vakil qilingan oʻrinbosari tomonidan, qarz oluvchi korxona nomidan — qarz oluvchi korxona rahbari tomonidan imzolanadi.
III. KREDITLARNI TOʻLASh
10. Toʻlov muddati boshlangan kunda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tegishli bankka qarz oluvchi korxonaning kredit boʻyicha (asosiy qarz va foizlar boʻyicha) qarzlarni uning valyuta schyotiga toʻlash toʻgʻrisida toʻlov talabnomasi beradi.
11. Valyuta va soʻm schyotlarida zarur mablagʻlar boʻlmagan taqdirda toʻlanmagan kreditlar muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun biroq 30 kundan koʻp emas, berilgan kredit boʻyicha qoldiq soʻm — va foizlarning 0,1 foizi hisobidan penya hisoblangan holda chet el valyutasidagi kreditlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik hisobiga oʻtkaziladi.
30 kunlik muddat tamom boʻlgandan keyin, qarz oluvchining valyuta schyotida mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, kreditor qarzni qarz oluvchining mol-mulkidan undirib olish huquqiga yoki olingan kredit boʻyicha toʻliq hisob-kitob qilish uchun yetishmayotgan mablagʻlarning tegishli summasini kafilning tegishli schyotidan, valyuta mablagʻlarini soʻzsiz undirib olish huquqiga ega boʻladi.
IV.KREDITLARDAN FOYDALANISh VA ULARNI TOʻLAShNI NAZORAT QILISh
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xizmat koʻrsatuvchi banklar bilan birgalikda qarz oluvchi korxonalar tomonidan imzolangan kredit shartnomalari shartlari bajarilishi, chet el valyutasida berilgan kreditlardan maqsadli va oʻz vaqtida foydalanilishi, asosiy qarzning oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi, hisoblangan foizlarning toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshirdi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xizmat koʻrsatuvchi banklar bilan birgalikda yilning har choragida chet el valyutasida berilgan kredit hisobiga sotib olingan mashina va asbob-uskunalarni foydalanishga topshirishning belgilangan muddatlariga va ulardan foydalanish samaradorligiga qarz oluvchi korxona tomonidan rioya qilinayotganligini nazorat qiladi, shu jumladan joylarda tekshirishlar oʻtkazadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kredit shartnomalari boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan qarz oluvchi korxonalarga nisbatan:
bundan keyin kredit ajratishni toʻxtatib qoʻyish (kredit qismlarga boʻlib berilgan taqdirda);
berilgan kreditdan bundan keyin foydalanishni toʻxtatib qoʻyish;
berilgan kredit boʻyicha qarzdorlikning butun summasini muddatidan oldin undirib olish huquqiga egadir.
15. Qarz oluvchi korxona choragida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Respublika valyuta jamgʻarmasidan chet el valyutasida ajratilgan kreditlarning sarf-xarajatlari va tuzilgan kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi berilgan kreditning oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash maqsadida qarzdordan kreditni toʻlash uchun valyuta mablagʻlari jamlanadigan alohida schyot ochishni talab qilishi mumkin.
Respublika valyuta jamgʻarmasi hisobidan chet el valyutasida kreditlar berish va ularni toʻlash tartibiga ILOVA
_______-son KREDIT ShARTNOMASI
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-yanvardagi 34-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/34/0605-son)
199__yil “___” _________ dagi ___ son Kredit shartnomasiga 1- ILOVA
Garov shartnomasi
199__yil “____” _________ dagi ____ son Kredit shartnomasiga 2-ILOVA
Kreditni va hisoblangan foizlarni qaytarish jadvali
