Jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida
14.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vyetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga amal qilib,
jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish maqsadida hamkorlik koʻlamini kengaytirishga intilib,
jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish zaruriyatini tan olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Huquqiy yordam koʻlami
1. Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalari va amaldagi oʻz milliy qonunchiliklariga muvofiq, jinoyat ishlari yuzasidan tergov qilish, jinoiy taʼqib, ishni sudda koʻrish va sud ishlarini yuritish bilan bogʻliq boshqa masalalarda bir-birlariga oʻzaro keng koʻlamdagi huquqiy yordam koʻrsatadilar.
2. Huquqiy yordam quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) hujjatlarni topshirish;
b) guvohlar va ekspertlarni chaqirish;
s) jinoyat ishlarini yuritish bilan bogʻliq dalillar, hujjatlar va boshqa materiallarni olish va taqdim etish;
d) jinoyat ishlarini yuritishni davom ettirish uchun oʻtkazish;
e) soʻralayotgan Tomonda qamoqda saqlanayotgan yoki boshqa shaxslarni soʻrayotgan Tomonda tergov qilishda koʻmaklashish yoxud koʻrsatuv berish uchun hozir boʻlishini taʼminlash;
f) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollarini qidirib topish, cheklash, ishga solmay toʻxtatib qoʻyish, olib qoʻyish yoki musodara qilish choralarini koʻrish;
g) axborot almashish;
h) shaxslar va ashyolarni va ularning turgan joyini aniqlash;
i) tintuv oʻtkazish va xatlash;
j) mazkur Shartnoma doirasida soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga zid boʻlmagan yordamning boshqa shakllari.
3. Mazkur Shartnoma quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) shaxsni ushlab berish yoki ushbu shaxsni ushlab berish maqsadida hibsga olish yoki ushlab turish;
b) soʻrayotgan Tomonda chiqarilgan hukmni soʻralayotgan Tomonda ijro qilish, soʻralayotgan Tomon milliy qonunchiligi va mazkur Shartnomada ruxsat etilgan holatlar bundan mustasno;
s) mahkumlarni jazoni oʻtash uchun topshirish.
2-modda Markaziy organ
1. Quyidagilar mazkur Shartnomaga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatishning barcha masalalari boʻyicha Markaziy organlar hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
Vyetnam Sotsialistik Respublikasi uchun — Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi.
2. Har bir Tomon ushbu moddaning 1-bandida belgilangan oʻzining Markaziy organi oʻzgarishi toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
3. Markaziy organlar mazkur Shartnomani amalga oshirishda bir-biri bilan bevosita, shu jumladan, faks, elektron pochta va boshqa aloqa shakllari orqali aloqa qiladilar. Zarur hollarda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali aloqa qilishlari mumkin.
3-modda Soʻrov shakli va mazmuni
1. Yordam toʻgʻrisidagi soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) soʻrovni yuborayotgan organning nomi va manzili;
b) soʻrov yuborilayotgan organning nomi va manzili;
s) soʻrovga aloqador boʻlgan shaxsning ismi va agar mavjud boʻlsa, uning doimiy yashash yoki ish joyi, yuridik shaxs yoki tashkilot yoki uning bosh ofisining rasmiy nomi va manzili;
d) soʻralayotgan yordam tavsifi, soʻrov maqsadi, ishning xususiyati va u bilan bogʻliq faktlar, soʻrayotgan Tomonning tatbiq etiladigan qonunining moddalari va qoʻllaniladigan jazo, ishning joriy holati va soʻrov ijro etilishi lozim boʻlgan muddat.
2. Soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
a) ishga aloqador boʻlgan yoki soʻralayotgan maʼlumotga ega boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslarga doir boshqa maʼlumotlar, shu jumladan ularning tugʻilgan joyi va sanasi, fuqaroligi, mashgʻuloti, turgan joyi va protsessual maqomi;
b) soʻroqda aniqlashtirilishi lozim boʻlgan holatlar, soʻraladigan savollar roʻyxati va dalillar taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovda soʻralayotgan hujjatlar, yozma yoki ashyoviy dalillar tavsifi, zarur holatlarda, bunday hujjat, yozma yoki ashyoviy dalillarni taqdim etishi lozim boʻlgan shaxs tavsifi va uning shaxsiga doir maʼlumot;
s) vazifalar xususiyati, chaqirilayotgan guvoh yoki ekspert uchun savollar va talablar roʻyxati;
d) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar, ashyolar va jinoyat qurollarini qidirib topish, tintuv oʻtkazish, xatlash, cheklash, ishga solmay toʻxtatib qoʻyish yoki musodara qilish toʻgʻrisidagi soʻrovda qidirilayotgan mol-mulk yoki binoning tavsifi, soʻrovga aloqador qaror va (yoki) hukmni ijro etishga oid jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar, ashyolar va jinoyat qurollari soʻralayotgan Tomonda ekanligi va soʻrayotgan Tomon yurisdiksiyasida ekanligini tasdiqlovchi asoslar;
e) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar, ashyolar va jinoyat qurollarini aniqlash yoki xatlashda qoʻllanilishi samarali boʻlishi mumkin boʻlgan choralar;
f) agar mavjud boʻlsa, jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar miqdori haqidagi maʼlumot;
g) soʻrayotgan Tomon soʻrovni bajarishda amal qilinishi lozim deb topgan talablar yoki protseduralar, shu jumladan axborot, dalillar, hujjatlar yoki ashyolar taqdim etilish shakli yoki usuli;
h) talab etiladigan maxfiylik darajasi va buning sabablari;
i) soʻrovni soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga binoan bajarish jarayonida hozir boʻlish maqsadida soʻralayotgan Tomon hududiga tashrif qilishni maqsad qilgan soʻrayotgan Tomonning vakolatli xodim(lar)i tashrifining maqsadi, koʻzlangan vaqti va jadvali;
j) soʻrovni bajarish uchun zarur boʻlgan hukmlar yoki qarorlar va boshqa hujjatlar, ashyolar yoki maʼlumotlar.
3. Agar soʻralayotgan Tomon soʻrovdagi maʼlumot mazkur Shartnomaga muvofiq ushbu soʻrovni bajarishga yetarli emas deb topsa, yozma ravishda qoʻshimcha maʼlumotni talab qiladi va bunday qoʻshimcha maʼlumotni olish muddatining maqbul vaqtini belgilaydi.
4. Soʻrov yozma shaklda boʻlishi lozim. Shoshilinch holatlarda va soʻralayotgan Tomon roziligi bilan, u boshqa shaklda boʻlishi mumkin, biroq keyin qisqa muddatlarda yozma shaklda tasdiqlanishi lozim.
5. Soʻrov va unga ilova qilingan hujjatlar soʻrayotgan Tomonning tilida boʻlishi va soʻralayotgan Tomon tiliga yoki ingliz tiliga yoxud rus tiliga tarjimasi bilan birga taqdim qilinishi lozim.
4-modda Yordam koʻrsatishni rad etish yoki kechiktirish
1. Mazkur Shartnomaga muvofiq yordam koʻrsatish quyidagi hollarda rad etiladi:
a) soʻrov soʻralayotgan Tomon aʼzo boʻlgan xalqaro shartnomaga yoxud soʻralayotgan Tomon milliy qonunchiligi qoidalariga zid boʻlsa;
b) soʻrovni bajarish soʻralayotgan Tomonning suvereniteti, milliy xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa muhim manfaatlariga putur yetkazadigan boʻlsa;
s) agar shaxsning soʻralayotgan Tomonda hukm etilgan, oqlangan yoki afv etilgan jinoiy qilmishi yuzasidan jinoiy taʼqibni amalga oshirish bilan bogʻliq soʻrov boʻlsa;
d) agar soʻrov soʻralayotgan Tomon milliy qonunchiligiga koʻra, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketgan jinoyatga doir boʻlsa;
e) soʻrov soʻralayotgan Tomon milliy qonunchiligiga koʻra jinoyat hisoblanmaydigan qilmishga doir boʻlsa.
2. Agar soʻrovning ijro etilishi soʻralayotgan Tomon hududida olib borilayotgan tergov, jinoiy taʼqib, sud muhokamasi yoki hukm ijrosiga toʻsqinlik qilsa, soʻralayotgan Tomon yordam koʻrsatilishini kechiktirishi mumkin.
3. Ushbu moddaga koʻra, soʻrovni bajarishni rad etish yoki kechiktirishdan oldin, soʻralayotgan Tomon:
a) soʻrayotgan Tomonni har qanday rad etish yoxud kechiktirish sabablari toʻgʻrisida xabardor qilishi; va
b) soʻralayotgan Tomon zarur deb hisoblagan shartlarda yordam koʻrsatish mumkinligini aniqlash maqsadida soʻrayotgan Tomon bilan maslahatlashishi lozim.
4. Agar soʻrayotgan Tomon ushbu moddaning 3-bandi “b” kichik bandida belgilangan shartlarda yordam koʻrsatilishiga rozi boʻlsa, mazkur shartlarga amal qilinadi.
5-modda Soʻrovni ijro etish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq, soʻralayotgan Tomon soʻragan tartibda, basharti bu uning qonunchiligiga zid boʻlmasa, zudlik bilan ijro etadi.
2. Soʻrayotgan Tomonning soʻroviga koʻra, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni yordam toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish vaqti va joyi haqida xabardor qiladi.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrov ijro etilishining kechikishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar haqida soʻrayotgan Tomonni zudlik bilan xabardor qiladi.
4. Soʻralayotgan Tomonning Markaziy organi soʻrayotgan Tomonning Markaziy organini soʻrov ijrosi natijalari haqida darhol xabardor qiladi.
6-modda Hujjatlarni topshirish
1. Soʻralayotgan Tomon, oʻz milliy qonunchiligi qoidalaridan kelib chiqib, hujjatlarni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni zudlik bilan ijro etadi.
2. Shaxsning hozir boʻlishini talab qiluvchi hujjatni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov soʻralayotgan Tomonga ushbu shaxs soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlishi kerak boʻlgan muddatdan toʻqson (90) kun avval yuboriladi. Shoshilinch holatlarda, soʻralayotgan Tomon bunday talabni bekor qilish mumkin.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonga hujjatni topshirganligi toʻgʻrisida tasdiqni yuboradi. Agar hujjatlarni topshirish imkoni boʻlmasa, soʻrayotgan Tomon buning sabablari haqida xabardor qilinadi.
7-modda Hujjatlar va axborot bilan taʼminlash
1. Soʻralayotgan Tomon jinoyat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordamga doir hujjatlar, yozuvlar yoki axborotlarning nusxalari bilan taʼminlaydi, soʻrayotgan Tomon ularning aslini talab qilgan holatlar mustasno.
2. Soʻralayotgan Tomon hujjat, yozuv yoki axborotning nusxalarini oʻzining vakolatli organlariga taqdim etilishi lozim boʻlgan shaklda va shartlarda taqdim etadi.
3. Soʻrayotgan Tomon, agar soʻralayotgan Tomon buni talab qilsa, mazkur Shartnomaga muvofiq unga taqdim etilgan hujjatlar, yozuvlar hamda materiallarni, soʻrovda koʻrsatilgan jinoyat ishi uchun zaruriyati qolmagan taqdirda, qaytaradi.
8-modda Tintuv oʻtkazish va xatlash
Soʻralayotgan Tomon oʻz milliy qonunchiligi doirasida soʻrayotgan Tomonga topshirish uchun jinoyat ishlariga aloqador hujjatlar, yozuvlar yoki ashyolarni qidirib topish uchun tintuv oʻtkazish yoki xatlash toʻgʻrisidagi soʻrovni bajaradi. Ushbu holatda, insofli egallovchi boʻlgan uchinchi shaxslarning huquqlari eʼtirof etiladi va himoya qilinadi.
9-modda Soʻralayotgan Tomon hududida koʻrsatuv va dalillarni olish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovga asosan va oʻzining milliy qonunchiligiga muvofiq shaxslardan dalillar yoki koʻrsatuvlar oladi yoki ulardan soʻrayotgan Tomonga topshirish uchun hujjatlar, yozuvlar yoxud ashyoviy dalillarni taqdim qilishni talab qiladi.
2. Mazkur moddaga muvofiq soʻralayotgan Tomonda koʻrsatuv berish uchun chaqirilgan shaxs quyidagi hollarda koʻrsatuv berishdan bosh tortishi mumkin:
a) soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq, soʻralayotgan Tomonda olib boriladigan shu kabi holatlarda ushbu shaxs koʻrsatuv berishdan bosh tortishiga ruxsat etilsa yoki talab qilinsa; yoki
b) soʻrayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq, soʻrayotgan Tomonda olib boriladigan shu kabi holatlarda ushbu shaxs koʻrsatuv berishdan bosh tortishiga ruxsat etilsa yoki talab qilinsa.
3. Agar soʻralayotgan Tomon hududidagi shaxs soʻrayotgan Tomon milliy qonunchiligiga binoan koʻrsatuv berishni rad etish huquqi yoki majburiyati mavjudligi toʻgʻrisida daʼvo qilsa, soʻrayotgan Tomonning Markaziy organi soʻralayotgan Tomonning Markaziy organiga bunday huquq yoki majburiyatning mavjudligini tasdiqlovchi ushbu huquq va majburiyatning rasmiy hujjatini taqdim etadi.
4. Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan koʻrsatuvlar olish maqsadida videokonferensaloqadan foydalanilishi mumkin.
10-modda Soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlish
1. Soʻrayotgan Tomonning soʻroviga koʻra, basharti bunda shaxs xavfsizligining zaruriy kafolati taʼminlansa, soʻralayotgan Tomon ushbu shaxsni soʻrayotgan Tomon hududida tergovga koʻmaklashish yoki koʻrsatuv berish uchun taklif etadi.
2. Taklif etilgan shaxs soʻrayotgan Tomonda toʻlanadigan xarajatlar yoki toʻlovlar toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni ushbu shaxsning qarori toʻgʻrisida xabardor qiladi.
11-modda Mahkumlarni soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlish uchun vaqtincha oʻtkazish
1. Soʻralayotgan Tomon hududidagi mahkum, soʻrayotgan Tomonning soʻroviga asosan, soʻrayotgan Tomon hududida tergovga koʻmaklashish yoki koʻrsatuv berish uchun vaqtincha oʻtkazilishi mumkin.
2. Soʻralayotgan Tomon mahkumni soʻrayotgan Tomonga quyidagi hollarda oʻtkazadi:
a) ushbu shaxs tergovga koʻmaklashish yoki koʻrsatuv berish uchun oʻtkazilishga rozi boʻlsa; va
b) soʻrayotgan Tomon soʻralayotgan Tomon talab qilgan maxsus shartlarga, shu jumladan oʻtkazilayotgan shaxsning qamoqda saqlanishi va xavfsizligiga doir talablarga rioya etishga rozi boʻlsa.
3. Soʻralayotgan Tomon oʻtkazilgan shaxsning bundan keyin qamoqda ushlab turish zaruriyati yoʻqligi toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonga xabar qilsa, ushbu shaxs ozod qilinadi va unga nisbatan mazkur Shartnoma 10-moddasining qoidalari qoʻllaniladi.
4. Mazkur moddaga binoan oʻtkazilgan shaxs, Tomonlar uning soʻrayotgan Tomonga oʻtkazilishidan yoki ushbu shaxsning hozir boʻlishi ortiq talab etilmasligidan oldin oʻzaro kelishilgan usulda soʻralayotgan Tomonga qaytariladi. Shaxsning oʻtkazilish vaqti va soʻrayotgan Tomonda qamoqda saqlab turilgan davr uning jazoni oʻtash muddatiga qoʻshiladi.
12-modda Xavfsizlik kafolati
1. Soʻrayotgan Tomonda mazkur Shartnomaning 10 va 11-moddalarida bayon etilgan soʻrovga koʻra hozir boʻlgan shaxs:
a) soʻrayotgan Tomonda soʻralayotgan Tomon hududini tark etguniga qadar sodir etgan har qanday qilmishi uchun qamoqqa olinishi, jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki jazolanishi, shuningdek fuqarolik daʼvosiga jalb etilishi mumkin emas, basharti soʻrayotgan Tomonda ushbu shaxsning ishtirokisiz mazkur daʼvo qoʻzgʻatilish imkoni boʻlmasa;
b) ushbu shaxsning roziligisiz, soʻrovda koʻrsatilgan jinoyat ishidan boshqa har qanday jinoyat protsessida koʻrsatuv berishga yoki tergovga koʻmaklashishga jalb etilishi mumkin emas.
2. Agar shaxs tark etish erkinligiga ega boʻla turib, soʻrayotgan Tomon hududini bundan buyon hozir boʻlishiga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisida xabar olgan kundan boshlab oʻn besh (15) kun ichida tark etmasa yoki tark etib, ixtiyoriy ravishda qaytib kelsa, unga nisbatan mazkur moddaning 1-bandida belgilangan qoidalar amal qilishi toʻxtaydi.
3. Mazkur Shartnomaning 10 yoki 11-moddalariga muvofiq tergovga koʻmaklashish yoki koʻrsatuv berishga rozilik bermagan shaxsga nisbatan soʻrayotgan Tomon yoki soʻralayotgan Tomonda har qanday jazo yoki majburlov choralarni qoʻllash mumkin emas.
4. Mazkur Shartnomaning 10 yoki 11-moddalariga muvofiq tergovga koʻmaklashish yoki koʻrsatuv berishga rozilik bergan shaxs oʻzi bergan koʻrsatuvlari uchun jinoiy taʼqibga duchor etilishi mumkin emas, yolgʻon koʻrsatuvlar berish holati bundan mustasno.
13-modda Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va jinoyat qurollari
1. Soʻralayotgan Tomon, soʻrovga asosan, tegishli jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollari uning hududida turganligini aniqlash choralarini koʻradi va buning natijalari haqida soʻrayotgan Tomonga xabar beradi.
2. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollari aniqlanganda, soʻralayotgan Tomon oʻz milliy qonunchiligi doirasida bunday jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollarini nazorat qilish yoki musodara qilish choralarini koʻradi. Soʻralayotgan Tomon oʻz milliy qonunchiligi muvofiq jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollarini soʻrayotgan Tomonga qaytarishi mumkin. Bunday jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va (yoki) jinoyat qurollarini qaytarish soʻrayotgan Tomonning sudi yoki boshqa vakolatli organi tomonidan chiqarilgan yakuniy qaror mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
3. Mazkur moddani qoʻllashda, insofli egallovchi boʻlgan uchinchi shaxslarning huquqlari soʻralayotgan Tomon milliy qonunchiligiga muvofiq eʼtirof etiladi va himoya qilinadi.
4. Mazkur Shartnoma maqsadlarida “jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar” atamasi jinoyat sodir etilishi orqali bevosita yoki bilvosita qoʻlga kiritilgan yoki egallab olingan har qanday ashyolar yoki aktivlar tushuniladi va “jinoyat qurollari” atamasi esa bir jinoyat sodir etilishida foydalanilgan, foydalanilayotgan yoxud foydalanish moʻljallangan har qanday mulkni anglatadi.
14-modda Shaxslar yoki ashyolarni yoki ularning turgan joyini aniqlash
Agar soʻrayotgan Tomon shaxslarning turgan joyini yoki ularning shaxsini aniqlashtirishni yoxud soʻralayotgan Tomon hududida boʻlgan ashyolar haqida maʼlumot taqdim etishni soʻrasa, soʻralayotgan Tomon oʻz milliy qonunchiligi doirasida soʻrovni ijro etish uchun barcha zaruriy choralarni koʻradi.
15-modda Maxfiylikni muhofaza qilish va maʼlumotlardan foydalanishni cheklash
1. Soʻralayotgan Tomon taqdim etilgan maʼlumot yoki dalillarning yoxud bunday maʼlumot yoki dalillar manbalarini maxfiylikda saqlashni talab qilish mumkin. Oshkor etish yoki foydalanish talab qilingan shartlarga muvofiq boʻlishi lozim.
2. Soʻrayotgan Tomon yordam toʻgʻrisidagi soʻrovning mazmunini va unga ilova qilingan hujjatlarni maxfiylikda saqlashni talab qilishi mumkin. Basharti ushbu soʻrovni maxfiylikni buzmagan holda ijro qilishning imkoni boʻlmasa, soʻralayotgan Tomon soʻrovni ijro etishdan oldin soʻrayotgan Tomonni bu haqida xabardor qiladi. Soʻrayotgan Tomon esa oʻz navbatida soʻrovni toʻla yoki qisman ijro etish yoki etmaslik masalasini hal qiladi.
3. Soʻrayotgan Tomon taqdim etilgan maʼlumot yoki dalillarning yoʻqolishi, ruxsatsiz olinishi, oʻzgartirilishi va oshkor etilishi yoki oʻzgacha foydalanilishdan himoya qilinishini kafolatlaydi.
4. Soʻralayotgan Tomonning oldindan olingan yozma roziligisiz soʻrayotgan Tomon mazkur Shartnomaga muvofiq taqdim etilgan maʼlumot yoki dalillarni soʻrovda koʻzda tutilgandan boshqa maqsadlarda foydalanmaydi yoki oshkor etmaydi.
16-modda Jinoyat ishini jinoiy taʼqibni davom ettirish uchun oʻtkazish
1. Har bir Tomon, boshqa Tomon oʻz hududida jinoiy taʼqibni amalga oshirishi uchun, ushbu Tomonga uning yurisdiksiyasiga doir jinoiy huquqbuzarlikni tashkil etuvchi faktlar bilan bogʻliq maʼlumotni taqdim qilishi mumkin.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni koʻrilgan barcha harakatlar haqida va zaruriyat boʻlganda, bunday maʼlumot asosida olib borilgan jinoiy taʼqib natijalari toʻgʻrisida xabardor qiladi. Soʻrayotgan Tomon soʻroviga koʻra yakuniy qaror nusxasi yuborilishi lozim.
17-modda Sertifikatlash yoki haqiqiyligini tasdiqlash
1. Mazkur Shartnoma doirasida, soʻrov, unga ilova qilingan hujjatlar va soʻrovga javoban taqdim etilgan hujjatlar yoki materiallar uchun sertifikatlash yoki haqiqiyligini tasdiqlash talab qilinmaydi.
2. Muayyan holatlarda, soʻralayotgan Tomon yoki soʻrayotgan Tomon hujjatlar yoki materiallarning haqiqiyligini tasdiqlashni talab qilganda, mazkur hujjatlar yoki materiallar ushbu moddaning 3-bandida belgilangan tartibda haqiqiyligi tasdiqlanadi.
3. Mazkur Shartnoma maqsadlarida hujjatlar yoki materiallar vakolatli organ mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan va yuborayotgan Tomon qonunlariga muvofiq mazkur organning rasmiy muhri qoʻyilganda, tasdiqlangan hisoblanadi.
18-modda Vakillik va xarajatlar
1. Agar mazkur Shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, soʻralayotgan Tomon soʻrovning ijro etish davrida soʻrayotgan Tomon manfaatlarini ifodalaydi.
2. Agar Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, soʻralayotgan Tomon yordam toʻgʻrisidagi soʻrovning ijro etilishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi, soʻrayotgan Tomon esa quyidagilarni oʻz zimmasiga oladi:
a) soʻralayotgan Tomon hududiga yoki uning hududidan biror bir shaxsni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar va shaxsning soʻrovga asosan mazkur Shartnomaning 10 va 11-moddalari qoidalariga binoan soʻrayotgan Tomon hududida boʻlish davrida toʻlanishi lozim boshqa toʻlovlar va xarajatlar;
b) hibsda saqlanayotgan shaxslarni oʻtkazish va ularni kuzatib boruvchi xodimlarga toʻlanadigan xarajatlar;
s) ekspertga toʻlanadigan xarajatlar;
d) hujjatlarni yozma va ogʻzaki tarjima qilish, nusxa olish hamda videokonferensaloqa yoki boshqa elektron vositalar orqali dalillar olishga doir xarajatlar;
e) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar;
f) soʻralayotgan Tomon soʻroviga koʻra, soʻrovni ijro etish mobaynida kelib chiquvchi koʻzda tutilmagan boshqa xarajatlar.
19-modda Boshqa xalqaro kelishuvlarga munosabat
Mazkur Shartnoma bir Tomonni boshqa Tomonga ular ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalar yoki bitimlarga muvofiq huquqiy yordam koʻrsatishiga toʻsqinlik qilmaydi.
20-modda Maslahatlashuvlar
Tomonlar mazkur Shartnomani samarali amalga oshirish maqsadida oʻzaro kelishib olingan muddatlarda bir-birlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Tomonlar, shuningdek, mazkur Shartnomani amalga oshirishda zarur boʻlgan amaliy choralar borasida ham kelishib olishlari mumkin.
21-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Shartnomani talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan barcha nizolar Tomonlarning oʻrtasida maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
22-modda Oʻzgartirishlar
Mazkur Shartnomaga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan alohida bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladigan va Shartnomada belgilab quyilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
23-modda Kuchga kirishi va tugatilishi
1. Mazkur Shartnoma:
a) ratifikatsiya qilinadi va Shartnomani ratifikatsiya qilishga doir davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan soʻng oʻttizinchi (30) kun kuchga kiradi;
b) uning kuchga kirganidan soʻng qilingan soʻrovlarga nisbatan tatbiq etiladi, garchi tegishli qilmish undan oldin sodir etilgan boʻlsa ham.
2. Har bir Tomon yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Shartnomaning amal qilishini tugatishi mumkin. Mazkur Shartnomaning amal qilishi bunday xabarnoma boshqa Tomon tarafidan olingan sanadan boshlab olti (6) oydan soʻng tugaydi.
3. Tugatilgan taqdirda, mazkur Shartnoma uning amal qilishi tugatilgunga qadar berilgan soʻrovlarga nisbatan tatbiq etiladi.
UShBUNI TASDIQLAGAN HOLDA, tegishli tartibda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar, mazkur Shartnomani imzoladilar.
Xanoy shahrida 2022-yil 14-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, vyetnam va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Shartnomani talqin qilishda yoki qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
