Qimmatli qogʻozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) toʻlovlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3523-son)
28.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 28-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3523]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Qimmatli qogʻozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) toʻlovlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 6-may,
4-son
Kelishildi:
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2024-yil 29-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 6-maydagi 4-son buyrugʻiga ILOVA
Qimmatli qogʻozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) toʻlovlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda Markaziy depozitariy deb yuritiladi) va (yoki) investitsiya vositachilari orqali qimmatli qogʻozlar daromadlarini (dividendlar, foizlar) toʻlash hamda talab qilib olinmagan daromadlar (dividendlar, foizlar) hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari aksiya va obligatsiyalar shaklidagi emissiyaviy qimmatli qogʻozlarga (bundan buyon matnda qimmatli qogʻozlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi, bundan davlat qimmatli qogʻozlari mustasno.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qimmatli qogʻozlar daromadlari — qimmatli qogʻozga egalik qilish natijasida bevosita olinadigan dividend yoki foiz koʻrinishidagi mablagʻlar;
qimmatli qogʻozlar egalari — qimmatli qogʻozlar oʻziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar;
qimmatli qogʻozlar egalarining reyestri — roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga koʻra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qogʻozlar emitentining nomi, ushbu qimmatli qogʻozlarning soni, nominal qiymati, turi va xili, shuningdek reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxslarga axborot yuborish imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilgan roʻyxati;
emitent — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
shaxsiy hisobvaraq — qimmatli qogʻozlar daromadlarini toʻlash va hisobini yuritish maqsadida qimmatli qogʻozlar egalariga Markaziy depozitariyda ochiladigan hisobvaraq;
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi — qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi.
2. Dividendlarni toʻlash Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachilari orqali aksiyadorning mavjud bank hisobvaragʻiga avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Bunda aksiyadorlik jamiyati aksiyadordan dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi arizani talab qilishga haqli emas.
Korporativ obligatsiyalar boʻyicha foizlarni (kuponlarni) toʻlash va ularni soʻndirish faqat Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi.
3. Qimmatli qogʻozlar egalariga qimmatli qogʻozlar daromadlari emitent bilan Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi oʻrtasida tuziladigan shartnoma (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) asosida Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan toʻlanadi.
4. Xorijiy nominal saqlovchi, investitsiya vositachisi va ularning mijozlariga tegishli qimmatli qogʻozlar daromadlarini toʻlash Markaziy depozitariy hamda xorijiy nominal saqlovchi va (yoki) investitsiya vositachisi oʻrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Qimmatli qogʻozlar daromadlarini toʻlash uchun Markaziy depozitariyda emitent va qimmatli qogʻozlar egalariga shaxsiy hisobvaraqlar ochiladi.
6. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisining majburiyatlari boʻyicha emitent yoki qimmatli qogʻozlar egalarining shaxsiy hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini undirish taqiqlanadi.
7. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi shaxsiy hisobvaraqlardagi pul mablagʻlaridan oʻz maqsadlari yoki uchinchi shaxslar manfaatlarini koʻzlab foydalanishi mumkin emas.
8. Qimmatli qogʻozlar egalarining shaxsiy hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldigʻi uchun foizlar (mukofotlar) hisoblanmaydi.
2-bob. Qimmatli qogʻozlar daromadlarini toʻlash
9. Qimmatli qogʻozlar daromadlarini hisoblash va toʻlash mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
10. Emitent hamda Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi oʻrtasida aksiyalar boʻyicha dividend toʻlovlarini amalga oshirish yuzasidan xizmat koʻrsatish shartnomasi dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi emitentning boshqaruv organi tomonidan qaror qabul qilinadigan sanadan kamida 30 kun oldin tuziladi.
11. Markaziy depozitariy emitentning topshirigʻiga asosan aksiyalar egalari reyestrini shakllantirib uch kun ichida emitentga taqdim etadi.
Markaziy depozitariy emitentning topshirigʻiga asosan obligatsiyalar boʻyicha toʻlanadigan foiz daromadlarini hisob-kitob qilgan holda obligatsiyalar egalari reyestrini uch kun ichida emitentga taqdim etadi.
12. Emitentning boshqaruv organi dividend toʻlanishi toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun ichida Markaziy depozitariyga dividendlarni hisoblash va toʻlash uchun aksiyalar egalari reyestrini shakllantirish haqida xat taqdim etadi.
13. Markaziy depozitariy emitentning xati olingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida dividendlarni hisoblash va toʻlash uchun aksiyalar egalari reyestrini tuzadi hamda uni dividendlar boʻyicha soliq hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun emitentga taqdim etadi.
14. Markaziy depozitariy tomonidan qimmatli qogʻozlar daromadlarini hisoblash va toʻlash maqsadida qimmatli qogʻozlar egalari reyestrini tuzish uchun quyidagilar asos boʻladi:
aksiyalar boʻyicha dividendlar uchun emitent boshqaruv organining aksiyalar boʻyicha eʼlon qilingan dividendlar miqdori toʻgʻrisidagi qarori (emitent vakolatli boshqaruv organining bayonnomasidan koʻchirma);
obligatsiyalar uchun qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror va agar mavjud boʻlsa, qimmatli qogʻozlar emissiya risolasi.
15. Markaziy depozitariy reyestrga kiritilgan qimmatli qogʻozlar egalariga kelgusida qimmatli qogʻozlar daromadlari toʻlanishi toʻgʻrisidagi xabarnoma reyestr shakllantirilgan sanadan eʼtiboran bir ish kunida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan (shaxsiy kabinet, elektron pochta, SMS, SWIFT) foydalangan holda elektron shaklda yuboradi va Markaziy depozitariyning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Shartnoma emitent va investitsiya vositachisi oʻrtasida tuzilgan taqdirda, Markaziy depozitariy reyestr shakllantirilgan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida investitsiya vositachisiga qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrini taqdim etadi va investitsiya vositachisi ushbu bandning birinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshiradi.
16. Jismoniy shaxslarga yuboriladigan qimmatli qogʻozlar daromadlari toʻlanishi toʻgʻrisidagi xabarnomada mobil qurilmaga yuklab olinishi mumkin boʻlgan Markaziy depozitariyning va (yoki) investitsiya vositachisining mobil ilovasiga havola mavjud boʻladi.
17. Markaziy depozitariy emitentning topshirigʻi asosida qimmatli qogʻozlar daromadlarini hisobga olish va toʻlash uchun emitent va qimmatli qogʻozlar egalari reyestriga kiritilgan shaxslarga shaxsiy hisobvaraqlar ochadi.
18. Markaziy depozitariy qimmatli qogʻozlar egalariga shaxsiy hisobvaraq ochishdan avval ularni terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatida mavjudligini tekshiradi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan choralarni koʻradi.
19. Jismoniy shaxslar uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlar ushbu hisobvaraqlar egalari tomonidan Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisining mobil ilovasidan (agar mavjud boʻlsa) foydalangan holda masofadan turib boshqarilishi mumkin.
20. Emitent qimmatli qogʻozlar boʻyicha tegishli soliqlarni hisoblab toʻlaganidan soʻng toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻ koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar egalari reyestrini Markaziy depozitariyga va (yoki) investitsiya vositachisiga taqdim etadi hamda qimmatli qogʻozlar egalariga toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻlarni Markaziy depozitariyga va (yoki) investitsiya vositachisiga oʻtkazadi.
21. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan qimmatli qogʻozlar daromadlari kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida qimmatli qogʻozlar egalari reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga ularga tegishli boʻlgan pul mablagʻlari oʻtkaziladi.
22. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan qogʻozlar egalari reyestriga kiritilgan yuridik shaxslarga ularning qimmatli qogʻozlar daromadlari ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrida koʻrsatilgan yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
23. Toʻlanishi lozim boʻlgan qimmatli qogʻozlar daromadlari emitent tomonidan qisman yoki toʻliq boʻlmagan miqdorda oʻtkazilgan taqdirda, Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi barcha qimmatli qogʻozlar egalariga umumiy toʻlov summasining 1 (bir) tiyingacha yaxlitlangan holda toʻlovlarni mutanosib ravishda amalga oshiradi.
Bunda, qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni baʼzi qimmatli qogʻozlar egalariga boshqalarga nisbatan erta yoki kechroq toʻlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Emitent tomonidan qimmatli qogʻozlar daromadlari qimmatli qogʻozlar egalariga qisman yoki toʻliq boʻlmagan miqdorda toʻlash uchun oʻtkazilgan taqdirda, Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi ikki ish kunidan kechiktirmay qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini xabardor qiladi.
24. Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga qimmatli qogʻozlar daromadlari oʻtkazilganidan soʻng jismoniy shaxslar ushbu mablagʻlarni Markaziy depozitariyning va (yoki) investitsiya vositachisining mobil ilovasidan foydalangan holda oʻzlarining tijorat banklarida ochilgan bank hisobvaraqlariga, shu jumladan bank kartalariga oʻtkazishlari mumkin.
25. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi qimmatli qogʻozlar daromadlari qimmatli qogʻozlar egalariga toʻlangandan soʻng uch kun ichida emitentga amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.
3-bob. Talab qilinmagan qimmatli qogʻozlar daromadlari hisobini yuritish
26. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan yuridik shahslarning bank rekvizitlari boʻyicha qimmatli qogʻozlar daromadlarini toʻlash imkoniyati boʻlmagan (bank rekvizitlari mavjud boʻlmagan, koʻrsatilgan bank hisobvaragʻida xatolik boʻlganligi sababli toʻlovlar amalga oshmagan yoki qabul qiluvchi bank tomonidan qaytarib yuborilgan va boshqa) hamda shaxsiy hisobvaraq ochish uchun jismoniy shaxslarning maʼlumotlari yetarli boʻlmagan taqdirda, qimmatli qogʻozlar daromadlari Markaziy depozitariyda ochilgan Aniqlangunga qadar shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
27. Aniqlangunga qadar shaxsiy hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlar daromadlarining hisobi har bir qimmatli qogʻozlar egasi boʻyicha alohida yuritiladi hamda ushbu mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Aniqlangunga qadar shaxsiy hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlar daromadlari qimmatli qogʻozlar egasi yoki uning merosxoʻri tomonidan talab qilib olguniga qadar saqlanadi.
29. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi Aniqlangunga qadar shaxsiy hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlar daromadlarini olish uchun murojaat qilgan qimmatli qogʻozlar egasi yoki uning merosxoʻrini besh ish kuni ichida identifikatsiya qilishi va qimmatli qogʻozlar daromadlarini ularning hisobvaraqlariga oʻtkazib berishi lozim.
30. Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi Aniqlangunga qadar shaxsiy hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlar daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga taqdim etadi.
4-bob. Yakuniy qoida
31. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Qimmatli qogʻozlar daromadlari (dividendlar, foizlar) toʻlovlarini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ va (yoki) investitsiya vositachilari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Qimmatli qogʻozlar daromadlarini hisoblash va toʻlash
SXEMASI
