Ilmiy-muhandislik ishlanmalari va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
06.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestrida 2024-yil 12-iyunda roʻyxatdan olindi, roʻyxat raqami 4551-TR-2024-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
fan, muhandislik va texnologiya hamda innovatsiyalarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishidagi ahamiyatini hisobga olib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Maqsad
Tomonlar fan, muhandislik va texnologiyalar sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatidagi umumiy manfaatlar jabhasida hamkorlik saʼy-harakatlarini ragʻbatlantiradilar.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagi asosiy yoʻnalishlarni qamrab oladi:
1) ilmiy tadqiqotlarni, shu jumladan, muhandislik-texnologiya sohasidagi innovatsiyalarni ragʻbatlantirish hamda ushbu yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
2) fan va innovatsiyalar, muhandislik ishlanmalari va yuqori texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan hamkorlik;
3) muhandislik sohasida tajriba almashinuvi, mutaxassislar bilim va malakasini oshirish;
4) muhandislik va yuqori texnologiyalar sohasida ishlab chiqarish va isteʼmol zanjirining uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
5) ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni takomillashtirish, ilmiy yangiliklarni joriy etish;
6) Tomonlar kelishuviga binoan hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari.
3-modda Hamkorlik shakllari
Tomonlarning hamkorligi quyidagi asosiy shakllarda amalga oshiriladi:
1) qoʻshma yigʻilishlar, konferensiyalar va ilmiy seminarlar oʻtkazish;
2) ekspertlar oʻrtasida fikr almashish va maslahatlashuvlar, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini tashkil etish va treninglar oʻtkazish;
3) dasturlar va hamkorlik loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish;
4) fan, muhandislik va texnologiyalar boʻyicha axborot va materiallar almashish hamda atrof-muhitni himoya qilish sohasidagi masalalar;
5) birgalikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
6) Tomonlar tarafidan kelishilgan hamkorlikning boshqa shakllari.
4-modda Qoʻshma ishchi guruhlar
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar tegishli ishchi va ekspertlik guruhlarini tuzishlari, chora-tadbirlar rejalari va boshqa hamkorlik dasturlari qabul qilishlari mumkin.
2. Tomonlar elektron pochta, videokonferens aloqa yoki boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda axborot almashishlari va faoliyatni muvofiqlashtirishlari mumkin.
3. Tomonlar tegishli ekspertlar yoki tashkilotlarni Tomonlarning majlislarida maʼlumot taqdim etishi uchun taklif qilish haqida qaror qabul qilishlari mumkin.
5-modda Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlarning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
6-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
7-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 8-moddasiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim besh (5) yilga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning amal qilishi tugagunga qadar olti (6) oy oldin diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
3. Har bir Tomon mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborish orqali Bitimning amal qilishini tugatishi mumkin. Mazkur holatda, Bitimning amal qilishi mazkur xabarnoma sanasidan soʻng uch oy oʻtgach tugatiladi.
4. Mazkur Bitimning tugatilishi uning doirasida amalda boʻlgan yoki bajarilgan tadbirlar va loyihalarga taʼsir qilmaydi.
Anqara shahrida, 2024-yil 6-iyunda, ikki asl nusxada, oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
