Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (319-son)
31.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 13-fevraldagi PQ-54-son qarori ijrosini taʼminlash hamda yoqilgʻi-energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
elektr energiyasi isteʼmolchilari va taʼminotchi korxonalarning huquq va majburiyatlari hamda ularning javobgarligi;
elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va isteʼmol qilish ustidan davlat nazorati;
isteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulash tartibi;
elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
tabiiy gaz isteʼmolchilari va taʼminotchi korxonalarning huquq va majburiyatlari hamda ularning javobgarligi;
tabiiy gazga boʻlgan yillik ehtiyojni aniqlash tartibi;
isteʼmolchilarni tabiiy gaz tarmoqlariga ulash tartibi;
tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
tabiiy gazdan oqilona, xavfsiz foydalanish va uni normalashni nazarda tutuvchi Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Energetika vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda sohadagi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qarorning ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-may,
319-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qaroriga 1-ILOVA
Elektr energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va isteʼmol qilish sohasidagi talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya rejimi — elektr energetika obyektlarining ishlash texnologik parametrlarining yagona elektr energetika tizimi ishonchli ishlashining izdan chiqishiga va isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish cheklanishiga olib kelishi mumkinligiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan tarzda chetga chiqishi;
blok-stansiyalar — isteʼmolchilarning yagona elektr energetika tizimiga bevosita yoki isteʼmolchilar tarmogʻi orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyalari;
illyuminatsiya va lampalar shodasi — restoran, kafe, bar, savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari tomonidan yon atrofidagi daraxtlarga, konstruksiyalarga osilgan illyuminatsiya va lampalar shodasi;
isteʼmolchining ulangan quvvati — isteʼmolchining elektr energiyasini ishchi kuchlanishga aylantiruvchi transformatorlarining va 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr dvigatellarning elektr tarmoqlariga ulangan jami quvvati;
koʻrsatkichlarni nazorat tartibida tekshirish (aylanib chiqish) — taʼminotchining vakolatli xodimi tomonidan hisoblagichdan elektr energiyasining haqiqiy sarfi koʻrsatkichlarini olish va oʻrnatilgan plombalarning butligini koʻzdan kechirish hamda bir vaqtning oʻzida tegishli elektron dalolatnoma rasmiylashtirib, uni tegishli dasturiy taʼminot bazasiga kiritish. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — EHNAT) dasturi orqali olingan maʼlumotlar — aylanib chiqish deb hisoblanmaydi;
maishiy isteʼmolchilar — elektr energiyasidan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanuvchi aholi;
mayning — hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyatidir;
maxsus tartibga koʻra elektr energiyasi yetkazib beriladigan isteʼmolchilar — alohida xavfli hamda elektr energiyasining uzib qoʻyilishi texnogen va avariya oqibatlariga olib kelishi mumkin boʻlgan uzluksiz texnologik jarayonga ega boʻlgan sanoat korxonalari, davlat hokimiyati oliy organlari uylari (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud va boshqalar), mintaqaviy suv quvurlari boshqarmalari, issiqlik va ichimlik suvi bilan taʼminlash tashkilotlari, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiy qismlar, shoshilinch tibbiy yordam markazlari va davlat tibbiyot muassasalarining reanimatsiya boʻlinmalari, metro va aeroport;
nazorat hisoblagichlari — elektr energiyasi sarfini nazorat qilish uchun foydalaniladigan va koʻrsatkichlari asosida alohida sexlar, texnologik liniyalar, koʻp energiya sarflaydigan uskunalar va bir necha oilalar yashaydigan xonadonlardagi alohida bir oila sarfini aniqlash imkonini beradigan hisoblash uskunasi;
namunali isteʼmolchi — EHNATga ulangan va masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisobga olish uskunasi bilan taʼminlangan, elektr energiyasi uchun muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlmagan hamda elektr energiyasidan foydalanish va uni hisobga olish boʻyicha qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻymagan isteʼmolchi (maishiy isteʼmolchilar va oxirgi ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmagan isteʼmolchilar bundan mustasno);
nooqilona sarflash — elektr energiyasi sarfini kamaytirish imkoniyati boʻla turib, ushbu imkoniyatdan foydalanmasdan elektr energiyasi sarflanishi, shu jumladan, reaktiv quvvatni kompensatsiya qilmaslik;
reaktiv energiyaning iqtisodiy qiymati — oshib ketishi elektr energiyasi sifatining yomonlashuviga va elektr taʼminoti korxonasi tarmoqlarida energiya yoʻqotish ortishiga olib keladigan reaktiv energiyaning eng maqbul qiymati;
reaktiv energiyasi — elektromagnit maydon hosil qilish uchun sarflanadigan energiya;
Regulator — Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi;
samarasiz sarflash — elektr qurilmalarni hamda dvigatellarni ishlab chiqarish zarurati boʻlmagan holda jihozlarning unumsiz yoki behuda ishlashi oqibatida energiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri isrof qilinishi;
subisteʼmolchi — taʼminotchi roziligi bilan isteʼmolchining elektr tarmoqlariga bevosita ulangan va isteʼmolchi bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs. Elektr energiyasi subisteʼmolchiga berilganda, isteʼmolchi mazkur Qoidalarga rioya qilish boʻyicha javobgar boʻladi;
tashqi reklama va axborot obyektlari konstruksiyalari — ochiq maydonlarda joylashtirilgan maxsus, vaqtincha yoki statsionar inshootlarga, shuningdek, binolar, inshootlarning tashqi yuzalariga, devorlarga, tomlarga, panjaralarga, koʻcha jihozlari elementlariga, koʻchalar va yoʻllarning qatnov qismida, avtomobil yoqilgʻi quyish shoxobchalarida joylashtirilgan videoekranlar, elektron displeylar, media fasad va reklama koʻrinishidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi qurilmalar;
tizim operatori — yagona elektr energetika tizimi, magistral elektr tarmoqlari faoliyati texnologik rejimining tezkor-dispetcherlik boshqaruvini, shuningdek, uning boshqa davlatlar elektr energetika tizimlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlovchi vakolatli tuzilma (“Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi);
toʻlov hujjati — toʻlov tizimining qoidalari bilan belgilangan tarkibga, rekvizitlar formatiga ega boʻlgan hamda elektron toʻlovni amalga oshirish uchun zarur axborotni oʻz ichiga olgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan toʻlov talabnomasi, toʻlov topshiriqnomasi yoki elektron toʻlov hujjati boʻlib, uning asosida taʼminotchining hisobvaragʻiga mablagʻlar oʻtkaziladi. Elektron toʻlov hujjatlari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishda ularning elektron toʻlovni amalga oshirish uchun zarur rekvizitlarni saqlagan holda qogʻozdagi shakli ham taʼminlanishi kerak;
cheklash — shartnomada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish oqibatida muayyan vaqt oraligʻi davomida, shuningdek, taʼminotchining elektr tarmoqlarida fors-major holatlar tufayli paydo boʻlgan avariya rejimlari vaqtida isteʼmolchiga shartnomada belgilangan elektr energiyasini yetkazib berish miqdorining kamayishi;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — elektr energiyasini uzatish va yetkazib berish uchun moʻljallangan elektr energiyasi uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari;
elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasi — elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi bilan aniqlanadigan, taʼminotchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi elektr tarmogʻining boʻlinish nuqtasi;
elektr taʼminoti korxonasi — taʼminotchining tuman, shahar, iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr energiyasini taqsimlash va sotish boʻlinmasi yoki mazkur funksiyalarni bajaruvchi xususiy korxona;
elektr taʼminoti shartnomasi — isteʼmolchida kerakli uskunalar va elektr energiyasi isteʼmolini hisoblagichlar mavjud boʻlgan taqdirda, taʼminotchiga elektr tarmogʻi orqali elektr energiyasini yetkazib berish majburiyatini yuklaydigan, isteʼmolchiga esa elektr energiyasi haqini toʻlash, shuningdek, elektr energiyasi isteʼmolining shartnomada nazarda tutilgan rejimiga rioya qilish, oʻz tasarrufida boʻlgan elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, xavfsizligini hamda elektr energiyasi isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlgan oʻzi foydalanadigan uskunalar va asboblarning soz holatda boʻlishini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni bajarish majburiyatini yuklaydigan bitim;
elektr taʼminotining texnologik broni — texnologik jarayonni, ishlab chiqarish siklini tugallash uchun zarur boʻlgan elektr energiyasi yoki quvvati hajmi;
elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdori — elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan va tegishli hisob-kitob davrida texnik shartlarga koʻra ruxsat etilgan quvvat, elektr qurilmalaridan foydalanilgan eng maqbul ish soatlari soni va ish kunlaridan kelib chiqqan holda hisoblangan elektr energiyasi (aktiv, reaktiv) miqdori;
elektr energiyasi isteʼmolchisi — elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq ishlab chiqarish va (yoki) maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
elektr energiyasi sarfi hajmini hisobga olish uskunasi (keyingi oʻrinlarda — hisoblagich) — isteʼmol qilingan elektr energiyasining haq toʻlanishi lozim boʻlgan hajmni koʻrsatuvchi texnik vosita;
elektr energiyasi sifati — elektr energiyasi parametrlarining milliy standartlari boʻyicha belgilangan talablarga muvofiqligi;
elektr energiyasi taʼminotidagi tanaffus (uzib qoʻyish) — isteʼmolchiga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish, avtomatika qurilmalarining muvaffaqiyatli ishlashi tufayli yoki elektr energiyasi isteʼmol qilishning cheklanishiga olib kelmaydigan, bir vaqtning oʻzida bir nechta liniyalar boʻyicha elektr energiyasini oluvchi isteʼmolchilar uchun bitta yoki bir nechta elektr energiyasi yetkazib berish liniyalarining uzib qoʻyilishi tufayli sodir boʻladigan tanaffuslar bundan mustasno;
elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimi — ruxsat etilgan quvvat koeffitsiyentini ushlab turish, meʼyoriy kuchlanishni saqlab turish, tarmoqda elektr energiyasi yoʻqotishlarini meʼyordan oshirib ketmasligini taʼminlash;
elektr energiyasini qabul qilgich (elektr qabul qilgich) — elektr energiyasini boshqa turdagi energiyaga aylantiradigan uskuna (elektr jihozlar). Kuch transformatorlari elektr qabul qilgich hisoblanmaydi;
elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, transformatsiya qilish (transformator), uzatish, taqsimlash hamda uni energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun moʻljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar yigʻindisi (ular oʻrnatilgan inshootlar va binolar bilan birga);
energiya taʼminoti boʻyicha avariya broni — isteʼmolchilar faoliyati qisman yoki toʻliq toʻxtatilgan holda uskunalarni saqlash, insonlar hayotining xavfsizligini taʼminlash, avariya va qoʻriqlash yoritgichlari, shamollatish, suv haydash, suv taʼminoti, isitish, yongʻin xavfsizligi vositalari uchun zarur boʻlgan eng kam elektr quvvati miqdori yoki elektr energiyasi hajmi;
EHNATga mos keladigan hisoblagichlar — respublikaning har bir hududlarida joriy qilingan yagona CAS (Central AMI Systems — markaziy takomillashtirilgan oʻlchash infratuzilmasi tizimi) tizimiga mos keladigan hisoblagichlar;
EHNAT tizimi qurilmalari — aloqa modullari, antenna, modem, sim-kartalar, konsentratorlardan iborat uskunalar majmui;
yagona elektr energetika tizimi — elektr energiyasini hosil qiluvchi korxonalar, magistral elektr tarmoqlari, hududiy elektr tarmoqlari majmui va tezkor-dispetcherlik markazi;
hisobga olish nuqtasi — elektr taʼminoti sxemasidagi nuqta, unda oʻlchash asbobi (yoki hisobga olish tizimi) yordamida elektr energiyasi sarfining hajmi aniqlanadi;
hisobga olish tizimi — oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, sinov bloklari, oʻtuvchi klemmniklar va hisoblagichlardan tashkil topgan uskunalar majmui;
hisob-kitob davri — elektr energiyasi isteʼmolining sarfi (hajmi) aniqlanishi, isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun isteʼmolchi va taʼminotchi oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilinishi kerak boʻlgan vaqt davri (oy);
hisoblagichning ulanish sxemasini tekshirish — taʼminotchi va (yoki) Oʻzenergoinspeksiya vakolatli xodimi tomonidan instrumental usul bilan isteʼmolchining hisoblagich va oʻlchov transformatorlarining ulanish sxemasi toʻgʻriligini tekshirish hamda bir vaqtning oʻzida tegishli elektron dalolatnoma rasmiylashtirilib, uni tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritish, dalolatnoma Oʻzenergoinspeksiya xodimi tomonidan rasmiylashtirilganda, tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritish uchun uni taʼminotchiga taqdim etish;
hisoblagich yoki EHNAT bazasi xotira maʼlumotlari — hisoblagichning xotirasida hamda EHNAT maʼlumotlarni saqlash bazasida (serveri) saqlab turiladigan barcha maʼlumotlar majmui;
HETK — viloyat, tuman (shahar), iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr taʼminoti shartnomasi asosida isteʼmolchilarga elektr energiyasini sotish va taqsimlash huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs.
3. Isteʼmol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uchun oʻlchash vositasi metrologik qiyoslashdan oʻtganligi toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlgan EHNATga mos keladigan hisoblagichlar qoʻllaniladi.
Taʼminotchilar vakolatli xodimi isteʼmolchilar bilan birgalikda zarur hollarda, isteʼmol qilingan elektr energiyasining amaldagi miqdorini aniqlash uchun ulardagi hisoblagich (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) koʻrsatkichlarini va hisoblagichlarning ulanish sxemasini tekshirib koʻradi. Isteʼmolchi tomonidan elektr energiyasi sarfi toʻgʻrisida taʼminotchiga belgilangan shakl boʻyicha bevosita oʻzi tomonidan yoki faks, elektron shaklda yoxud pochta aloqasi orqali taqdim etilgan hisobot yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar uchun isteʼmol qilingan elektr energiyasining amaldagi hajmini aniqlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
EHNATning joriy etilishi munosabati bilan isteʼmolchilarning hisoblagichlaridagi koʻrsatkichlari avtomatlashtirilgan tizimning texnik parametrlariga muvofiq yoki isteʼmolchining buyurtmasi boʻyicha yozib olinadi.
taʼminotchi shaxsiy hisobvaraq va hisoblagichlarning holati haqida batafsil maʼlumotlar doimiy asosda shakllantirilishini va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga real vaqt rejimida yuborilishini taʼminlaydi.
4. Isteʼmolchi oʻziga tegishli elektr tarmoqlariga kuchlanishi 1 000 V gacha boʻlgan qoʻshimcha elektr qurilmalarini ruxsat etilgan quvvat miqdori doirasida ulashi mumkin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) xodimlari elektr energiyasidan samarasiz va nooqilona foydalanish, elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya qilmaslik va elektr qurilmalarining avariya xavfini tugʻdiradigan yoki odamlar hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati hamda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, shuningdek, hisoblagichlarga qasddan shikast yetkazganlik, hisoblagichlar koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari aniqlanganda, tegishli taʼminotchiga yoki isteʼmolchiga ushbu elektr qurilmalar elektr energiyasi taʼminotini toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida majburiy koʻrsatma berish huquqiga ega.
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan isteʼmolchida elektr energiyasidan nooqilona foydalanganlik, elektr energiyasini tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni bajarmaslik, texnik shart talablari boʻyicha qayta tiklanuvchi energiyasi manbalarni joriy etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda (tegishli imzolangan dalolatnomaga muvofiq), taʼminotchi ushbu holatdan kelib chiqqan holda elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdorini kamaytirishga haqli.
6. Taʼminotchiga elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridagi avariyalarning oldini olish va bartaraf etish yoki odamlar xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur boʻlganda, isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda elektr energiyasini uzatishni uzib qoʻyish yoki cheklashga ruxsat etiladi.
7. Obyektning elektr taʼminoti loyihasida koʻzda tutilgan zaxira manbaini avtomatik ishga tushirish, taʼminot manbaini qayta ulash yoki chastotali avtomatik yuksizlantirish vaqtida elektr energiyasining uzib qoʻyilishi (sabablaridan qatʼi nazar) elektr taʼminotida tanaffus deb hisoblanmaydi.
8. Vakolatli davlat organlari maxsus qoidalar boʻyicha foydalaniladigan elektr qurilmalarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq energetika nazoratidan oʻtkazadi.
Elektr tarmoqlari, qurilmalar, asboblar va uskunalarning texnik holatiga va ularni ekspluatatsiya qilishga qoʻyiladigan talablar, shuningdek, ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi elektr energetika sohasidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
9. Oʻzenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan davlat nazoratining amalga oshirilishi isteʼmolchilarni oʻzlari ekspluatatsiya qilayotgan elektr tarmoqlari, asboblar va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi taʼminlanishi, elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimiga rioya etilishi uchun javobgarlikdan, shuningdek, elektr energiyasidan foydalanish paytida paydo boʻladigan avariyalar, yongʻinlar, hisoblagichlarning nosozliklari va boshqa qoida buzarliklar toʻgʻrisida taʼminotchini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
10. Umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud hisoblagichlarga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan zarar yetkazish yoxud hisoblagichlarning koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan oʻgʻrilik sodir etgan, elektr energiyasining behuda sarflanishiga yoʻl qoʻygan va Oʻzenergoinspeksiya koʻrsatmalarini bajarmagan isteʼmolchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
2-bob. Elektr energiyasi isteʼmolchilarining huquq va majburiyatlari
11. Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz elektr qurilmalarini texnik shartlarga muvofiq elektr tarmoqlariga ulash;
sifat koʻrsatkichlari davlat standartlariga muvofiq boʻlgan elektr energiyasini olish;
elektr energiyasini yetkazib berishning toʻxtatib qoʻyilishi sabablari toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot olish;
taʼminotchiga ular isteʼmol qiladigan elektr energiyasi hajmlarining oʻzgartirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish. Bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini oʻzgartirish boʻyicha taklif moʻljallanayotgan hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin berilishi kerak;
elektr energiyasi toʻliq hajmda yetkazib berilmasligi yoki sifat koʻrsatkichlari milliy standartlariga muvofiq boʻlmagan elektr energiyasi yetkazib berilishi oqibatida taʼminotchi tomonidan yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda qoplashni talab qilish;
elektr taʼminoti shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmay qolgan elektr energiyasi miqdori uchun toʻlangan mablagʻni qaytarishni talab qilish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq bir taraflama tartibda elektr taʼminoti shartnomasini bekor qilish;
elektr energiyasi yetkazib berilishi asossiz ravishda toʻxtatilganda, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish;
elektr taʼminoti shartnomalarini tuzish va bajarishda yuzaga kelayotgan nizolarni hal etish uchun sudga yoki boʻysunishi boʻyicha yuqori tashkilotga, mansabdor shaxsga murojaat qilish.
Elektr energiyasi isteʼmolchilari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagilarga majbur:
taʼminotchi tomonidan belgilangan elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya etish;
foydalanilgan elektr energiyasi uchun oʻz vaqtida haq toʻlash;
ishlatilayotgan elektr qurilmalari, asboblar va asbob-uskunalarning zarur texnik holatini va isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishini taʼminlashga, HETK yoki elektr taʼminoti korxonasiga elektr asbob-uskunalari, hisoblagich va oʻlchov transformatorlarining nosoz holati, ulardagi oʻrnatilgan plombalarning buzilganlik holatini koʻrganda, elektr taʼminoti korxonasiga xabar qilish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmat birligiga elektr energiyasi sarfi meʼyorlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
elektr energiyasini iqtisod qilish boʻyicha yillik tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni tasdiqlash hamda ularni ijrosini taʼminlash (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
elektr energiyasidan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Oʻzenergoinspeksiyaning koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarish;
Elektr qurilmalarining tuzilish qoidalari talablariga rioya etish;
belgilangan tartibda taʼminotchi va Oʻzenergoinspeksiya xodimiga xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida hisoblagich koʻrsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun toʻsqinliksiz borib koʻrish imkonini berish (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
yil mobaynida yangi ishga tushiriladigan elektr qurilmalaridan foydalanish boshlanishidan kamida bir oy oldin (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasining zarur miqdori uchun taʼminotchiga buyurtmanoma berish;
kelgusi yil uchun elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni aniqlashda elektr energiyasini elektr tarmoqlaridan uzatishda, ishlab chiqariladigan mahsulotning (ishlar turlarining) texnologik jarayoni ishlab chiqarish ehtiyojlariga, ishlab chiqarish binolari va maʼmuriy binolarni yoritishga, isitishga, shamollatishga elektr energiyasi sarfini, shuningdek, ushbu elektr tarmoqlariga ulangan subisteʼmolchilarning ehtiyojini hisobga olish (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
ruxsat etilgan quvvati 50 kVt va undan ortiqni tashkil etgan barcha isteʼmolchilar (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) reaktiv energiyani kompensatsiyalovchi qurilmalarni oʻrnatishga va ushbu qurilmalarni soz holatda ishlab turishini taʼminlash;
ishlab chiqariladigan mahsulot va koʻrsatiladigan xizmatlar birligiga sarflanadigan elektr energiyasining belgilangan meʼyorlardan oshmaslik;
qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatda majburiy energetika tekshiruvi (energoaudit) va ekspertizani oʻtkazish;
ishlab chiqariladigan mahsulot va koʻrsatiladigan xizmatlar birligiga sarflanadigan elektr energiyasi meʼyorlari taʼminlanishi uchun yillik elektr energiyasini iqtisod qilish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar ishlab chiqilishi va ularning bajarilishini taʼminlash.
Ulangan quvvati 5 megavatt va undan ortiq boʻlgan elektr energiyasi isteʼmolchilari taʼminotchi talabiga koʻra quyidagilarni hisobga olishi va bu haqida taʼminotchini xabardor qilishi shart:
isteʼmol qilinayotgan quvvatning har sutkalik, har oylik sarfi va amaldagi miqdorini;
yagona elektr energetika tizimining eng koʻp va eng kam yuklamali davrlarida reaktiv energiya va quvvatning har sutkalik sarfini;
yagona elektr energetika tizimining eng koʻp yuklamasining oʻtish davrida aktiv energiya (quvvat)ning har 30 daqiqadagi sarfini.
13. Obyektlaridan magistral elektr tarmoqlari sifatida foydalaniladigan isteʼmolchilar taʼminotchi bilan elektr energiyasi uzatish xizmatlarini koʻrsatish yuzasidan shartnomalar tuzish huquqiga ega emas.
14. Ulangan quvvati 250 kVA va undan ortiq boʻlgan isteʼmolchilar mazkur Qoidalarning 12-bandida koʻrsatilgan majburiyatlar bilan birgalikda quyidagilarga majbur:
mahsulot birligini ishlab chiqarish (ishlarni amalga oshirish) uchun elektr energiyasi sarfining texnik va iqtisodiy jihatdan asoslangan ilgʻor normalarini ishlab chiqish — umumiy ishlab chiqarish va texnologik; yakka tartibdagi va guruh boʻyicha; yillik, choraklik va oylik — ularni ishlab chiqarishni tashkil etish texnologiyasi takomillashtirilishi (oʻzgartirilishi) va yangi texnika joriy etilishiga qarab qayta koʻrib chiqish;
ishlab chiqarish korxonalari tomonidan har bir ishlab chiqarish sexlarida ishlab chiqarilgan mahsulot birligiga sarflangan elektr energiyasi miqdorini aniqlash uchun nazorat hisoblagichlarini oʻrnatish;
mahsulot (ish, xizmatlar) birligiga elektr energiyasi sarfining tasdiqlangan meʼyorlariga rioya qilish va ularni kamaytirish boʻyicha belgilangan tadbirlarning bajarilishini taʼminlash;
korxona boʻyicha, shu jumladan, koʻp energiya sarflaydigan uskunalar, sexlar va isteʼmolchilar guruhlari boʻyicha elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balansini tuzish hamda ular asosida ishlab chiqarish jarayonlarida elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini tahlil qilish, elektr energiyasining samarasiz sarflanishi va isrof boʻlishini aniqlash, ularni kamaytirish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
kelgusi davr uchun elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni va elektr tarmoqlarining energiya oʻtkazish qobiliyatini oshirish, elektr taʼminoti sxemalarini takomillashtirish zaruratini aniqlash maqsadida (mahsulot ishlab chiqarishning, bajariladigan ish turlarining moʻljallanayotgan prognoz hajmlaridan va elektr energiyasi sarfi meʼyorlaridan kelib chiqib, ularni kamaytirish va elektr energiyasini tejashni hisobga olgan holda) bir yil va kelgusi davr uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balanslarini tuzish;
elektr energiyasini tejash boʻyicha (yillik va uzoq istiqbol uchun) tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
3-bob. HETKning huquq va majburiyatlari
15. Taʼminotchi quyidagi huquqlarga ega:
isteʼmolchilardan ushbu Qoidalarda va elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan majburiyatlarni tegishli darajada bajarishni talab etish;
isteʼmolchilar tomonidan elektr taʼminoti shartnomasi shartlari uzrli sabablarsiz bajarilmasligi yoki buzilishi oqibatida unga yetkazilgan zararning belgilangan tartibda qoplanishini talab etish;
Oʻzenergoinspeksiya koʻrsatmasi yoki energiya resurslaridan foydalanish talablariga amal qilinishini tekshirish, shu jumladan, hisoblagichlarni koʻzdan kechirish uchun hududga kirishga qarshilik qilganda, texnik nosoz va avariya keltirib chiqarish mumkin boʻlgan qurilmalardan foydalanilganda, elektr taʼminoti yetkazib berish toʻxtatib qoʻyish (oʻchirish);
isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlov elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan miqdorlarda va muddatlarda amalga oshirilmagan taqdirda, shuningdek, EHNATga ulangan va oldindan toʻlangan mablagʻ tugagandan soʻng elektr energiyasi uchun oldindan toʻlovni amalga oshirish qurilmasiga ega hisoblagich mavjud boʻlgan isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan uzish, elektr energiyasi maxsus tartibga koʻra yetkazib beriladigan isteʼmolchilar bundan mustasno;
metall prokatini ishlab chiqaruvchi va (yoki) qayta ishlovchi korxonalar tomonidan induksion pechlardan foydalangan holda, qurilish uchun ishlab chiqarilgan metall prokati Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan xulosasiga asosan elektr taʼminoti shartnomasini bir tomonlama bekor qilish;
kelishilgan elektr taʼminoti loyihasida nazarda tutilgan reaktiv energiyani kompensatsiyalovchi qurilmalarni oʻrnatmagan yoki soz holda ishlab turishini taʼminlamagan isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan uzish;
elektr energiyasini maxsus tartibga koʻra yetkazib beriladigan isteʼmolchilarda qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda, haq toʻlanmaganligi uchun elektr energiyasi yetkazib berilishini belgilangan tartibda elektr taʼminotining avariya bronigacha, toʻliq uzib qoʻyish esa — faqat qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga koʻra cheklash;
elektr tarmogʻidan uzishga elektr taʼminoti korxonasi xodimini hududga kiritmagan taqdirda, qarzdor isteʼmolchini elektr tarmogʻining asosiy ulanish nuqtasidan uzish;
taʼminotchi vakolatli xodimining shaxsiy guvohnomasi boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida hisoblagichlarning koʻrsatkichlarini yozib olish va koʻrikdan oʻtkazish uchun isteʼmolchilarning hisoblagichlar va ularning ulanish sxemalarini toʻsqinliksiz borib koʻrish.
Taʼminotchi qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Taʼminotchi mazkur Qoidalar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan holatlarda isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan uzish oqibatlari uchun javobgar boʻlmaydilar.
16. Taʼminotchi quyidagilarga majbur:
elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasiga elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hajmda uzluksiz yetkazib berish;
uskunalarni, elektr uzatish tarmoqlarini, hisoblagichlarni ekspluatatsiya qilish, ularga xizmat koʻrsatish va uskunalarni taʼmirlash, shuningdek, oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etish;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlab turish;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida kamida 3 kun oldin ogohlantirish;
isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatib turilishi va buning sabablari toʻgʻrisida maʼlumot berish;
joriy etiladigan cheklashlar haqida cheklashning hajmi va vaqtini koʻrsatgan holda oʻz vaqtida xabar qilish;
Oʻzenergoinspeksiyaning koʻrsatmalariga muvofiq isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilishini qisman yoki toʻliq toʻxtatib qoʻyish;
elektr energiyasining oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻylab uzatilishidagi texnologik yoʻqotishlarning ruxsat etilgan meʼyorlarini hisoblab chiqish va Regulatorga tasdiqlash uchun kiritish;
isteʼmolchilarning elektr energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi yoki elektr taʼminotida boshqa qoida buzilishlar toʻgʻrisidagi arizalarini isteʼmolchidan ariza olingan kundan boshlab oʻn kundan kechikmay koʻrib chiqish, ushbu qoida buzilishlarini bartaraf etish va isteʼmolchilarga ushbu Qoidalarga muvofiq batafsil javob yuborish;
Oʻzenergoinspeksiyaning mazkur Qoidalar talablari buzilishi toʻgʻrisidagi dalolatnomalari boʻyicha undirilgan toʻlovlar toʻgʻrisida maʼlumotni har oy Oʻzenergoinspeksiyaga taqdim etib borish;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasining texnologik sarflarini qisqartirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
elektr energiyasining elektr tarmoqlari mansublik chegarasida hisobga olinmagan isteʼmolini aniqlash;
har oyda bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm oʻrtasida tafovut mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni rasmiylashtirish hamda Oʻzenergoinspeksiyaga taqdim qilish;
isteʼmolchilar tomonidan buyurtma berilgan elektr energiyasi hajmini yetkazib berishning texnik imkoniyatlarini va ulardagi hisoblagichlarni mazkur Qoidalar talablariga muvofiqligini baholash boʻyicha xulosa berish;
isteʼmolchilarning elektr tarmoqlari va qurilmalarini oʻz hududiy elektr tarmoqlariga ulash yuzasidan texnik shartlar berish;
isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib borish;
yuridik shaxs hisoblangan isteʼmolchilardagi muddati oʻtgan debitor qarzdorliklarni kamaytirish yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
isteʼmolchining belgilangan tartibda kiritilgan takliflariga muvofiq besh kun muddatda elektr energiyasining oylik shartnomaviy hajmiga oʻzgartirishlar kiritish, elektr energiyasining oylik shartnomaviy miqdorini koʻpaytirish (kamaytirish) mumkin boʻlmagan taqdirda — bu haqda rad etish sababini koʻrsatgan holda isteʼmolchiga xabar qilish;
har yili isteʼmolchilarning barcha toifalari buyurtmanomalarini umumlashtirish asosida elektr energiyasi isteʼmolining prognoz koʻrsatkichlarini, shu jumladan, aholi isteʼmolini, oʻz ehtiyojlariga va kelgusi yilda uni uzatishga texnologik sarfni shakllantirish, yil mobaynida yangi ishga tushiriladigan obyektlar uchun zaxiralarni nazarda tutish va 1-oktabrgacha taʼminotchiga taqdim etish;
kelgusi yil uchun elektr energiyasi isteʼmoli miqdorlarini mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishish;
maishiy isteʼmolchining arizasiga asosan ariza berilgan paytning oʻzida toʻlovlarning holati va isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qarzdorlikning mavjud emasligi (mavjudligi) toʻgʻrisida maʼlumotnomalar taqdim etish;
isteʼmolchilarga oʻrnatilgan hisoblagichlarni belgilangan tartibda almashtirish, oʻrnatish va ularni plombalash;
isteʼmolchilarning hisoblagichlarini belgilangan tartibda oʻz vaqtida qiyoslovdan oʻtkazish.
Taʼminotchi:
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan elektr energiyasining nooqilona sarflanishi, elektr qurilmalarining avariya xavfini tugʻdiradigan yoki insonlar hayoti va sogʻligʻiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklar aniqlanib, qoidabuzarlarni elektr tarmoqlaridan uzib qoʻyish boʻyicha topshiriq berilganda, ushbu topshiriqni zudlik bilan bajaradi va ijro etilganligi toʻgʻrisida Oʻzenergoinspeksiyaga xabar beradi;
Oʻzenergoinspeksiyaga elektr energiyasi isteʼmoli yuzasidan davlat nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi elektr energiyasi isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni monitoring qilish imkoniyatini taʼminlash uchun soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradi.
Elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya qilmay, elektr energiyasi isteʼmoli yoki quvvatining shartnomaviy miqdoridan oshib ketishiga yoʻl qoʻygan va belgilangan elektr energiyasi isteʼmolini cheklash jadvalini bajarmagan kunlarda sifati past elektr energiyasi yetkazib berilganligi, shuningdek, zaxira manbaini avtomatik ulash, taʼminot manbaini avtomatik qayta ulash va avtomatik chastotali yuksizlantirish vaqtida elektr taʼminotidagi tanaffuslar uchun taʼminotchi isteʼmolchi oldida moddiy javobgar boʻlmaydi.
Elektr taʼminoti shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki zarur tarzda bajarilmagan hollarda, taʼminotchi buning natijasida isteʼmolchiga yetkazilgan zararni qoplashga, isteʼmolchi esa taʼminotchiga yetkazilgan zararni qoplashga majbur.
Rasmiylashtirilgan elektr taʼminoti shartnomasini bir ish kuni ichida taʼminotchining dasturiy taʼminot bazalariga kiritish.
4-bob. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va isteʼmol qilish ustidan davlat nazorati
17. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, isteʼmol qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi yuzasidan davlat nazorati (maishiy isteʼmolchilar bundan mustasno) qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzenergoinspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
18. Oʻzenergoinspeksiya quyidagi huquqlarga ega:
xodimlari xizmat guvohnomalari boʻlgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) isteʼmolchilarning hisoblagich koʻrsatgichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish uchun hisoblagichlar, sxemalar hamda qurilmalarni toʻsqinliksiz borib koʻrish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirmagan holda elektr energiyasini behuda sarflash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlarini oʻtkazish;
elektr energiyasidan behuda foydalanganligi uchun yuridik shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda iqtisodiy va (yoki) maʼmuriy jazo choralarini belgilangan tartibda qoʻllanilishini taʼminlash;
tekshirishlarga taʼminotchining xodimini jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda topshiriqlariga muvofiq respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda ijtimoiy soha tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari joriy etilishini nazorat qilish va belgilangan koʻrsatkichlarning bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar koʻrish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, taʼminotchining xodimlari bilan birgalikda isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish boʻyicha plombalar oʻrnatish va dalolatnoma bilan isteʼmolchi ishtirokida rasmiylashtirish;
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan isteʼmolchilarning elektr uskunalarida reaktiv quvvat kompensatsiyasining maqbul darajasi taʼminlanishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
5-bob. Isteʼmolchilarning yangi va qoʻshimcha quvvatlarini yagona elektr energetika tizimi tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish va elektr taʼminoti loyihalarini kelishish
19. Isteʼmolchilarning yangi va qoʻshimcha quvvatlarini yagona elektr energetika tizimi tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
20. Texnik shartlar soʻralayotgan quvvatga qarab, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yoki uning hududiy filiallari tomonidan davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali beriladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ elektr tarmogʻiga ulashi mumkin boʻlgan zaxira quvvati va manbalari toʻgʻrisida bir yilda ikki marotaba yangilagan holda oʻz veb-saytida maʼlumot berib boradi.
Bunda, agar soʻralayotgan quvvatning ulanishi toʻgʻridan-toʻgʻri:
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarmoqlariga moʻljallanayotgan boʻlsa, texnik shartlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yoki uning hududiy filiallari tomonidan ishlab chiqiladi va beriladi;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ yoki isteʼmolchi tarmoqlariga moʻljallanayotgan boʻlsa, texnik shartlar ushbu tarmoqlar egasi tomonidan ishlab chiqiladi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ orqali belgilangan tartibda beriladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ yoki isteʼmolchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tartibga solinadi.
21. Texnik shartlarning bajarilishi barcha isteʼmolchilar, loyihalashtirish, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
22. Isteʼmolchilar uchun texnik shartlar toʻlov undirilmasdan beriladi.
23. Texnik shartlar boʻyicha ishlab chiqilgan elektr taʼminoti loyihalarini kelishish va isteʼmolchilarning yangi va qoʻshimcha quvvati yagona elektr energetika tizimi tarmoqlariga DXM yoki YIDXP orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ulanadi.
24. Elektr qurilmalarining qoʻshimcha quvvati ulanganda, zaxira elektr taʼminotini talab etadigan toifaga oʻtish munosabati bilan elektr qurilmalarining elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha toifasi oʻzgarganda hamda tashqi elektr taʼminoti sxemasi oʻzgargan taqdirda, isteʼmolchi qoʻshimcha texnik shartlar olishga majburdir.
25. Isteʼmolchining ulangan quvvati texnik shartlar va elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan miqdordan oshirib yuborilganda, isteʼmolchining elektr tarmoqlari toʻgʻridan-toʻgʻri ulangan tashkilot (“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ yoki taʼminlovchi isteʼmolchi) tomonidan qoʻshimcha ulangan quvvat uzib qoʻyiladi.
Bunda isteʼmolchi tomonidan isteʼmol qilishga ruxsat etilgan quvvatning oshirilishi tufayli avariya holati yuzaga kelganda va/yoki yagona elektr energetika tizimi tarmoqlariga zarar yetkazilganda, isteʼmolchidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yetkazilgan haqiqiy zarar summasi undiriladi.
26. Subisteʼmolchilar texnik shartlarni taʼminotchining ruxsati bilan isteʼmolchidan oladi va elektr taʼminoti loyihasini Oʻzenergoinspeksiya va isteʼmolchi bilan kelishadi.
27. Subisteʼmolchining yuklamasi ortishi sababli isteʼmolchining tashqi elektr taʼminoti sxemasini oʻzgartirish yoki elektr taʼminoti shartnomasida qayd etilgan transformatorlar va yuqori kuchlanishli dvigatellar quvvatini oshirish zarurati yuzaga kelsa, isteʼmolchi yuklamani oshirish boʻyicha texnik shartlarni oladi.
28. Isteʼmolchi, agar unda texnik imkoniyat mavjud boʻlsa, taʼminotchining talabi boʻyicha oʻz elektr tarmoqlariga boshqa isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ulashi shart.
29. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari tarmoq transformatorlardan yoki HETK past kuchlanishli tarmoqlaridan taʼminlanganda, isteʼmolchining ulangan quvvati uchun foydalanishga ruxsat etilgan quvvat qabul qilinadi, uning miqdori HETK tomonidan belgilanadi hamda elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi.
Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan transformatorlar yoki dvigatellarning yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarini ulashga, HETKning tarmoq transformatorlariga past kuchlanishli qurilmalarning yangi quvvatini ulashga yoki ularning ruxsat berilgan quvvatini oshirish uchun texnik shartlar HETK tomonidan isteʼmolchi-buyurtmachidan (quruvchidan) yoki uning topshirigʻi boʻyicha bosh loyiha tashkilotidan buyurtma olingandan soʻng belgilangan tartibda beriladi.
30. Tadbirkorlik subyektlariga texnik shartlar DXM yoki YIDXP orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi. Bunda isteʼmolchilarning xohishiga koʻra ularni elektr tarmoqlariga “tayyor holda” ulash mumkin.
31. Isteʼmolchi texnik shartlarni olish boʻyicha buyurtmanomada loyihalashtirilayotgan obyektni tavsiflovchi quyidagi maʼlumotlarni qisqacha shaklda koʻrsatadi:
yuklama miqdori;
isteʼmolchining elektr taʼminoti ishonchliligi boʻyicha toifasi;
joylashgan joyi;
obyektni loyihalashtirish va qurish muddatlari.
32. Isteʼmolchi quyidagi hollarda qoʻshimcha texnik shart olishga majbur:
elektr taʼminotining ishonchliligi zaxira taʼminot talab etadigan toifaga oʻtganda;
elektr qurilmalarning qoʻshimcha quvvati ulanganda;
tashqi elektr taʼminoti sxemasi oʻzgarganda.
Belgilangan quvvat texnik shartlar va elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan miqdordan oshirib yuborilganda, taʼminotchi tomonidan qoʻshimcha ulangan quvvat uzib qoʻyiladi. Ushbu holat takroriy aniqlanganda isteʼmolchi elektr tarmogʻidan toʻliq uziladi.
Bunda isteʼmolchi tomonidan isteʼmol qilishga ruxsat etilgan quvvatning oshirilishi tufayli avariya holati yuzaga kelganda va (yoki) taʼminotchining elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga zarar yetkazilganda, isteʼmolchidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yetkazilgan haqiqiy zarar summasi ham undiriladi.
33. Obyektni elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar mavjud texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, eng yaqin elektr tarmoq xoʻjaligi obyektlaridan, ularning istiqbolda rivojlanishi va bandlik darajasi hisobga olingan holda beriladi va ushbu shartlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
isteʼmol qilishga ruxsat etilgan elektr qurilmalarining quvvati;
ulanish nuqtasi (podstansiya, elektr stansiyasi yoki elektr uzatish liniyasi), obyekt ulanadigan tarmoq kuchlanishi, alohida holatlarda tashqi elektr energiyasi taʼminoti sxemasi variantlarini ishlab chiqish zarurati koʻrsatiladi;
yangi isteʼmolchining ulanishi tufayli mavjud tarmoqni kuchaytirish boʻyicha asoslangan talablar (simlar kesimlarini oshirish, transformatorlarni almashtirish, zaxira yacheykalar oʻrnatish va shu kabilar);
qisqa tutashish toklarining hisoblangan miqdori, releli himoya, avtomatika, aloqa, izolyatsiya va oʻta kuchlanishdan himoyaga qoʻyiladigan talablar;
quvvati 50 kVt va undan yuqori boʻlgan isteʼmolchilar uchun reaktiv quvvat oʻrnini toʻldirishga qoʻyiladigan talablar;
elektr energiyasini hisobga olish boʻyicha qoʻyiladigan talablar;
isteʼmolchining hududiy elektr tarmoqlari taʼminlovchi liniyalari ulanadigan elektr qurilmalariga qoʻyiladigan oʻziga xos talablar (yagona elektr energetika tizimida quvvat tanqisligi paydo boʻlganda, bunday elektr qabul qilgichlarning elektr taʼminotini saqlash maqsadida zaxira energiya manbaining, kuchlanish beriladigan joylarni avtomatik himoya qilishning zarurligi, taʼminlovchi liniyalarning parallel ishlashiga yoʻl qoʻyilishi, ayrim zaxira taʼminlovchi liniyalarga yuklamalarni ajratish va boshqalar);
isteʼmolchi tarmogʻiga ulanadigan subisteʼmolchilar roʻyxati (ularning yuklamalari va elektr energiyasi isteʼmoli toʻgʻrisidagi asosiy istiqbol maʼlumotlarini koʻrsatgan holda);
bino va inshootlar loyihasida (ishchi loyihasida) elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishni tashkil etish boʻyicha loyiha yechimlarini ishlab chiqish boʻyicha talablar;
texnik shartlarning amal qilish muddati va boshqa texnik talablar.
Ayrim holatlarda texnik shartlarda yaqin joylashgan aholi va ijtimoiy obyektlarning quvvatini inobatga olish va energotizim ehtiyojlari uchun alohida yacheykalar oʻrnatilishi talab etilishi mumkin.
34. Bino va inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarish quvvatlarning texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan elektr taʼminoti loyihalari (ishchi loyihalari) qonunchilikda belgilangan tartibda taʼminotchi tomonidan koʻrib chiqilishi va Oʻzenergoinspeksiya bilan kelishilishi kerak.
35. Isteʼmolchilarning yuklamalarini ulash bilan bogʻliq yangi elektr qurilmalarini va elektr tarmogʻi xoʻjaligining obyektlarini loyihalashtirish va qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish isteʼmolchilarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj prognozini shakllantirish tartibi
36. Respublikada elektr energiyasi isteʼmolining prognozi taʼminotchi tomonidan iqtisodiy rivojlanish, aholi va tadbirkorlik subyektlari sonining oʻsishi va uy-joy qurilishini hisobga olgan holda har bir isteʼmolchi bilan tuzilgan elektr taʼminoti shartnomalarida koʻrsatilgan ehtiyoj miqdorlari asosida aniqlanadi.
Navbatdagi yil uchun elektr energiyasi isteʼmolining shartnomaviy miqdori amaldagi yillik elektr energiyasi isteʼmol hajmidan kelib chiqqan holda (qayta tiklanuvchi energiyasi manbalari joriy etilganligi, energiyani tejash chora-tadbirlari rejasi inobatga olingan, shuningdek, yangi obyektlarni ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatining oshirilishi boʻyicha aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda) belgilanadi.
37. Elektr energetika obyektlarining ichki elektr energiyasi isteʼmolining prognozi (korxonalarning elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun oʻzining va ishlab chiqarish ehtiyojlari), belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasini elektr tarmogʻi boʻylab uzatishda uning texnologik sarfi har yili 15-sentabrgacha umumlashtiriladi hamda kelgusi yil uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balansi tarkibiga kiritiladi.
38. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxona har yili 15-sentabrgacha Energetika vazirligi, Oʻzenergoinspeksiya, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga kelgusi yilga elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvat va prognoz toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
39. “Oʻzenergosotish” AJ “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda choraklar kesimida kelgusi yilgi elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balansining prognoz koʻrsatkichlarini shakllantiradi va joriy yilning 1-oktabriga qadar uni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etish uchun Energetika vazirligiga kiritadi.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tasdiqlangan elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balansining prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq oʻz tasarruflaridagi tashkilotlarga elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va isteʼmol qilinishining choraklarga taqsimlangan koʻrsatkichlarini prognoz yil uchun belgilangan muddatlarda yetkazadilar.
7-bob. Elektr taʼminoti shartnomasini tuzish
40. Elektr energiyasi bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarilishi va isteʼmol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar turi sifatida, taʼminotchi va energiya qurilmalari shu tashkilot tarmogʻiga bevosita ulangan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasi asosida mazkur Qoidalarga muvofiq yetkazib beriladi.
Yuridik shaxsning nomi yoki elektr qurilmalar mulkdori oʻzgarganda isteʼmol qilinadigan quvvat va (yoki) elektr taʼminotining ishonchlilik toifasi oʻzgarmasa, taʼminotchi va isteʼmolchi — elektr qurilmalarining huquqiy vorisi oʻrtasida elektr taʼminoti shartnomasi ommaviy oferta asosida elektr taʼminoti shartnomasini kelishish (qabul qilish) va uni axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali yangi mulkdor tomonidan tasdiqlash yoʻli bilan tuziladi.
Bunda isteʼmolchilarda abonentning shaxsiy raqami shakllantirilishi talab etilsa, taʼminotchi tomonidan yangi isteʼmolchi raqami elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi. Isteʼmolchilar shakllantirilgan abonentning shaxsiy raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni YIDXP orqali yuridik shaxslar uchun — soliq toʻlovchi identifikatsiya raqamini (STIR), jismoniy shaxslar uchun — pasport yoki identifikatsiya ID-kartaga oid maʼlumotlarni (pasport seriyasi va raqami), jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini yoki kadastr raqamlaridan birini kiritish yoʻli bilan aniqlanishi mumkin.
41. Taʼminotchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi elektr taʼminoti shartnomasi elektr taʼminotining namunaviy shartnomasiga muvofiq elektron shaklda tuziladi.
Elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi Energetika bozori regulatori tomonidan ishlab chiqiladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda isteʼmolchining obyektlarini elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonasida joylashtirish va mazkur isteʼmolchilar bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzish taqiqlanadi.
42. Elektr taʼminoti shartnomasi isteʼmolchiga elektron hujjat aylanishining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Shartnomani rasmiylashtirish va isteʼmolchiga taqdim etish elektr energiyasi yetkazib beruvchi zimmasida boʻladi.
43. Subisteʼmolchilar isteʼmolchilar bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzishi, bunda taʼminotchidan texnik shartda ruxsat etilgan quvvatdan ortiqcha quvvat ulanishi koʻzda tutilganda yoki ishonchlilik toifasi oʻzgargan holatlarda, isteʼmolchi oʻz tarmogʻiga subisteʼmolchilarni ulash uchun taʼminotchi roziligini olishi shart hisoblanadi.
Subisteʼmolchilar toʻgʻridan-toʻgʻri elektr taʼminoti korxonasi bilan shartnoma tuzganda, isteʼmolchilar va subisteʼmolchilar oʻrtasidagi har xil nizoli holatlar, jumladan, ekspluatatsiya xarajatlari, oʻzaro boshqa turdagi toʻlovlar bilan bogʻliq yoki ichki elektr tarmoqdagi nosozliklar natijasida isteʼmolchi tomonidan subisteʼmolchi elektr tarmoqdan ajratilganda, yetkazilgan zararga elektr taʼminoti korxonasi javobgar hisoblanmaydi, taʼminotchining aybi boʻlgan holatlar bundan mustasno.
44. Subisteʼmolchilarga oʻz tarmoqlari orqali elektr energiyasini yetkazib beruvchi isteʼmolchilar subisteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olgan holda, taʼminotchi bilan elektr energiyasining umumiy (jami) miqdori boʻyicha elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi.
8-bob. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligini aniqlash va kuchlanishni uzatish
45. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligini aniqlash va ularga kuchlanish berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Isteʼmolchilarning quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan elektr qurilmalari yagona elektr energetika tizimi elektr tarmoqlariga ularning ekspluatatsiya qilishga tayyorligi aniqlanmasdan va Oʻzenergoinspeksiya tomonidan isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash toʻgʻrisidagi dalolatnoma imzolanmasdan ulanganligi aniqlanganda, ushbu elektr qurilmalari qoidabuzarliklar bartaraf etilgunicha va mazkur buzilishlarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgunicha elektr tarmoqlaridan darhol uziladi.
46. Quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan isteʼmolchilarning yangi yoki rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalarida sinov-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun 1 oygacha boʻlgan muddatga kuchlanish berish, Oʻzenergoinspeksiya tomonidan ularning sinov-sozlash ishlarini amalga oshirishga tayyorligi aniqlangani, taʼminotchi tomonidan hisoblagich va hisobga olish tizimi tekshirib plombalangach, vaqtincha elektr taʼminoti shartnomasi tuzilgandan va maʼlumotlar taʼminotchining dasturiy taʼminot bazasiga kiritilgandan keyin ruxsat beriladi.
Sinov-sozlash ishlari tugaganidan keyin taʼminotchi tomonidan isteʼmolchining elektr qurilmalari elektr tarmoqdan darhol oʻchiriladi.
47. Quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan isteʼmolchilarning yangi yoki rekonstruksiya qilingan elektr qurilmalariga kuchlanish berish, Oʻzenergoinspeksiya tomonidan ularning ekspluatatsiya qilishga tayyorligi aniqlangani, hisoblagich va hisobga olish tizimi tekshirilib plombalangach, elektr taʼminoti shartnomasi tuzilgandan va isteʼmolchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taʼminotchining tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritilgandan keyingina amalga oshiriladi.
Quvvati 20 kVtgacha boʻlgan yangi yoki rekonstruksiya qilingan isteʼmolchilarning elektr qurilmalariga kuchlanish berish uchun Oʻzenergoinspeksiyaning ushbu elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligi toʻgʻrisida xulosasi talab etilmaydi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ulanadi.
48. Isteʼmolchilarning elektr qurilmalari ekspluatatsiya qilishga tayyorligini aniqlaydigan Oʻzenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlari, shuningdek, taʼminotchi ekspluatatsiya qilish jarayonida ularning normal ishlashi uchun javobgar boʻlmaydi.
9-bob. Elektr qurilmalarining texnik holati yuzasidan tomonlarning javobgarligi
49. Elektr qurilmalarining texnik holati va ekspluatatsiya qilinishi yuzasidan isteʼmolchilar bilan taʼminotchi oʻrtasidagi javobgarlik ushbu elektr qurilmalarining balans boʻyicha mansubligi bilan belgilanadi va elektr taʼminoti shartnomasiga ilova qilinadigan elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligini va tomonlarning ekspluatatsiya qilish boʻyicha javobgarligini chegaralash dalolatnomasida qayd etiladi.
Elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi chegarasini va ularni ekspluatatsiya qilish boʻyicha javobgarligini belgilash dalolatnomasi taʼminotchi va isteʼmolchi vakillari tomonidan imzolanadi.
Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlik chegaralari:
yopiq taqsimlash qurilmalarining tashqi tomonidan elektr uzatish havo liniyasining oʻtish izolyatori ulangan joyda va simning ochiq taqsimlash qurilmalari izolyatorlari portal tizmasining taranglovchi qisqichidan chiqish joyida;
elektr uzatishning taʼminlovchi yoki chiquvchi liniyalarining kabel yoki havodagi kirish simlari ulangan joylarida belgilanadi. Bunda ulanmalarning holati uchun podstansiyadan foydalanuvchi korxona javob beradi.
Turli isteʼmolchilarga tegishli, tarmoqlangan simlarga (yopiq yoki ajratkichlar orqali) ega boʻlgan kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr uzatish liniyalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan javobgarlikning mansublik chegarasi asosiy liniyaning tarmoqlanish amalga oshirilgan tayanch nuqtasida belgilanadi.
Tarmoqlangan simlarni ulovchi qisqichlarning holati uchun javobgarlik asosiy elektr uzatish liniyasi egasiga yuklanadi.
Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarining holati va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha isteʼmolchi va HETK oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi:
havodagi tarmoqlanishda — bino yoki quvur tayanchida oʻrnatilgan birinchi izolyatorlarda;
kabel bilan kiritishda — binoga kirish joyida taʼminlovchi kabelning ulanish joylarida belgilanadi.
Bunda uy-joy mulkdorlari shirkatlariga, boshqaruv tashkilotlariga, muassasalarga va ishlab chiqarish bilan shugʻullanmaydigan boshqa isteʼmolchilarga tegishli uylardagi elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasidagi ulanmalarning holati uchun HETK javob beradi.
Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish xususiyatlariga koʻra javobgarlikning boshqa asoslangan chegaralari ham belgilanishi mumkin.
50. Ekspluatatsiya jarayonida elektr qurilmalarning ulanmalari holati uchun balansda saqlovchi tashkilot javobgar hisoblanadi. Isteʼmolchi oʻz tasarrufidagi elektr qurilmalarning texnik holati va elektr xavfsizligi, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi, elektr energiyasi oqilona sarflanishi, elektr energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimlari bajarilishi, elektr energiyasi sifatining taʼminlanishi va Oʻzenergoinspeksiyaning koʻrsatmalari oʻz vaqtida bajarilishi uchun javob beradi.
51. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari hamda Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarida hisobga olinmagan ishlab chiqarishning va elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishning oʻziga xos (yer osti, portlash xavfi boʻlgan ishlab chiqarishlar, elektr tortish kuchi va boshqa) shartlari mavjud boʻlganda, isteʼmolchilar ushbu elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha maxsus yoʻriqnomalarga ega boʻlishlari shart.
52. Maishiy isteʼmolchilar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun montaj qilingan kuchlanishi 1000 V dan yuqori kuchlanishdagi elektr tarmoqlarini (elektr energiyasi uzatish liniyalari, transformator punktlari (keyingi oʻrinlarda — TP) va boshqalar) foydalanishga topshirilishidan oldin texnik xizmat koʻrsatish uchun alohida shartnoma boʻyicha belgilangan tartibda elektr taʼminoti korxonalariga berilishi kerak.
Isteʼmolchi tomonidan texnik xizmat koʻrsatish shartnomasi bekor qilinganda yoki texnik xizmat uchun oʻz vaqtida toʻlov oʻtkazilmaganda, ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga elektr energiyasini yetkazib berish toʻxtatiladi.
53. Maishiy isteʼmolchi tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun kuchlanishi 1000 V dan yuqori elektr tarmoqlari montaj qilingan hollarda:
hisoblagich TPning 0,4 kVli taqsimlash qurilmasida oʻrnatiladi;
elektr tarmoqlari maishiy isteʼmolchining uyga egalik qilish hududidan tashqarida joylashtiriladi.
54. Maishiy isteʼmolchi 1000 V dan yuqori kuchlanishdagi elektr tarmogʻiga ega boʻlgan holda, maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan ushbu elektr tarmogʻidagi (liniyalar, TP) elektr energiyasining texnologik sarflari hisob-kitob yoʻli bilan aniqlanadi va uning isteʼmoliga qoʻshiladi hamda bu haqida elektr taʼminoti shartnomasida tegishli yozuv qayd etiladi.
55. Maishiy isteʼmolchilarga 1000 V gacha kuchlanishdagi bitta tarmoqdan zaxira manba sifatida qoʻshimcha fazaga ega boʻlish taqiqlanadi.
56. Isteʼmolchi elektr tarmoqlarining texnik holatini taʼminlash boʻyicha ekspluatatsiya xarajatlari uchun subisteʼmolchilar, isteʼmolchi bilan subisteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan alohida shartnoma boʻyicha elektr energiyasining umumiy hajmidan olinadigan ulushga mutanosib ravishda haq toʻlaydi.
Ekspluatatsiya xarajatlarini subisteʼmolchiga beriladigan elektr energiyasi tarifiga qoʻshishga ruxsat etilmaydi.
Bundan tashqari taʼminotchi yoki isteʼmolchi bilan subisteʼmolchilar oʻrtasida tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasi boʻyicha subisteʼmolchilarga, elektr energiyasining texnologik sarfi uchun hisob-kitoblarni hisoblash yoki uni taraflar kelishuvi asosida shartnomada qayd qilish orqali amalga oshirishga ruxsat etiladi.
10-bob. Hisoblagichlarni oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish
57. Elektr energiyasi uchun taʼminotchi bilan hisob-kitob qilish maqsadida isteʼmolchilar majburiy tartibda EHNATga mos keladigan hisoblagichlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
58. EHNAT koʻrsatkichlar buzilishidan va inson omilining taʼsirini mumkin qadar kamaytirgan holda, axborotlardan ruxsatsiz foydalanishdan kompleks himoya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
59. EHNATga mos keladigan hisoblagichlar boʻlmaganda isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulanishi taqiqlanadi.
60. Turli xil tarif guruhlariga mansub isteʼmolchilarning har bir tarif guruhi uchun alohida hisoblagich oʻrnatiladi. Mazkur Qoidalarning 81-bandida belgilangan holatlar bundan mustasno.
61. Hisoblagichlar, oʻlchash vositalari va oʻlchov transformatorlari, shuningdek, EHNAT tizimi qurilmalari mazkur Qoidalarga muvofiq oʻrnatiladi va Elektr qurilmalarning tuzilishi qoidalari talablariga javob berishi kerak.
Taʼminotchilar va isteʼmolchilar tomonidan ishga tushirilgan EHNAT belgilangan tartibda metrologik qiyoslashdan oʻtkazilishi kerak.
Hisoblagich oʻlchov (tok, kuchlanish) transformatori orqali ulangan boʻlsa, isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi transformatsiya koeffitsiyentlari inobatga olingan holda aniqlanadi.
62. Nazorat hisoblagichlari alohida sexlarda, koʻp energiya sarflaydigan agregatlarda, texnologik liniyalarida, binolarda, bir necha oila yashaydigan xonadonlarda oʻz hisobidan oʻrnatiladi.
Ushbu hisoblagichlar boʻyicha taʼminotchi bilan pullik hisob-kitob amalga oshirilmaydi.
63. Koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarda sarflanadigan elektr energiyasini hisoblash maqsadida hisoblagichlar har bir xonadon uchun maxsus ajratilgan joylarda, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarning bino-inshootlarida va foydalanish hududidan tashqarida (tayanch, tashqi fasad va boshqalar), elektr taʼminoti korxonasining xodimlari tomonidan toʻsiqsiz koʻrish imkoniyatini beradigan joyga oʻrnatiladi.
Koʻp kvartirali uyda uyning umumiy ehtiyojlari (zinapoyalarni yoritish, liftlar, nasoslarning ishlashi va hokazolar) uchun sarflanadigan elektr energiyasini hisob-kitob qilish maqsadida alohida umumiy hisoblagich oʻrnatiladi.
64. Isteʼmolchilarning (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi hisoblagichlari, oʻlchash vositalari, oʻlchov transformatorlari, EHNAT tizimi qurilmalari, shuningdek, ularni oʻrnatish uchun zarur boʻlgan boshqa vositalar isteʼmolchilarning mablagʻlari hisobiga sotib olinadi va oʻrnatiladi, taʼminotchi masʼul xodimi tomonidan bepul plombalanadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Elektr energiyasi hisoblagichlari, oʻlchash vositalari, oʻlchov transformatorlari taʼminotchi tomonidan plombalanmagan isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berish taqiqlanadi.
65. Maishiy isteʼmolchilarda oʻrnatilgan hisoblagichlarni sotib olish (elektr tarmoqlariga yangi ulanadigan yakka tartibdagi uy-joylar va koʻp kvartirali uylardagi xonadonlar), oʻrnatish, roʻyxatga olish, davriy qiyoslovdan oʻtkazish va plombalash, shuningdek, mavjud (jumladan, EHNATga mos kelmaydigan) hisoblagichlarni almashtirish HETK mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda quruvchi tashkilotlar tomonidan yangi quriladigan koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarga hisoblagichlarni sotib olish va oʻrnatish quruvchi tashkilot mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Hisoblagich yakka tartibdagi uy-joylar yoki koʻp kvartirali uylardagi xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda uning ishtirokida HETK xodimi tomonidan oʻrnatiladi.
66. Hisobga olish tizimi isteʼmolchining aybi bilan buzilgan taqdirda (oʻlchov transformatorlarining ulanish sxemasi buzilganda yoki uning oʻzi yoki yorligʻi ruxsatsiz almashtirilganda, shuningdek, hisobga olinayotgan elektr energiyasi sarfini kamaytirish maqsadida hisoblagichni yoki uning plombasi buzilganda, unga tashqaridan taʼsir koʻrsatilganda), ushbu tizim qurilmalarini almashtirish, taʼmirlash, qiyoslovdan oʻtkazish va oʻrnatish ishlari isteʼmolchi hisobidan ularning qiymati va koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlangan holda, taʼminotchi tomonidan amalga oshiriladi.
Isteʼmolchining aybi tasdiqlanmasa, taʼminotchi mablagʻi evaziga hisoblagich, modul qurilmasi taʼmirlanadi yoki yangisiga almashtiriladi.
67. Hisoblagichlar, oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, aloqa liniyalarining, shu jumladan, ularga oʻrnatilgan plombalarning saqlanishi va butunligi uchun javobgarlik binosida (inshootida) ushbu qurilmalar oʻrnatilgan tashkilotga (elektr taʼminoti korxonasi yoki isteʼmolchiga), ularning ekspluatatsiyasi va texnik holati uchun javobgarlik esa — qurilma egasiga yuklanadi. Agar hisoblagichlar, oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, aloqa liniyalari uchinchi tashkilot binosida (inshootida) oʻrnatilgan boʻlsa, javobgarlik masalasiga holatdan kelib chiqib, manfaatdor tomonlar ishtirokida, lozim boʻlganda xolis ekspertlar jalb etilgan holda aniqlik kiritiladi.
68. Hisoblagichlarning:
qobiq (korpus) qismida, dasturlash tugmasida, modul aloqa qismida — hisoblagichni ishlab chiqaruvchi zavodning;
tashqi qobigʻi (korpus) mahkamlanadigan joylarida, oʻlchov transformatorlarida esa — alohida ajratilgan joylarda “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasining yoki uning hududiy boʻlinmalari yoki tegishli tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyaning;
klemmnik qopqoqlarida, tok transformatorlarning klemmniklarida, xotira va sinov blokida, hisoblagich dasturlashdan foydalanish tugmasida (boʻlmasida), oʻtuvchi klemmniklarda, kuchlanish transformatorlari ajratgichlari yuritmalari va himoya avtomatlarida, modul qurilmalarida (taʼminotchi tomonidan almashtirilganda) — taʼminotchining belgilangan namunadagi plombalari boʻlishi kerak.
Hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlari ishlab chiqaruvchi zavodda belgilangan tartibda birlamchi qiyoslovdan oʻtkaziladi.
Oʻlchov transformatorlari isteʼmolchi hisobidan akkreditatsiyadan oʻtgan metrologiya xizmati tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda davriy qiyoslovdan oʻtkaziladi.
69. Agar maishiy isteʼmolchida hisoblagichning qiyoslovdan oʻtkazish oraligʻi tugashi bilan elektr taʼminoti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qiyoslov tadbirlari oʻtkazilmagan boʻlsa, unda ushbu isteʼmolchi qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisoblagichning koʻrsatkichlariga koʻra elektr energiyasi haqini toʻlaydi.
Bunda elektr taʼminoti korxonasi maishiy isteʼmolchi tomonidan qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisoblagichdan foydalangan elektr energiyasi uchun qaytadan hisob-kitob qilish huquqiga ega emas.
Isteʼmolchilarda hisoblagichlarning sifat va sarf koʻrsatkichlari hamda ishlash mexanizmlariga shubha tugʻilganda, akkreditatsiyadan oʻtgan metrologik xizmatida oʻz hisobidan mustaqil qiyoslovni oʻtkazish huquqiga ega. Hisoblagichda belgilangan standartlarga nomutanosiblik aniqlangan taqdirda, qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.
Bunda elektr taʼminoti korxonasi isteʼmolchining birinchi talabiga koʻra hisoblagichlarni bepul yechish, oʻrnatish, plombalash va roʻyxatdan oʻtkazishga majbur.
70. Taʼminotchi va Oʻzenergoinspeksiyaning vakolatli xodimini hisoblagichni tekshirishga qoʻymaslik dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Isteʼmolchi taʼminotchilari va (yoki) Oʻzenergoinspeksiya xodimi tomonidan tuzilgan dalolatnoma bilan tanishib, uni imzolashi zarur. Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, bu haqda tegishli belgi qoʻyiladi. Rad etish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Dalolatnomani imzolashni rad etgan isteʼmolchi buning sababini tushuntirishga haqli va u dalolatnomaga kiritilgan boʻlishi lozim.
Isteʼmolchining dalolatnomani imzolashni rad etishi, uni elektr tarmoqlardan uzishga asos boʻladi va bu haqda u xabardor qilingan boʻlishi lozim.
71. Hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlarini boshqa joyga oʻrnatish va almashtirish taʼminotchi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va koʻrsatilgan xizmatlar haqi isteʼmolchi tomonidan toʻlanadi.
Hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlarini oʻzboshimchalik bilan boshqa joyga oʻrnatish va (yoki) almashtirish holatlari aniqlangan taqdirda, taʼminotchi isteʼmolchini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyadi, taʼminotchi tomonidan mazkur Qoidalarga muvofiq qaytadan hisob-kitob qilinadi.
Yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarga oʻrnatilgan hisoblagich va oʻlchov transformatorlarini almashtirishda dalolatnoma foto va (yoki) video materiallarni ilova qilgan holda rasmiylashtiriladi.
72. Hisoblagich ulanish sxemasini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday ishlar faqat taʼminotchi tomonidan isteʼmolchi ishtirokida, bu haqida ularni xabardor qilingandan soʻng amalga oshiriladi. Ishlarni bajarish davrida foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish va hisob-kitob qilish taʼminotchi tomonidan belgilangan vaqtincha sxemalar boʻyicha amalga oshiriladi.
11-bob. Elektr energiyasi isteʼmolchilarining tarif guruhlari
73. Isteʼmolchilar elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish boʻyicha uchta tarif (I, II, III va IV) guruhiga boʻlinadi.
I tarif guruhiga asosiy va zaxira elektr taʼminoti uchun ulangan quvvati yigʻindisi 750 kVA va undan ortiq boʻlgan elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha hisob-kitob qilinadigan isteʼmolchilar kiradi. Budjet tashkilotlari, suv taʼminoti tashkilotlari, fermer xoʻjaliklarining va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno.
74. II tarif guruhi isteʼmolchilariga I tarif isteʼmolchilaridan boshqa barcha yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilar hamda elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, uzatish tizimi operatori va taʼminotchi korxonalar tarkibiga kiradigan, hududiy elektr taʼminoti korxonalari, shu jumladan, taʼminotchidan elektr quvvati oladigan korxona va tashkilotlarning, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning ushbu korxonalar hududidan tashqarida alohida joylashgan obyektlarining xoʻjalik ehtiyojlari kiradi.
Bunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibiga kiradigan hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan xoʻjalik ehtiyojlari uchun oʻziga tegishli tarmoqlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha foydalanilgan elektr energiyasi amaldagi tannarx boʻyicha hisob-kitob qilinadi.
75. III tarif guruhiga maishiy isteʼmolchilar kiradi. Ushbu tarif guruhi boʻyicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xoʻjaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida, shu jumladan, bogʻ shirkatlari va dala hovlilar sugʻorish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisoblagichlar oʻrnatilgan joyidan qatʼi nazar toʻlanadi.
12-bob. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi
1-§. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari
76. Bevosita elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, uzatish tizimi operatori va taʼminotchi korxonalar elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalarning elektr tarmoqlaridan hamda isteʼmolchilar yoki subisteʼmolchilar elektr tarmoqlari orqali uzatiladigan elektr energiyasi uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar belgilangan tartibda tasdiqlangan tegishli tariflar boʻyicha elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan muqobil energiya manbalarini oʻrnatib yoki rekuperatsiya usulida (elektropoyezdlar, elektromobillar orqali va boshqalar) elektr energiyasi tarmoqqa uzatilsa, hisobot oyi yakuni boʻyicha tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi hajmi tarmoqdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmidan chegirib hisob-kitob qilinadi.
Isteʼmolchilar tomonidan tarmoqqa uzatilgan energiya miqdori isteʼmol qilingan miqdordan koʻp boʻlsa, isteʼmolchi xohishiga (tanloviga) koʻra ortiqcha qismi mablagʻ koʻrinishida isteʼmolchiga toʻlab beriladi yoki keyingi davr isteʼmol qilinishi kutilayotgan elektr energiyasi uchun boʻnak mablagʻ sifatida aks ettiriladi.
Barcha elektr energiyasi isteʼmolchilarining (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) oylik elektr energiyasi isteʼmoli hisoblangandan keyin taʼminotchi tomonidan isteʼmolchilarga aktiv elektr energiyasi boʻyicha elektron hisob-faktura joʻnatadi. Mazkur elektron hisob-faktura joʻnatilganligi isteʼmolchini toʻlash toʻgʻrisida ogohlantirish hisoblanadi. Reaktiv energiya tovar hisoblanmaydi va isteʼmol hajmi dalolatnoma koʻrinishida isteʼmolchiga elektron tarzda joʻnatiladi.
Barcha elektr energiyasi isteʼmolchilari (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) taʼminotchi bilan birgalikda hisob-kitob davri tamom boʻlgandan keyin har oyning 5-sanasiga qadar foydalanilgan elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblarning taqqoslash dalolatnomasini tuzadi.
77. Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish maqsadida isteʼmolchilarni tarif guruhlari boʻyicha taqsimlanishi mazkur Qoidalarga muvofiq belgilanadi.
taʼminotchi bilan elektr taʼminoti shartnomasi tuzilgandan keyin isteʼmolchining aybi bilan isteʼmolchini tegishli boʻlmagan tarif guruhiga kiritish holati aniqlanganda, taʼminotchi tomonidan shartnoma tuzilgan paytdan, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan davr uchun qayta hisob-kitob qilinadi. Bunda qayta hisob-kitoblar amaldagi tarifga asosan tariflar farqi boʻyicha jami isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori uchun amalga oshiriladi.
78. I tarif guruhi isteʼmolchilari uchun tabaqalashtirilgan tarif qoʻllaniladi.
Tabaqalashtirilgan tarif sutkaning vaqt zonasi boʻyicha isteʼmol qilingan har 1 kVt soat elektr energiyasi uchun toʻlovdan iborat. Bunda:
yarim tigʻiz davr — sutkaning yorugʻ vaqti (soat 9-00 dan 17-00 gacha);
tigʻiz davr — ertalabki va kechki maksimum (yagona elektr energetika tizimining maksimal yuklamalar soatlari soat 6-00 dan 9-00 gacha va soat 17-00 dan 22-00 gacha);
tungi davr — sutkaning qorongʻi davri (yagona elektr energetika tizimining minimal yuklamalar soatlari soat 22-00 dan 24-00 gacha va soat 00-00 dan 06-00 gacha).
Bunda foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar yagona elektr energetika tizimining:
tigʻiz davr soatlarida — belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda oʻsuvchi koeffitsiyent;
tungi davr soatlarida — belgilangan tarif;
yarim tigʻiz davr soatlarida — belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyent qoʻllab amalga oshiriladi.
79. II va III tarif guruhlari isteʼmolchilari bilan belgilangan tarif boʻyicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
80. Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasida barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
Mayning uchun yagona elektr energetika tizimiga belgilangan tartibda ruxsat olib ulangan holda elektr energiyasidan foydalangan taqdirda:
isteʼmolchilar isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni II tarif guruhiga nisbatan ikki baravar oʻsuvchi koeffitsiyentga muvofiq toʻlaydilar. Bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-189-son Farmoniga 1-ilovada belgilangan holatlar bundan mustasno;
isteʼmol qilingan elektr energiyasining hisobi alohida hisoblagich oʻrnatilgan holda yuritiladi;
belgilangan tartibda ruxsat olmasdan mayning bilan shugʻullanuvchi shaxslarning yagona elektr energetika tizimiga ulanish holatlari aniqlanganda, ularga II tarif guruhiga nisbatan amaldagi tarifga besh baravar oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi.
81. Tashqi reklama va axborot obyektlari konstruksiyalari (konstruksiyasi, videoekranlar, elektron displeylar, media fasad va boshqa texnik vositalar), illyuminatsiyalar va lampalar shodasi uchun foydalanilgan elektr energiyasi II tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga uch baravar oshirilgan koeffitsiyentga muvofiq Tashqi reklama va axborot obyektlari konstruksiyalari oʻrnatilgan quvvati miqdorini 24 soat foydalanishi hisobidan yoki alohida hisoblagich oʻrnatish orqali hisob-kitob amalga oshiriladi (budjet va budjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlar bundan mustasno).
82. Bir necha tarif guruhiga mansub isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar har bir tarif guruhiga alohida oʻrnatilgan hisoblagichlar koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
83. Taʼminotchi yoki isteʼmolchi tomonidan yoziladigan toʻlov hujjatlari boʻyicha elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq haq toʻlanadi.
84. EHNATga ulangan hisoblagichga ega boʻlgan isteʼmolchilarga elektr energiyasi oldindan toʻlangan toʻlov doirasida yetkazib beriladi. Bunda namunali isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻidagi mablagʻ tugaganda elektr energiyasini yetkazib berish EHNAT orqali avtomatik ravishda toʻxtatiladi hamda mablagʻ kelib tushgandan soʻng avtomatik ravishda tiklanadi.
85. Hisob-kitob davrida isteʼmolchilar tomonidan (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi isteʼmoli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, mazkur miqdordan ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
86. Isteʼmolchi yuridik shaxs sifatida tugatilgan taqdirda, uning elektr qurilmasiga HETK tomonidan elektr energiyasini yetkazib berish taqiqlanadi.
Agar, isteʼmolchi faoliyati tugatilganligi yoki tugatilayotganligi toʻgʻrisida HETKga murojaat qilgandan soʻng elektr energiyasini yetkazib berish toʻxtatilmagan boʻlsa, u holda buning oqibati uchun HETK qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
87. Hisoblagich koʻrsatkichlari yozib olinmagan yoki elektr energiyasi sarfi toʻgʻrisidagi hisobot isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, taʼminotchi tomonidan elektr energiyasi (shu jumladan aktiv va reaktiv energiya) isteʼmolchining shartnomaviy miqdori boʻyicha yoki oʻtgan hisob-kitob davr uchun elektr energiyasi isteʼmolining oʻrtacha sutkalik amaldagi miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida hisob-kitob qilinadi.
Bunda hisoblagich koʻrsatkichlari nazorat tartibida taʼminotchi tomonidan yozib olingandan keyin amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilinadi. Qayta hisob-kitob isteʼmolchi yoki uning vakili ishtirokida yoxud uning ishtirokisiz belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
88. Elektr energiyasi uchun toʻlov quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
maishiy isteʼmolchilar har oyning 10-sanasiga qadar oʻtgan oyda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻliq hisob-kitob qilishlari shart, EHNATga ulangan maishiy isteʼmolchilar bundan mustasno;
EHNATga ulangan maishiy isteʼmolchilar qarzdorligi mavjud boʻlganda, dastur orqali darhol tarmoqdan uziladi;
isteʼmolchilarga (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi 100 foiz oldindan haq toʻlash asosida yetkazib beriladi, namunali isteʼmolchilar bundan mustasno;
namunali isteʼmolchilar hisobot oyi uchun shartnomada belgilangan elektr energiyasi qiymatining 15 foizini hisobot oyi boshlanguniga qadar oldindan toʻlaydi;
hisobot oyining qolgan qismi uchun toʻlovlar isteʼmolchi tomonidan elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, hisobot oyi davomida ixtiyoriy ravishda qismlarga boʻlib amalga oshiriladi;
isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻidagi mablagʻning tugashi va shu munosabat bilan elektr energiyasini yetkazib berishning avtomatik toʻxtatilishi toʻlov intizomining buzilishi hisoblanmaydi;
namunali isteʼmolchida muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganda, EHNAT bilan maʼlumot almashinuvi uning aybi bilan buzilganda, hisobga olish uskunasi ishiga aralashish yoki elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlanganda, namunaviy isteʼmolchi maqomini yoʻqotadi;
15 foizlik oldindan toʻlov tartibini qoʻllash uchun belgilangan talablarga isteʼmolchi qayta muvofiq boʻlganda, mazkur tartib keyingi hisobot oyidan avtomatik ravishda tiklanadi;
isteʼmolchining 15 foizlik oldindan toʻlov tartibidan foydalanish huquqi EHNAT va hisob-kitob maʼlumotlari asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Bunda isteʼmolchidan alohida murojaat yoki qoʻshimcha kelishuv tuzish talab etilmaydi;
isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan muddatlarda toʻlanmagan qarzi boʻlgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berish toʻxtatib qoʻyiladi (maxsus tartibga koʻra elektr energiyasi yetkazib beriladigan isteʼmolchilar bundan mustasno). Bunda tadbirkorlik reytingida “yuqori” va “oʻrta” toifadagi korxonalarga oldindan toʻlov summasining 50 foizini hisobot oyining birinchi sanasigacha va qolgan qismini hisobot oyining oʻn beshinchi sanasigacha boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.
89. Toʻlov hujjatida xatolar yoki hisob-kitoblarda noaniqliklar aniqlangan taqdirda, isteʼmolchi taʼminotchiga darhol murojaat qilishi kerak.
Taʼminotchi isteʼmolchi bilan birga murojaat qilgan kundan boshlab oʻn sutkadan kechiktirmay, hisob-kitobni tekshirishi, zarurat boʻlganda esa hisoblagichlarni ham koʻrikdan oʻtkazishi kerak.
Hisoblagichlarni koʻrikdan oʻtkazish yoki toʻlov hujjatidagi xatolar toʻgʻrisidagi murojaat isteʼmolchini toʻlovni belgilangan muddatda va tartibda toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi.
Agar hisoblagich va oʻlchov transformatoridagi chetga chiqish ushbu hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlari uchun belgilangan aniqlik doirasidan oshmasa, bunday chetga chiqishlar yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chetga chiqish deb hisoblanadi.
Agar toʻlov hujjatini tekshirish yoki hisoblagichni koʻrikdan oʻtkazishdan keyin (shu jumladan isteʼmolchi murojaat qilmasa ham) elektr energiyasi miqdorini qayta hisob-kitob qilish zarurati aniqlansa, bunda taʼminotchi tomonidan haqiqiy (aniq) isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori boʻyicha hisob-kitob amalga oshiriladi va keyingi oy hisobotida inobatga olinadi.
90. Hisoblagichlar elektr tarmoqlarining qaysi nuqtasida oʻrnatilganligidan qatʼi nazar, HETK va isteʼmolchi oʻrtasida hisob-kitob qilish uchun aktiv va reaktiv energiya HETK va isteʼmolchi tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasida hisobga olinishi shart.
91. Hisob-kitob davrida isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori va xuddi shu davrda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qabul qilingan elektr energiyasi miqdori oʻrtasidagi tafovut (shu jumladan, elektr energiyasining amaldagi texnologik sarfi normativ sarfdan oshishi hisobidan paydo boʻlayotgani), meʼyorlar doirasida ushbu elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatishdagi uning texnologik sarfining belgilangan tartibda tasdiqlangan normativi hajmi chiqarib tashlangan holda, taʼminotchining kelgusi davr balansiga oʻtkaziladi.
92. Hisoblagichlar elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasida oʻrnatilmaganda, elektr tarmogʻining chegarasidan hisoblagich oʻrnatilgan joyigacha boʻlgan uchastkadagi aktiv va reaktiv energiya texnologik sarfining hajmi isteʼmolchi bilan birgalikda hisoblash yoki taraflar kelishuvi asosida shartnomada qayd qilish orqali aniqlanadi va elektr tarmogʻining balans boʻyicha mansubligiga qarab, taʼminotchining yoki isteʼmolchining hisobiga oʻtkaziladi.
93. Elektr energiyasi yagona elektr energetika tizimidan tranzit boʻyicha isteʼmolchining elektr tarmogʻi orqali taʼminotchining elektr tarmogʻiga uzatilganda, isteʼmolchi tarmoqlaridagi elektr energiyasi texnologik sarfining bir qismi, isteʼmolchining elektr tarmogʻiga kelib tushgan elektr energiyasining umumiy miqdoriga nisbatan taʼminotchining elektr tarmogʻiga isteʼmolchi tomonidan uzatilgan elektr energiyasi miqdoriga mutanosib ravishda, yagona elektr energetika tizimining elektr tarmoqlaridagi texnologik sarflarga oʻtkaziladi.
94. Isteʼmolchining aybi bilan elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan elektr energiyasi hajmi toʻliq isteʼmol qilinmagan taqdirda, avans tariqasida toʻlangan mablagʻlar qaytarib berilmaydi va elektr energiyasi uchun keyingi hisob-kitoblarda hisobga olinadi. Isteʼmolchi oʻz faoliyatini toʻxtatgan (tugatgan) taqdirda, avans tariqasida toʻlangan mablagʻlar qaytarib beriladi.
95. Isteʼmolchilarning (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) hisob-kitob oyidan keyingi kalendar oy tugagach, qarz toʻlov muddati oʻtgan hisoblanadi va toʻlov muddati oʻtgan har bir kun uchun toʻlov muddati oʻtgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya hisoblanadi.
Qoidabuzarlik dalolatnomasiga asosan hisoblangan hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori boʻyicha oʻzaro nizo isteʼmolchi bilan sud tartibida koʻrilganda sud hujjatlariga asosan penya isteʼmolchi yoki taʼminotchi korxona foydasiga qayta hisoblanadi.
Isteʼmolchining elektr energiyasi haqini toʻlash, reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun tarifga ustamalar, shuningdek, noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qayta hisob-kitobi, quvvat koeffitsiyenti qiymatining isteʼmolchilar tomonidan elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilganiga nisbatan pasaytirilgani uchun hisoblangan mablagʻ va penya boʻyicha qarzi boʻlgan taqdirda, uning avans toʻlovi hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlari qarzni qoplashga yoʻnaltiriladi va avans toʻlovi (oldindan haq toʻlash) sifatida hisobga olinmaydi.
96. Isteʼmolchi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi (quvvati) uchun hisob-kitob boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasini imzolash rad etilgan taqdirda, qarz tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq shartnomaviy hajmdan kelib chiqqan holda, isteʼmolchining bankdagi hisobvaragʻiga taʼminotchi tomonidan toʻlov talabnomasi qoʻyish yoʻli bilan undiriladi.
97. Isteʼmolchi (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) egallab turgan binodan uning topshirilishi, sotilishi yoki boshqa sabablarga koʻra koʻchib ketgan taqdirda, u bu haqida taʼminotchini yozma shaklda xabardor qilishi hamda elektr energiyasi uchun koʻchib ketish kunigacha toʻliq hisob-kitob qilishi shart, shundan soʻng taʼminotchi obyektga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatadi. Yangi isteʼmolchini rasmiylashtirish va elektr qurilmalarini elektr tarmogʻiga ulash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
98. Tomonlar ularning xohish va harakatlariga bogʻliq boʻlmagan tabiiy ofatlar sababli ushbu sharoitlarda qaytarib boʻlmaydigan va oldindan bilib boʻlmaydigan favqulodda vaziyatlarni oʻz ichiga olgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) oqibatida oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni bajara olmasa, tomonlardan hech biri oʻz majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajarmagani uchun javob bermaydi.
99. Agar koʻrsatilgan fors-major holatlari majburiyatlarning shartnomada belgilangan muddatlarda bajarilishiga taʼsir qilsa, u holda ushbu muddatlar fors-major holatlarining amal qilish vaqtiga, ammo elektr taʼminoti shartnomasining amal qilish muddatidan koʻp boʻlmagan vaqtga uzaytiriladi.
100. Taʼminotchi tuman, shahar, iqtisodiy zona (sanoat zonasi) doirasida elektr energiyasi uchun toʻlovni yigʻish funksiyalarini belgilangan tartibda xususiy operatorga oʻtkazishi mumkin.
Elektr energiyasi uchun toʻlovni yigʻish funksiyalarini bajaruvchi xususiy operatorlar oʻz faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
101. Elektr energiyasi uchun amaldagi tariflar oʻzgargan taqdirda, taʼminotchi ularning kuchga kirishidan kamida oʻn besh kun oldin qarorni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Bunda elektr energiyasi uchun tariflar oʻzgargan sanadan qatʼi nazar, elektr taʼminoti shartnomasi oʻz kuchida qoladi va isteʼmolchi foydalanilgan elektr energiyasi uchun yangi tarif kuchga kirgan kundan boshlab amalga kiritilgan tarif boʻyicha haq toʻlashga majburdir.
Tarif oʻzgargan taqdirda, elektr energiyasi (shu jumladan, aktiv va reaktiv energiya)ning tarifi oʻzgargan kundan boshlab:
maishiy isteʼmolchilar — ikki oydan ortiq boʻlmagan;
boshqa isteʼmolchilar — bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga avans tariqasida toʻlangan hajm uchun qoʻshimcha toʻlov toʻlashdan ozod etiladilar.
2-§. Isteʼmolchilar bilan elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha hisob-kitob qilish
102. Asosiy va zaxira elektr taʼminoti uchun ulangan quvvati yigʻindisi 750 kVA va undan yuqori boʻlgan isteʼmolchilar elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha hisob-kitob qiladi (budjet tashkilotlari, suv taʼminoti tashkilotlari, fermer xoʻjaliklari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno).
Zaxira elektr taʼminoti uchun oʻrnatilgan quvvat yuqori kuchlanishli zaxirani avtomatik ulash (ZAU) qurilmasi orqali yoki elektr tarmogʻidan ajratilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma asosida elektr tarmogʻidan ajratib, ulangan quvvat 750 kVA dan kam boʻlganda, isteʼmolchi tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha hisob-kitob qilinmaydi.
Ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq boʻlgan isteʼmolchi uning elektr qurilmalari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ikki yoki undan ortiq alohida filiallari yoki elektr taʼminoti korxonalari tarmoqlaridan taʼminlanayotgan boʻlsa, ushbu isteʼmolchi oʻzi joylashgan hudud filiali bilan bitta elektr taʼminoti shartnomasini tuzib, elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha haq toʻlaydi, mazkur Qoidalarning 103-bandi bundan mustasno.
103. Bitta elektr taʼminoti korxonasi tarmogʻiga ulangan isteʼmolchining sexlari yoki obyektlari alohida-alohida har xil hududda yoki yondosh (qoʻshni) hududda joylashgan boʻlib, bitta taqsimlovchi umumiy tarmoqqa ega boʻlmasa, bunda bu sexlar yoki boshqa alohida obyektlar boʻyicha hisob-kitoblar tegishli tarif guruhlari boʻyicha amalga oshiriladi.
3-§. II tarif guruhi isteʼmolchilari bilan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish
104. Uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruv tashkilotlari va kommunal-ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan umumiy uy-joy ehtiyojlariga foydalaniladigan elektr energiyasi uchun HETK bilan hisob-kitoblar elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasida oʻrnatilgan hisoblagichlarning koʻrsatkichlari va maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan bazaviy meʼyorda belgilangan tarif boʻyicha amalga oshiriladi.
1041. Tramvay hamda trolleybus transportlari tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi uchun taʼminotchi bilan hisob-kitoblar isteʼmolchilarning II tarif guruhi uchun belgilangan tarifning 50 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
105. HETK bilan koʻp kvartirali uylar elektr tarmoqlarining mansublik chegarasidan maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasini hisoblagichlarigacha boʻlgan, umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlaridagi elektr energiyasining texnologik sarflari HETKning texnologik sarflari hisob-kitobida inobatga olinib hisoblanadi.
106. Koʻp kvartirali uylarni boshqarganda, uy-joy egalarining umumiy yigʻilishi bilan vakil qilingan shaxs uyning umumiy ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish boʻyicha HETK bilan elektr taʼminoti shartnomasi tuzish huquqiga ega.
Bunda uy-joy egalarining umumiy yigʻilishi bilan vakil qilingan shaxs HETK bilan oʻzaro munosabatlarda uy-joy mulkdorlari nomidan harakat qilishga haqlidir.
107. Koʻp kvartirali uylarning elektr uskunalari va elektr tarmoqlaridan foydalanishga ekspluatatsiya tashkiloti tomonidan ular belgilangan tartibda qabul qilinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan keyin ruxsat etiladi.
108. Taʼminotchi turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari va ijarachilar (yuridik shaxslar yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar) bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi va ularga shaxsiy hisobvaraqlari ochadi.
Bitta uy-joy mulkdorlari shirkati bir necha shirkatlarga boʻlinganda yoki vaqtincha turar joy va noturar joy fondining uy-joylarini kimningdir mol-mulkiga oʻtkazish masalasi vaqtincha hal etilmagan taqdirda, HETK mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda, maʼlum bir uy-joylarning umumiy ehtiyojlari uchun foydalaniladigan elektr energiyasini yetkazib berishni toʻxtatadi.
Boshqaruv tashkilotlari yoki uy-joy mulkdorlari shirkati tarkibidan uy-joy egalarining umumiy yigʻilishi qarori bilan yangi shirkat tuzib ajralib chiqqanda, elektr energiyasidan mavjud qarzdorligi boʻlgan shirkatlar oʻrtasida oʻzaro taqsimlangan dalolatnoma tuzilishi shart.
Boshqaruv servis kompaniyalari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati oʻz tarkibiga boshqa shirkatlarni qoʻshib olganda, elektr energiyasidan mavjud qarzdorligi bilan qabul qilib oladi.
109. Shaxsiy hisobvaraq boshqa isteʼmolchiga taʼminotchi tomonidan turar joy va noturar joy fondining yangi mulkdorining kadastr hujjatlari maʼlumotlariga muvofiq qayta rasmiylashtiriladi.
Qarzdorligi mavjud koʻchmas mulk obyektlari boshqa bir yuridik yoki jismoniy shaxsga onlayn auksion savdolari orqali sotilganda, mavjud qarzdorlikni bartaraf qilish majburiyati, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha shartlar belgilanmagan boʻlsa, yangi sotib olgan yuridik yoki jismoniy shaxs zimmasida boʻladi.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi va uning hududiy boshqarmalari koʻchmas mulkka egalik huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin uch kun muddatda taʼminotchiga koʻchmas mulk egasi haqida maʼlumot yuboradi va unga muvofiq isteʼmolchilar bilan shartnomalar qayta rasmiylashtiriladi.
Turar joy va noturar joy fondi binosiga koʻchib kirgan yangi mulkdor elektr tarmogʻiga ulanishi uchun 30 kun mobaynida taʼminotchi bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzishi va oʻz nomiga shaxsiy hisobvaraqni rasmiylashtirishi shart (maishiy isteʼmolchilar bundan mustasno). Shaxsiy hisobvaragʻi koʻrsatilgan muddatda rasmiylashtirilmasa, mavjud qarzdorlik boʻyicha javobgarlik turar joy va noturar joy fondi binosining yangi mulkdori zimmasiga yuklanadi.
Koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi davlat roʻyxatidan oʻtkazish organi tomonidan davlat roʻyxatiga olingandan soʻng mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, notarial harakat amalga oshirilgan kun va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulk kadastr raqami va koʻchmas mulkning umumiy (turar joy) maydoni, shuningdek, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) koʻrsatilgan maʼlumot yuboriladi. Bunda taʼminotchi maʼlumot tushgandan keyin bir oy muddatda mulkdor bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzishi shart (maishiy isteʼmolchilar bundan mustasno).
110. HETK turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari bilan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar, turar joy va noturar joy binolarining ijarachilariga (yuridik shaxs boʻlgan ijarachilar bundan mustasno) yoki yollovchilarga topshirilishidan qatʼiy nazar, umumiy hisoblagichlar boʻyicha amalga oshiradi. Turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari bilan ijarachilar oʻrtasidagi hisob-kitoblar nazorat hisoblagichlari boʻyicha olib borilib, HETK hech qanday hisob-kitoblarni amalga oshirmaydi.
Turar joy va noturar joy fondi binolarining egalari bilan ijarachilar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha nizolar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
111. Xonadonda, shuningdek, yotoqxonalarda bir nechta oila yashaganda, hisob-kitob davrida isteʼmol qilingan elektr energiyasi alohida oilalar oʻrtasida nazorat hisoblagichlar koʻrsatkichlari boʻyicha taqsimlanadi.
Nazorat hisoblagichlarini oʻrnatish uchun HETKning ruxsati talab qilinmaydi.
Nazorat hisoblagichlarining toʻgʻri ishlashini nazorat qilish, ularning koʻrsatkichlarini yozib olish va elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish majburiyatlari yashovchilarning zimmasiga yuklanadi.
Umumiy foydalaniladigan joylarda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori alohida oilalar oʻrtasida amalda yashovchilarning soni boʻyicha taqsimlanadi.
HETK elektr energiyasidan umumiy hisoblagichlar orqali foydalanuvchi fuqarolar bilan hech qanday hisob-kitoblarni amalga oshirmaydi.
112. Elektr energiyasi uchun oʻz vaqtida haq toʻlash boʻyicha mazkur Qoidalarga rioya qilish, turar joy va noturar joy fondi binosidagi hisoblagichlarning saqlanishi va butligini taʼminlash uchun javobgarlik turar joy va noturar joy fondi binosining egasi zimmasiga yuklanadi.
113. Hisoblagichlar zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun uy-joy mulkdorlari shirkati yoki tasarrufida uy-joy boʻlgan idora, tashkilot javob beradi.
Koʻp kvartirali uylar zinapoya maydonchalarida oʻrnatilgan hisoblagichlarga zarar yetkazilganda yoki oʻgʻirlangan taqdirda, uy-joy mulkdorlari shirkati yoki idora, tashkilot ularni oʻz hisobidan tiklashi shart.
Koʻp kvartirali uylardagi xonadonlar va yakka tartibdagi uy-joylar ichida oʻrnatilgan hisoblagichlarning saqlanishi va butunligi uchun isteʼmolchi javob beradi.
Agar hisoblagichlar, oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar koʻp qavatli uylar zinapoya maydonchalarida yoki yakka tartibdagi uy-joylarning bino va inshootlari foydalanish hududidan tashqarida (transformator punkti, tayanch, tashqi fasad va boshqalar) oʻrnatilgan boʻlib, hisoblagich oʻlchov tizimiga tashqi aralashuvlar qilinishi natijasida isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori kamaytirilganligi hisoblagich yoki EHNAT bazasi xotira maʼlumotlari bilan oʻz tasdigʻini topganda, isteʼmolchi javobgar hisoblanadi.
114. Uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruv tashkiloti, uy-joy mulkdorlari va turar joylardagi hamda boshqa binolardagi xonalarni ijarachilarga (yuridik shaxslarga yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga) ijaraga beruvchi boshqa tashkilotlar HETKning ruxsatisiz ijarachilarga tegishli boʻlgan elektr qurilmalarini (elektr energiyasidan foydalanish maqsadlaridan qatʼi nazar) uyning ichki elektr tarmoqlariga ulash huquqiga ega emas.
115. Ijarachilar (yuridik shaxslar yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar) turar joy va noturar joy fondi binosining egasi bilan shartnoma tuzgandan keyin uch kun muddatda ijaraga olingan binoda elektr energiyasidan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun HETKga murojaat qilishi shart.
Ijarachi binodan koʻchib ketadigan boʻlsa, turar joy va noturar joy fondi binosining egasi ijarachidan HETKning u koʻchib ketish kunigacha elektr energiyasi uchun hisob-kitob amalga oshirganligi haqidagi maʼlumotnomani talab qilishi shart. Koʻchib ketgan ijarachilarning elektr energiyasi uchun qarzlari boʻyicha javobgarlik ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi.
116. HETK bilan koʻp kvartirali uylar elektr tarmoqlarining mansublik chegarasidan alohida xonadonlar elektr hisoblagichigacha boʻlgan umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlari (oʻtkazgichlar, kommutatsiya apparatlari, taqsimlovchi shchitlar) texnik holati va ularga xizmat koʻrsatish uchun uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqaruv tashkilotlari va tasarrufida turar joylar boʻlgan tashkilotlar javob beradi.
4-§. III tarif guruhi isteʼmolchilari bilan hisob-kitob qilish
117. Maishiy isteʼmolchilar xonadonlarda, shaxsiy uy-joylarda, yordamchi xoʻjaliklar, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bogʻ obyektlarida foydalanilgan elektr energiyasi uchun maishiy ehtiyojlarda qoʻllaniladigan tok qabul qilgichlar quvvati va vazifasidan qatʼi nazar, aholi uchun belgilangan tarif va shartlar boʻyicha haq toʻlaydilar.
Shaxsiy elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun isteʼmolchilar mablagʻlari hisobidan alohida hisoblagich oʻrnatiladi hamda alohida hisobvaraq orqali II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarif asosida hisob-kitob qilinadi.
118. Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy isteʼmolchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi III tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida toʻlanadi.
Bunda ushbu uy-joylarni tarmoqqa ulash uchun berilgan texnik shartlarda, loyiha hujjatlarida va taʼminlovchi tarmoqlarda (transformatorlar, kabellar, taqsimlovchi shchitlar, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatgichlarda) elektr plitalarning quvvati avvaldan inobatga olingan boʻlishi shart. Loyiha boʻyicha ovqat tayyorlash uchun markazlashmagan holda gaz plitalari bilan jihozlangan koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalarga mazkur bandning birinchi xatboshisi tatbiq etilmaydi. Bunday uy-joylar va yotoqxonalarda gaz plitalarni oʻzboshimchalik bilan elektr plitalarga almashtirish taqiqlanadi.
Elektr energiyasidan aholiga elektr energiyasini yetkazib berish maqsadida foydalanuvchi diniy tashkilotlar, oilaviy korxonalar, oilaviy tadbirkorlar, Uy mehmonxonalari (xostellar), “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari, shuningdek, elektr energiyasidan aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalarga uy-joy mulkdorlari shirkati hamda koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlarga maishiy isteʼmolchilarga belgilangan tarif va shartlar qoʻllaniladi.
Bunda diniy tashkilotlar, yotoqxonalar va aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun tariflar maishiy isteʼmolchilarga bazaviy meʼyor uchun belgilangan tarif boʻyicha amalga oshiriladi.
EHNATga ulangan hisoblagichlarga ega maishiy isteʼmolchilarga elektr energiyasi elektr taʼminoti shartnomasi asosida va oldindan toʻlangan toʻlov doirasida yetkazib beriladi.
Oilaviy korxona va hunarmandlarga ularning ixtiyoriga koʻra energiya uchun toʻlovlarni II yoki III tarif guruhi tariflarida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Bunda isteʼmolchilar hisobot oyi boshlangunga qadar elektr taʼminoti korxonasiga murojaat qilishlari zarur.
119. Muqobil energiya manbalari orqali ishlab chiqarilib, energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi tarmoqdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmidan chegirib hisob-kitob qilinadi, orttirilgan hajm esa HETK yoki isteʼmolchi foydasiga “0” kVt soatdan boshlab hisob-kitob qilinadi. Isteʼmol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmoli yuklama orqali chegaralanadi.
Bunda HETK tomonidan EHNAT doirasida isteʼmolchilarga ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 — 15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritiladi.
120. Biror-bir sababga koʻra hisoblagichga ega boʻlmagan va (yoki) mazkur turar joyda vaqtincha yashamayotgan maishiy isteʼmolchi elektr energiyasi uchun notoʻgʻri toʻlov hisoblanishining oldini olish uchun HETKni bu toʻgʻrida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
121. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xonadonlar, xususiy uy-joylar, bogʻ uchastkalari va boshqa shaxsiy obyektlardan foydalanilgan isteʼmolchilar ishlatilgan elektr energiyasi uchun tadbirkorlik faoliyatining (savdo, xizmatlar koʻrsatish, tovarlar ishlab chiqarish, elektromobillarni quvvatlash xizmatlari va boshqalar) turi boʻyicha elektr energiyasi isteʼmolchilarining tarif guruhiga muvofiq haq toʻlanadi.
Bunda tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitoblar uchun alohida hisoblagich oʻrnatilishi zarur.
122. HETK har bir maishiy isteʼmolchi bilan elektr taʼminoti shartnomasini tuzadi va zarur hollarda elektr energiyasi haqini toʻlash uchun unga belgilangan namunadagi hisob-kitob daftarchasini beradi.
Bunda maishiy isteʼmolchi tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Hisob-kitob daftarchasining har bir varagʻi kvitansiya va bildirishnomadan iborat boʻlib, ularda maishiy isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻi tushirilgan boʻlishi kerak.
Toʻlov hujjatining har ikkala qismi (bildirishnoma va kvitansiya) bir xilda, aniq, oʻchirib yozishlarsiz toʻldirilishi kerak. Toʻlov hujjatlarida familiya, manzil, toʻlovning joriy va oldingi sanasi hamda sanalarga muvofiq hisoblagich koʻrsatkichlari va toʻlov summasi koʻrsatilishi kerak.
123. Maishiy isteʼmolchi tomonidan hisob-kitob davrida amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori isteʼmolchining hisoblagich koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi.
Agar hisoblagich oʻlchov transformatorlari (tok, kuchlanish) orqali ulangan boʻlsa, amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori ushbu oʻlchov transformator transformatsiya koeffitsiyenti inobatga olingan holda aniqlanadi.
124. Hisoblagichlardan koʻrsatkichlarni yozib olish va toʻlov hujjatini yozib berish HETKning xodimi yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
HETK xodimi tomonidan yozib berilgan toʻlov hujjati (bildirishnoma) maishiy isteʼmolchiga imzo qoʻydirib topshiriladi, u boʻlmagan taqdirda esa — u bilan birga bir xonadonda (xususiy uyda) yashovchi voyaga yetgan shaxsga topshiriladi yoki bildirishnoma bilan birga buyurtma xat orqali joʻnatiladi.
125. Agar navbatdagi aylanib chiqish davomida hisoblagich oʻrnatilgan xona yopiq boʻlsa, bu haqda maishiy isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻida tegishli belgi qayd etiladi.
Hisoblagich koʻrsatkichlarini nazorat tartibida yozib olish boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, HETK elektr energiyasi isteʼmolining shartnomadagi miqdori boʻyicha yoki oldingi davr uchun amaldagi elektr energiyasi isteʼmolining hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asosan toʻlov yozish huquqiga ega boʻlib, bu haqida maishiy isteʼmolchining hisobvaragʻida tegishli belgi qoʻyiladi. Bunda hisoblagichlardan nazorat koʻrsatkichlari yozib olingandan keyin amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilinadi.
126. HETKning xodimi guvohnomasini koʻrsatgan taqdirda, xonadondagi hisoblagich koʻrsatkichlarini va ulanish sxemalarini soat 08-00 dan 20-00 gacha hech qanday qarshiliklarsiz koʻrish huquqiga egadir.
Hisoblagichlarni koʻzdan kechirish uchun HETK xodimini qoʻymaslik mazkur Qoidalarning 70-bandida belgilangan choralar koʻrilishiga sabab boʻladi.
127. Toʻlov hujjatlarini yozish va haq toʻlash paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar HETK tomonidan daʼvo muddati mobaynida ushbu xatoliklar aniqlanguniga qadar hisobga olinadi.
128. Toʻlov tegishli tashkilot tomonidan qabul qilib olingan sana toʻlov amalga oshirilgan sana hisoblanadi.
Toʻlov elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilgan taqdirda, mablagʻlar isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkazilgan (tranzaksiya) sana toʻlov amalga oshirilgan vaqt deb hisoblanadi.
129. Aholidan toʻlovlarni qabul qiladigan tashkilot (tijorat banklarining boʻlimlari, “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining boʻlimlari va aholidan toʻlovni qabul qilib olish punktlari) toʻlov hujjatlarini oʻram, banderollar va elektron reyestrlarga jamlaydilar.
Har qaysi banderolda (bank boʻlimi tomonidan maʼlum davrda qabul qilib olingan maishiy isteʼmolchilarning toʻlov hujjatlari toʻplamida) ularni HETKga berish vaqtida yorliq boʻlishi lozim, yorliqda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
banderolni shakllantirish boshlangan va tugallangan sana;
banderoldagi hujjatlar soni;
qabul qilib olingan toʻlovlarning umumiy summasi;
kassa xizmati koʻrsatilganligi uchun toʻlov sifatida ushlab qolingan summa;
HETK hisobvaragʻiga oʻtkaziladigan summa.
Bunda aholidan toʻlovni qabul qilib oluvchi tashkilotlar elektr energiyasi uchun toʻlov sifatida kelib tushgan mablagʻlar shartnomada belgilangan muddatlarda HETKga oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
130. Maishiy isteʼmolchilar toʻlov boʻyicha qarzdor boʻlganda, toʻlov muddati oʻtgan har bir kun uchun toʻlov muddati oʻtgan summaning 0,1 foizi miqdorida, lekin muddati oʻtgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydilar.
Penya hisoblagich koʻrsatkichlari yozib olingandan keyin va amalga oshirilgan qayta hisob-kitoblardan soʻng, shuningdek, belgilangan tartibda kiritilgan oldindan toʻlov hisobga olingan holda, hisob-kitob davridan keyingi oyning 11-kunidan boshlab maishiy isteʼmolchining aniqlashtirilgan qarzdorlik (toʻlanmagan qarz) summasidan undiriladi.
Penyani hisoblash uchun qarzdorlik hosil boʻlgan oy aniqlanadi va toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun penya shu oydan boshlab hisoblanadi.
Isteʼmol qilingan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda, maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u maishiy isteʼmolchiga tegishli boʻlgan yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan vaqtdan boshlab vujudga keladi va roʻyxatdan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi.
131. Arifmetik xatoliklar, tariflarni notoʻgʻri qoʻllash tufayli paydo boʻladigan kam va ortiqcha toʻlovlar tegishli tarif boʻyicha kVt soatlarda mazkur Qoidalar asosida qayta hisoblanadi.
132. Tarif oʻzgarganda, tarif oʻzgargan sanagacha isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi oldingi toʻlov vaqtidan boshlab oʻrtacha sutkalik isteʼmol boʻyicha aniqlanadi va unga eski tarif boʻyicha haq toʻlanadi. Hisoblagichlarning koʻrsatkichlari toʻlov kunida yozib olingan deb hisoblanadi.
Tariflar oʻzgargandan keyin isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori uchun yangi tarif boʻyicha haq toʻlanadi.
5-§. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish, ushbu holatlarni rasmiylashtirish va hisobga olinmagan elektr energiyasi hajmini hisob-kitob qilish tartibi
133. Quyidagi holatlar isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish (noqonuniy foydalanish) holatlari deb hisoblanadi:
a) elektr taʼminoti shartnomasini tuzmasdan, elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanish.
Agar isteʼmolchi energiya taʼminoti korxonasi xodimi bilan til biriktirib, ulanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablarini bajarmasdan, shartnomasiz va hisoblagichi taʼminotchining tegishli dasturiy taʼminoti bazalariga kiritilmasdan elektr tarmogʻiga ulanib, elektr energiyasidan foydalangan taqdirda, oʻzboshimchalik bilan foydalanishga tenglashtiriladi (isteʼmolchining elektr tarmogʻiga ulanish uchun tegishli hujjatlari mavjud boʻlib, lekin hisoblagich taʼminotchining tegishli dasturiy taʼminoti bazasiga oydan-oyga oʻtish jarayonida dasturga kirmay qolgan holatlar bundan mustasno);
b) hisoblagich koʻrsatkichlarini qasddan kamaytirish maqsadida hisoblagichga va uning ulanish sxemasiga unga tashqi taʼsir koʻrsatish;
v) hisoblagich va oʻlchov transformatorlarining plombalarini oʻzboshimchalik bilan buzish;
g) I tarif guruhi isteʼmolchilarida oʻrnatilgan hisoblagichda sutkaning vaqt zonasini oʻzboshimchalik bilan tashqi taʼsir koʻrsatish orqali oʻzgartirish;
d) oʻzboshimchalik bilan hisoblagichni almashtirish;
e) hisoblagichning ulanish sxemasini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish;
j) hisoblagich xotirasidagi koʻrsatkichlarni yoʻq qilish maqsadida hisoblagichni qasddan yoʻq qilish (yoqib yuborish, sindirib maydalash va shu kabilar). Isteʼmolchining aybisiz hisoblagichga yuqori kuchlanish/tok kelishi natijasida erib ketishi yoki boshqa tabiiy sabablarga koʻra yaroqsiz holga kelishi bundan mustasno;
z) hisoblagichdan tashqari ulanish;
i) hisobga olinadigan elektr energiyasi miqdorini kamaytirish maqsadida oʻlchov transformatorlarini yoki oʻlchov transformatorlariga biriktirilgan pasport maʼlumotlarini almashtirish;
k) yuridik shaxs isteʼmolchilar tomonidan (maishiy isteʼmolchilar bundan mustasno) elektr energiyasini yoʻq qilish maqsadida elektr hisoblagich haqiqiy koʻrsatgichi boʻyicha hisobot bermasdan elektr hisoblagich koʻrsatkichini yashirish (bunda yashirilgan elektr energiyasi miqdori ikki oylik isteʼmolidan kam boʻlmaganda).
Mazkur bandning barcha kichik bandlarida keltirilgan holatlarda isteʼmol qilingan elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilinadi va isteʼmolchidan undiriladi.
Agar isteʼmolchilarning hisoblagichlari, oʻlchov transformatorlari energetika obyekti korxonasiga tegishli hududda (podstansiya, transformator punkti va boshqalar) oʻrnatilgan boʻlib, hisoblagich oʻlchov tizimiga tashqi aralashuvlar natijasida isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdori kamaytirilganligi hisoblagich yoki EHNAT bazasi xotira maʼlumotlari bilan oʻz tasdigʻini topganda, isteʼmolchi javobgar hisoblanadi.
Qoidalarning ushbu bandida nazarda tutilgan qoida buzilishlari Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq tegishli javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
1331. Quyidagi holatlar elektr taʼminoti korxonasi tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish holatlari deb hisoblanadi:
uskunalarni, elektr uzatish tarmoqlarini, hisoblagichlarni uzluksiz ekspluatatsiya qilishini taʼminlamaslik, oʻz vaqtida ularga xizmat koʻrsatmaslik va uskunalarni taʼmirlamaslik, shuningdek, oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etmaslik;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlab turmaslik;
elektr taʼminoti korxonasi tomonidan belgilangan elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya etmaslik;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida kamida 3 kun oldin ogohlantirmaslik;
joriy etiladigan cheklashlar haqida cheklashning hajmi va vaqtini koʻrsatgan holda oʻz vaqtida isteʼmolchilarga xabar qilmaslik;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasining texnologik sarflarini qisqartirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqmaslik yoki ishlab chiqilgan tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirmaslik;
elektr energiyasining elektr tarmoqlarining mansublik chegarasida hisobga olinmagan isteʼmolini aniqlamaslik;
isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib bormaslik;
tegishli hujjatlarsiz (texnik shart, loyiha hujjatlari, loyiha hujjatlarini kelishish va shartnoma) va (yoki) ruxsatnomalarsiz isteʼmolchini elektr tarmogʻiga ulash yoki ulanishga ruxsat berish;
EHNATga mos keladigan hisoblagichlar boʻlmaganda, isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulash;
isteʼmolchiga mansub boʻlgan tarmoqlardagi texnologik sarflar hamda quvvat koeffitsiyentining (cos φ) iqtisodiy qiymati hisob-kitob qilinmasligi;
hisoblash tizimiga taʼsir qilmagan holda, ikkilamchi tok zanjirida kirish va chiqish simlari oʻzaro oʻrnini almashtirib ulash;
hisobga olinadigan elektr energiyasi miqdorini kamaytirish maqsadida dasturga qoʻshimcha koeffitsiyentlarni kiritish;
Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari talablariga rioya qilmaslik;
har oyda bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib hisoblagichlarni EHNATga bir oydan ortiq aloqaga chiqishini taʼminlamaslik;
isteʼmolchilarga notoʻgʻri hisob-kitoblar amalga oshirilganligi;
elektr taʼminoti korxonasining masʼul xodimi aybi bilan qoida buzilishlar sodir etilishi;
sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanish;
EHNAT tizimida hisoblagichlar ishlashida nosozliklar yuzasidan kelib tushgan xabarlar asosida mazkur nosozliklarning bir oylik muddatda joyiga chiqqan holda bartaraf etilishini taʼminlamaslik;
debitor qarzdorligi mavjud isteʼmolchilarga asossiz ravishda elektr energiyasini yetkazib berish.
Ushbu bandda nazarda tutilgan qoida buzilishlari aniqlangan taqdirda, elektr taʼminoti korxonasi tegishliligi boʻyicha rahbari va (yoki) masʼul xodimlarning qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
134. Quyidagi holatlar isteʼmolchilar tomonidan toʻlovlar amalga oshiriladigan elektr energiyasi hajmiga taʼsir qilmagan holda, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normalarga rioya etmaslik holatlari hisoblanadi:
a) texnik shartlarda ruxsat etilgan quvvatdan ortiqcha quvvatni ulab foydalanish;
b) elektr energiyasidan nooqilona va samarasiz foydalanish. Bunda elektr energiyasidan nooqilona va samarasiz foydalanganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda iqtisodiy va (yoki) maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin;
v) isteʼmol qilingan elektr energiyasini hisoblash tizimiga taʼsir qilmaydigan usullarda EHNAT tizimi muqobil ishlashiga taʼsir koʻrsatish.
Ushbu bandda keltirilgan holatlarda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitoblar amalga oshirilmaydi.
135. Quyidagi holatlar texnik xato va kamchiliklar yoki elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining isteʼmolchining aybisiz buzilishi deb hisoblanadi:
a) isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarda notoʻgʻri tarif guruhi qoʻllanilishi (mayning sohasi bundan mustasno);
b) isteʼmolchiga mansub boʻlgan tarmoqlardagi texnologik sarflar hamda quvvat koeffitsiyentining (cos φ) iqtisodiy qiymati hisob-kitob qilinmasligi;
v) arifmetik va texnik xatoliklar natijasida kam yoki koʻp hisoblanishi;
g) hisoblash tizimiga taʼsir qilmagan holda, ikkilamchi tok zanjirida kirish va chiqish simlar oʻzaro oʻrni almashtirib ulangan holatlar (“berish” / “qabul” rejimi). Quyosh panellari oʻrnatilganligi bundan mustasno;
d) hisoblagich yoki oʻlchov transformatorlari navbatdan tashqari yoki davriy qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilganda davlat standartlarida ruxsat etilgan xatolik meʼyorlaridan kam yoki koʻp koʻrsatkichlarda ishlaganligi aniqlanganda;
e) hisoblagich ikkilamchi zanjir simlarining mexanik taʼsirdan uzilishi (tabiiy uzilish) hamda hisoblagich yoki oʻlchov transformatorlarining isteʼmolchining aybisiz buzilishi;
j) hisobga olinadigan elektr energiyasi miqdorini kamaytirish maqsadida dasturga qoʻshimcha kamayuvchi koeffitsiyentlarni kiritish;
z) elektr hisoblagich ulanish sxemasi notoʻgʻri ulanishi (ulanish sxemasi elektr hisoblagich, oʻlchov transformatorlari oʻrnatilgan yoki almashtirilgan vaqtdan boshlab notoʻgʻri ulanganligi aniqlanganda);
Ushbu holatlarda isteʼmolchiga isteʼmol qilingan haqiqiy elektr energiyasi sarfi boʻyicha taʼminotchi yoki isteʼmolchi manfaatiga qayta hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
“a”, “b”, “v”, “g”, “j” va “z” kichik bandlarida nazarda tutilgan qoidabuzilishlar sodir etilganda, elektr taʼminoti korxonasining masʼul xodimini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
136. Qoidalarning buzilish holatlari aniqlanganda, taʼminotchi va (yoki) Oʻzenergoinspeksiya vakolatli xodimlari tomonidan tegishli elektron tizimlar (E-dalolatnoma) orqali mazkur Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) rasmiylashtiriladi. Zarurat boʻlganda, dalolatnomaga holat yuzasidan fotosuratlar va boshqa ashyoviy dalillar ilova qilinishi mumkin.
Dalolatnomani elektron shaklda rasmiylashtirishni imkoni boʻlmaganda, 24 soat ichida tegishli elektron tizimlarga kiritilishini taʼminlash sharti bilan dalolatnoma erkin shaklda qogʻozda rasmiylashtirilishiga ruxsat beriladi.
Dalolatnoma vakolatli xodimlar va isteʼmolchi tomonidan imzolanadi. Isteʼmolchi dalolatnomaga imzo qoʻyishdan bosh tortgan taqdirda, ikki nafar xolis va (yoki) mahalla fuqarolar yigʻini masʼul xodimlari jalb etilib, holat ularga maʼlum qilinadi hamda ularning dalolatnomaga imzo qoʻyishi taʼminlanadi. Taʼminotchi xodimlari darhol mazkur isteʼmolchini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyadi.
Isteʼmolchining elektr qurilmalari elektr tarmogʻidan ajratilgandan soʻng taʼminotchi va/yoki Oʻzenergoinspeksiya vakolatli xodimlari tomonidan belgilangan namunadagi plomba bilan qayta elektr tarmogʻiga oʻzboshimcha ulanishning oldini olish maqsadida plombalanadi.
Elektr qabul qilgichlar quvvatini aniqlash imkoni boʻlmagan holatlarda, elektr qabul qilgichlarning umumiy quvvati oʻlchov vositalari yordamida aniqlanadi.
Mazkur Qoidalarning buzilish holatlarini aniqlash va rasmiylashtirishga masʼul xodimlar dalolatnomani rasmiylashtirishda, mazkur bandda keltirilgan talablarga amal qilmagan holatlarda, ular qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Taʼminotchining boshqa xodimlari tomonidan mazkur Qoidalarni buzish holatlari aniqlanganda, ular bu haqda oʻz rahbari hamda dalolatnoma rasmiylashtirishga vakolatli boʻlgan xodimlarga maʼlum qiladi.
137. Koʻrikdan oʻtkazish va dalolatnomani rasmiylashtirish jarayonida hisoblagich yoki oʻlchov transformatorlariga tashqi taʼsir, yaʼni inson aralashuvi mavjud deb hisoblashga asos boʻlganda, oʻlchov vositalarini (hisoblagich va boshqa zarur uskunalar) alohida idishga (quti, idish, polietilen qopcha va boshqalar) solib, isteʼmolchi bilan birgalikda muhrlab ish hujjatlariga qoʻshish maqsadida olib qoʻyiladi.
Hisoblagichni olib qoʻyish toʻgʻrisida taʼminotchi yoki Oʻzenergoinspeksiya xodimi tomonidan bu toʻgʻrisida ikki nusxada tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, unga tomonlar imzo qoʻyadilar hamda uning bir nusxasi isteʼmolchiga topshiriladi. Mazkur dalolatnomada sana, hisoblagich rusumi, davlat raqami, koʻrsatkichlari, plombalari raqamlari toʻliq qayd etiladi.
Isteʼmolchining elektr taʼminotidan uzilishining oldini olish maqsadida hisoblagich olib qoʻyilgan davrda foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish va hisob-kitob qilish taʼminotchi tomonidan vaqtincha oʻrnatilgan elektr hisoblagichlar orqali yoki oʻtgan hisob-kitob davri uchun elektr energiyasi isteʼmolining oʻrtacha sutkalik amaldagi miqdori boʻyicha amalga oshiriladi.
Bunda hisob-kitob qilish davri bir oydan oshmasligi hamda shu davrda hisoblagich oʻrnatilishi lozim.
Oʻrganish natijalariga asosan hisoblagich yoki oʻlchov transformatorlariga tashqi taʼsir qilinganligi aniqlangan hollarda isteʼmolchi darhol elektr taʼminotidan ajratiladi. Holat boʻyicha belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
138. Mazkur Qoidalarni buzganlik holatlari natijasida hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori inson omilisiz tegishli elektron tizimlari (E-dalolatnoma) orqali uch ish kunida aniqlanib, qoidabuzarlik holati aniqlangan oyning hisobot davrida elektr taʼminoti korxonasi tomonidan taʼminotchining tegishli dasturiy taʼminoti bazalariga kiritiladi.
Agar texnik sabablarga koʻra mazkur elektron tizim (E-dalolatnoma) orqali hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdorini aniqlash imkoni boʻlmasa, ushbu hisob-kitob uch ish kunida, taʼminotchi tomonidan mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda tuzilgan maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
140. Mazkur Qoidalarning 133 va 135-bandlarida keltirilgan qoida buzilishlar boʻyicha qayta hisob-kitoblar umumiy daʼvo muddati davridan (uch yil) oshmagan holda amalga oshiriladi.
141. Avval aniqlanib dalolatnoma rasmiylashtirilgan va dasturiy taʼminotga kiritilgan qoidabuzarlik yoki xato-kamchiliklar isteʼmolchi tomonidan takroran sodir etilganda, avvalgi rasmiylashtirilgan dalolatnoma boʻyicha hisoblangan davr uchun takroran hisob-kitob qilinishi mumkin emas.
Elektr energiyasi sarfining qayta hisob-kitobi boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlar isteʼmolchini mazkur Qoidalarni buzganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan javobgarliklardan ozod etmaydi.
6-§. Hisobga olinmagan elektr energiyasi hajmini hisob-kitob qilish tartibi
142. Mazkur Qoidalarning 133-bandida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar aniqlanganda, hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori daʼvo muddatini inobatga olgan holda amaldagi tarif (I tarif guruhi isteʼmolchilariga sutkaning tigʻiz davri soatlari uchun belgilangan oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan (mazkur bandning oʻn birinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno)) miqdori (maishiy isteʼmolchilarga amaldagi bazaviy meʼyorlari uchun belgilangan tarifda) boʻyicha quyidagi mezonlar asosida qayta hisob-kitob qilinadi. Bunda 133-bandning:
“a” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — qoidabuzarlik aniqlangan bino yoki obyektga mulk huquqi vujudga kelgan yoxud faoliyatini boshlagan kundan yoki tarmoqqa ulangan kundan (asosli hujjatlarga koʻra) dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar, dalolatnomada qayd etilgan elektr qabul qilgichlarning umumiy quvvati boʻyicha sutkasiga 24 soat ishlashi hisobidan.
Bunda tasdiqlovchi hujjatlar sifatida faqatgina rasmiy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kun toʻgʻrisida soliq organlaridan olingan maʼlumot, kadastr, mahalliy hokimiyat organlarining tegishli qarorlari, yer maydonidan ijarada foydalanayotgan boʻlsa ijara shartnomasi asos boʻladi;
“b”, “d” va “j” kichik bandlaridagi qoidabuzarlik sodir etilganda — hisoblagich xotirasi yoki EHNAT bazasi maʼlumot bazasi maʼlumotlari yordamida hisoblagichga tashqi taʼsir qilinganligi aniqlangan kundan, aniqlash imkoni boʻlmaganda isteʼmolchi elektr hisoblagichining sxemasi tekshirilgan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar dalolatnomada qayd etilgan elektr qabul qilgichlarning umumiy quvvati boʻyicha yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarga shartnomadagi ish soatiga asosan (maishiy isteʼmolchilarga sutkasiga 24 soat ishlashi hisobidan) toʻlovlarni inobatga olgan holda hisoblanadi;
“v” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — hisoblagich oʻrnatilgan kundan yoki hisoblagich xotirasidan (EHNAT maʼlumotlarni saqlash bazasida) aniqlangan tashqi taʼsir qilingan kundan boshlab, dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar dalolatnomada qayd etilgan elektr qabul qilgichlarning umumiy quvvati boʻyicha, yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarga shartnomadagi ish soatiga asosan (maishiy isteʼmolchilarga sutkasiga 24 soat ishlashi hisobidan) toʻlovlarni inobatga olgan holda hisoblanadi (hisoblagichning elektron plombasi buzilmagan holatlar bundan mustasno). Hisoblagichning plombalari buzilganda, hisoblagich elektron plombalari buzilishi boʻyicha hisoblagichni ishlab chiqaruvchi zavod xulosasiga asosan hisob-kitob qilinadi;
“g” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — hisoblagich oʻrnatilgan kundan yoki hisoblagich xotirasiga (EHNAT maʼlumotlarni saqlash bazasiga) tabaqalashtirilgan tarif sutkaning vaqt zonasi oʻzgartirilgan kundan boshlab, dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar hisobga olinmagan elektr energiyasi sarfidan kelib chiqib, tigʻiz davr soatlari uchun belgilangan oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan holda toʻlovlarni inobatga olgan holda, hisoblanadi;
“e” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — hisoblagich xotirasi yoki EHNAT bazasi maʼlumot bazasi maʼlumotlari yordamida hisoblagichga tashqi taʼsir qilinganligi aniqlangan kundan, aniqlash imkoni boʻlmaganda, elektr hisoblagich oʻrnatilgan kun yoxud sxemasi tekshirilgan kundan (bunda sxemasi tekshirilganlik toʻgʻrisida dalolatnoma tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritilgan boʻlsa) dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar, biroq umumiy daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatda sxema toʻgʻri va notoʻgʻri ulangan holatlarining quvvat farqlaridagi ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi;
“z” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — elektr hisoblagich oʻrnatilgan kun yoxud sxemasi tekshirilgan kundan (bunda sxemasi tekshirilganlik toʻgʻrisida dalolatnoma tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritilgan boʻlsa) dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatda hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulangan elektr qabul qilgichlar quvvatidan kelib chiqib, yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarga shartnomadagi ish soatiga asosan (maishiy isteʼmolchilariga sutkasiga 24 soat ishlashi hisobidan) hisoblanadi;
“i” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — oʻlchov transformatori oʻrnatilgan kundan boshlab dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar hisoblagich qayd etgan elektr energiyasi sarfiga nisbatan oʻlchov koeffitsiyentlari orasidagi tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi;
“k” kichik bandidagi qoidabuzarlik sodir etilganda — hisoblagich qayd etgan koʻrsatkichlar tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Isteʼmolchi bir paytning oʻzida mazkur Qoidalarning 133-bandida nazarda tutilgan qoidabuzarliklarning bir nechtasini sodir etganda, hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori qayta hisoblash mezonlarining eng yuqori miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Mazkur Qoidalarning 133-bandi “a”, “b” yoki “z” kichik bandlaridan birida nazarda tutilgan qoidabuzarlik sodir etilganligi aniqlanganda, hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori amaldagi tarifga uch baravar oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan holda qayta hisob-kitob qilinadi va ushbu hisob-kitob natijasida aniqlangan summa elektr taʼminoti korxonasiga yetkazilgan haqiqiy zarar deb baholanadi.
143. Mazkur Qoidalarning 135-bandida nazarda tutilgan qoidalar isteʼmolchining aybisiz buzilishi aniqlanganda, sarflangan elektr energiyasi miqdori har bir davrdagi tarifda va daʼvo muddatini inobatga olgan holda quyidagi mezonlar asosida qayta hisob-kitob qilinadi.
Bunda mazkur Qoidalar 135-bandning:
“a” kichik bandidagi texnik xato va kamchiliklar aniqlanganda — tarif guruhi notoʻgʻri qoʻllanilgan kundan boshlab dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar isteʼmol qilingan haqiqiy elektr energiyasi sarfidan kelib chiqib, tariflar orasidagi tafovut miqdori boʻyicha;
“b” kichik bandidagi xatolik aniqlanganda — hisobga olinmay qolgan texnologik sarf (aktiv va reaktiv) miqdoridan hamda reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymatining (cos φ) har bir davrdagi tarif miqdori boʻyicha;
“v” kichik bandidagi xatolik aniqlanganda — hisob-kitoblardagi arifmetik yoki texnik xatoliklar tufayli hisoblangan barcha notoʻgʻri (kam yoki koʻp) xatoliklar, qayta tahlil qilinib isteʼmolchi yoki taʼminotchi foydasiga;
“g” kichik bandidagi texnik xato va kamchiliklar aniqlanganda — hisoblagichning ikkilamchi tok zanjirlari kirish va chiqish simlari oʻrni almashtirib ulanishi natijasida kelib chiqqan elektr energiyasi miqdoridagi tafovutni hisobotlarga qoʻshish orqali hisob-kitob qilinadi. Bunda isteʼmolchining muqobil energiya manbalari oʻrnatilganligi tahlil qilinishi lozim;
“d” kichik bandidagi xatolik aniqlanganda — hisoblagich yoki oʻlchov transformatorlari xatolik bilan ishlashni boshlagan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar, haqiqiy hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori boʻyicha hisoblanadi. Xatolik bilan ishlashni boshlagan kunni aniqlash imkoni boʻlmasa, hisoblagich oʻrnatilgan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar hisob-kitob qilinadi;
“e” kichik bandidagi texnik xato va kamchiliklar aniqlanganda — hisoblagich xotirasidan (EHNAT maʼlumotlarni saqlash bazasidan) hisoblagich ishdan chiqqan yoki kuchlanish va/yoki tok simlari uzilgan kundan yoxud hisoblagichni ishlab chiqaruvchi zavod xulosasiga asosan ishdan chiqqani aniqlangan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar haqiqiy isteʼmol qilingan elektr energiyasi sarfi hisoblanadi. Agar haqiqiy isteʼmolni aniqlash imkoni boʻlmasa, hisobga olish buzilishiga qadar boʻlgan oldingi hisob-kitob davridagi yoki hisobga olish tiklangandan keyingi davrdagi oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.
“j” kichik bandidagi xatolik aniqlanganda — barcha notoʻgʻri hisob-kitoblar tahlil qilinib hisobga olinmagan miqdor hisob-kitob qilinadi.
“z” kichik bandidagi xatolik aniqlanganda — elektr hisoblagich oʻrnatilgan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar sxema toʻgʻri va notoʻgʻri ulanish holatlarining quvvat farqlaridagi ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi;
Bunda elektr energiyasining oʻrtacha sutkalik sarfini aniqlash boʻyicha hisob-kitob qilish davri bir oydan oshmasligi hamda shu davrda hisoblagich oʻrnatilishi lozim.
Isteʼmol qilingan energiya (aktiv, reaktiv) sarfi taʼminotchi tomonidan aniqlangan qoidabuzarlik natijasida hisobga olinmagan elektr energiyasi (aktiv, reaktiv) miqdorlari, penya va boshqa jarimalar hududiy elektr tarmoqlari hisobvaragʻiga undiriladi.
Oʻzenergoinspeksiya ishtirokida aniqlangan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish holati boʻyicha rasmiylashtirilgan qoidabuzarlik dalolatnomasiga asosan:
isteʼmolchiga elektr energiyasini yetkazib berish toʻxtatiladi va Oʻzenergoinspeksiya mutaxassislari tomonidan plomba oʻrnatiladi;
amalga oshirilgan qayta hisob-kitob boʻyicha toʻlovlar Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasini moliyalashtirishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 28-sentabrdagi 512-son qaroriga muvofiq elektr energetika tashkilotlarining alohida hisobvaragʻiga (22636) undiriladi va toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng tarmoqqa qayta ulashga ruxsat beriladi.
Bunda, ruxsatsiz plombani buzganlik uchun belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
144. Mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan qoida buzilishi holatlarida isteʼmolchilarni elektr tarmoqlaridan uzib qoʻyish va qayta ulash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13-bob. Reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun elektr energiyasi tarifiga chegirmalar va ustamalar
145. Elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan ruxsat etilgan quvvati 50 kVt va undan ortiqni tashkil etgan barcha isteʼmolchilar reaktiv quvvatni kompensatsiya qilishga majburdirlar.
146. Reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun chegirmalar (ustamalar) taʼminotchi tomonidan berilgan texnik shartlar boʻyicha yoki elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan ruxsat etilgan quvvat 50 kVt va undan ortiqni tashkil etgan I va II tarif guruhlari isteʼmolchilariga nisbatan amalga oshiriladi (budjet va budjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlar, quvvati 5 MVt va undan ortiq boʻlgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr energiyasini saqlash tizimlari, fermer xoʻjaliklarining va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno).
147. Isteʼmolchi tomonidan reaktiv quvvat yetarli darajada kompensatsiya qilinmaganligi oqibatida yagona elektr energetika tizimi tarmoqlarida hosil boʻlgan yoʻqotishlar isteʼmolchi tomonidan energiyadan nooqilona sarflangan hisoblanadi.
148. Reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun chegirmalar (ustamalar) reaktiv energiya hisoblagichlarining koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi hamda tegishli ravishda isteʼmol qilingan (hosil qilgan) reaktiv energiyaning 1 kVar.soat uchun toʻlov tarzida undiriladi.
Taʼminotchi tomonidan ulangan quvvati 50 kVt va undan ortiq boʻlgan I va II tarif guruhlari isteʼmolchilariga isteʼmol qilingan reaktiv energiya uchun toʻlovlar undiriladi, lekin budjet va budjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlar, fermer xoʻjaliklari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, quvvati 5 MVt va undan ortiq boʻlgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr energiyasini saqlash tizimlari hamda Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari isteʼmol qilingan reaktiv energiya hamda reaktiv energiya oʻrni yetarlicha qoplanmaganligi hisobiga hosil boʻlgan quvvat koeffitsiyenti (cos φ) hisobotlarda koʻrsatib oʻtiladi, lekin mablagʻ koʻrinishida hisoblanmaydi va toʻlovlar undirilmaydi.
Reaktiv energiyaning shartnomaviy miqdori reaktiv energiyaning iqtisodiy qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Reaktiv energiyaning har bir hisobot davri uchun iqtisodiy qiymati, shartnomada koʻrsatilgan va belgilangan tartibda aniqlanadigan quvvat koeffitsiyentining optimal miqdori hisobga olinib, ushbu davr uchun aktiv energiyaning shartnomadagi miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Bir necha tarif guruhlariga mansub boʻlgan isteʼmolchilar uchun reaktiv energiyaning shartnomaviy miqdori har bir tarif guruhi boʻyicha aniqlanadi va elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi.
Hisobot davrining yakuni boʻyicha reaktiv energiya iqtisodiy qiymatining amaldagi miqdori isteʼmol qilingan aktiv energiya va quvvat koeffitsiyentining shartnomaviy miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ikki va undan ortiq alohida obyektlarga (hudud) ega boʻlgan isteʼmolchiga nisbatan reaktiv energiya iqtisodiy qiymatining amaldagi miqdori va reaktiv energiyaning amaldagi isteʼmoli har bir obyekt boʻyicha aniqlanadi. Bunda barcha obyektlar boʻyicha reaktiv energiya iqtisodiy qiymatining amaldagi miqdori va reaktiv energiya boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun foydalanilgan reaktiv energiya miqdori yigʻindisi aniqlanadi.
149. Ustamalar taʼminotchi tomonidan isteʼmolchi ulangan elektr tarmogʻining katta yuklama soatlarida reaktiv energiya isteʼmol qilinganda va yagona elektr energetika tizimining kam yuklama soatlarida isteʼmolchi reaktiv energiya hosil qilganda qoʻllanadi.
Reaktiv energiya uchun ustama aktiv energiyaning amaldagi tarifidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olmagan holda quyidagi miqdorda belgilanadi:
5 foiz — reaktiv energiya mazkur Qoidalarning 148-bandi oltinchi xatboshisiga muvofiq aniqlangan iqtisodiy qiymatning amaldagi miqdori doirasida isteʼmol qilinganda;
10 foiz — reaktiv energiya mazkur Qoidalarning 148-bandi oltinchi xatboshisiga muvofiq aniqlangan iqtisodiy qiymatning amaldagi miqdoridan ortiq isteʼmol qilinganda.
Reaktiv energiya kompensatsiyasi uchun elektr energiyasi tarifiga ustamalar jarima sanksiyasi hisoblanmaydi va elektr taʼminoti shartnomasiga asosan undiriladi.
Reaktiv energiya oʻrni yetarlicha qoplanmagani hisobiga quvvat koeffitsiyenti qiymatining isteʼmolchilar tomonidan elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilganiga nisbatan pasaytirilgani aniqlanganda, taʼminotchi elektr energiyasi yoʻqolishi qiymatining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini amalga oshiradi, shuningdek, quvvat koeffitsiyenti koʻrsatkichlari belgilangan normativlarga nisbatan pasaytirilgani uchun isteʼmolchilardan qoʻshimcha mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasini moliyalashtirishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 28-sentabrdagi 512-son qaroriga muvofiq taʼminotchining alohida hisobvaragʻiga (22636) undiriladi.
Bunda HETK tomonidan isteʼmolchilarga quvvat koeffitsiyenti koʻrsatkichlari pasaytirilgani uchun toʻlovni amalga oshirishga alohida hisob-faktura taqdim etiladi.
150. Isteʼmolchilar reaktiv quvvatni yetarli darajada kompensatsiya qilmaganligi natijasida tarmoqlarda aktiv energiyaning qoʻshimcha yoʻqotishlari uchun qayta hisob-kitoblar amaldagi tarifga nisbatan uch baravar miqdorda hisoblanadi.
151. Tarif chegirmalari isteʼmolchi yagona elektr energetika tizimi tarmogʻida elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida reaktiv energiya hosil qilganda va elektr tarmogʻining kichik yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimi tarmogʻidan reaktiv energiya isteʼmol qilinganda, agar isteʼmolchining bunday rejimda ishlash zarurati shartnomada koʻrsatilgan boʻlsa, taqdim etiladi.
Reaktiv energiya uchun taqdim etiladigan chegirma aktiv energiyaning amaldagi tarifidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olmagan holda 15 foiz miqdorida belgilanadi.
152. Elektr tarmogʻining katta va kichik yuklamali soatlari — bu sutkaning isteʼmolchi tomonidan reaktiv quvvatning isteʼmol qilinishi (hosil qilinishi) tufayli yagona elektr energetika tizimining elektr tarmoqlarida elektr energiyasining qoʻshimcha ravishda yoʻqotilishiga olib keladigan vaqtlaridir.
Taʼminotchi elektr tarmogʻining katta va kichik yuklamali soatlarini, isteʼmolchining va u foydalanadigan tarmoqning reaktiv yuklamasi jadvallarini tahlil qilgan holda, har qaysi isteʼmolchi uchun alohida belgilashi mumkin.
Har bir sutkadagi katta va kichik yuklamali soatlar yigʻindisi 24 soatga teng, shu jumladan:
katta yuklamali soatlar — soat 06-00 dan 22-00 gacha;
kichik yuklamali soatlar — soat 22-00 dan 06-00 gacha.
153. Reaktiv energiyaning isteʼmol qilinishi hamda hosil qilinishi hisoblagichlar yordamida qayd etiladi.
154. “Milliy dispetcherlik markazi” DUK isteʼmolchi tomonidan yagona elektr energetika tizimi tarmogʻida katta yuklamali soatlarda reaktiv energiyani hosil qilish va (yoki) kichik yuklamali soatlarda uni majburiy isteʼmol qilish belgilagan boʻlsa, energiyani hisobga olish usuli taʼminotchi va isteʼmolchi oʻrtasida kelishiladi va elektr taʼminoti shartnomasida qayd etiladi.
155. Taʼminotchi tomonidan berilgan texnik shartlar boʻyicha yoki elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hamda foydalanishga ruxsat etilgan quvvat 50 kVt va undan ortiqni tashkil etadigan I va II tarif guruhlari isteʼmolchilari bilan tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
yagona elektr energetika tizimi tarmogʻidan hisobot davri uchun isteʼmol qilinadigan reaktiv energiyaning iqtisodiy qiymati;
talab etiladigan quvvat koeffitsiyenti (cos φ);
yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamalarining nazorat soatlari (yilning har bir oyi boʻyicha boʻlib chiqish orqali);
elektr tarmoqlarning katta yuklama soatlarida oylik reaktiv energiya isteʼmolini texnik chegaralari. Ushbu chegaralardan oshib ketganda, taʼminotchi elektr energiyasining hisoblash nuqtasida kuchlanishni elektr tarmogʻining eng katta yuklamali soatlari uchun elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan darajasidan pasayib ketishi uchun javob bermaydi;
elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida yagona elektr energetika tizimining elektr tarmogʻiga bir oyda hosil qilinadigan va (yoki) bir oyda kichik yuklamali soatlarda majburiy isteʼmol qilinadigan reaktiv energiyaning chegaraviy qiymatlari.
Hisobot davri uchun reaktiv energiya isteʼmolining iqtisodiy qiymati texnik chegara hisoblanib, uning ortishida taʼminotchi elektr energiyasining hisobga olish nuqtasidagi kuchlanish elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan darajadan kamayib ketishi uchun javob bermaydi.
14-bob. Elektr energiyasining sifati uchun elektr energiyasi tarifiga chegirmalar (ustamalar)
156. Elektr energiyasi sifati uchun tarifga chegirmalar (ustamalar) amaldagi tariflar boʻyicha belgilanadi.
157. Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarda qoʻllanadigan elektr energiyasining sifat koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda — ESK) roʻyxati milliy standartlari asosida elektr taʼminoti shartnomasida belgilanadi.
158. Agar isteʼmolchining (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi ulushi elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan darajadan oshsa, belgilangan qiymat tarifga ustama yoki aks holda — tarifga chegirma hisoblanadi.
159. Har bir ESK boʻyicha chegirmalar (ustamalar) miqdori koʻrib chiqilayotgan ESKning hisob-kitob davridagi jami nisbiy davomiyligi koʻrsatkichlariga (T1 va T2) koʻra yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan normal va maksimal qiymatlar sifatida hisoblanadi. T1 va T2 qiymatlari oʻlchash vaqti davomida aniqlanadi, oʻlchash vaqtining davomiyligi har bir ESK boʻyicha shartnomada belgilanadi, lekin u bir ish sutkasidan kam boʻlmasligi kerak. Avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari mavjud boʻlganda T1 va T2 qiymatlari uzluksiz ravishda oʻlchanishi lozim. Hisob-kitob qilinadigan vaqt oraligʻini muntazam oʻlchash elektr taʼminoti shartnomasida (lekin bir chorakda bir martadan kam emas) belgilanadi.
160. Isteʼmolchining elektr taʼminoti shartnomasida qayd etilgan har qaysi ESK boʻyicha elektr energiyasi sifatining yomonlashuvidagi ulushining qiymati har zamonda oʻlchashlar asosida belgilanadi va oʻlchash bayonnomasida qayd etiladi. Amaldagi ulushlarning ushbu qiymatlaridan tomonlardan biri ularni qayta koʻrib chiqishni taklif etmagunicha foydalaniladi.
161. ESKni oʻlchash ishlari akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyasi tomonidan taʼminotchi va isteʼmolchi bilan birgalikda elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi. Elektr taʼminoti shartnomasida oʻlchashlar davriyligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar boʻlmaganda, shuningdek, isteʼmolchi yoki yagona elektr energetika tizimining ish sharoitlari keskin oʻzgarganda, oʻlchashlar tomonlardan birining tashabbusiga koʻra akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyasi tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Ikkinchi tomon oʻlchashlarni oʻtkazishning aniq sanasini uch kun muddatda kelishib olishi kerak va bu ishlar tashabbus koʻrsatgan tomonning murojaatidan keyin oʻn kun muddatda bajarilishi lozim.
162. Kuchlanishdagi tafovutlar, nomutanosibliklar koeffitsiyentlari va kuchlanishdagi oʻzgarishlar HETK va isteʼmolchi oʻrtasidagi kelishuv asosida fazalardan birida yoki barcha fazalarda aniqlanadi. Barcha fazalarda oʻlchashda T1 va T2 oʻrtacha qiymat sifatida aniqlanadi.
163. Isteʼmolchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi ulushini aniqlash tartibi elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatiladi.
164. Yuridik isteʼmolchilarga tasarrufidagi mavjud eski elektr qurilmalarini yangi energiyatejamkor qurilmalarga almashtirish natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmiga uch yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15 foiz chegirma beriladi. Bunda:
isteʼmolchilar elektr qurilmalarni almashtirish jadvali va uning natijasida erishiladigan iqtisodni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlash uchun Oʻzenergoinspeksiyaga kiritadi;
Oʻzenergoinspeksiya oʻn kun muddatda taqdim etilgan dasturni asoslanganligini koʻrib chiqadi va natijasi boʻyicha kelishadi yoki asoslantirgan holda kelishishni rad etadi;
tasdiqlangan dasturga asosan amalga oshirilgan ishlar natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmi energiya auditor tomonidan oʻrganiladi va ushbu hajmlar boʻyicha xulosa beriladi;
energiya auditor xulosasi Oʻzenergoinspreksiya va taʼminotchiga taqdim etiladi va ijobiy xulosa taqdim etilgan kundan boshlab chegirmalar qoʻllaniladi.
15-bob. Elektr energiyasini cheklash yoki uzib qoʻyish shartlari
165. Elektr energiyasi isteʼmolini cheklash, shuningdek, isteʼmolchilar yuklamalari jadvallarini tartibga solish chora-tadbirlari, belgilangan tartibda tasdiqlangan yagona elektr energetika tizimida elektr quvvati va energiyasi tanqisligida isteʼmolchilarni cheklash va uzib qoʻyish jadvallariga (keyingi oʻrinlarda — cheklash va uzib qoʻyish jadvallari) muvofiq amalga oshiriladi.
166. Quvvat va elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha Cheklash va uzib qoʻyish jadvallari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan isteʼmolchilar bilan birga ishlab chiqiladi va mahalliy ijro hokimiyati organlari, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Milliy dispetcherlik markazi” DUK bilan kelishilib, tasdiqlash uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Energetika vazirligiga kiritiladi.
Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan cheklash va uzib qoʻyish jadvallari yagona elektr energetika tizimida elektr quvvati va energiya tanqisligi paydo boʻlganda qoʻllaniladi.
167. Elektr energiyasini Cheklash va uzib qoʻyish jadvallari elektr stansiyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan sharoitlarda ishlashining oldini olish, yagona elektr energetika tizimining barqaror parallel ishlashini taʼminlash, avariyalar yuzaga kelishining oldini olish hamda isteʼmolchilarning tartibsiz uzib qoʻyilishini bartaraf etish maqsadida yagona elektr energetika tizimida elektr energiyasi va quvvat tanqis boʻlgan holatlar uchun tuziladi.
168. Elektr energiyasining cheklash va uzib qoʻyish jadvallari isteʼmolchining texnologik va avariya bronini aniqlash dalolatnomasiga asosan joriy yilning 1-oktabridan keyingi yilning 1-oktabrigacha boʻlgan davr uchun tuziladi hamda jadvallarga kiritilgan barcha isteʼmolchilar uchun ularni bajarish majburiy hisoblanadi.
Jadvallarning quyidagi turlari tuziladi:
yagona elektr energetika tizimida yoqilgʻi yoki gidroresurslar yetishmaganda, elektr energiyasini (kVt.soatda) cheklash jadvali. Jadvalda elektr energiyasi isteʼmolini isteʼmolchilarning texnologik bronigacha, keyinchalik esa avariya bronigacha (cheklashga mansub boʻlmagan obyektlardan tashqari) va bunda isteʼmolni beshta navbatga boʻlgan holda qisqartirish nazarda tutilishi lozim;
yagona elektr energetika tizimida quvvat yetishmaganda, quvvatni (kVtda) cheklash jadvali. Jadvalda yagona elektr energetika tizimining ertalabki va kechki eng katta yuklamalari yuzaga keladigan soatlarda isteʼmol qilinadigan quvvatni isteʼmolchilarning avariya bronigacha kamaytirish va bunda isteʼmol qilinadigan quvvatni 5 ta navbatga boʻlish nazarda tutilishi lozim;
quvvat taqchilligi yuzaga kelishi natijasida avariya xavfi paydo boʻlganda va cheklash jadvallarini joriy qilish imkoniyati boʻlmaganda, quvvatni cheklash jadvali. Jadvalda uzib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan obyektlardan tashqari yagona elektr energetika tizimi isteʼmolchilarini toʻliq uzib qoʻyish va uzib qoʻyiladigan quvvatni 5 navbatga boʻlish nazarda tutilishi lozim.
169. Isteʼmolchilarni uzib qoʻyishning maxsus jadvali ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Elektr energiyasini uzib qoʻyish jadvali va maxsus jadvalga asosan avtomatika, teleboshqaruv qurilmalariga yoki doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va ishonchli telefon aloqasiga ega boʻlgan podstansiyalar kiritilishi lozim. Isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilishi elektr taʼminotining avariya bronigacha cheklab qoʻyilishi mumkin.
170. Yagona elektr energetika tizimida cheklash va uzib qoʻyish jadvallarini amalga kiritish tartibi quyidagilar:
cheklash va uzib qoʻyish jadvallari Energetika vazirini va mutasaddilik qiluvchi uning oʻrinbosarini darhol xabardor qilgan holda, “Milliy dispetcherlik markazi” DUK tomonidan tezkor jurnalga yozgan holda amalga kiritiladi;
dispetcherlik boshqaruvining barcha darajalarida elektr energiyasi va quvvati isteʼmoli cheklanishini joriy etish farmoyishi tezkor jurnalda cheklash hajmi, cheklash boshlanadigan va tugaydigan vaqt qayd etilgan holda beriladi;
taʼminotchi isteʼmolchilarga keyingi sutkalarda elektr energiyasini cheklash jadvallarining amalga kiritilishi toʻgʻrisida joriy sutkaning soat 14-00 dan kechiktirmay, cheklash hajmi, cheklash boshlanadigan va tugaydigan vaqtini koʻrsatgan holda maʼlum qiladi;
“Milliy dispetcherlik markazi” DUK, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va boshqa elektr stansiyalari tomonidan cheklovlar (avariya, tabiiy ofat, taʼmirlash tufayli) kiritilganda, taʼminotchi elektr energiyasini yetkazib berishdagi tanaffuslar uchun javobgar boʻlmaydi;
cheklash va uzib qoʻyish jadvallarini zudlik bilan joriy etish zarur boʻlganda, bu haqidagi bildirishnoma sutkaning vaqtidan qatʼi nazar, cheklashning amal qilishi boshlanishidan bir soat oldin isteʼmolchilarga yetkaziladi;
cheklash va uzib qoʻyish jadvallarini isteʼmolchilar tomonidan taʼminotchidan cheklash va uzib qoʻyish jadvallarini joriy etilishi toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingandan keyin darhol joriy etiladi;
elektr energiyasi isteʼmolini uzoq vaqtga kamaytirish zarur boʻlganda, quvvatni cheklash va uzib qoʻyish jadvaliga teng boʻlgan elektr energiyasi va quvvatni cheklash jadvali amalga kiritiladi.
cheklash va uzib qoʻyish jadvaliga kiritilgan yuridik shaxslar, shu jumladan, uzluksiz ishlab chiqarish texnologik jarayoniga ega korxonalar, tashkilotlar va muassasalar (cheklash va uzib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan obyektlardan tashqari) cheklash va uzib qoʻyish jadvallarining taʼminotchi tomonidan koʻrsatilgan muddatda soʻzsiz bajarilishini tashkil etishi shart. Aks holda, ular uzib qoʻyish va cheklash jadvallari bajarilmaganligi tufayli yagona elektr energetika tizimi markazlaridan majburiy uzib qoʻyish natijasida yuzaga keladigan oqibatlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Taʼminotchi elektr energiyasi va quvvatini cheklash jadvallarini amalga kiritish toʻgʻrisidagi farmoyish isteʼmolchilar tomonidan bajarilmaganda, ularni ogohlantirgandan soʻng elektr energiyasi va quvvat isteʼmolining belgilangan darajada kamayishini taʼminlovchi miqdorda elektr energiyasi yetkazib berilishini majburiy ravishda cheklaydi yoxud belgilangan tartibda taʼsir choralarini koʻradi.
Bunda texnologik jarayonlar buzilishining oqibatlari uchun javobgarlik isteʼmolchilar korxonalarining rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
171. Yagona elektr energetika tizimida elektr energiyasi va quvvatda tanqislik vujudga kelganda, avariyalarga yoʻl qoʻymaslik va isteʼmolchilarning tartibsiz uzib qoʻyilishining oldini olish maqsadida taʼminotchi oʻchirish vaqtini koʻrsatgan holda, isteʼmolchilardan tashqi reklama va axborot obyektlari konstruksiyalari, illyuminatsiya va lampalar shodasi, bino va inshootlarni yoritgichlarni, elektr isitish va issiq suv bilan taʼminlash qurilmalarini oʻchirib qoʻyishni talab qilishga haqli.
172. Mazkur Qoidalarning 6, 15, 16, 25, 32, 45, 71, 88, 136, 165, 169, 170 va 171-bandlarida nazarda tutilmagan sabablarga koʻra elektr energiyasidan oʻchirganlik uchun taʼminotchiga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq iqtisodiy choralar qoʻllaniladi.
16-bob. Blok-stansiyalarga ega boʻlgan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlar
173. Blok-stansiyalar “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va yuqori turuvchi operativ-dispetcherlik xizmatlari bilan oʻzaro kelishilgan ish rejimiga rioya qilishlari hamda ularning koʻrsatmalari va farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
Blok-stansiyalar tomonidan elektr energiyasini ishlab chiqarish va yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berishning yillik hajmlari “Milliy dispetcherlik markazi” DUK bilan kelishilgan holda elektr energiyaning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari va blok-stansiya oʻrtasida tuziladigan shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
174 “Milliy dispetcherlik markazi” DUK elektr energiyaning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari va blok-stansiya oʻrtasida yagona elektr energetika tizimiga elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan elektr energiyasi yetkazib berishning oylik miqdoriga muvofiq blok-stansiyalarning yagona elektr energetika tizimiga har bir sutka uchun yuklama va elektr energiyasi yetkazib berish jadvalini belgilaydi.
Blok-stansiya tomonidan yuklama dispetcherlik jadvalida belgilangan miqdordan kamaytirilsa, “Milliy dispetcherlik markazi” DUK, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ blok-stansiya tegishli boʻlgan sanoat va idoraviy mansub isteʼmolchilar boʻyicha quvvatni blok-stansiya yuklamasini kamaytirgan miqdorda cheklash joriy qilish huquqiga ega, blok-stansiya yuklamasining kamayishiga fors-major holatlar sabab boʻlgan holatlar bundan mustasno.
175. Yagona elektr energetika tizimiga yetkazib beriladigan, shuningdek, taʼminotchidan olinadigan aktiv elektr energiyasi blok-stansiya tomonidan balans boʻyicha mansublik chegarasida oʻrnatilgan, aktiv elektr energiyasini qabul qilish va yetkazib berishning alohida qayd etadigan hisoblagichlari yordamida hisobga olinadi.
Blok-stansiyaga tegishli boʻlgan elektr tarmogʻi xoʻjaligining obyektlaridagi elektr energiyasining texnologik sarflari blok-stansiyaga tegishli boʻladi.
176. Blok-stansiyaga ega boʻlgan isteʼmolchi:
elektr energiyaning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari bilan — yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun;
taʼminotchi bilan — taʼminotchi va blok-stansiyaga ega isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan elektr taʼminoti shartnomasi asosida olingan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qiladi.
Hisob-kitob davrida elektr energetika tizimiga elektr energiyasi yetkazib berilgan va elektr energetika tizimidan elektr energiyasi isteʼmol qilingan hollarda, taʼminotchi bilan hisob-kitob yetkazib berilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmlarining saldosi boʻyicha amalga oshiriladi.
177. Yetkazib beriladigan va isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi uchun blok-stansiyalar bilan hisob-kitob belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.
178. Hisob-kitob davrida yagona elektr energetika tizimiga blok-stansiya aybi bilan toʻliq yetkazib berilmagan elektr energiyasi shartnomada belgilangan elektr energiyasi hajmi va yagona elektr energetika tarmogʻiga amalda yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi oʻrtasidagi tafovut boʻyicha aniqlanadi.
179. Blok-stansiya fors-major holatlar tufayli elektr energiyasi yetkazib berishdagi tanaffuslar uchun javob bermaydi.
17-bob. Yakunlovchi qoida
180. Elektr energiyasi isteʼmolchilari, HETK, Oʻzenergoinspeksiya, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi, “Oʻzenergosotish” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ elektr energiyasi uchun toʻlovlarni yigʻish funksiyalarini amalga oshiruvchi xususiy operatorlarning mansabdor shaxslari mazkur Qoidalarni buzganlik uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga 1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qaroriga 2-ILOVA
Tabiiy gazdan foydalanish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar tabiiy gazni yetkazib berish va isteʼmol qilish sohasidagi talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya holatlarida gaz yetkazib berish jadvallari — avariya holatlarida yoki gaz quvurlari va tarmoqlarining texnologik ish rejimi buzilgan holatlarda, isteʼmolchilarni gaz tarmoqlaridan (qisman yoki toʻliq) uzib qoʻyish navbatini hisobga olgan holda, ularga tabiiy gazni yetkazib berish jadvallari;
aralashish holati va sanasini tasdiqlaydigan hujjatlar — hisoblagich yoki oʻlchov qismlarining ishlashiga aralashish holati va sanasini aniqlash imkonini beradigan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar yoki materiallar;
boshqa isteʼmolchilar — maishiy isteʼmolchilar toifasiga kirmagan tabiiy gazdan foydalanuvchi isteʼmolchilar;
gazdan foydalanish uskunasi — energiya samaradorligi, energiyani tejash va xavfsizlik talablariga javob beradigan, markazlashtirilgan isitish va issiq suv taʼminoti tizimlarida issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun turli ishlab chiqarishlarning texnologik jarayonlarida tabiiy gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanadigan qozonlar, ishlab chiqarish pechlari, utilizatorlar, texnologik liniyalar, kompressor hamda gazdan xomashyo sifatida foydalanadigan qurilmalar, shuningdek, koʻp kvartirali va turar joy binolarida oʻrnatilgan hamda gazdan maishiy ehtiyoj uchun yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan uskunalar;
gaz uzatish tashkiloti — tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan magistral gaz uzatish tizimi operatori;
gaz taʼminoti tashkiloti — tabiiy gazni gaz uzatish tashkilotidan qabul qiluvchi va taqsimlash tarmoqlari orqali isteʼmolchilarga shartnoma asosida yetkazib beruvchi (sotuvchi) tashkilot;
gaz xoʻjaligi — isteʼmolchilarga tegishli hududdagi barcha gazdan foydalanish uskunalari, tarmoqlar, zulfinlar, joʻmraklar, elektr kimyoviy yemirilishdan himoyalash vositalari, gaz taqsimlash punktlari (keyingi oʻrinlarda — GTP) va gaz taqsimlash qurilmalari (keyingi oʻrinlarda — GTQ);
gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi — gaz uzatish tashkiloti, gaz taʼminoti tashkiloti va isteʼmolchilar oʻrtasidagi gaz tarmogʻining hisoblagich oʻrnatilishi lozim boʻlgan va tegishliligi boʻyicha aniqlanadigan boʻlinish nuqtasi;
Bunda agar hisoblagichlar isteʼmolchiga tegishli va isteʼmolchining hududida boʻlsa, tashqi (uzib qoʻyadigan) zulfin yoki joʻmrak, agar hisoblagichlar gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkilotga tegishli boʻlib, isteʼmolchi hududidan tashqari boʻlsa — hisoblagich gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi hisoblanadi;
gaz hisoblash uskunasi (keyingi oʻrinlarda — hisoblagich) — bir yoki bir nechta funksiyalarni, xususan tabiiy gaz sarfini (hajmini), haroratini va bosimini oʻlchash, hisoblagichning ishlash vaqtini hisobga olish, oʻlchov koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash, saqlash va aks ettirish, masofadan onlayn rejimda avtomatik tarzda oʻchirib-yoqish klapaniga hamda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi oʻrinlarda — TGNHAT) ulanish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻlchov — texnik vositasi;
gazlashtirish texnik shartlari — isteʼmolchining yangi va qoʻshimcha gazdan foydalanish uskunalarini gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkilotining gaz quvurlariga yoki tarmoqlariga ulashning texnik imkoniyatini yaratadigan va gazlashtirish loyiha-texnik hujjatlarini (keyingi oʻrinlarda — LTH) ishlab chiqish uchun asos hisoblanadigan dastlabki hujjat;
gaz taqsimlash tarmoqlari (keyingi oʻrinlarda — gaz tarmoqlari) — gaz taʼminoti tashkilotining yoki isteʼmolchining tasarrufida (balansida) boʻlgan tabiiy gazni yetkazib beruvchi hamda taqsimlovchi koʻcha va uy ichida joylashgan gaz tarmoqlari kompleksi.
zaxira yoqilgʻi — tabiiy gazni yetkazib berish qisqaradigan yoki toʻxtatiladigan davrda tabiiy gazga muqobil manba sifatida foydalanish uchun moʻljallangan boshqa turdagi yoqilgʻi;
zaxira yoqilgʻi xoʻjaligi — zaxira yoqilgʻini saqlash, uzatish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar va qurilmalar kompleksi;
ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi isteʼmolchilar — umumiy hisob quvvati soatiga 100 kVt va undan yuqori boʻlgan tabiiy gazdan foydalanish uskunalarida maishiy va ishlab chiqarish (tijorat) maqsadida foydalanuvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar — tabiiy gazni yetkazib berish shartlari va roʻyxati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadigan ijtimoiy soha muassasalari va budjet tashkilotlari;
ishga tushirish-sozlash ishlari (keyingi oʻrinlarda — ITSI) — texnik kommunikatsiyalar va armaturalarga ega gazdan foydalanish uskunasini ishlashga tayyorlash va ishga tushirish, gazdan foydalanish uskunasi yuklamasini uning egasi hisoblangan tashkilot bilan kelishilgan darajagacha yetkazish, shuningdek, foydali ish koeffitsiyentini maqbullashtirmasdan gazdan foydalanish uskunasining isitish rejimini sozlashdan iborat boʻlgan ishlar kompleksi;
kommunal-maishiy isteʼmolchilar — umumiy hisob quvvati soatiga 100 kVtgacha boʻlgan tabiiy gazdan foydalanish uskunalarida maishiy va ishlab chiqarish (tijorat) maqsadida foydalanuvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
koʻrsatkichlarni nazorat uchun olish — masʼul xodim tomonidan hisoblagich koʻrsatkichlarini yozib olish va oʻrnatilgan plombalar butunligini koʻzdan kechirish;
qisman oʻchiriladigan isteʼmolchilar — tabiiy gazni yetkazib berish shartlari va roʻyxati mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan, kuz-qish mavsumida havo harorati pasayib ketgan davrlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida faqatgina ishlab chiqarish faoliyati oʻchiriladigan, lekin isitish tizimidagi gazdan foydalanish uskunalari oʻchirilmaydigan (ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan) isteʼmolchilar;
mavsumiy isteʼmolchilar — gazlashtirish texnik shartlariga muvofiq tabiiy gazdan asosiy yoqilgʻi sifatida maʼlum bir davr mobaynida foydalanuvchi isteʼmolchilar;
maishiy isteʼmolchilar — turar joylarda maishiy (ovqat tayyorlash, issiq suv va isitish) ehtiyojlar uchun tabiiy gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi aholi;
maishiy maqsadlarda gazdan foydalanish — turar va noturar joylarda, ishlab chiqarish obyektlarida, tashkilotlarda ovqat tayyorlash, issiq suv va isitish uchun tabiiy gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanish;
namunali isteʼmolchi — TGNHATga ulangan va masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisobga olish uskunasi bilan taʼminlangan, tabiiy gaz uchun muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlmagan hamda tabiiy gazdan foydalanish va uni hisobga olish boʻyicha qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻymagan isteʼmolchi (maishiy isteʼmolchilar va ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmagan isteʼmolchilar bundan mustasno);
magistral gaz quvuri (keyingi oʻrinlarda — gaz quvurlari) — tarkibida halqalari (lupinglari) va tarmoqlari boʻlgan, gazni uzoq masofaga yetkazib berishga moʻljallangan quvur;
tabiiy gazda ishlaydigan isitish jihozlari va dudburonlarni davriy koʻrikdan oʻtkazish xizmati — tegishli dalolatnoma tuzgan holda taʼmirlash, shuningdek, dudburonlar va shamollatish tizimlarini koʻrikdan oʻtkazish, tozalash va nosozliklarni bartaraf etish ishlari bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan tashkilot;
rejim-sozlash ishlari (keyingi oʻrinlarda — RSI) — uskunalarni ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan belgilangan texnik parametrlarida (pasportida) koʻrsatilgan ish yuklamalari oraligʻida foydali ish koeffitsiyentiga erishish maqsadida gazdan foydalanish uskunalarini sozlash, yoqilgʻi yoqish jarayonlarini tartibga solish vositalarini, issiqlikni utilizatsiya qiluvchi va yordamchi uskunalarni sozlashni oʻz ichiga oladigan ishlar kompleksi;
soʻnggi koʻrik dalolatnomasi — gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkiloti va treyderlar vakolatli xodimlari tomonidan oʻzlariga biriktirilgan hududlarda zimmasiga yuklangan vazifalari doirasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari, gaz isteʼmoli hajmini aniqlashga taʼsir koʻrsatadigan barcha zarur maʼlumotlarni aks ettiruvchi oxirgi elektron yoki qogʻoz shaklda rasmiylashtirilgan hujjat;
strategik ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar — uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi ishlab chiqarish-texnologik obyektlarga ega boʻlgan hamda tabiiy gazni yetkazib berish shartlari va roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan isteʼmolchilar;
tabiiy gaz — gaz yoki neft xomashyosini qayta ishlovchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan, shuningdek respublikaga import qilinadigan, yoqilgʻi yoki xomashyo sifatida foydalanish uchun moʻljallangan hamda fizik-kimyoviy koʻrsatkichlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadigan gazi;
tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilar — tabiiy gazni qabul qilish, qayta ishlash, ishlab chiqarish va yetkazib berishni, shuningdek uglevodorod xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash orqali tabiiy gazni yetkazib berish faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlar;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi — gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkilotlari yoki treyder tashkilotiga tabiiy gazni isteʼmolchiga oʻzining gaz quvurlari (tarmoqlari) orqali yetkazish, isteʼmolchiga esa qabul qilingan tabiiy gaz uchun toʻlovni amalga oshirish, shuningdek, mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi majburiyatini yuklaydigan bitim;
toʻliq oʻchiriladigan isteʼmolchilar — tabiiy gazni yetkazib berish shartlari va roʻyxati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadigan, kuz-qish mavsumida havo harorati pasayib ketgan davrlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida gaz tarmoqlaridan toʻliq oʻchirilishi belgilanadigan (ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan) isteʼmolchilar;
treyder — tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyekti (gaz uzatish va gaz taʼminoti tashkilotlari bundan mustasno);
hisob-kitob davri — tabiiy gaz isteʼmolining sarfi (hajmi) aniqlanishi, isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun isteʼmolchi va gaz taʼminoti tashkiloti oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob amalga oshirilishi zarur boʻlgan vaqt oraligʻi (oy);
xatlov dalolatnomasi — vakolatli xodimlar tomonidan isteʼmolchi ishtirokida isteʼmolchining tabiiy gaz isteʼmoli hajmini aniqlashga taʼsir koʻrsatadigan barcha maʼlumotlari (nomlanishi, manzili va rekvizitlari, hisoblagichlar va ularning koʻrsatkichlari, hisoblagichlar va boshqa qurilmalarga oʻrnatilgan plombalarning butligi va gazdan foydalanish uskunasining texnik tavsiflari, gaz xoʻjaligining loyiha maʼlumotlari, rasmiylashtirish sanasidagi hisob-kitoblar holati, vakolatli organlar tomonidan tabiiy gazdan oqilona foydalanish boʻyicha berilgan xulosalarning mavjudligi, shuningdek, maishiy isteʼmolchilar boʻyicha yashovchilar, uy hayvonlar soni va isitiladigan binolar hajmi) aks ettirilgan hujjat;
cheklov kiritiladigan isteʼmolchilar — tabiiy gazni yetkazib berish shartlari va roʻyxati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadigan, kuz-qish mavsumida havo harorati pasayib ketgan davrlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida sutkaning maʼlum bir vaqtlarida vaqtincha tabiiy gazni yetkazib berilishi toʻxtatiladigan (ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan) isteʼmolchilar;
eng yuqori tarif — Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga belgilangan tarifning eng yuqori (oyiga 10001 kub metr va undan ortiq isteʼmol uchun belgilangan) miqdori.
2-bob. Isteʼmolchilar, gaz taʼminoti tashkilotlari va nazorat organlarning huquqlari va majburiyatlari
3. Maishiy isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
tabiiy gazning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan hajmlarda va sifatda, uzatish (yetkazish) rejimiga rioya qilgan holda uzluksiz yetkazib berilishini talab qilish;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi bekor qilinganda, foydalanilmagan gaz hajmi uchun toʻlangan summani qaytarishni talab qilish;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini qonunchilik hujjatlariga muvofiq bir tomonlama bekor qilish;
tabiiy gazni uzatilishi toʻxtatilishi natijasida vujudga kelgan (belgilangan tartibda tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadigan) zararni qoplashni talab etish;
gaz taʼminoti tashkiloti vakilini va qayta ulanish uchun qoʻshimcha haq toʻlamasdan, gazdan foydalanish uskunalarini gaz taʼminotidan vaqtincha yoki toʻliq uzib qoʻyish maqsadida chaqirish.
Maishiy isteʼmolchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4. Maishiy isteʼmolchilarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
yangi turar joylarga koʻchib oʻtilganda hamda mavjud uy-joy fondini gazlashtirish davomida gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalari boʻyicha gaz taʼminoti tashkiloti xodimi tomonidan berilgan zarur koʻrsatmalar bilan tanishish;
oʻz tasarrufidagi gaz tarmoqlari, gazdan foydalanish uskunalari, shuningdek, foydalanilayotgan yertoʻlalar, texnik yoʻlaklar va boshqalarda elektr yoritish va shamollatish tizimining doimiy ishlashini taʼminlash, binolarning yertoʻlalaridagi yer osti gaz tarmoqlarini binoga kirgan qismining mustahkamligi va zichligini taʼminlash. Bunda:
koʻp kvartirali va turar joy binolaridagi gaz plitalar — ikki yilda bir marta;
boshqa gazdan foydalanish uskunalarini — buyurtma asosida bir yilda bir marta gaz taʼminoti tashkiloti yoki tegishli vakolatga ega boʻlgan tashkilotlarni jalb qilgan holda texnik taftishdan oʻtkazilishini taʼminlash;
favqulodda vaziyat va avariya holatlarida, kunning istalgan vaqtida oʻz xizmat guvohnomalarini koʻrsatgan vakolatli xodimlarini gaz sizib chiqish holatini tekshirish uchun barcha yertoʻlalar, texnik yoʻlaklar, xonalarga kirishini taʼminlash;
belgilangan tartibda dudburonlar va shamollatish tizimlarining holatini oʻz vaqtida tekshirilishini tashkil qilish;
dudburonlar va shamollatish tizimlaridagi nosozliklar toʻgʻrisida tabiiy gazda ishlaydigan isitish jihozlari hamda dudburonlarni koʻrikdan oʻtkazish xizmatlariga nosozliklarni tuzatish uchun zudlik bilan xabar berish va xavfsizligini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrish;
gaz taʼminoti tashkilotini gaz taʼminotini vaqtincha toʻxtatish maqsadida turar joylarning buzilishi va (yoki) qurilishi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilish;
gaz taʼminoti tashkilotining texnika xavfsizligi va gaz xavfsizligini taʼminlash masalalarida majburiy koʻrsatmalarini bajarish;
uy ichi gaz tarmogʻini korroziya va boshqa taʼsirdan himoya qilish choralarini koʻrish, muntazam ravishda boʻyab turish;
tabiiy gazdan oqilona foydalanish, tabiiy gazdan foydalanishda sertifikatlangan gazdan foydalanish uskunalarini oʻrnatish, ularni xavfsizlik avtomatika tizimlari bilan jihozlash;
foydalanilgan tabiiy gaz va gazdan foydalanish uskunasi hamda uy ichi gaz tarmoqlariga xizmat koʻrsatish doirasida bajarilgan ishlar uchun gaz taʼminoti tashkiloti bilan belgilangan xizmat koʻrsatish tariflari boʻyicha oʻz vaqtida hisob-kitoblarni amalga oshirish;
gazdan foydalanish uskunasini toza saqlash, ovqat tayyorlash jarayonida gaz yondirgichlarni ifloslanishdan saqlash;
gazlashtirish loyihasi — LTH saqlanishini taʼminlash hamda uni gaz taʼminoti tashkiloti va boshqa vakolatli davlat organlari vakili talabi bilan taqdim qilish;
yertoʻla, yoʻlak, hovli, koʻchada tabiiy gaz hidi sezilgan taqdirda, avariya xizmatiga “104” yoki “112” telefoni orqali xabar berish;
gaz bilan toʻlgan (toʻplanib qolgan) joylardan odamlarni olib chiqish, elektr yoritish tizimlarini yonib yoki oʻchib qolishi, ochiq olov yoki uchqun paydo boʻlishining oldini olish boʻyicha amaliy choralar koʻrish;
gaz taʼminoti tashkiloti vakolatli xodimlariga soat 08:00 dan 20:00 gacha hisoblagichlarni koʻzdan kechirish, ichki gaz tarmoqlari va gazdan foydalanish uskunalariga texnik hamda profilaktika xizmatlarini koʻrsatish uchun qarshiliksiz kirishini taʼminlash;
hisoblagichlar koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularning ishlashiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni amalga oshirmaslik, ularga qasddan shikast yetkazishning oldini olish va oʻrnatilgan plombalarning butunligini taʼminlash;
odamlar uxlaydigan va dam oladigan xonalarda ochiq olovda ishlaydigan gazdan foydalanish uskunalaridan (tabiiy gazda ishlaydigan isitish jihozlari, qozonlari) foydalanmaslik, bunday uskunalarni gazlashtirish loyihasi asosida oʻrnatish, odamlar uxlaydigan va dam oladigan xonalarni isitish tizimlarida faqatgina suv isitish qozonlaridan foydalanishni taʼminlash.
5. Boshqa isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
shartnoma asosida yetkazib berilgan tabiiy gazning aniqlangan hajmiga va boshqa parametrlarga norozi boʻlgan taqdirda, gaz yetkazib beruvchi tashkilot hisoblagichlarining ishlash ishonchliligini tekshirish uchun ishchi komissiyani tashkil etish;
tabiiy gazning texnik jihatdan tartibga solish hujjatlarida belgilangan koʻrsatkichlarda va yetkazib berish rejimiga rioya qilgan holda uzatilishini talab qilish;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini qonunchilik hujjatlariga muvofiq bir tomonlama bekor qilish;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi bekor qilinganda, foydalanilmagan gaz hajmi uchun toʻlangan summani qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarib olish;
tabiiy gazni yetkazib berilishini toʻxtatilishi natijasida vujudga kelgan (belgilangan tartibda tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadigan) zarar qoplanishini;
tabiiy gazni yetkazib berish vaqtincha toʻxtatilishini talab etish.
Boshqa isteʼmolchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6. Boshqa isteʼmolchilarning majburiyatlari:
tabiiy gazdan oqilona va samarali foydalanish;
oʻz tasarrufidagi gaz quvurlari va gaz xoʻjaligi uskunalarini texnik soz holatda saqlash, binolar yertoʻlalardagi yer osti kommunikatsiyalarining binoga kirgan qismining mustahkamligi va zichligini taʼminlash, shuningdek binolarning qurilish elementlari bilan gaz tarmoqlarining oʻzaro kesishgan joylarini kuzatib borish;
gaz tarmoqlarida yoki gazdan foydalanish uskunalarida vujudga kelgan tabiiy gazning sizib chiqishi holati haqida gaz taʼminoti tashkilotini zudlik bilan xabardor qilish;
oʻzining gaz tarmoqlari daxlsizligini taʼminlash va ehtimoli boʻlgan ruxsatsiz ulanishlarni aniqlash maqsadida tarmoqlarni va ulardagi uskunalarni muntazam ravishda koʻzdan kechirib chiqish;
gaz taʼminoti tashkilotlarining gaz tarmoqlariga sertifikatlanmagan, LTHga muvofiq boʻlmagan gazdan foydalanish uskunasining ulanishiga yoʻl qoʻymaslik;
vakolatli xodimlarni (tegishli xizmat guvohnomasi koʻrsatilgan taqdirda) hisoblagichlarni va/yoki gazdan foydalanish uskunalarini, davlat yongʻindan saqlash xizmati xodimlarini dudburon va shamollatish tizimlarini kunning istalgan vaqtida erkin koʻzdan kechirishlarini taʼminlash;
gazdan foydalanish uskunasidagi nosozliklarni (bunday turdagi ishlarni bajarish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan brigadalar yoki xodim yordamida) bartaraf etish;
hisoblagich koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularning ishlashiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni amalga oshirmaslik, ularning qasddan buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va oʻrnatilgan plombalarning butunligini taʼminlash;
hisoblagich ishidagi nosozlik aniqlangan taqdirda, gaz taʼminoti tashkilotini oʻzi uchun qulay shaklda darhol xabardor qilish;
oʻzining gaz xoʻjaligidagi hisoblagichlaridan gaz taʼminoti tashkilotining TGNHATga onlayn tarzda maʼlumotlar uzatilishini taʼminlash;
gaz tarmogʻi tranzit sifatida tashkilot hududidan oʻtkazilgan hollarda ushbu hudud egasi gaz taʼminoti tashkilotining gaz tarmogʻini tekshirib turish va unga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash, avariya hollarining oldini olish hamda ular yuzaga kelganda bartaraf etish uchun gaz taʼminoti tashkiloti vakilini ushbu tashkilot hududiga kirishi uchun zarur sharoit yaratishi;
hisoblagichni gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasiga (kuzatuv moslamalari hamda kirish eshigi ochilganda signal beruvchi qurilmalar bilan taʼminlangan binoga (konteynerga) oʻrnatish hamda uni gaz taʼminoti tashkiloti vakolatli xodimi tomonidan doimiy nazorat qilinishi uchun zarur sharoit yaratish;
gaz tarmoqlari bino va inshootlarning tom, devor va pol osti qismidan yopiq holda oʻtkazmaslikni (montaj qilinmasligini) taʼminlash;
oʻzining gaz xoʻjaligidagi yer ostidan oʻtkazilgan gaz quvurlarining trassasi boʻylab zarur ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish;
gazdan foydalanish uskunalarining ulanish joylarida metan va is gazi sizib chiqishini barvaqt aniqlaydigan, xabar (signal) beradigan va gaz sizib chiqish holatlarida gazni tarmoqdan klapan orqali avtomatik tarzda oʻchirib qoʻyadigan gaz analizatorlari bilan taʼminlash;
Oʻzenergoinspeksiya va gaz taʼminoti tashkiloti oʻzlarining vakolatlari doirasida (tabiiy gazdan noqonuniy va samarasiz foydalanishni oldini olish, xavfsizlikni taʼminlash va boshqa yoʻnalishlarda) berilgan koʻrsatmalarni bajarish;
tabiiy gazdan foydalanishda sertifikatlangan, energiya tejamkor boʻlgan gazdan foydalanish uskunalarini oʻrnatish, xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlash.
7. Tabiiy gazdan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
oʻzboshimchalik bilan gazlashtirish, gazdan foydalanish uskunasini mustaqil ravishda koʻchirish, almashtirish va taʼmirlashga;
gazdan foydalanish uskunasi joylashgan xonalarda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga nomuvofiq tarzda qayta rejalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bajarishga;
gazdan foydalanish uskunasi, dudburon va shamollatish tizimlarining konstruksiyalari va oʻrnatilgan elementlariga (qismlariga) oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritishga, shuningdek, dudburonlarni tozalashga moʻljallangan shamollatish tizimlarini va lyuklarni yopib qoʻyishga;
xavfsizlik va tartibga solish avtomatika tizimlarini oʻzboshimchalik bilan oʻchirishga, gazdan foydalanish uskunalari, avtomatika va berkitish armaturalari yaroqsiz holga kelgan taqdirda gazdan foydalanishga;
tabiiy gazda ishlaydigan isitish jihozlari hamda dudburonlarda sinch zichligi, suvoqdagi (yoriqlar) buzilishi holatlari yuzaga kelganda, dudburon va shamollatish tizimlari yaroqliligi haqidagi dalolatnoma mavjud boʻlmaganda yoki uning muddati oʻtganda, shuningdek, gazdan foydalanish uskunalari texnik taftishdan oʻtkazilmaganda hamda darchalar (framugalar), jalyuza panjaralari, shamollatish tizimi panjaralari, hammom va oshxona eshiklari ostidagi tirqishlarning yopiq holatlarida, dudburon va shamollatish tizimlarida tortish kuchi yoʻq boʻlganda, gazdan foydalanish uskunalaridan foydalanishga;
dudburon va shamollatish tizimlarini oʻzboshimchalik bilan tozalashga;
ishlab turgan gazdan foydalanish uskunalarini qarovsiz qoldirishga (uzluksiz ishlab turishni nazarda tutadigan va buning uchun tegishli avtomatlashtirilgan tizimga ega gazdan foydalanish uskunalari bundan mustasno);
gazdan foydalanish uskunalaridan oʻn ikki yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻz xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan shaxslarni foydalanishiga yoʻl qoʻyishga;
gaz quvurlariga (tarmoqlariga) yuklarni osish va ogʻir vaznli buyumlarni ustiga qoʻyishga;
tabiiy gaz va gazdan foydalanish uskunalaridan boshqa maqsadlarda, shuningdek, gaz plitalaridan hamda ochiq olovda ishlatiladigan gazdan foydalanish uskunalaridan xonalarni isitish uchun foydalanishga;
gazdan foydalanish uskunasi oʻrnatilgan xonalarda uxlash va dam olish maqsadida foydalanishga;
tabiiy gaz sizib chiqish joylarini aniqlash uchun ochiq olovdan foydalanishga;
TGNHATga ulangan hisoblagichlarga oʻrnatilgan modem qurilmasini gaz taʼminoti tashkiloti vakolatli xodimini xabardor qilmasdan oʻchirib qoʻyishga yoki almashtirishga.
8. Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy davlat yongʻin nazorat organlari va (yoki) gaz taʼminoti korxonalari har yili isitish mavsumi boshlanishidan oldin aholi xonadonlari hamda turar joylardagi dudburon va shamollatish kanallarining texnik holatini taftishdan oʻtkazadi. Taftish natijalari boʻyicha aniqlangan nosozliklarni bartaraf etadi hamda ushbu sohada davlat, idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmatlari va (yoki) gaz taʼminoti korxonalari tomonidan dudburonlarni tekshirish, profilaktik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari bajariladi va nazoratga olinadi.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalari va mazkur Qoidalarga rioya etmaslik natijasida sodir boʻladigan salbiy oqibatlar uchun javobgarlik gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasiga muvofiq ravishda tegishli gaz tarmogʻi egasining zimmasiga yuklatiladi.
9. Gaz taʼminoti tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
texnik zaruratga koʻra isteʼmolchini mazkur Qoidalarga muvofiq belgilangan tartibda xabardor qilgan holda, isteʼmolchiga yetkazib beriladigan tabiiy gazni qisqartirish yoki toʻxtatish;
gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlanganda va isteʼmolchilar tomonidan mazkur Qoidalarning 129, 133 va 134-bandlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmasdan oʻzi va oʻzgalarning xavfsizligi uchun xavf tugʻdirganda, ushbu isteʼmolchilarni darhol gaz tarmogʻidan uzish;
isteʼmolchilardan mazkur Qoidalarni va tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi shartlarini bajarilishini talab qilish;
tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bir tomonlama bekor qilish;
gaz tarmoqlarida avariyaning oldini olish yoki bartaraf etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish zarurati yuzaga kelganda, isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, lekin zudlik bilan xabardor qilgan holda, tabiiy gazni yetkazib berishni toʻxtatish yoki cheklash;
mazkur Qoidalarning 129, 130 va 134-bandlarida nazarda tutilgan holatlarda, aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilguniga qadar avvaldan ogohlantirmagan holda gaz yetkazib berishni toʻxtatish;
hisoblagichlarga ularning koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida tashqaridan aralashilganda, oʻrnatilgan plombalarning butunligi buzilganda va plombalar uzilgan holatlarda gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanganda, mazkur Qoidalarning 127, 129, 130 va 134-bandlarida belgilangan choralarni qoʻllash;
isteʼmolchilarning gazdan foydalanish uskunalari belgilangan muddatda texnik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi yoki isteʼmolchi tomonidan ushbu uskunalarni texnik koʻrikdan oʻtkazishdan bosh tortishi, ushbu isteʼmolchilarni vaqtincha tabiiy gaz tarmogʻidan uzib qoʻyish;
isteʼmolchilarning eskirgan va yaroqsiz holga kelgan gazdan foydalanish uskunalari, taʼmirtalab gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlariga tabiiy gazni yetkazib berishni toʻxtatish;
metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan induksion pechlardan foydalangan holda qurilish ishlari uchun ishlab chiqarilgan metall prokati qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan taqdirda, ular bilan tuzilgan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini bir taraflama bekor qilish.
10. Gaz taʼminoti tashkiloti quyidagilarga majbur:
oʻzining tasarrufidagi gaz tarmoqlarini soz holatda saqlash va ularda oʻz hisobidan zarur taʼmirlash-tiklash ishlarini bajarish;
oʻz gaz tarmoqlarining texnik holatini va ularga ruxsatsiz ulanish holatlarini aniqlash uchun tarmoqlarni davriy koʻzdan kechirish;
tabiiy gazni yetkazib berish qisqargan yoki toʻxtagan taqdirda, bu toʻgʻrisida isteʼmolchilarni oʻz vaqtida xabardor qilish;
tabiiy gazning ruxsatsiz isteʼmol qilinganligi, gaz tarmoqlari moddiy boyliklarining talon-toroj qilinganligi toʻgʻrisida huquqni muhofaza qilish organlarini kechiktirmasdan oʻz vaqtida xabardor qilish;
hisoblagich koʻrsatkichlarini har oyda kiritib borish va interaktiv xizmatlarning boshqa imkoniyatlaridan foydalanish uchun isteʼmolchilarga haq undirmasdan shaxsiy kabinet ochish imkonini berish;
maishiy isteʼmolchining arizasiga asosan isteʼmol qilingan tabiiy gaz boʻyicha hisob-kitob holati hamda qarzdorlik mavjud emasligi (mavjudligi) haqida maʼlumotnomani ikki ish kuni ichida haq undirmagan holda taqdim etish;
isteʼmolchiga tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasida koʻrsatilgan shartlarga muvofiq gaz yetkazib berish. Bahor-yoz davrida barcha isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish uchun resurslar va quvvatlar yetarli boʻlmagan holatlarda, isteʼmolchilar oʻrtasida gaz resurslarining taqsimotini Energetika vazirligi bilan kelishilgan koʻrsatkichlarga muvofiq amalga oshirish;
isteʼmolchilarga zarur yoʻriqnomalarni berish (oʻtkazish) va gaz xoʻjaligida oʻrnatilgan gazdan foydalanish uskunalaridan va hisoblagichlardan xavfsiz foydalanish boʻyicha eslatmalarni topshirish. Bunda yoʻriqnomalar vakolatli xodim tomonidan oʻtkazilib, tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi ilovasiga belgi qoʻyilishi va isteʼmolchi tomonidan imzolanishi shart. Eslatmada esa gaz taʼminoti tashkilotining avariya xizmati telefon raqamlari koʻrsatiladi;
vakolatli davlat organlarining, shu jumladan, Oʻzenergoinspeksiyaning majburiy koʻrsatmalarini bajarish;
isteʼmolchining yozma, ogʻzaki va elektron buyurtmasi asosida uch ish kunida gazdan foydalanish uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish;
oldindan toʻlovni amalga oshirmagan hamda isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud boʻlgan hollarda isteʼmolchilarning gaz taʼminotini toʻxtatish (uzish);
hisoblagichga va boshqa qurilmalarga (jumladan, hisoblagichdan oldingi va keyingi monometrlarga) plomba qoʻyish;
hisoblagich va boshqa qurilmalarga oʻrnatilgan QR-kodli plombalarni elektron dasturi (Billing tizimi) orqali yuritish;
hisoblagichning ichki konfiguratsiya maʼlumotlarini oʻzgartirishning oldini olish maqsadida hisoblagich klaviaturasi va portini uzib qoʻyish;
Gaz taʼminoti tashkiloti qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
TGNHATga ulangan hisoblagichlarga oʻrnatilgan modem qurilmasini oʻchirib qoʻyish holati Gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan aniqlangan taqdirda, isteʼmolchini gaz taʼminotidan oʻchirib qoʻyishi shart.
11. Isteʼmolchi tomonidan berilgan yozma, ogʻzaki va elektron buyurtmasi asosida belgilangan tariflar boʻyicha gazdan foydalanish uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish ishlari quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
ovqat tayyorlash uchun moʻljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida — bir kun davomida;
tabiiy gaz sizib chiqishida — darhol. Bunday holatlar gaz taʼminoti tashkilotining avariya xizmati tomonidan bartaraf etiladi;
isitish mavsumida isitish uchun moʻljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida — bir kun davomida;
issiq suv va isitish uchun moʻljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) — ikki kun davomida;
gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda — besh kun davomida.
12. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar asosida tegishli faoliyatni olib borish uchun ruxsat etish hususiyatiga ega hujjatlari mavjud boʻlgan yuridik shaxslar isteʼmolchilardan kelib tushgan yozma, ogʻzaki va elektron buyurtmalar asosida gazdan foydalanish uskunalari va gaz tarmoqlariga belgilangan tariflar va tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi asosida belgilangan muddatlarda texnik xizmat koʻrsatadi.
Isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan texnik xizmatlar raqamlashtirilgan dasturiy taʼminot orqali roʻyxatga olinadi, koʻrsatilgan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar isteʼmolchilarga SMS-xabar orqali yuboriladi.
13. Tabiiy gazni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, isteʼmol qilish sohasidagi normativ-huquqiy, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzenergoinspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzenergoinspeksiyaning huquq va majburiyatlari uning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Oʻzenergoinspeksiyaning vakolatli xodimlari tomonidan tabiiy gazdan samarasiz va nooqilona foydalanish, tabiiy gazni isteʼmol qilish rejimiga rioya qilmaslik va tabiiy gaz qurilmalarining avariya xavfini tugʻdiradigan yoki odamlar hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisoblagichlarga qasddan shikast yetkazganlik, hisoblagichlar koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari aniqlanganda, tegishli gaz taʼminoti tashkilotiga yoki isteʼmolchiga ushbu qurilmalarga gaz yetkazib berishni toʻxtatilishi toʻgʻrisida majburiy koʻrsatma berish huquqiga ega.
Oʻzenergoinspeksiya tomonidan isteʼmolchida tabiiy gazdan nooqilona foydalanganlik, tabiiy gazni tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni bajarmaslik, texnik shart talablariga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etmaslik holatlari aniqlanganda (tegishli rasmiylashtirilgan dalolatnomaga muvofiq), gaz taʼminoti tashkiloti ushbu holatdan kelib chiqqan holda, tabiiy gaz isteʼmolining shartnomada belgilangan miqdorlarini kamaytirishga haqli.
3-bob. Tabiiy gazga boʻlgan yillik ehtiyojni aniqlash
14. Isteʼmolchilar (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) har yili 15-iyulgacha gaz taʼminoti (treyder) tashkilotiga kelgusi yil uchun oylar kesimida taqsimlangan tabiiy gaz isteʼmolining prognoz hajmlari boʻyicha buyurtma beradi.
15. Tabiiy gazni ishlab chiqaruvchilar har yili 1-avgustga qadar kelgusi yil uchun tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash hamda gaz uzatish tashkilotning magistral gaz quvurlarigacha yetkazib beriladigan hajmlarni, oʻzining gazga boʻlgan ehtiyojlari va texnologik yoʻqotishlarini aniqlaydi.
16. Kelgusi yil uchun tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj ishlab chiqariladigan mahsulot (ishlar, xizmatlar) birligi uchun texnik va ilmiy asoslangan meʼyorlarga muvofiq mahsulot ishlab chiqarishning prognoz hajmlarini hisobga olgan holda, tabiiy gazning ikki yillik (har choraklik) amaldagi sarfi va mahsulot ishlab chiqarish hajmlariga bogʻliq ravishda isteʼmolchi tomonidan tegishli hisob-kitoblar bilan asoslangan boʻlishi kerak.
Maishiy va kommunal-maishiy isteʼmolchilarning kelgusi yilda tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji tabiiy gazni belgilangan isteʼmol qilish meʼyorlari va (yoki) ikki yillik (har choraklik) amaldagi sarfi asosida gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan aniqlanadi.
17. Gaz taʼminoti (gaz uzatish) tashkilotlari har yili 1-sentabrgacha gaz transport tizimi texnik jihatdan barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida oʻz ehtiyojlari va texnologik yoʻqotishlarga sarflanadigan hamda isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan gaz hajmlariga boʻlgan ehtiyojni (oylar kesimida) taqsimlagan holda (kelgusi yilda yangi ishga tushiriladigan obyektlar uchun zaxira hajmlarini nazarda tutgan holda), kelgusi yil uchun tabiiy gaz ehtiyojining prognozini shakllantiradi hamda Energetika vazirligiga taqdim etadi.
18. Energetika vazirligi taqdim etilgan buyurtmalar asosida resurs va gaz uzatish imkoniyatlari, shuningdek, respublikadagi isteʼmolchilarning ehtiyojlari va tabiiy gaz eksporti hajmlarini hisobga olib, tabiiy gaz resursiga boʻlgan ehtiyojni oylar kesimida taqsimlagan holda, respublika boʻyicha kelgusi yil uchun tabiiy gaz resurslari va isteʼmoli balansini ishlab chiqadi hamda kelgusi yil uchun respublika boʻyicha tabiiy gaz resurslari va isteʼmoli balansi loyihasini tayyorlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 1-oktabrga qadar taqdim etadi.
19. Energetika vazirligi kelgusi yil uchun respublika boʻyicha tabiiy gaz resurslari va isteʼmolining tasdiqlangan balansiga muvofiq har yili 1-dekabrga qadar treyder va gaz taʼminoti tashkilotlariga tabiiy gazni yetkazib beriladigan yillik va oylik hajmlarini taqdim etadi. Treyder tashkiloti tomonidan oʻz navbatida magistral gaz quvurlariga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni yetkazib berishning yillik va oylik hajmlarini gaz uzatish tashkilotiga yuboradi.
Gaz taʼminoti tashkilotlari isteʼmolchilarning (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) buyurtmalarini tabiiy gaz resurslari va isteʼmolining tasdiqlangan balansiga muvofiq belgilangan hajmlar doirasida qayta koʻrib chiqishga haqlidir.
20. Quyidagi isteʼmolchilarga tabiiy gazni yetkazib berishda ustuvorlik beriladi:
maishiy isteʼmolchilarga;
idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga va uy-joy mulkdorlari shirkatlariga — aholini gaz bilan taʼminlash maqsadida hamda lokal qozonxonalarga — aholining maishiy ehtiyojlari uchun;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilarga.
4-bob. Maishiy va kommunal-maishiy isteʼmolchilarni tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi
21. Isteʼmolchilar (shu jumladan, umumiy hisob quvvati soatiga 100 kVt.gacha boʻlgan gazdan foydalanish uskunalariga ega oilaviy korxonalar) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablar asosida gazlashtirish ishlarini bajarish huquqiga ega tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilgan holda, ishlab chiqilgan gazlashtirish loyihalariga asosan tabiiy gaz bilan taʼminlanadi.
22. Isteʼmolchilarni quyidagi tartibda tabiiy gaz bilan taʼminlashning texnik imkoniyatlari koʻrib chiqiladi:
isteʼmolchi davlat xizmatlari markazi (keyingi oʻrinlarda — DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali gaz taʼminoti tashkilotiga gazlashtirish haqidagi arizani taqdim etadi;
tabiiy gaz resurslari va isteʼmoli balansi hamda gaz taqsimlash tizimining texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, isteʼmolchi obyektini gazlashtirish boʻyicha texnik imkoniyatlar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida gaz taqsimlash tarmoqlariga ulanadigan isteʼmolchilarning obyektlari gaz taʼminoti tashkilotining mutaxassislari tomonidan uch ish kuni mobaynida oʻrganiladi.
Isteʼmolchining obyekti joylashgan hududda gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tegishli parametrlarda isteʼmolchiga tabiiy gazni yetkazish imkoni mavjud quvvatga (bosim, hajm) ega boʻlgan gazni taqsimlash tarmogʻi hamda tabiiy gaz resurslari mavjud boʻlganda, isteʼmolchini gaz bilan taʼminlash boʻyicha texnik imkoniyat mavjud deb hisoblanadi.
Oʻrganish natijasi boʻyicha gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan ijobiy qaror qabul qilingandan soʻng isteʼmolchiga ichki gaz quvurlari, gazdan foydalanish uskunalari (turi va soni), gazdan foydalanish davri va hisoblagichlarga nisbatan qoʻyilgan talablarni oʻz ichiga olgan gazlashtirish texnik shartlari beriladi.
Gazlashtirilgan uy-joylar maishiy isteʼmolchi va oilaviy korxonaga ajratilganda, ularning har biri boʻyicha alohida texnik shart va LTH ishlab chiqish hamda isteʼmolchi hisobidan alohida hisoblagichlarni oʻrnatish sharti bilan hamda uy-joyga nisbatan egalik huquqini belgilovchi hujjatlarga (kadastr hujjati) asoslanib gaz bilan taʼminlanadi.
Gazlashtirilgan uy-joylar ikki va undan ortiq maishiy isteʼmolchiga ajratilgan taqdirda, isteʼmolchilarning mablagʻlari hisobidan har bir maishiy isteʼmolchi (oila) uchun LTHlarga oʻzgartirish kiritish (gazlashtirish uchun qoʻshimcha texnik shartlarni olmasdan) hamda alohida hisoblagichni oʻrnatish sharti bilan uy-joyga nisbatan egalik huquqini belgilovchi hujjatlarga (kadastr hujjati) asoslanib gaz bilan taʼminlanadi.
23. Gazlashtirish (gazdan foydalanish uskunalari, qurilma va uy ichi gaz quvurlari) LTHlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq mazkur faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlgan loyiha tashkilotlari tomonidan gazlashtirish texnik shartlari asosida ishlab chiqiladi.
24. LTHda quyidagi yechimlar nazarda tutilishi kerak:
belgilangan standartlarga muvofiq samarali gazdan foydalanish uskunasini oʻrnatish;
isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz sarfining hisoblangan diapazonida hisobga olishning ishonchliligini taʼminlaydigan, gaz hajmini standart shartlarga muvofiqlashtirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan hamda tabiiy gaz isteʼmolini TGNHATga mos keladigan hisoblagichlarni (ularni joylashuv nuqtalarini koʻrsatgan holda) oʻrnatish;
gaz quvuri va undagi qurilmalarni texnik nazorat qilishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida gaz quvurlarini burchaksimon temir tirgaklar (ustunlar)ga oʻrnatish.
25. Gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan gazlashtirish loyihasi qurilish-montaj ishlari (keyingi oʻrinlarda — QMI) boshlanishidan avval, biroq gazlashtirish uchun texnik shartlar berilgan kundan boshlab 12 oydan kechikmasdan, roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Ushbu muddat yakunlangandan soʻng berilgan texnik shart oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
26. QMI LTHga hamda qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq mazkur ishlarni bajarish huquqiga ega tashkilot tomonidan ijro-texnik hujjatlari asosida va yertoʻla inshootlaridagi boshqa kommunikatsiyalarning yertoʻla inshootiga kirish joylarini mustahkam va zich yopilganligini taʼminlagan (ushbu ishlarni bajarilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtirib) holda, tabiiy gaz isteʼmolchisining (tashabbuskor) mablagʻlari hisobidan bajariladi.
27. QMIni amalga oshirgan tashkilot gaz taʼminoti tashkilotiga dudburon va kanallarini tekshirish ishlarini, shuningdek, yertoʻla inshootlaridagi boshqa kommunikatsiyalarning kirish joylarini mustahkam va zich (germetik) yopilganligini taʼminlagan holda, amalga oshirilganligi toʻgʻrisida tegishli dalolatnomalarni taqdim etadi.
28. Isteʼmolchining obyektini gaz tarmogʻiga ulash jarayonida mavjud gaz tarmoqlaridagi bosimni nolgacha pasaytirishda atmosferaga chiqarilgan, past, oʻrta va yuqori bosim ostidagi gaz quvurlarining uzib qoʻyiladigan qismlarini gaz bilan tozalash va keyingi toʻldirish hamda tashqi gaz quvurlarini ishga tushirish ishlarini amalga oshirish uchun sarflangan gaz hajmi boʻyicha toʻlovlar isteʼmolchining hisobidan qoplanadi.
Isteʼmolchining obyektini gaz tarmoqlariga ulanishida keltiruvchi gaz tarmoqlarini (yangi gaz qurilmalarini va gaz tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini) loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari gaz taʼminoti tashkiloti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
29. ITSI yakunlangach, gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan ishga tushirish dalolatnomasi tuziladi va isteʼmolchiga mazkur Qoidalarga muvofiq zarur koʻrsatmalar beriladi. Shundan soʻng isteʼmolchi ishga tushirish dalolatnomasiga imzo chekadi va tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi tuziladi (ishga tushirish dalolatnomasining bir nusxasi gaz taʼminoti tashkilotida saqlanadi).
Isteʼmolchilar bilan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi DXM, YIDXP yoki gaz taʼminoti tashkilotining elektron dasturiy taʼminoti tizimi orqali elektron raqamli imzodan (keyingi oʻrinlarda — ERI) foydalangan holda amalga oshiriladi.
5-bob. Ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega isteʼmolchilarni tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlariga ulash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi
30. Isteʼmolchilar (shu jumladan umumiy hisob quvvati soatiga 100 kVt va undan yuqori yoki yillik gaz sarfi 100 000 kub metrdan yuqori boʻlgan gazdan foydalanish uskunalariga ega oilaviy korxonalar) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlardagi talablarga koʻra gazlashtirish ishlarini bajarish huquqiga ega tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilgan holda ishlab chiqilgan LTHga asosan tabiiy gaz bilan taʼminlanadi.
31. Yangi turdagi gazdan foydalanish uskunalarini ishga tushirish va (yoki) foydalanilayotgan quvvatlarni rekonstruksiya qilish yoki texnik jihatdan qayta jihozlashni moʻljallayotgan isteʼmolchi gaz tarmoqlariga ulanishning texnik imkoniyatlarini kelishish va texnik shartni olish uchun DXM yoki YIDXP orqali belgilangan tartibda tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha asoslangan hisob-kitoblarga ega buyurtmani gaz taʼminoti tashkilotiga (yirik strategik korxonalar gaz transport tizimiga ulanish boʻyicha gaz uzatish tashkilotiga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qiladi) taqdim etadi.
https://neolex.uz/uz/laws/law-6954986
