3-modda. Asosiy tushunchalar
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi — davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qoʻyiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimi;
manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat;
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha maxsus boʻlinma (bundan buyon matnda maxsus boʻlinma deb yuritiladi) — davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari (va) yoki kadrlar boʻlinmalari;
shaxsiy manfaatdorlik — davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud u bilan aloqador shaxslar ushbu xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki xodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin boʻlgan har qanday naf yoki afzallik;
yaqin qarindoshlar — ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.
