14-modda. Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, shuningdek jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelayotgan yaqin qarindoshining familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlgan taqdirda) yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqador shaxsning nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi axborot.
Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralarni oʻz ichiga olishi, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining va (yoki) uning bevosita rahbarining (ayrim hollarda, uning oʻrinbosarining) oʻz qoʻli bilan qoʻyilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.
