“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (304-son)
29.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizning har bir mahallasida fuqarolarning turmush tarzi uchun xavfsiz muhitni shakllantirish, aholi osoyishtaligini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, olib borilgan tahlillar hodisa va favqulodda vaziyatlarda aholiga shoshilinch yordam koʻrsatish xizmatlari tarqoq holda faoliyat koʻrsatib, ularning samaradorligi hali xalqaro talablarga javob bermayotganligini, kechiktirib boʻlmaydigan shoshilinch yordam koʻrsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish zarurati mavjudligini koʻrsatmoqda.
Aholiga shoshilinch xizmat koʻrsatishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va uning sifatini oshirish, fuqarolarga shoshilinch xizmatlarga toʻsiqsiz murojaat qilish va tezkor yordam olish imkoniyatini beruvchi yagona tizimni joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Hududgaztaʼminot” AJ hamda “Oʻzbektelekom” AKning hodisa va favqulodda vaziyatlar roʻy berganda shoshilinch yordam koʻrsatish uchun “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati (keyingi oʻrinlarda — “112” yagona dispetcherlik xizmati)ni “Oʻzbektelekom” AK “Kontakt markazi” filialining tarmogʻi, texnik uskunalari va dasturiy taʼminotlari negizida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, “112” yagona dispetcherlik xizmati Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining shoshilinch xizmatlarini maʼlumotlarni uzatishning yagona tarmogʻiga birlashtirgan holda respublikaning barcha hududlari boʻyicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam koʻrsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi.
3. Quyidagilar “112” yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan yordamni tashkil etish va koʻrsatish;
shoshilinch yordam koʻrsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga oʻz vaqtida yordam koʻrsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;
vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari oʻrtasida yaqindan axborot almashinuvi boʻyicha tezkor oʻzaro hamkorlikni taʼminlash.
4. Quyidagilar:
“112” yagona dispetcherlik xizmatini respublika hududlarida ishga tushirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“112” yagona dispetcherlik xizmatini respublika hududlarida ishga tushirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“112” yagona dispetcherlik xizmati toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) “112” yagona dispetcherlik xizmatini tashkil etish va uning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuklatiladi;
b) quyidagi xarajatlar:
“112” yagona dispetcherlik xizmatini ishga tushirish va takomillashtirish — “Oʻzbektelekom” AKning mablagʻlari, bunda, mablagʻlarning yetishmagan qismi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PQ-318-son qaroriga asosan Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
shoshilinch xizmatlarni koʻrsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari, shu jumladan yaratiladigan axborot tizimlari, texnik vositalar va resurslarni takomillashtirish, “112” yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilish — mazkur xizmatlarni koʻrsatuvchi vazirlik va idoralarning oʻz mablagʻlari hisobidan;
“112” yagona dispetcherlik xizmati toʻliq ishga tushirilgandan soʻng uning faoliyati shoshilinch xizmatlarni koʻrsatuvchi vazirlik va idoralarning navbatchi-dispetcherlik boʻlinmalari shtat birliklari va xarajatlarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish evaziga boʻshaydigan mablagʻlari hamda mos ravishda ular uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida tasdiqlangan mablagʻlar va oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi yillarda “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratilishi nazarda tutilishini taʼminlasin.
“112” yagona dispetcherlik xizmatining narxlari (tariflari) narxlarni tartibga soluvchi organ bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan narxlar (tariflar) asosida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Kontakt markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida shartnoma tuziladi hamda ushbu shartnomaga muvofiq ishlab chiqilgan “Kontakt markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda shoshilinch xizmatlarni koʻrsatuvchi barcha vazirlik va idoralar:
“112” yagona dispetcherlik xizmati 2024-yil 1-iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyati, 2024-yil birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida hamda 2024-yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va qolgan viloyatlarda markazlashgan tizimini bosqichma-bosqich ishga tushirilishini;
chaqiruvlarni qabul qilish va ularni qayta ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish hamda tegishli axborot-kommunikatsiya resurslarining “112” yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinishini;
shoshilinch xizmatlarning navbatchi-dispetcherlik boʻlinmalarida mavjud boʻlgan kompyuterlar va texnik vositalar texnik holatini oʻrganib chiqib, belgilangan texnik talablarga muvofiq kompyuter va zaruriy texnik vositalar bilan toʻliq jihozlanishini;
fuqarolarga shoshilinch yordam koʻrsatishga malakali mutaxassislar jalb qilinishini;
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida shoshilinch xizmatlarning professor-oʻqituvchilari, malakali xodimlari va shu soha xorijiy mutaxassislarini jalb etgan holda maxsus oʻquv dasturlari asosida shoshilinch tezkor xizmatlar operatorlari va navbatchi-dispetcherlik boʻlinmalarining tegishli mutaxassislarini (qayta) tayyorlash va malakasi oshirilishini;
tezkor shoshilinch xizmatlarni koʻrsatishda foydalanishda boʻlgan barcha avtotransport vositalarini GPS tizimi bilan jihozlash hamda tashkil etilayotgan “112” yagona dispetcherlik xizmatlariga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Bunda, “112” yagona dispetcherlik xizmati va navbatchi-dispetcherlik boʻlinmalari joylashgan obyektlarni toifalangan obyektlarga qoʻyiladigan talablarga muvofiq qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari, shuningdek, uzluksiz elektr taʼminoti bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Oʻzbekiston Milliy geografik axborot tizimi “112” yagona dispetcherlik xizmati maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilinishini va zarur kartografiya materiallarini, koʻchmas mulk obyektlarining geografik joylashish fazoviy maʼlumotlari taqdim etilishini taʼminlasin.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda bosqichma-bosqich “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun texnik talablarga mos keladigan bino va inshootlar ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov hamda ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-may,
304-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 304-son qaroriga 1-ILOVA
“112” yagona dispetcherlik xizmatini respublika hududlarida ishga tushirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh
TARKIBI
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 304-son qaroriga 2-ILOVA
“112” yagona dispetcherlik xizmatini respublika hududlarida ishga tushirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/rTadbirlar nomiAmalga oshirish mexanizmiAmalga oshirish muddatiMasʼul vazirlik va idoralarI. “112” yagona dispetcherlik xizmati uchun bino va inshootlar ajratish, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish1.“112” yagona dispetcherlik xizmatining loyiha texnik hujjatlarini ishlab chiqish.1. Shoshilinch xizmatlarning texnik bazasini xatlovdan oʻtkazish hamda texnik talablarni shakllantirish.2024-yil 30-mayRaqamli texnologiyalar vazirligi,mutasaddi vazirlik va idoralar2. Loyihaning texnik topshirigʻini ishlab chiqish, belgilangan tartibda kelishish, tasdiqlash va ekspertizaga kiritish.2024-yil 10-iyun2.“112” yagona dispetcherlik xizmatining loyiha texnik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish.Loyihaning texnik hujjatlariga ekspertiza xulosasini berish va roʻyxatga olish.2024-yil 20-iyunRaqamli texnologiyalar vazirligi,“Kiberxavfsizlik markazi” DUKII. “112” yagona dispetcherlik xizmatini bosqichma-bosqich ishga tushirish3.Shoshilinch xizmatlarning oʻzaro hamkorlik reglamentini ishlab chiqish va tasdiqlash.“112” yagona navbatchi-dispetcherlik xizmatiga fuqarolardan kelib tushayotgan chaqiruvlarni qabul qilish va qayta ishlash boʻyicha shoshilinch xizmatlarning oʻzaro hamkorlik reglamentini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash.2024-yil 30-mayRaqamli texnologiyalar vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Sogʻliqni saqlash vazirligi,Ijtimoiy himoya milliy agentligi,“Hududgaztaʼminot” AJ,Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi4.“112” yagona navbatchi dispetcherlik xizmati tizimining dasturiy-texnik vositalar va qurilmalarini bosqichma-bosqich toʻliq ishga tushirish.Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm va Fargʻona viloyatlarida qurilmalarni yetkazib berish, montaj ishlarini bajarish, vazirlik va idoralarning navbatchi dispetcherlik xizmatlari tizimi bilan integratsiyalash.Reja-jadval asosidaRaqamli texnologiyalar vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Sogʻliqni saqlash vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,“Hududgaztaʼminot” AJIII. “112” yagona dispetcherlik xizmati personalini qayta tayyorlash va malakasini oshirish5.“112” yagona dispetcherlik xizmati personalining kasb standartini qabul qilish.1. “112” yagona dispetcherlik xizmati personalining kasb standarti loyihasini ishlab chiqish.2024-yil 30-iyunRaqamli texnologiyalar vazirligi,Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi,Texnik jihatdan tartibga solish agentligi2. “112” yagona dispetcherlik xizmati personalining kasb standartini oʻrnatilgan tartibda kelishish va tasdiqlash.2024-yil 15-iyul6.Navbatchi-dispetcherlik boʻlinmalari personalini (qayta) tayyorlash va malakasini oshirish.1. “112” yagona dispetcherlik xizmati personalini (qayta) tayyorlash, malakasini oshirish, yakunida sinovlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga sertifikatlar berish tartib-taomillarini belgilovchi idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilish.2024-yil 30-iyunRaqamli texnologiyalar vazirligi,Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Sogʻliqni saqlash vazirligi,Ijtimoiy himoya milliy agentligi,“Hududgaztaʼminot” AJ2. Xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda kasb standartiga muvofiq maxsus oʻquv dasturlari asosida “112” yagona dispetcherlik xizmatining personali (xodimlari)ni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.Reja-jadval asosida7.“112” Yagona dispetcherlik xizmatini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.1. “112” Yagona dispetcherlik xizmatiga tanlov oʻtkazish, nomzodlardan sinovlar olish va ishga qabul qilish tartib-taomillarini belgilovchi normativ hujjatlar qabul qilish.2024-yil 30-mayRaqamli texnologiyalar vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Favqulodda vaziyatlar vazirligi,Sogʻliqni saqlash vazirligi,Energetika vazirligi2. Belgilangan tayyorgarlikdan oʻtgan, muddatlarida malaka oshirgan, namunadagi sertifikatga ega nomzod va mutaxassislar hisobidan yagona dispetcherlik xizmatining personalini jamlab borish.Doimiy ravishdaIV. “112” yagona dispetcherlik xizmatining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi8.“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.1. “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish rejasini ishlab chiqish.Reja-jadval asosidaRaqamli texnologiyalar vazirligi2. Ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar (blogerlar) ishtirokida brifinglar oʻtkazish.Doimiy ravishda9.Favqulodda va murakkab vaziyatlarda “112” qisqa raqamiga murojaat qilish tartibi, yolgʻon xabar uchun javobgarlik va uning oqibatlari borasida targʻibot va tashviqot ishlarini tizimli olib borish.1. “112” yagona dispetcherlik xizmatining imkoniyatlari, huquq va majburiyatlarini aholi orasida tushuntirish ishlarini tashkil etish.Doimiy ravishdaRaqamli texnologiyalar vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Milliy teleradiokompaniya2. Markaziy va hududiy teleradiokanallarda “112” xabarlari alohida yetkazilishini tashkil etish.2024-yil 20-maydan boshlab
Izoh: Huquqiy munosabatlarning predmeti va tartibga solish sohasidan kelib chiqib, tadbirlarni amalga oshirish shakllari oʻzgarishi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa birlashtirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 304-son qaroriga 3-ILOVA
“112” yagona dispetcherlik xizmati toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “112” yagona chaqiruv raqami boʻyicha shoshilinch xizmatlarning chaqiruvini taʼminlovchi yagona dispetcherlik xizmatining (keyingi oʻrinlarda — “112” YADX) maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalari, tashkiliy-funksional tuzilmasi hamda faoliyat koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
murakkab hayotiy vaziyat — shaxsning turmush tarzini obyektiv ravishda buzadigan (nogironlik, qarilik, kasallik, yetimlik, qarovsizlik tufayli oʻz-oʻziga xizmat qila olmaslik, yolgʻizlik, kam taʼminlanganlik, ishsizlik, doimiy yashash joyining yoʻqligi, tazyiq, zoʻravonlik va boshqalar) va oʻzi yengib boʻlmaydigan holat;
hodisa — inson hayotining normal sharoitlarini buzadigan, shu jumladan murakkab hayotiy vaziyatlar, jinoyat, huquqbuzarlik, yoʻl-transport hodisalari, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar, oʻz joniga qasd qilishga urinish yoki oʻz joniga qasd qilish bilan bogʻliq voqea;
chaqiruv — aloqa xizmatlaridan foydalanuvchining (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) aloqa vositalaridan foydalangan holda “112” yagona chaqiruv raqami “112” YADXga statsionar yoki mobil radiotelefon tarmoqlari, shu jumladan ovozli, video, qisqa matnli (SMS) va “112” YADXning elektron pochta manziliga elektron murojaat;
shoshilinch xizmatlar — favqulodda vaziyatlar yoki chaqiruvlarga shoshilinch chora koʻrish uchun doimo shay turadigan, yordam berish uchun kuch va vositalarga ega boʻlgan ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam xizmati, gaz tarmogʻining avariya xizmati, yongʻinga qarshi va qutqaruv xizmati (keyingi oʻrinlarda — qutqaruv xizmatlari), tezkor ijtimoiy-psixologik yordam xizmati, shuningdek, boshqa davlat organlari yoki tashkilotlarining xizmatlari;
shoshilinch xizmatlarining qisqa raqamlari — 102-ichki ishlar organlarining qisqa raqami, 101/1050 — qutqaruv xizmatining qisqa raqami, 103 — tez tibbiy yordam xizmatining qisqa raqami, 1146 — tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar bilan muloqot qilish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam koʻrsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatining qisqa raqami, 104/1104 — gaz tarmogʻining avariya xizmatining qisqa raqami, shuningdek, boshqa yangi tashkil etilgan yoki qayta tashkil etilgan davlat organlari va tashkilotlari xizmatlarining raqamlari;
“112” yagona chaqiruv raqami (“112” raqami) — fuqarolardan oʻzbek, qoraqalpoq, rus va xorijiy tillarda, shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni boʻlgan shaxslarning imo-ishora tilida “yagona darcha” tamoyili asosida shoshilinch xizmatlarga chaqiruvlarni tunu kun bepul qabul qilish yagona qisqa telefon raqami;
“112” YADXning chaqiruvlarga ishlov berish markazi — shoshilinch xizmatlarga chaqiruvlarni qabul qilish, qayd etish, chaqiruvlar boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, saqlash, tahlil qilish, chaqiruvlarning mazmunidan kelib chiqqan holda, shoshilinch xizmatlarning vakolatlariga muvofiq chaqiruv boʻyicha maʼlumotlarni avtomatik ravishda uzatish, shoshilinch xizmatlarning chaqiruvlarga tezkor chora koʻrishda, shu jumladan masofaviy tezkor ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatishda ularni axborot bilan taʼminlash va harakatlarini muvofiqlashtirishni boshqarishni taʼminlaydigan axborot tizimlari majmui;
chaqiruvlarga ishlov berish zaxira markazi — chaqiruvlarga ishlov berish markazining funksiyalarini takrorlaydigan zaxira axborot tizimlari majmui;
“112” YADXning maʼlumotlar bazasi (maʼlumotlar bazasi) — “112” yagona raqamiga chaqiruvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan chaqiruvlarga tezkor chora koʻrish, amalga oshirilgan chora-tadbirlari va natijalarini toʻplash, qayta ishlash, saqlash, shuningdek, hodisalarga koʻrilgan choralar boʻyicha qarorlar qabul qilishni tahliliy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan quyi axborot tizimi;
“112” YADXning elektron chaqiruv kartasi (chaqiruv kartasi) — formallashtirilgan (xml. kengaytirilishi fayli) hujjat koʻrinishida maʼlumotlar bazasining chaqiruvlar oqimi quyi tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladigan, “112” YADX va shoshilinch xizmatlarning axborot tizimlari oʻrtasida maʼlumot almashinadigan elektron hujjat.
3. “112” YADX orqali shoshilinch xizmatlarga “yagona darcha” tamoyili asosida murojaat qilish bilan birga, shoshilinch xizmatlarning qisqa raqamlariga murojaat qilishning muqobil tartibi saqlab qolinadi.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi “112” YADX faoliyatiga tashkiliy‑uslubiy rahbarlik qiladi.
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi “112” YADXning yagona operatori hisoblanadi.
2-bob. “112” YADXning maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalari
5. “112” YADXning maqsadi:
favqulodda shoshilinch xizmatlarning hodisalar toʻgʻrisida chaqiruvlarga tezkor chora koʻrish darajasini oshirish;
fuqarolarga, jamiyatga va davlatga hodisalar natijasida yetkazilishi mumkin boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy zarar miqdorini kamaytirish;
eshitish va nutqida nuqsoni boʻlgan shaxslarning imo-ishora tilida hamda boshqa shaxslarning xorijiy tillarda shoshilinch xizmatlarga toʻsiqsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish;
murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan va oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan shaxslarga hayoti va sogʻligiga jiddiy xavf solishi mumkin boʻlgan holatlarning dastlabki bosqichlarida shoshilinch ijtimoiy‑psixologik yordam koʻrsatish va oʻz joniga qasd qilishning dastlabki bosqichlarida bu toifadagi hodisalar sonini keskin kamaytirish.
6. “112” YADXning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
chaqiruvlarga ishlov berishni avtomatlashtirish;
chaqiruvlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni dolzarb holatda saqlab turish va ulardan chaqiruvlarga tezkor chora koʻrishni muvofiqlashtirishda foydalanishni taʼminlash;
chaqiruvlarni qabul qilish, ularga ishlov berishda vaqt, mehnat va moddiy sarf-xarajatlarni qisqartirish;
ariza beruvchining bir vaqtda bir nechta navbatchi dispetcherlik xizmatlari bilan bevosita muloqotisiz chaqiruvga ishlov berish;
ariza beruvchi bevosita shoshilinch xizmatlarning qisqa raqamlariga chaqiruvni amalga oshirgan vaqtda barcha dispetcherlar band boʻlganda “112” raqamiga qayta yoʻnaltirilgan chaqiruvni qabul qilish;
chaqiruvlar boʻyicha shoshilinch xizmatlarning oʻzaro idoralararo hamkorligiga va tezkor harakatlanishiga oid chora-tadbirlarni boshqarish;
murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan, oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan shaxslarga hayoti va sogʻligiga jiddiy xavf solishi mumkin boʻlgan holatlarda(krizis, shok, ruhiy tushkunlik) masofadan shoshilinch ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatilishini taʼminlash;
shoshilinch xizmatlar kuch va vositalarining muvofiqlashtiruvini taʼminlash.
7. “112” YADX oʻziga yuklatilgan asosiy vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyalarni bajaradi:
“112” raqami boʻyicha chaqiruvlarni qabul qilish;
hodisalar haqida olingan maʼlumotlarni tahlil qilish;
chaqiruvlarni favqulodda shoshilinch xizmatlarga ularning vakolatlariga muvofiq axborot tizimlariga avtomatik tarzda taqsimlash;
chaqiruvlarni boshqarish;
chaqiruv asosida harakat qilishning boshlanishi, tugashi va natijalarini oʻz ichiga olgan asosiy xususiyatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini yuritish;
shoshilinch xizmatlarning chaqiruvlarga choralar koʻrish boʻyicha qarorlarni qabul qilishi uchun chaqiruv kartasida dolzarb maʼlumotlarni yangilab borish;
“112” raqami boʻyicha tushgan ovozli va video chaqiruv uzilganda chaqiruvni amalga oshirgan shaxsning oxirlovchi qurilmasi bilan aloqani avtomatik tarzda tiklash.
3-bob. “112” YADXning tashkiliy-funksional tuzilmasi
8. “112” YADXning boshqaruv tizimi vertikal boshqaruvga asoslangan boʻlib, mazkur Nizomga ilovadagi tashkiliy-funksional tuzilmaga muvofiq (hududiy va respublika darajasida) quyi tizimlarni birlashtiradi.
9. “112” YADXning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, chaqiruvlarga ishlov berish zaxira markazi hududning tabiiy-geografik, iqtisodiy va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va/yoki viloyatlar markazlarida tashkil etiladi.
10. “112” YADXning boshqaruv markazi “Oʻzbektelekom” AK ning Toshkent shahridagi texnik bazasi hamda hududiy boʻlinmalarning texnik uskunalari negizida tashkil etiladi.
11. “112” YADX hududiy boʻlinmalarining funksional taqsimlangan quyi tizimlari hamda axborot-boshqaruv tuzilmasi negizida tashkil etilgan chaqiruvlarga ishlov berish zaxira markazlari “112” YADXning boshqaruv markazi (chaqiruvlarga ishlov berish markazi) bilan integratsiya qilinadi.
12. “112” YADX qoida tariqasida axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislikka va tajribaga ega boʻlgan hamda shoshilinch xizmatlar tarkibidagi xodimlar sirasiga kiruvchi xodimlar bilan jamlanadi.
“112” YADX tarkibiga kiritish uchun mutaxassislarning nomzodi “112” raqami boʻyicha tezkor chora koʻrishda ishtirok etayotgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan tavsiya etilishi mumkin.
13. “112” YADX tashkiliy funksional tuzilmasi rahbariyati tarkibiga boshliq, boshqaruv va aloqani tashkil etish hamda favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlashtirish masalalari boʻyicha ikkita oʻrinbosari kiradi.
4-bob. “112” YADX quyi tizimlarining tarkibi va ularni tashkil etish tartibi
14. “112” YADX quyi tizimlari quyidagilardan iborat:
statsionar yoki mobil radiotelefon tarmoqlari foydalanuvchilaridan (abonentlaridan) “112” raqamiga chaqiruvlar, shu jumladan telefon qoʻngʻiroqlari va qisqa matnli xabarlar (SMS) oʻtishini, shuningdek “112” YADX dan tegishli shoshilinch xizmatlarga chaqiruvlarning oʻtishini taʼminlaydigan telekommunikatsiya quyi tizimi;
maʼlumotlar bazalarini saqlashni va yangilashni, qabul qilingan chaqiruvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlashni hamda hodisa toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni arxivdan onlayn tarzda olish imkoniyatini, shuningdek, qabul qilingan chaqiruvlarga shoshilinch xizmatlarning tezkor harakat qilishini rejalashtirish va qarorlar qabul qilishi uchun axborot-tahliliy yordamni taʼminlovchi axborot-kommunikatsiya quyi tizimi (mazkur quyi tizim chaqiruvlarga ishlov berish markazini, chaqiruvlarni qayd etish va saqlash axborot tizimlarini oʻz ichiga oladi);
“112” raqamiga chaqiruvlarni amalga oshirgan shaxslarga masofaviy yordamni koʻrsatishga moʻljallangan maslahat xizmatlarining quyi tizimi;
hududning tabiiy-geografik, iqtisodiy va boshqa xususiyatlarining maʼlumotlari asosida “112” raqamiga chaqiruvni amalga oshirgan shaxsning joylashgan joyini, hodisa sodir boʻlgan joyni, shuningdek, hodisani bartaraf etishda ishtirok etuvchi shoshilinch xizmatlarning avtotransport vositalari joylashgan manzilni aks ettiruvchi geografik axborot quyi tizimi;
boshqariladigan statsionar va mobil obyektlarga oʻrnatilgan datchiklardan maʼlumot va signallarni qabul qilish hamda qayta ishlov berish uchun moʻljallangan monitoring quyi tizimi;
“112” YADXning maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash vositalarini himoya qilish uchun moʻljallangan axborot xavfsizligi quyi tizimi.
15. “112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlarini yaratish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
“112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlarini mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan tashkil etishning talablariga muvofiq loyihalash;
“112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlarini yaratish;
“112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlarini texnik sinovdan oʻtkazish;
“112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlarini ishga tushirish.
16. “112” YADXning telekommunikatsiya quyi tizimlari quyidagi shoshilinch xizmatlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi:
ichki ishlar organlarining navbatchilik xizmatlari;
qutqaruv xizmatining navbatchi-dispetcherlik xizmati;
tez-tibbiy yordam xizmatining navbatchi-dispetcherlik xizmati;
gaz tarmogʻining avariya xizmatining navbatchi-dispetcherlik xizmati;
tazyiq va zoʻravonlik qurbonlariga tezkor ijtimoiy-psixologik yordam xizmatining navbatchi-dispetcherlik xizmati.
Mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda ushbu bandda koʻrsatilgan navbatchi-dispetcherlik xizmatlari bilan bir qatorda “112” YADX telekommunikatsiya quyi tizimlari bilan oʻzaro axborot hamkorligini oʻrnatish boʻyicha boshqa davlat organlari, idoralar va tashkilotlarning navbatchi dispetcherlik xizmatlarini belgilaydi.
5-bob. “112” YADXni tashkil etish tartibi
17. “112” YADXni yaratish va faoliyatini yuritishda quyidagi vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat organlari ishtirok etadi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Energetika vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi;
“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati;
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari.
18. “112” YADXni yaratish va uning faoliyatini muvofiqlashtirish idoralararo ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
19. Idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
“112” YADXni xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalari va zamonaviy texnologiyalarni inobatga olgan holda yaratish;
“112” YADXni yaratishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
“112” YADXni tashkil etish boʻyicha mavjud tashkiliy‑amaliy muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha mexanizmlarni ishlab chiqish;
“112” YADXni rivojlantirish yuzasidan qonunchilik bazasini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
“112” YADXni ishga tushirish;
“112” raqamiga chaqiruvlarni amalga oshirishni taʼminlash uchun aloqa tarmogʻi infratuzilmasini tayyorlash boʻyicha aloqa operatorlarining harakatlarini muvofiqlashtirish;
20. “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi idoralararo ishchi guruhning ishchi organidir.
21. Ishchi organ:
“112” YADXni yaratish, foydalanish, rivojlantirish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
manfaatdor davlat organlari, idoralar va tashkilotlar, shu jumladan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda “112” YADXni yaratish va takomillashtirish boʻyicha namunaviy dasturiy-texnik talablar va yechimlarni ishlab chiqadi;
“112” YADXni yaratish va ishga tushirish boʻyicha loyiha-texnik hujjatlarini va texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi, tezkor-qidiruv tadbirlarni amalga oshirishni belgilaydigan faoliyat bundan mustasno;
“112” YADXning operatorlik personalini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi hamda operatorlik personalni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi.
22. “112” YADXni yaratishda ishtirok etayotgan davlat organlari, idoralar va tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida:
“112” YADXni tashkil etish va uning samarali ishlashini taʼminlashga qaratilgan idoraviy normativ hujjatlarni qabul qiladi;
oʻz navbatchi-dispetcherlik xizmatlarining “112” YADX bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlashga qaratilgan choralarni koʻradi.
6-bob. “112” raqami boʻyicha chaqiruvlarga ishlov berish boʻyicha “112” YADXning faoliyat koʻrsatish tartibi
23. “112” YADX tashkil etilgan barcha hududlarda tunu kun uzluksiz rejimda faoliyat yuritadi.
“112” YADXning tezkor navbatchiligi quyidagi koʻrsatkichlarni inobatga olgan holda tashkil etiladi:
operatorlarning soni;
mahalliy aholi soni;
joylardagi potensial xavfli obyektlar mavjudligi va favqulodda vaziyatlar xavfi;
chaqiruvlarga ishlov berish vaqtining oʻrtacha davomiyligi;
kunlik chaqiruvlar soni.
24. “112” YADXning chaqiruvlarga ishlov beruvchi operatori (keyingi oʻrinlarda — operator) va shoshilinch xizmatlarning navbatchi-dispetcheri (keyingi oʻrinlarda — dispetcher) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan quyi tizimlar ishtirokida amalga oshiriladi.
25. “112” raqamiga ovozli va video chaqiruvlar, shuningdek, operator va dispetcher oʻrtasidagi ovozli chaqiruvlar avtomatik ravishda “112” YADX va shoshilinch xizmatlarning texnik vositalari yordamida yozib boriladi.
26. “112” raqamiga ovozli va video chaqiruvlar operator bilan telefon bogʻlanish oʻrnatilgan vaqtdan boshlab, qisqa matnli xabarlar (SMS) va “112” YADXning elektron pochta manziliga kelib tushgan elektron chaqiruvlar ochilgan vaqtdan boshlab qabul qilingan hisoblanadi.
27. Chaqiruvlar operatorlar oʻrtasida ularning navbatchiligi boshlanishidan umumiy vaqt yuklamasini inobatga olgan holda avtomatik ravishda taqsimlanadi.
28. Operator chaqiruvda taqdim etilgan maʼlumotlar mazmunidan kelib chiqib:
chaqiruv kartasini rasmiylashtiradi (bunda, chaqiruvga avtomatik tarzda identifikatsiya raqami beriladi) va unga real vaqt rejimida ariza beruvchi tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlarni kiritadi;
chaqiruvga tezkor chora koʻrishni amalga oshiruvchi shoshilinch xizmatlarni ularning qonun hujjatlarida belgilangan vazifalariga muvofiq belgilaydi;
chaqiruv kartasining maʼlumotlari asosida tegishli shoshilinch xizmatlarga chaqiruv kartasini yuboradi;
chaqiruv kartasi shoshilinch xizmatning axborot tizimiga yuborilgandan soʻng ariza beruvchi bilan aloqani tugatadi.
29. Dispetcher chaqiruv kartasini qabul qilgandan soʻng unda mavjud maʼlumotlarni aniqlashtirish uchun operatorga, zarur hollarda ariza beruvchiga murojaat qilishi mumkin.
30. Chaqiruv kartasiga chaqiruvga tezkor chora koʻrish bilan bogʻliq maʼlumotlarni real vaqt rejimida kiritib borilishi ustidan nazorat operator tomonidan amalga oshiriladi.
31. Dispetcher chaqiruv kartasini qabul qilgandan soʻng unda mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida shoshilinch xizmatlarning ichki idoraviy hujjatlariga muvofiq chaqiruvga tezkor chora koʻrishni tashkillashtiradi.
32. Shoshilinch xizmatlarning chaqiruvlarga tezkor chora koʻrish vaqtida ularning harakatlarini muvofiqlashtirish operator va dispetcher oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi asosida amalga oshiriladi.
33. Shoshilinch xizmatlarning chaqiruvlarga tezkor chora koʻrishni muvofiqlashtirish quyidagi usullarda amalga oshirilishi mumkin:
operator chaqiruvga ishlov berish vaqtida olingan maʼlumotlarni, shuningdek, chaqiruvga tegishli “112” YADXning maʼlumotlar bazasidan olingan maʼlumotlarni tahlil qilish va tahlil natijalarini chaqiruv kartasiga kiritish yoʻli bilan dispetcherga taqdim etish;
dispetcher tomonidan olingan tahliliy maʼlumotlar asosida chaqiruvga tezkor chora koʻruvchi shoshilinch xizmatlarning harakatlarini xizmat aloqa vositalari orqali muvofiqlashtirish.
34. Chaqiruvga tezkor chora koʻrish natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar shoshilinch xizmatlarning xodimlari tomonidan dispetcherga xizmat aloqa vositalari orqali darhol beriladi.
35. Chaqiruvga tezkor chora koʻrishda boshqa shoshilinch xizmatlarni jalb etish zarurati boʻlganda shoshilinch xizmatlarning xodimlari xizmat aloqa vositalari orqali dispetcherga xabar beradi va dispetcher ushbu maʼlumotlarni chaqiruv kartasiga kiritgan holda operatorga beradi.
36. Operator chaqiruvga tezkor chora koʻrishda boshqa shoshilinch xizmatlarni jalb etish uchun ushbu Nizomning 28-bandida nazarda tutilgan tartibda tegishli shoshilinch xizmatlarga chaqiruv kartasini qayta yoʻnaltiradi.
37. Chaqiruvlarga tezkor chora koʻrish natijalari boʻyicha maʼlumotlar dispetcher tomonidan ushbu maʼlumotlar olingan vaqtdan boshlab 15 daqiqa ichida chaqiruv kartasiga kiritiladi.
38. Chaqiruv kartasi chaqiruvga tezkor chora koʻrish natijalari kiritilgandan soʻng operator tomonidan 10 daqiqa ichida nazoratdan yechiladi.
39. Chaqiruv kartasiga kiritilayotgan maʼlumotlar bir vaqtning oʻzida “112” YADX va shoshilinch xizmatlarning axborot tizimlarida aks ettiriladi, yaʼni maʼlumotlar avtomatik tarzda uzatiladi.
40. Shoshilinch xizmatlarning xodimlari va ishchi guruh xodimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ariza tushgan holatlarda, shoshilinch xizmatlarning xodimlari tomonidan chaqiruv kartasi rasmiylashtiriladi (bunda, chaqiruvga avtomatik tarzda identifikatsiya raqami beriladi), yaʼni real vaqt rejimida ariza beruvchi tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlar kiritiladi.
Bunda chaqiruv kartasining maʼlumotlari asosida tegishli shoshilinch xizmatlar va “112” YADXda qayd etiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. “112” YADX faoliyatini nazorat qilish shoshilinch xizmatlar faoliyat sohalarining vakolatli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
42. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“112” yagona dispetcherlik xizmatining tashkiliy-funksional
TUZILMASI
