Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-199-son)
29.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar sogʻligʻini mustahkamlash va tiklash, maktab taʼtillari davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2023-yilning yoz mavsumida jami 196 ta statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 158 ming nafar bolalar sogʻlomlashtirildi.
Shu bilan birga, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari soni aholining oʻsish darajasiga mutanosib tarzda oshib borishi taʼminlanmagan. Jumladan, mamlakatimizda bolalar soni 1991-yilga nisbatan 71 foizga oshgan boʻlsa-da, ularni sogʻlomlashtirish oromgohlari soni ikki baravarga qisqargan.
Oʻtgan 3 yil mobaynida faoliyat yuritmayotgan yoki samarasiz ishlayotgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining faoliyatini toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish uchun 80 ta statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufiga oʻtkazildi.
Bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, maktab taʼtillari davrida boʻsh paytlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sogʻlomlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining (keyingi oʻrinlarda — Federatsiya) quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) tadbirkorlik subyektlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarni (keyingi oʻrinlarda — hamkorlar) jalb etgan holda 1-ilovaga muvofiq statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari (keyingi oʻrinlarda — oromgohlar) negizida quyidagi mexanizmlar orqali oʻzaro manfaatli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish:
oromgohlar hududining bir qismida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarining bir qismini 15 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish;
oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda foydalanish uchun 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish. Bunda Federatsiya oromgoh binolari va yer uchastkasidan yozgi mavsum paytida oromgohlar tashkil etish uchun foydalanadi;
oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash, shuningdek, yozgi mavsum paytida oromgohlar tashkil etish sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish;
b) 2-ilovaga muvofiq oromgohlarning bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda hamkorlarga ijaraga berish orqali ularni oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish.
2. Quyidagilar:
Federatsiya tomonidan 3-ilovada koʻrsatilgan oromgohlar Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qurilayotganligi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Nukus shahrida joylashgan “Turon” oromgohini rekonstruksiya qilish tashabbusini bildirganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Federatsiya tomonidan 3-ilovada koʻrsatilgan obyektlarni qurish ularni loyihalashtirish bilan bir paytda amalga oshirilayotgan boʻlsa, qurilish ishlari toʻxtatiladi, loyiha-smeta hujjatlari toʻliq shakllantirilib, oʻrnatilgan tartibda ekspertiza xulosasi olinadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 3-ilovada nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etsin.
4. Belgilansinki:
a) oromgohlarda bino-inshootlarni qurish boʻyicha loyihalar Federatsiya tomonidan ishlab chiqiladigan shartlar asosida tayyorlanadi hamda mazkur loyihalar Federatsiya bilan kelishiladi;
b) mazkur qarorning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan hamkorlik loyihalari Federatsiya tomonidan ishlab chiqiladigan shartlar asosida hamkorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali taklif etiladi.
Bunda ijara shartnomasi boʻyicha eng yuqori narx taklif etgan hamkor bilan ijara shartnomasi tuziladi hamda quriladigan barcha bino-inshootlar Federatsiya mulki sifatida rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda hamkor tomonidan foydalaniladi.
Hamkorlar ijaraga olingan oromgohning bino-inshootlari, mol-mulki va yer uchastkasiga oʻzgartirish kiritmagan va zarar yetkazmagan tarzda qonunchilikda taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin;
v) hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirilgan oromgohlar boʻyicha 3 oy muddatda hamkorlar aniqlanmagan taqdirda, ijara shartlari qayta koʻrib chiqilib, oromgohlar qayta savdoga chiqariladi hamda yana 3 oy muddatdan soʻng tadbirkorlar tomonidan qiziqish bildirilmagan oromgohlar Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari yoki boshqa manbalar hisobidan bosqichma-bosqich quriladi va taʼmirlanadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Federatsiya tizimidagi tegishli oromgohlarni “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirish va hamkorlarni aniqlash boʻyicha Federatsiyaga koʻmaklashib borsin.
5. Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga:
a) 2024-2025-yillarda respublika budjetidan jami 425 milliard soʻm yoʻnaltirilsin. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda 4-ilovaga muvofiq budjet xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga 175 milliard soʻm hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun xarajatlar hisobidan 50 milliard soʻm, shuningdek respublika budjetidan 2025-yilda 200 milliard soʻm ajratsin;
b) 2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari jami 210 milliard soʻm, jumladan, 2024-yil 1-noyabrga qadar 105 milliard soʻm hamda 2025-yil 1-sentabrga qadar 105 milliard soʻm mablagʻlar 5-ilovaga muvofiq mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilishini taʼminlasin.
6. Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga ushbu qarorning 5-bandida nazarda tutilgan tartibda ajratilgan mablagʻlar quyidagilar uchun yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin:
mazkur qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan oromgohlarni qurish;
Federatsiya tizimidagi oromgohlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlari dam olishi va ularni sogʻlomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yoʻllanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya toʻlash;
Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi va Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini shakllantirish, binolarni saqlash, xodimlariga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash.
Bunda mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan mablagʻlarni 2023-yil yoz mavsumida dam olgan bolalarning yoʻllanma xarajatlari uchun tegishli yilda amalda boʻlgan tartib asosida kompensatsiya toʻlash hamda 2024-yilda Federatsiya tizimidagi oromgohlarni yoz mavsumiga tayyorlash maqsadida olib borilgan taʼmirlash ishlari boʻyicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun yoʻnaltirishga ruxsat etiladi.
7. Soliq qoʻmitasi Federatsiya bilan birgalikda bir oy muddatda 2027-yil 1-yanvarga qadar Federatsiya tizimidagi oromgohlarning:
bino-inshootlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan olinadigan daromadlari foyda soligʻidan;
ijaraga berilgan obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan ozod etilishini nazarda tutuvchi Soliq kodeksiga qoʻshimcha kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Federatsiya:
ikki hafta muddatda oromgohlarning qurilish qiymatini pasaytirish va kelgusida ulardan foydalanishda xarajatlarni kamaytirishni taʼminlovchi idoraviy qurilish normalari va qoidalari ishlab chiqilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda oromgohlarni qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqib, Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etsin.
Bunda namunaviy loyihalar va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda yangicha yondashuvlar asosida energiya tejamkorlikni taʼminlashga, zamonaviy dizayn, isitish tizimi mavjud boʻlishi hamda binolar issiqligini bir xilda ushlashga, shu jumladan deraza va romlar, pol qoplamasi issiqlikni chiqarib yubormasligi va boshqa zamonaviy talablarga alohida eʼtibor qaratilsin.
Shuningdek, qurilish materiallari hamda boshqa jihoz va anjomlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari mavjud boʻlgan holda ushbu mahsulotlarning xorijda ishlab chiqarilganlarini sotib olishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilansin.
9. Federatsiya, “Oʻzagrokimyohimoya” AJ tugatish komissiyasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Qaynar mahallasida joylashgan “Kimyogar” oromgohini baholangan qiymatda “Qashqadaryo agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va ajratilgan budjet ssudasi boʻyicha qarzdorliklarini kamaytirish hisobiga Federatsiyaga mulk huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. “Sijjak” dam olish oromgohi Federatsiyaga mulk huquqi asosida berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Sijjak” dam olish oromgohining Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan barcha mol-mulklari Federatsiyaga mulk huquqi asosida oʻtkazib berilsin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Andijon va Samarqand viloyati hokimliklari hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ikki oy muddatda 6-ilovadagi oromgohlarning faoliyati uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga oʻrnatilgan tartibda kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-427-son qarori 1-bandi “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlari dam olishi va ularni sogʻlomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yoʻllanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya toʻlash”.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-may,
PQ-199-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 1-ILOVA
Hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali hamkorlarga taklif etiladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 2-ILOVA
Bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalari yozgi mavsumdan tashqari paytda hamkorlarga ijaraga beriladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 3-ILOVA
Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qurilayotgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 4-ILOVA
Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini qurish, taʼmirlash va saqlash xarajatlariga qayta yoʻnaltirish uchun maqbullashtirilayotgan mablagʻlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 5-ILOVA
Mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida 2024-2025-yillar davomida har yili ajratiladigan mablagʻlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 6-ILOVA
Yer maydoni oʻrmon xoʻjaliklari fondlari balansida boʻlgan va toifasi oʻzgartiriladigan
YER UCHASTKALARI
