Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida (SQ-908-IV-son)
18.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan parlament soʻrovi boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-71-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-martdagi “Yaylovlar va ulardagi yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda yaylov degradatsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 126-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorlar doirasida suv taʼminoti mavjud boʻlmagan hududlarda tik quduqlarni qazish, quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yer osti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Buxoro va Navoiy viloyatlarida namunaviy tajriba loyihalarini amalga oshirish belgilangan.
Yaylov yerlarda suv taʼminotini yaxshilashda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti hamda Samarqand davlat universitetida “Yaylov ekologiyasi va boshqaruvi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Yaylovlarda chorva mollari bosimini kamaytirish va ularni almashlab oʻtlatishning oqilona tizimini yoʻlga qoʻyish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash hamda ularning mahsuldorligini oshirishning eng maqbul usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish belgilangan.
2022 — 2024-yillarda Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan 16,8 mln gektar yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilgan.
Yaylov turlarini inobatga olgan holda ulardan foydalanish hamda chorva mollarini oʻtlatish normalari va muddatlari ishlab chiqilgan.
Nishon, Nurota, Nurobod, Forish va Gʻijduvon tumanlaridagi yaylovlarda ikki yil muddatga chorva mollarini almashlab boqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Jahon bankining “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida degradatsiyaga uchragan yaylovlarda oʻsimlik urugʻlarini zamonaviy texnika yordamida ekish uchun uchuvchisiz uchish qurilmalarini xarid qilish boʻyicha tender savdolari boshlangan.
2022 — 2024-yillarda yaylovlarda zamonaviy texnologiyalarni va xorijiy davlatlar amaliyotini qoʻllash orqali ularning xoʻjalik imkoniyatlarini oshirish hamda shu asosda yaylovlardan oqilona foydalanish tizimini ishlab chiqish boʻyicha 8,5 mlrd soʻmlik 6 ta innovatsion va amaliy loyihalar moliyalashtirilgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan yaylovlar holatini baholash va inqiroz darajasini aniqlash yuzasidan zamonaviy yondashuvlarga asoslangan yagona usul, degradatsiyaning turli bosqichlarini aniqlashning ilmiy asoslari, ularning mezon va indikatorlarini ishlab chiqish boʻyicha xorijiy tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Hududlarda oʻtkazilgan tahlillarga asosan respublikaning turli mintaqalari uchun yaylov yerlarining xususiyati, unumdorligi va inqirozga uchraganlik darajalari boʻyicha maʼlumotnoma shakllantirilgan. Buning natijasida yaylov yerlaridan foydalanishda qoʻyiladigan cheklovlarni aniqlash imkoni yaratilgan.
Tahlil natijalari parlament soʻrovidagi ayrim masalalar hamon dolzarbligicha qolayotganini koʻrsatmoqda.
Hududlarda 4 mln gektardan ortiq yaylov yerlarida geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilmagan hamda ularning elektron raqamli xaritalari ishlab chiqilmagan.
Suv inshootlarining 2269 tasi (78 foizi) taʼmirtalab holatga kelgan. Bundan tashqari, yaylovlarning suv taʼminotini yaxshilash hamda chorva mollarini sugʻorish uchun 700 dan ortiq quduqlar yetishmaydi.
Buxoro choʻl yaylov oʻsimliklar urugʻchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini zamonaviy ilmiy laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan taʼminlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Bugungi kunda mazkur sohaga oid oʻzgarishlar hamda qonunchilikda belgilangan vazifalarni inobatga olib, yaylovlarni boshqarish va monitoring qilish, ulardan samarali foydalanishning institutsional asoslarini takomillashtirish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan, “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi B. Tajiyevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yaylov yerlarini konturlar va foydalanuvchilar kesimida toʻliq xatlovdan oʻtkazish, 4 mln gektardan ortiq yaylovlarda geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish hamda elektron xaritalarini yaratish;
ikki oy muddatda yaylovlardagi 2269 ta nosoz va taʼmirtalab sugʻorish inshootlarini rekonstruksiya qilish, ularga resurs tejamkor uskunalar oʻrnatish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
Buxoro choʻl yaylov oʻsimliklar urugʻchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini zamonaviy ilmiy laboratoriya jihozlari va zarur kimyoviy vositalar bilan taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan tender savdolarini yakunlash;
yaylovlarni boshqarish va monitoring qilish, ulardan samarali foydalanish, degradatsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish, shu jumladan “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish choralarini koʻrsin;
mazkur band ijrosi yuzasidan joriy yilning 10-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga yaylovlar infratuzilmasini yaxshilash, ularni boshqarish va degradatsiyaning oldini olish, taʼmirtalab sugʻorish inshootlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mazkur sohaga masʼul ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi B. Tajiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 18-may,
SQ-908-IV-son
