6-modda. Tovar kelib chiqqan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar kelib chiqqan joy nomi huquqiy jihatdan uni ushbu Qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish asosida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ravishda muhofaza qilinadi.
Tovar kelib chiqqan joy nomi mazkur joʻgʻrofiy obyektdagi, nomi oʻzlari ishlab chiqarayotgan tovarni belgilash uchun ishlatiladigan bir yoki bir necha yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
Tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazgan shaxs bu nomdan, basharti mazkur shaxs alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan mazkur joʻgʻrofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar yoki boshqa omillar bilan yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanadigan tovarni ishlab chiqarayotgan boʻlsa, foydalanish huquqini oladi.
Ushbu Qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi xuddi shu joʻgʻrofiy obyektda joylashgan va aynan shunday xususiyatlarga ega boʻlgan tovar ishlab chiqarayotgan boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga ham berilishi mumkin.
