28-modda. Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar kelib chiqqan joy nomini tovarda, uning idishi hamda oʻrovida, peshlavhalarda, rasmiy blankalarda, reklamada, bosma nashrlarda va tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarda ishlatish tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish deb hisoblanadi.
Litsenziya shartnomasi asosida: tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga, bunday huquqdan boshqa shaxslar foydasiga voz kechish toʻgʻrisida bitimlar tuzishga va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi boʻlmagan shaxslarning tovar kelib chiqqan joyning roʻyxatdan oʻtkazilgan nomidan foydalanishiga, hatto basharti bunda tovar kelib chiqqan joyning haqiqiy nomi koʻrsatilgan yoki nom tarjima qilib yoxud “koʻrinishdagi”, “turdagi”, “usuldagi” va shunga oʻxshash soʻzlarni qoʻshib qoʻllanilgan taqdirda ham, shuningdek har qanday tovar kelib chiqqan joy nomi va tovarning alohida xususiyatlari xususida isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan oʻxshash belgilardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
