15-modda.Talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan oʻtkazish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan oʻtkazish talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq, talabnoma berilgan sanadan eʼtiboran yetti oy ichida biroq kamida olti oydan keyin Davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Taraflarning kelishuviga koʻra amalga oshiriladigan muhofazaga layoqatlilik axborotini izlash oʻtkazilgan taqdirda, talabnomada ifodalangan belgining ekspertizasi talabnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir oy ichida oʻtkaziladi.
Tovar kelib chiqqan joy nomini va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan oʻtkazish talabnoma boʻyicha rasmiy ekspertiza tugaganidan keyin bir oy ichida Davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ekspertizadan oʻtkazish chogʻida talabnomada ifodalangan belgining tovar belgisini ekspertiza qilishda ushbu Qonun 3-moddasining birinchi qismi hamda 10-moddasi (10-moddasi birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno)qoidalariga, tovar kelib chiqqan joy nomini ekspertiza qilish va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini berishda esa ushbu Qonunning 6 va 11-moddalari qoidalariga muvofiqligi tekshiriladi.
Ekspertiza natijalariga binoan Davlat muassasasi tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish va (yoki) undan foydalanish huquqini berish toʻgʻrisida yoxud ularni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bu xususda xabardor qilinadi.
Davlat muassasasining tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori ushbu Qonunning 12-moddasiga muvofiq sanasiga koʻra ustuvorlikka ega boʻlgan talabnoma tushganligi munosabati bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
