Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3512-son)
10.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 10-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3512]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 26-aprel,
3-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 23-aprel
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 22-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 26-apreldagi 3-son buyrugʻiga ILOVA
Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini, shu jumladan belgilangan iqtisodiy normativlarni buzganlik uchun sugʻurtalovchi yoki qayta sugʻurtalovchiga (bundan buyon matnda sugʻurtalovchi deb yuritiladi) nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 47-moddasiga asosan vakolatli davlat organi sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini, shu jumladan belgilangan iqtisodiy normativlarni buzganligi uchun mazkur nizomning ilovasiga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdorigacha jarima qoʻllashga haqli.
Bunda, sugʻurtalovchiga qoʻllaniladigan jarimalarning umumiy yigʻindisi sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 1,0 foizidan ortiq boʻlmasligi lozim.
2. Jarima Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi.
2-bob. Jarima sanksiyalarini qoʻllash asoslari
3. Vakolatli davlat organi jarima sanksiyalarini qoʻllashda quyidagi manbalardan foydalanadi:
qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari va tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar va rasmiylashtirilgan hujjatlar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli davlat organiga topshirilishi nazarda tutilgan hisobotlar va maʼlumotlar;
auditorlik va aktuar tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalari boʻyicha xulosalar;
sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining murojaatlarini oʻrganish natijasida olingan maʼlumotlar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
4. Vakolatli davlat organi tomonidan jarima sanksiyalari qoʻllanilganda quyidagilar hisobga olinadi:
qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning muntazamligi (ikki va undan koʻp marta) hamda davomiyligi;
yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning sugʻurtalovchilarning moliyaviy holatiga taʼsiri;
qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyati;
aniqlangan qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq boʻlgan sabablar;
ilgari qoʻllanilgan chora va sanksiyalarning samaradorligi (natijadorligi);
sugʻurtalovchilar tomonidan faoliyatda aniqlangan kamchiliklarni yoki qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil choralar koʻrilganligi.
3-bob. Jarima sanksiyalarini qoʻllash
5. Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror vakolatli davlat organining rahbari yoki uning vazifalari yuklangan oʻrinbosar tomonidan qabul qilinadi.
Bunda, vakolatli davlat organi rahbari yoki uning vazifalari yuklangan oʻrinbosar tomonidan qaror qabul qilinishiga Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash boʻyicha ishchi komissiyaning (bundan buyon matnda Ishchi komissiya deb yuritiladi) xulosasi asos boʻladi.
6. Ishchi komissiya tarkibi vakolatli davlat organi rahbarining buyrugʻi bilan vakolatli davlat organi rahbarining oʻrinbosari va xodimlari orasidan 5 yoki 7 kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
7. Ishchi komissiya faoliyatini tashkil etish, yigʻilishlarini oʻtkazish va ularga rahbarlik qilish Ishchi komissiya raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi komissiya yigʻilishi uchun tashkiliy tayyorgarlikni taʼminlash komissiya kotibi zimmasiga yuklanadi.
Ishchi komissiya yigʻilishlari zaruratga koʻra oʻtkaziladi. Yigʻilishlarda kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan kollegial tarzda qarorlar qabul qilinadi.
Ishchi komissiya yigʻilishlari aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Ishchi komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchiligi tomonidan maʼqullangan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Ishchi komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
8. Vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima sanksiyalarini qoʻllash muddati mazkur qoidabuzarliklar aniqlangan kundan eʼtiboran olti oydan va ular sodir etilgan kundan boshlab uch yildan oshmasligi lozim. Qoidabuzarliklar aniqlangan kun Ishchi komissiya tomonidan xulosa rasmiylashtirilgan kun hisoblanadi.
9. Ishchi komissiya kotibi tomonidan sugʻurtalovchiga yigʻilishdan bir kun oldin Ishchi komissiya yigʻilishi haqida xabar qilinadi. Bunda, sugʻurtalovchiga nisbatan jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishda sugʻurtalovchi ishtirok etish huquqiga ega.
10. Vakolatli davlat organi jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarordan koʻchirmani jarima miqdori, toʻlov muddati va tegishli hisobvaraq rekvizitlarini koʻrsatgan holda sugʻurtalovchiga uch ish kuni ichida yozma ravishda xabar beradi.
Bunda, sugʻurtalovchi jarima summasini yozma ravishda berilgan xabar olingan kundan boshlab oʻn besh kun ichida toʻlashi lozim.
Sugʻurtalovchi tomonidan apellyatsiya muddati davomida Apellyatsiya kengashiga shikoyat qilinganda, jarimani toʻlash muddati toʻxtatib turiladi.
11. Sugʻurtalovchi yozma ravishda berilgan xabarda koʻrsatilgan muddatda jarimani toʻlamagan taqdirda, vakolatli davlat organi jarimani undirish uchun sudga murojaat qiladi.
12. Sugʻurtalovchi jarima sanksiyalarini qoʻllash uchun asos boʻlgan qoidabuzarliklarni belgilangan muddatda bartaraf etmaganda, vakolatli davlat organi boshqa chora va sanksiyalarni qoʻllashi mumkin.
13. Vakolatli davlat organi sugʻurtalovchilar nomi, ular tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar, ularga nisbatan qoʻllanilgan jarima sanksiyalar toʻgʻrisidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishga haqli.
4-bob. Vakolatli davlat organi qarori ustidan shikoyat qilish
14. Vakolatli davlat organining jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan sugʻurtalovchi qarordan koʻchirmani olgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida vakolatli davlat organining apellyatsiya kengashiga (bundan buyon matnda Apellyatsiya kengashi deb yuritiladi) yozma ravishda shikoyat berish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Sugʻurtalovchi tomonidan shikoyat Apellyatsiya kengashiga apellyatsiyani berish muddati buzilgan holda taqdim etilganda, Apellyatsiya kengashi tomonidan shikoyat koʻrib chiqilmaydi.
15. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya berilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida sugʻurtalovchining shikoyatini koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya kengashi sugʻurtalovchini shikoyatni koʻrib chiqish kuni haqida bir kun avval xabardor qiladi. Bunda, sugʻurtalovchi shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
Vakolatli davlat organi shikoyatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatda keltirilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmaganda, shikoyatni qanoatlantirishni rad etish va vakolatli davlat organi qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida;
shikoyatdagi vajlar oʻz tasdigʻini topganda, shikoyatni qanoatlantirish va vakolatli davlat organi qarorini bekor qilish toʻgʻrisida.
16. Vakolatli davlat organi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch kun muddatda sugʻurtalovchini xabardor qiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Sugʻurtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Sugʻurtalovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun vakolatli davlat organi tomonidan qoʻllaniladigan
JARIMA SANKSIYALARI
T/r Qoidabuzarlik turi Qoʻllaniladigan jarima miqdori (sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdoridan) 1-boʻlim. Toʻlov qobiliyati normativlariga oid talablarning buzilishi 1. Sugʻurtalovchilarning alohida tavakkalchiliklar boʻyicha majburiyatlarining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp miqdoriga oid talablarga rioya qilmaslik 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 2. Sugʻurtalovchilarning majburiyatlari jamining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp miqdoriga oid talablarga rioya qilmaslik 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 3. Sugʻurtalovchining hisob (valyuta) va boshqa bank raqamlarida oʻtgan oʻn ikki oy mobaynida hisoblangan sugʻurta tovonlari summasining 3 foizidan kam boʻlmagan miqdorda pul mablagʻlari mavjud boʻlishiga oid talabga rioya qilmaganlik 0,1 foiz miqdorida 2-boʻlim. Sugʻurtalovchilar aktivlarini joylashtirishga oid talablarning buzilishi 4. Bogʻliq shaxslarga imtiyozli shartlar taqdim etilgan, sugʻurtalovchi aktivlarini sugʻurtalovchining dastlabki ikki yillik faoliyati davomida bogʻliq shaxslarda joylashtirgan 0,1 foiz miqdorida 5. Sugʻurtalovchi aktivlarini intellektual mulkka qoʻyilmalar (dasturiy taʼminot, maʼlumotlar bazasi, adabiyot, firma nomlari va tovar belgilarini xarid qilish bundan mustasno) qoʻyish yoʻli bilan joylashtirgan taqdirda 0,1 foiz miqdorida 6. sugʻurtalovchi aktivlarini sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan qarz shartnomasini tuzish (moliyaviy yordam berish) yoʻli bilan joylashtirgan taqdirda 0,1 foiz miqdorida 7. Sugʻurtalovchi tomonidan berilgan qarzlarning umumiy summasi sugʻurtalovchi ustav kapitalining 10 foizidan oshgan taqdirda 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 8. Sugʻurtalovchi oʻz mablagʻlari manbalari summasining 30 foizidan oshgan hajmdagi qarzlarni (moliyaviy yordamni) bu haqda vakolatli davlat organini xabardor etmay olganda 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 9. Bitta bogʻliq shaxsda joylashtirilgan aktivlarning summasi sugʻurtalovchi ustav kapitalining 15 foizidan oshgan taqdirda (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shoʻba korxonalar (shoʻba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 10. Barcha bogʻliq shaxslarda joylashtirilgan aktivlarning umumiy summasi sugʻurtalovchi ustav kapitalining 100 foizidan oshgan taqdirda (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shoʻba korxonalar (shoʻba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 11. Xususiy mulk yoki unga boʻlgan huquq garovga berilganda, kafolat berilganda yoxud balansda aks etmagan boshqa majburiyat qabul qilinganda, sugʻurtalovchi besh kunlik muddatda vakolatli davlat organini yozma ravishda xabardor qilmaganda 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 12. Boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitallariga joylashtirgan aktivlarining umumiy summasi, sugʻurtalovchi oʻz mablagʻlari manbalari summasining 50 foizidan oshgan taqdirda, oldingi moliyaviy yil yakuni boʻyicha xalqaro auditning ijobiy xulosasini olgan tijorat banklarining ustav kapitallarida ishtirok etish va qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 13. Har qanday bitta yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etish ulushi ushbu yuridik shaxs ustav kapitalining 30 foizidan oshgan taqdirda (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shoʻba korxonalar (shoʻba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 14. Sugʻurtalovchining aktivlari koʻchmas mulk obyektlariga joylashtirilganda, sugʻurtalovchi aktivlarining 50 foizidan ortigʻini bitta yer uchastkasi yoki koʻchmas mulkning boshqa obyektiga yoxud bitta obyekt sifatida koʻrilishi mumkin boʻlgan yer uchastkalari va koʻchmas mulk obyektlari majmuiga joylashtirilgan taqdirda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 15. Sugʻurtalovchining aktivlarini bank omonatlariga (depozitlariga) joylashtirishda, bitta tijorat bankiga joylashtirilgan omonat sugʻurtalovchi aktivlarining 40 foizidan oshgan taqdirda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 16. Sugʻurtalovchining aktivlarini kredit tashkilotlarida (tijorat banklaridan tashqari) omonatlarga (depozitlarga) joylashtirishda, omonatlarning (depozitlarning) umumiy summasi sugʻurtalovchi aktivlarining 10 foizidan oshgan taqdirda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 17. Sugʻurtalovchi aktivlarini bitta yuridik shaxsning ustav kapitaliga joylashtirish yoki bitta yuridik shaxsda ishtirok etish boʻyicha boshqa huquqlari sugʻurtalovchi aktivlarining 30 foizidan oshgan taqdirda (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 3-boʻlim. Qayta sugʻurta qilish operatsiyalariga oid talablarning buzilishi 18. Sugʻurtalovchi tavakkalchiliklarni tasdiqlangan deb hisoblanmaydigan qayta sugʻurtalovchilarga qayta sugʻurtaga berganda 0,1 foiz miqdorida 19. Majburiyatlar chet el sugʻurta tashkilotlarida qayta sugʻurtalanganda, Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga qayta sugʻurtaga berilgan majburiyatlar hajmi sugʻurtalovchining har bir alohida sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasi boʻyicha majburiyatlar hajmining 95 foizdan oshganda 0,1 foiz miqdorida 20. Majburiyatlar chet el sugʻurta tashkilotlarida qayta sugʻurtalanganda, oʻzida qoldirilgan ulushning eng kam miqdori sugʻurtalovchining toʻlov qobiliyati marjasining haqiqiy miqdorining 5 foizidan kam boʻlganda (eksport kontraktlarini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish va chet elga chiquvchi shaxslarni sugʻurta qilish shartnomalari bundan mustasno) 0,1 foiz miqdorida 4-boʻlim. Sugʻurta zaxiralarini shakllantirish hamda joylashtirishga oid talablarning buzilishi 21. Sugʻurtalovchi shakllantirishi shart boʻlgan sugʻurta zaxiralari shakllantirilmagan yoki toʻliq boʻlmagan miqdorda shakllantirilganda 0,1 foiz miqdorida 22. Sugʻurtalovchi ajratishi shart boʻlgan aktivlar sugʻurtalovchi tomonidan ajratilmagan yoki sugʻurta zaxiralari qiymatidan kam boʻlgan miqdorda ajratilganda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 23. Sugʻurtalovchining ajratilgan aktivlarning 70 foizidan kam boʻlmagan qismi Sugʻurtalovchilarning sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 1882, 2008-yil 15-dekabr) 38-bandida belgilangan manbalardan tashkil topmaganda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 24. Sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi hisobotlarda koʻrsatilgan sugʻurta zaxiralari miqdori sugʻurtalovchining buxgalteriya hisobi va hisoboti maʼlumotlariga mos kelmaganda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 5-boʻlim. Sugʻurtaga oid hisobotlarni taqdim etish talablarining buzilishi 25. Toʻlov qobiliyati normativlari hisob-kitoblarini taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilmaslik 0,03 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,05 foiz miqdorida 26. Sugʻurtalovchilarning aktivlarini joylashtirishga oid talablarga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilmaslik 0,03 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,05 foiz miqdorida 27. Qayta sugʻurta qilish operatsiyalariga oid talablarga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilmaslik 0,03 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,05 foiz miqdorida 28. Sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilmaslik 0,03 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,05 foiz miqdorida 29. Hisobot maʼlumotlari buzib koʻrsatilganda (bila turib yolgʻon va notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etilgan) 0,07 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,1 foiz miqdorida 6-boʻlim. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi 30. Sugʻurtalovchilar va sugʻurta vositachilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etilishiga masʼul boʻlgan shaxslarning roʻyxatini vakolatli davlat organiga taqdim etish muddatlariga rioya qilmaslik 0,05 foiz miqdorida 31. Sugʻurtalovchi tomonidan oʻzining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida hisobotni vakolatli davlat organiga taqdim etish muddatlariga rioya qilmaslik 0,05 foiz miqdorida 7-boʻlim. Sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquq va manfaatlarining buzilishi 32. Sudning qaroriga asosan sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashni asossiz rad etishi oqibatida sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashi belgilanganda har bir holat uchun 0,09 foiz, jami aniqlangan holatlar uchun 0,1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda 33. Eksport kontraktlarini sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash muddatlariga sugʻurtalovchi tomonidan rioya qilinmagan taqdirda 0,09 foiz miqdorida 34. Majburiy sugʻurta turlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda arizalarni (sugʻurta daʼvolarini) koʻrib chiqmaslik har bir holat uchun 0,005 foiz, jami aniqlangan holatlar uchun 0,1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda 35. Majburiy sugʻurta turlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda sugʻurta tovonini toʻlamaganlik uchun har bir holat uchun 0,01 foiz, jami aniqlangan holatlar uchun 0,1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda 8-boʻlim. Sugʻurtaga oid boshqa qonunchilik talablarining bajarilmasligi 36. Sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta agentiga toʻlangan komissiya pulining miqdori sugʻurta agenti tuzgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurtalovchining hisob raqamiga tushgan sugʻurta mukofotlarining (toʻlovlarining) 25 foizidan oshganda 0,05 foiz, bir yil ichida takroran sodir etilganda 0,07 foiz miqdorida 37. Sugʻurtalovchi vakolat bergan sugʻurta agentlarining reyestri mavjud emasligi 0,09 foiz miqdorida 38. Qabul qilingan pul mablagʻlari va majburiyatlarining miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni vakolatli davlat organi oʻz vakolati doirasida talab qilganda taqdim etmaslik 0,09 foiz miqdorida 39. Sugʻurtalovchining firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan manzili oʻzgarganligi haqida sugʻurta qildiruvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali, oʻz ijrosidagi bir yildan ortiq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha esa yozma ravishda xabardor qilmasligi 0,09 foiz miqdorida 40. Majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtmaslik 0,09 foiz miqdorida 41. Sugʻurtalovchi tomonidan yiliga bir marta — har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy davomida moliya yilidagi faoliyat yakunlari boʻyicha aktuar tashkilotni aktuar tekshiruvini amalga oshirish uchun jalb etmasligi 0,09 foiz miqdorida 42. Sugʻurtalovchilar va ularning alohida boʻlinmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlarini vakolatli organ bilan kelishmagan holda tayinlaganlik uchun har bir holat uchun 0,09 foiz, jami aniqlangan holatlar uchun 0,1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda 43. Vakolatli davlat organining majburiy koʻrsatmalarini bajarmaganlik, shu jumladan oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun har bir holat uchun 0,09 foiz, jami aniqlangan holatlar uchun 0,1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda
