Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (4241-IV-son)
08.04.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2023-yildagi faoliyatiga doir axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlashga hamda amaldagi qonun hujjatlarida korrupsiyaga imkon beruvchi normalarning mavjudligini aniqlashga, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayoni ustidan parlament nazoratini oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Hisobot davrida Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati koʻlami yanada kengaygan. Qoʻmita 2023-yilda 35 ta qonun loyihasiga, shuningdek 5 ta birlashgan qonun loyihasiga masʼul boʻlib, shundan 26 ta qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan hamda maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Xususan, Qoʻmita masʼulligida tegishli sohalarni tartibga solishga, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishga, siyosiy partiyalar hamda deputatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, siyosiy partiyalarning mavqeyini hamda saylov organlarining professionallik darajasini yanada oshirishga, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilingan. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Maʼmuriy jarimalarni toʻlashda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 3321-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qonunlar va boshqalar shular jumlasidandir.
Shuningdek Qoʻmita aʼzolari qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 5 ta qonun loyihasini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritishda ishtirok etgan.
Qonunlar va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganish, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish, Qonunchilik palatasi va Qoʻmita qarorlari ijrosini oʻrganish boʻyicha Qoʻmita tomonidan 8 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa tizimlarda korrupsiyaning oldini olish masalalari hamda jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash sohasidagi qonunchilikni qoʻllashning amaldagi tartibi oʻrganilgan.
Shuningdek hududlarda, shu jumladan mahalliy xalq deputatlari Kengashlarida korrupsiya koʻrinishlarining namoyon boʻlishiga olib keladigan tizimli muammolar Jizzax viloyati misolida oʻrganilgan. Oʻrganish yakunlariga koʻra, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining sessiyasi oʻtkazilib, Qoʻmitaning tavsiyalari asosida tegishli qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi koʻrib chiqilgan hamda natijasi boʻyicha Qoʻmitaning va Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzaga koʻra keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek davlat hamda jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qoʻyishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilgan.
Shuningdek, “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi yangi reytingida Oʻzbekiston 14 pogʻonaga koʻtarilib, indeks bahosida qatorasiga 9 yil davomida barqaror oʻsishga erishilgan.
Bundan tashqari, hisobot davrida Qoʻmita tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. Bobojonovga “Ichki ishlar organlari tomonidan aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan parlament soʻrovi yuborilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulovga ham “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan parlament soʻrovi yuborilgan.
2023-yilda Qoʻmita aʼzolari jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 2368 ta murojaatni belgilangan tartibda koʻrib chiqqan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflar alohida oʻrganilgan. Takliflari asosli deb topilgan 18 nafar fuqaroga Qoʻmita tomonidan minnatdorlik xatlari yuborilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlarini va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borish yuzasidan 8 ta tadbir, shu jumladan 2 ta davra suhbati, 3 ta seminar hamda 3 ta konferensiya tashkil etilgan. Bundan tashqari, 3 ta matbuot anjumani oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 3547 marotaba chiqish qilingan hamda qonun ijodkorligiga va Qoʻmita faoliyatiga oid materiallarning muntazam yoritib borilishi taʼminlangan.
Yuqorida bayon etilganlar bilan bir qatorda Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, qabul qilingan qonunlarning ijrosi boʻyicha nazorat-tahlil tartibidagi oʻrganishlarni yanada kengaytirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolarini qonun loyihalarini ishlab chiqishga va nazorat-tahlil tadbirlariga kengroq jalb qilish lozim.
Shuningdek fuqarolar tomonidan qonun loyihalari boʻyicha berilayotgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etish, joylarda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul vazirliklar va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda keng jamoatchilikning takliflari hamda fikr-mulohazalarini hisobga olish, nazorat-tahlil tadbirlariga soha mutaxassislarini va ekspertlarni keng jalb etish;
davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq sohasidagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitib borish amaliyotini davom ettirish;
qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan hamkorlikda qonun loyihalari boʻyicha tizimli ravishda davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazib borish amaliyotini davom ettirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmita nomiga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida mutasaddi vazirliklar hamda idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-aprel,
4241-IV-son
