“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-176-son)
13.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat va isteʼmol tovarlarining eksport bozorini diversifikatsiya qilish va yangi transport-logistika tizimini tashkil etishni jadallashtirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va Surxondaryo viloyati hokimligining “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) faoliyatini jadallashtirish boʻyicha takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, Markaz hududida:
faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga Afgʻoniston Islom Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi;
Afgʻoniston Islom Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi fuqarolariga savdo doʻkonlari, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish uchun moʻljallangan bino va inshootlarni ijaraga olish, shuningdek, istisno tariqasida, mulk huquqi bilan sotib olish huquqi beriladi. Bunda yer uchastkasiga boʻlgan huquq qonunchilikda belgilangan tartibda ijara huquqi asosida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi;
ulgurji va chakana savdoda toʻlov vositasi sifatida, istisno tariqasida, oʻzbek soʻmi bilan bir vaqtda AQSh dollari, Rossiya rubli, yevro, yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat beriladi. Bunda qabul qilingan naqd xorijiy valyuta Markazda tashkil etilgan tijorat banklari filiallari orqali Markazda faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga oʻtkaziladi;
Markaz hududida tashkil etiladigan zamonaviy tibbiyot klinikasida Afgʻoniston Islom Respublikasi fuqarolariga tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi hamda ushbu klinikada davolash imkoni boʻlmagan ogʻir turdagi kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududida joylashgan davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida davolanish uchun tibbiy kirish vizalari olish uchun yoʻllanma beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Markaz hududiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida nazorat-oʻtkazish punktlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng kiritiladi hamda ularga Markaz hududida tashkil etilgan barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan oʻtgan holda maxsus yoʻlak orqali kirishi (chiqishi) hamda oʻn besh kun muddatgacha Markaz hududida boʻlishi tartibi joriy etiladi;
savdo doʻkonlari, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish uchun moʻljallangan bino va inshootlarni olgan, shuningdek, shartnoma asosida ishlash, taʼlim muassasalarida oʻqish, bank filiallarida faoliyat yuritish, savdo-sotiq va boshqa faoliyat turi bilan shugʻullanish maqsadida tashrif buyurayotgan mamlakatda oʻn besh kundan ortiq muddat boʻlishni rejalashtirgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizasini rasmiylashtirgan holda kirib kelishlari talab etiladi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Markaz hududida:
sotib olingan tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish (Tax Free) qoidalari qoʻllanmaydi;
xarid qilingan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari toʻlangandan soʻng olib kiriladi. Bunda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmaydi;
joylashgan obyektlarni boshqarish, ekspluatatsiya qilish, ijaraga berish va sotish “Termez International Trade Centre” MChJ tomonidan amalga oshiriladi;
jamoat tartibini saqlash, sodir etilgan huquqbuzarliklar boʻyicha surishtiruv va tergov tadbirlarini oʻtkazish qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda “Surxon sanoat taʼminot” MChJning quyidagi takliflari maʼqullansin:
Markaz hududidagi bino va inshootlarni mulkiy majmua sifatida “Termez International Trade Centre” MChJga sotish;
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini belgilangan tartibda tugatish.
4. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va “Termez International Trade Centre” MChJning Surxondaryo viloyati hokimligiga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Termiz xalqaro savdo markazi obyektlari qurilishiga ajratilgan 20 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarini qaytarish majburiyatini “Termez International Trade Centre” MChJga oʻtkazish hamda kreditning toʻlov muddatini 2028-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
5. Markaz hududini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash hamda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga 129 ta, Bojxona qoʻmitasiga 62 ta, Ichki ishlar vazirligiga 67 ta shtat birligi ajratilsin.
Ajratilayotgan shtat birliklarini inobatga olgan holda Markaz hududida yangi bojxona posti tashkil etilsin.
Surxondaryo viloyati hokimligi “Termez International Trade Centre” MChJ bilan birgalikda bojxona postini Markaz hududida barpo etilgan binolarga joylashtirish choralarini koʻrsin.
Qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash uchun zarur mablagʻlar 2024-yilda tegishlicha Bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan, 2025-yildan boshlab umumiy tartibda Davlat budjetidan ajratilsin.
6. “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6109-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Ishchi guruh (A.N. Aripov):
har chorakda kamida bir marotaba “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqib, tezkor qarorlar qabul qilib borsin;
“Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishini doimiy nazorat qilib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3665-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev, Surxondaryo viloyati hokimi U.B. Qosimov belgilansin.
Qaror ijrosi boʻyicha masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-may,
PQ-176-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-maydagi PQ-176-son qaroriga 1-ILOVA
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-maydagi PQ-176-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3665-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “shtatlarining cheklangan soni” soʻzlari “roʻyxati” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlarining (mutaxassis, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) umumiy cheklangan shtatlar soni 4 684 nafar, shu jumladan, qoʻmita raisi oʻrinbosarlari soni 4 nafar etib belgilansin.
Bunda umumiy cheklangan shtatlar sonining 169 ta shtat birligi 2024-yil 1-sentabrda, 115 ta shtat birligi 2025-yil 1-sentabrda kiritiladi”;
3. 6-ilovada:
ilova nomidagi “cheklangan shtat birligi” soʻzlari “roʻyxati” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Shtat birligi soni” ustuni va “jami” pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
4. 7-ilovada:
“Shtat birligi soni” ustuni chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 31-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi 171-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi 172-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi 173-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi 174-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi 291-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
52-pozitsiya chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 581-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh:
2024-yil 1-sentabrga qadar “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona posti ikkinchi toifali bojxona posti sifatida faoliyat koʻrsatadi;
2024-yil 1-sentabrda “Qorasuv” chegara bojxona posti, 2025-yil 1-sentabrda “Keskanyor” va “Pushmon” chegara bojxona postlari tashkil etiladi”.
