Mamlakatning migratsiya siyosati yoʻnalishini yanada takomillashtirish masalalari haqida (KQ-717-IV-son)
23.04.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilgani natijasida mehnat migrantlariga qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-59-sonli Farmoni bilan mehnat migrantlarining yoʻl chiptasi, “ishchi viza”si, xorijiy til yoki kasb boʻyicha imtihon xarajatlarini qoplash, chet elda murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga koʻrsatilgan huquqiy yordam uchun haq toʻlash mexanizmlari joriy etildi.
Shuningdek, xorijdagi fuqarolar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shu jumladan hujjatlarni onlayn talab qilib olish boʻyicha konsullik yigʻimlari miqdorini davlat boji miqdoriga tenglashtirish hamda xorijda konsullik hisobida turish uchun toʻlanadigan badalni bekor qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur Farmonda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili Oliy Majlis Senatiga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot kiritib borishi belgilanib, mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan hokimlarning hisobotlarini eshitish doirasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinishi, Oliy Majlis Senati mahalliy Kengashlarning mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashishi tavsiya etilgan.
Shu bilan birga, bugungi kunda migratsiyaning jadal rivojlanishi sababli ushbu jarayonlarni tartibga solish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, ichki va tashqi migratsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan fuqarolar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarning mavjud emasligi, noqonuniy migratsiya holatlarining koʻpayib borayotganligi, xorijiy davlatlar ish beruvchilari tomonidan taklif etilayotgan ish oʻrinlari uchun ishga muhtoj fuqarolarga talab etilayotgan malaka hamda mutaxassislikning yetishmasligi shular jumlasidandir.
Mazkur holatlardan kelib chiqqan holda hamda migrantlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash, mamlakatning migratsiya siyosati yoʻnalishini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-59-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 29-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining migratsiya siyosati yoʻnalishida 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.
Yuqoridagilarga asosan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sh. Choʻlliyevning Oʻzbekiston Respublikasi migratsiya siyosati yoʻnalishini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mamlakatning migratsiya siyosati yoʻnalishini yanada takomillashtirish masalalari boʻyicha ishchi guruh 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
3. Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
migratsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish hamda migratsiya sohasidagi mavjud muammolarni oʻrganish;
Oʻzbekiston Respublikasining migratsiya siyosati yoʻnalishida 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasi doirasida erishilishi koʻzda tutilayotgan maqsadlarni aniqlash va ularga erishishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
strategiyani amalga oshirish, monitoring qilish va moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish hamda strategiyadan kutilayotgan natijalarni tahlil qilish;
strategiyani xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining migratsiya siyosati yoʻnalishida 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga:
hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid hisobotlarini eshitish doirasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlarni ham tanqidiy muhokama qilish;
mazkur sohaga masʼul boʻlgan mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda ularning faoliyatiga baho berish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi:
xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari tomonidan hududlarda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirish boʻyicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiqsin hamda ularning joylarga yetkazib berilishini taʼminlasin;
ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Mazkur Qaror ijrosini taʼminlash Ishchi guruh zimmasiga yuklansin.
8. Ishchi guruh (Sh. Choʻlliyev) ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha 2024-yilning 1-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashiga axborot taqdim etsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 23-aprel,
KQ-717-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 23-apreldagi KQ-717-IV-sonli Qaroriga 1-ILOVA
Mamlakatning migratsiya siyosati yoʻnalishini yanada takomillashtirish masalalari boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning oʻrniga lavozimlariga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 23-apreldagi KQ-717-IV-sonli Qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining migratsiya siyosati yoʻnalishida 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
