Delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarini va chet el delegatsiyalarini, davlat va siyosiy arboblarini qabul qilishni uyushtirish hamda shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni sarflash tartibi toʻgʻrisida (158-son)
23.03.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari va delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari hamda chet el delegatsiyalarini, davlat va siyosiy arboblarini qabul qilish bilan bogʻliq tadbirlarni uyushtirishda yagona yondashuvni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari va delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarini va chet el delegatsiyalarini, davlat va siyosiy arboblarini qabul qilishni uyushtirish hamda shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni sarflash tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, rahbarlar tashriflari va delegatsiyalarni, shuningdek ayrim shaxslarni qabul qilish xarajatlari smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-mart,
158-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 23-martdagi 158-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari va delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarini va chet el delegatsiyalarini, davlat va siyosiy arboblarini qabul qilishni uyushtirish hamda shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni sarflash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlariga va delegatsiyalarining tashriflari
1.1. Tashriflar — bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri yoki Oliy Majlisi Senati Raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hamda ular boshchilik qilgan delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlar rahbarlarining rasmiy taklifi bilan xorijiy davlatga borishlaridir.
1.2. Tashrifning hajmi deganda tashrif dasturiga kiruvchi amaliy va protokol tusidagi tadbirlarning jami nazarda tutiladi. Tomonlar davlat boshliqlari yoki delegatsiyalarning boʻlajak tashriflarining muddatlari, turi va shakli toʻgʻrisida oldindan kelishib oladilar. Xorijiy mamlakatda boʻlish dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan oldindan tuziladi hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritiladi.
1.3. Delegatsiya aʼzolari va hamrohlik qiluvchi shaxslarning xavfsizligini taʼminlash tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
1.4. Tashriflar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan esdalik sovgʻalari topshirilishi nazarda tutiladi hamda qabul marosimlari uyushtirilishi mumkin.
1.5. Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari va delegatsiyalarining tashriflarini tashkiliy taʼminlash tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ishlar boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi devoni va Oliy Majlisi Senati devoni tomonidan amalga oshiriladi. Protokol tadbirlarni tayyorlash va amalga oshirish uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklatiladi.
1.6. Oʻzbekiston Respublikasi rahbarlari va delegatsiyalarining tashriflarini uyushtirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar (shu jumladan, hukumat nomidan qabul marosimiga, qimmatli sovgʻalar, esdalik sovgʻalari va boshqalarga sarflangan xarajatlar) davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
