Energetika sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida
22.08.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4519-AZ-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlarning oʻz davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq holda va tenglik, oʻzaro foyda va hurmat prinsiplari asosida energetika sektorida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro ishonchidan kelib chiqib,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga amal qilib,
1996-yil 27-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga asoslanib,
energetika sohasida oʻzbek-ozarbayjon hamkorligi rivojlanishi Tomonlar davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishongan holda,
energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Maqsad
Mazkur Bitimning maqsadi Tomonlarning hukumatlararo hamkorligiga va xoʻjalik subyektlari hamkorligiga mazkur Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlarini amalga oshirishda koʻmak koʻrsatish hisoblanadi.
Tomonlar energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro manfaatlarni himoya qilishga asoslanadi va Tomonlar manfaatlariga zarar yetkazmasligi lozim.
2-modda
Hamkorlik sohalari
Tomonlar neft, gaz, elektr energetikasi sohalarida uzoq muddatli asosda quyidagi yoʻnalishlarda hukumatlararo hamkorlikni va xoʻjalik subyektlari hamkorligini rivojlantirishga harakat qiladilar:
Tomonlar davlatlarining hududida Tomonlarning xoʻjalik subyektlari tarafidan neft va gaz qazib olinishi;
Tomonlar davlatlari hududida, shuningdek, uchinchi mamlakatlar hududida kelishuvga binoan geologiya razvedka ishlarini amalga oshirish va uglevodorod qazib olish;
neft-kimyo va neftni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish;
treyding boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish;
Tomonlar davlatlari hududida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish;
elektr energiyasini ishlab chiqarish, transmissiya qilish va eksport qilish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish sohasida koʻmak koʻrsatish va tajriba almashish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida quvvati 1MVtdan kam boʻlgan energiya ishlab chiqarishni ommalashtirish;
energiya samaradorligiga ega texnologiyalarni qoʻllash sohasida tajriba oʻrganish;
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan hamkorlikning boshqa shakllari.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
ikki tomonlama maslahatlashuvlar;
maʼlumotlar, axborotlar, ekspertlik fikrlari, tajriba, amaliy va ilmiy bilimlar bilan almashinuv;
xalqaro energetik forumlarda pozitsiyalarni muvofiqlashtirish;
Tomonlar davlatlarining ilmiy-amaliy tashkilotlari, texnologik markazlari va sanoat korxonalari oʻrtasida sheriklik aloqalarini rivojlantirish;
trening, kvalifikatsiya va oʻqitish maqsadida mutaxassislar bilan almashish;
oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish;
Tomonlar oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan hamkorlikning boshqa har qanday shakllari.
Tomonlar oʻrtasida oʻzaro qiziqish boʻlgan hollarda hamkorlikning shakllari va metodlari hamda moliyaviy majburiyat shartlari toʻgʻrisida alohida shartnomalar tuzilishi mumkin.
4-modda
Qoʻshma ishchi guruh
Mazkur Bitimning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish Qoʻshma ishchi guruh tarafidan amalga oshiriladi.
Tomonlar Qoʻshma ishchi guruh tarkibini mazkur Bitim kuchga kirganidan soʻng 30 kunlik muddatda diplomatik kanallar orqali ishchi guruh tarkibini almashish orqali kelishib oladilar.
Qoʻshma ishchi guruh faoliyatiga hamkorlik yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda Tomonlar davlatlari manfaatdor idoralari va tashkilotlari vakillari jalb qilinishi mumkin.
Qoʻshma ishchi guruh yigʻilishlari Tomonlar kelishuviga koʻra bevosita va videokonferensiya shaklida oʻtkazilishi mumkin.
Yigʻilishlarning sanasi, joyi, kun tartibi va formati Tomonlar tarafidan oldindan kelishib olinadi.
Qoʻshma ishchi guruh yigʻilishlarining har biri yakuni boʻyicha bayonnoma tuziladi.
5-modda
Moliyalashtirish
Har bir Tomon mazkur Bitimning qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq barcha sarf-xarajatlarni, basharti Tomonlar boshqacha kelishmagan boʻlsalar, mustaqil ravishda qoplaydi.
6-modda
Kelishmovchiliklarni hal qilish
Mazkur Bitimning talqin etilishi va (yoki) qoʻllanilishi yuzasidan har qanday kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
7-modda
Boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar
Mazkur Bitim Tomonlarning ularning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Oʻzgartirishlar
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan, mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 9-moddasiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Yakuniy qoida
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan kundan olti oy oʻtgach amal qilish muddati tugatiladi.
Mazkur Bitimning tugatilishi uning amal qilishi muddati davomida boshlangan va uning amal qilishi tugatilishi vaqtida tugallanmagan loyihalar boʻyicha Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Boku shahrida 2023-yil 22-avgustda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
