Shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi bitimning ijro bayonnomasi
11.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4528-CZ-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar” va alohida “Tomon” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni (keyingi oʻrinlarda “Bitim” deb ataluvchi) Bitimning 15-moddasiga muvofiq tartibga solishda oʻzaro xohishlarini ifoda etib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Readmissiya arizasi
1. Readmissiya toʻgʻrisida ariza Bitimning 5-moddasiga muvofiq mazkur Bayonnomaning 1-ilovasida koʻrsatilgan shaklda tuziladi.
2. Readmissiya toʻgʻrisidagi ariza va unga javob faksimil orqali oldindan yuboriladi.
3. Agar Bitimning 6-moddasi 4-bandiga muvofiq suhbatlashish zarurati boʻlsa, suhbat toʻgʻrisidagi soʻrov readmissiya toʻgʻrisidagi arizaning F-qismida koʻrsatiladi.
4. Arizaga Bitimning 6-moddasiga muvofiq Soʻrayotgan Tomon davlatining fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi yoki Bitimning 7-moddasiga muvofiq uchinchi davlat fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning readmissiyasi shartlar mavjudligi toʻgʻrisidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.
5. Tomonlar Bitim va mazkur Bayonnoma kuchga kirganidan 30 kundan kechiktirmasdan Bitimning 1-ilovasida sanab oʻtilgan hujjatlarning namunaviy shakllarini, shuningdek, Bitimning 3-moddasi 3-bandiga muvofiq yoʻl hujjatining namunaviy shaklini almashadilar.
Mazkur bandda koʻrsatilgan hujjatlarda oʻzgartirishlar boʻlgan taqdirda, Tomonlar darhol bir-birlarini xabardor qiladilar va hujjatlarning yangi shakllarini yuboradilar.
2-modda
Kuzatib boriladigan topshirish
Agar readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsni topshirish kuzatib boruvchi bilan taʼminlanadigan boʻlsa, ushbu shaxsni topshirish toʻgʻrisidagi hujjat mazkur Bayonnomaning 2-ilovasida koʻrsatilgan shaklda ikki nusxada tuziladi.
3-modda
Tranzit uchun ariza
1. Bitimning 12-moddasiga muvofiq tranzit qilish uchun ariza mazkur Bayonnomaning 3-ilovasida koʻrsatilgan shaklda rasmiylashtiriladi.
2. Tranzit qilish uchun ariza va unga javob faksimil orqali oldindan yuboriladi.
4-modda
Vakolatli organlar
1. Tomonlarning Bitim va mazkur Bayonnoma qoidalari bajarilishi uchun vakolatli organlari:
Oʻzbekiston tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Chexiya Respublikasi tomondan:
Chexiya Respublikasi Politsiyasi;
Politsiya xizmatining chet elliklar boʻyicha boshqarmasi.
2. Mazkur Bayonnoma kuchga kirgandan soʻng, Tomonlar mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan vakolatli organlarning yuridik manzillari, elektron pochta manzillari, telefon raqamlari va faksimil raqamlari bilan almashadilar.
Aloqa maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, bir Tomon bu haqida boshqa Tomonni darhol xabardor qiladi va unga yangi aloqa maʼlumotlarini yuboradi.
5-modda
Chegarani kesib oʻtish punktlari
1. Bitimni va mazkur Bayonnomani amalga oshirish uchun quyidagi chegaradan oʻtish punktlari qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport;
Chexiya Respublikasi uchun:
Praga shahridagi Valav Havel nomidagi aeroport.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan chegara oʻtish punktlarining roʻyxati oʻzgargan hollarda, bir Tomon bu haqida boshqa Tomonni darhol xabardor qiladi.
3. Agar readmissiya yoki tranzit qilinishi lozim boʻlgan shaxsni havo yoʻllari orqali oʻtkazishning iloji boʻlmasa, Tomonlarning vakolatli organlari har bir muayyan holatda, Soʻrayotgan Tomon davlatining chegarasi orqali oʻtkazish punktida bu shaxsni topshirish uchun kelishib oladilar.
6-modda
Xarajatlarni qoplash
1. Soʻrayotgan Tomon hisobni olgandan keyin 30 kalendar kundan kechiktirmay Soʻralayotgan Tomonning hisobiga bank oʻtkazmasi orqali Bitimning 13-moddasiga muvofiq barcha xarajatlarni Soʻralayotgan Tomonga toʻlab beradi. Yuqorida koʻrsatilgan xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) tashish;
ovqatlanish
3) yashash joyi;
4) shoshilinch tibbiy xizmat;
5) agar talab qilinsa tarjimon bilan taʼminlash;
6) Tomonlarning vakolatli organlari bilan oldindan kelishilgan boshqa xarajatlar.
2. Mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq qoplanadigan xarajatlar miqdori Soʻralayotgan Tomon davlatining qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi va haqiqiy xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar asosida belgilanadi.
3. Transport xarajatlari — xizmat koʻrsatish transporti yoki jamoat transportidan foydalanish xarajatlari; Taksidan foydalanish xarajatlari bundan istisno qilinadi. Boshqa fundamental xarajatlar maksimal samaradorlik prinsipiga asoslangan faqat oqilona xarajatlarni oʻz ichiga olishi kerak.
4. Soʻralayotgan Tomon mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq oldingi kalendar oyi davomida xarajatlarni qoplash uchun hisobni taqdim etishi shart.
5. Xarajatlarni qoplash uchun schyot-fakturaga haqiqiy xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
6. Mazkur moddaning 1-bandidagi qoidalar kuzatuvchilik qilayotgan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
7-modda
Tillar
Bitim va mazkur Bayonnomani amalga oshirish uchun Tomonlarning vakolatli organlari ingliz yoki rus tillaridan foydalanadilar.
8-modda
Nizolarni hal qilish
Mazkur Bayonnoma qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq nizolar Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
9-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan mazkur Bayonnomaga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
10-modda
Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bayonnoma Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bayonnoma Bitim tugatilishi bilan amal qilishi tugatiladi.
Praga shahrida 2023-yil 11-oktabrda ikki asl nusxada oʻzbek, chex, rus va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
