“Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (387-son)
08.11.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kunini belgilash toʻgʻrisida” 2001-yil 1-maydagi PF-2837-son Farmoniga muvofiq, mustabid tuzum yillarida qatagʻon etilgan fidoiy vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi, “Shaxidlar xotirasi” xayriya jamgʻarmasining Fanlar akademiyasi tarkibida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qatagʻonchilik siyosatining paydo boʻlishi sabablari va oqibatlarini tadqiq etish va uni mamlakatimiz tarixining tarkibiy qismi sifatida aks ettirish;
mamlakatimiz fuqarolarini va ayniqsa yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoiy ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash;
qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bogʻliq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish va targʻib etish;
qatagʻon qurbonlarining hayoti va faoliyatini oʻrganish, ilmiy-ijodiy merosini toʻplash, nashrga tayyorlash va chop etish;
muzey fondlari va ekspozitsiyalarini mamlakatimiz hamda xorijdagi turli hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borish.
3. “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 12 nafar etib belgilansin. Tuzilma va shtatlar roʻyxatini muzey direktori Fanlar akademiyasi Prezidenti bilan kelishgan holda tasdiqlashi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki hafta muddatda “Qatagʻon qurbonlari muzeyi” toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Toshkent shahar hokimligi muzey binosini mol-mulki va moddiy boyliklari bilan birga belgilangan tartibda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi balansiga oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy yilda muzeyni saqlash va uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar uchun zarur mablagʻlar ajratsin va 2003-yildan boshlab belgilangan tartibda muzeyni saqlash xarajatlari hamda bitta yengil avtotransport sotib olish uchun tegishli mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi belgilangan tartibda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyida bitta hukumat telefoni oʻrnatilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning, bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 8-noyabr,
387-son
