Yoʻlovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1305-son)
30.01.2004
Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 30-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1305]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son”Oʻzbekiston Respublikasida Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda Avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida, buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan “Yoʻlovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining boshligʻi A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 6-dekabr,
158-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2003-yil 6-dekabrdagi 158-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan
Yoʻlovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari toʻgʻrisida
NIZOM
Yoʻlovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari toʻgʻrisidagi mazkur Nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb yuritiladi)Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son “Oʻzbekiston Respublikasida Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Mazkur Nizom avtovokzallar va avtostansiyalarning toifalar va darajalarga ajratish tartibini, shuningdek ularning funksiyalari va faoliyatining texnologik jarayonini belgilaydi.
I Bob. Asosiy tushunchalar
1. Mazkur Nizomda “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarida belgilangan tushunchalar va atamalar bilan birgalikda quyidagi tushunchalar va atamalar qoʻllaniladi:
avtovokzal (avtostansiya) — transport-ekspeditsiya, tashish faoliyatini amalga oshiradigan va yoʻlovchilarga boshqa xizmatlar koʻrsatadigan tashkilot;
kassa punkti — yoʻlkira chiptalari sotish va yoʻlovchilarga maʼlumotnoma-axborot xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan inshoot;
avtotransport vositalarini joʻnatish — avtotransport vositalarini yoʻlovchilari bilan belgilangan yoʻnalish boʻyicha avtovokzal, avtostansiyadan yoʻnalishga joʻnatish;
kassa zali — zarur kassa apparatlari (kompyuterlar) va axborot-maʼlumotnomalar berish uskunalari bilan jihozlangan, yoʻlovchilarga chipta sotadigan kassirlar ish faoliyati uchun moʻljallangan xona;
yoʻlovchilar oqimi — vaqt birligida muayyan yoʻnalishda haqiqatda tashiladigan yoʻlovchilar soni;
avtovokzal, avtostansiyaning oʻtkazish imkoniyati — mavjud texnik jihozlanganligi va amaldagi texnologik ish jarayonida bir sutkada avtovokzal, avtostansiya joʻnatishi mumkin boʻlgan avtotransport vositalarining eng koʻp soni;
perron — avtobuslarni qabul qilish va joʻnatish, yoʻlovchilarni avtobusga xavfsiz chiqarish va undan tushirish uchun moʻljallangan inshoot;
perron (chipta) nazoratchisi — avtotransport vositalarining ekipirovkasi va sanitariya holatini, yoʻnalish hujjatlari va chiptalarning holati va mavjudligini, avtotransport vositalarining harakatlanish jadvaliga muvofiq joʻnatilishini tekshirish huquqiga ega shaxs;
yoʻlovchilarning bir vaqtdagi sigʻimi — avtovokzal va avtostansiyalarda joʻnatilayotgan va kelayotgan hamda bir vaqtning oʻzida yoʻlovchilar kutish zallarida va yoʻlovchilar xonalarida sigʻdiriladigan yoʻlovchilar soni.
II Bob. Avtovokzal, avtostansiyani tashkil qilish
2. Avtovokzalla, avtostansiyalar shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil qatnovi yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashish harakatini tezkor boshqarish maqsadida, shaharlarda, aholi yashash joylarida va avtomobil trassalarida, yoʻlovchilar toʻplanadigan manzillar va oxirgi bekatlarda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish uchun tashkil etiladi.
3. Har bir avtovokzal va avtostansiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan oʻz pasportiga ega boʻlishi kerak.
III Bob. Avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslari
6. Avtovokzal, avtostansiya tuzilmasi (kategoriyasi va klassi hisobga olingan holda) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) yoʻlovchilar kutish uchun moʻljallangan binolar va xonalar, kassa zali (chipta kassalari), bolali yoʻlovchilarga moʻljallangan xonalar, haydovchilar va yoʻlovchilarning uzoq vaqt dam olishiga moʻljallangan xonalar (mehmonxona), maʼmuriyat xonasi, qoʻl yukini saqlash xonalari, militsiyaning xizmat xonalari, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash uchun monitor orqali kuzatish uchun texnologik anjomlar oʻrnatilgan xizmat xonalari, madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena maqsadidagi xonalar (avtovokzallarda);
Yoʻlovchilar va ishlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida avtovokzallar va avtostansiyalarda videokuzatish kameralari (yoʻlovchilarning kutish zallarida, chipta kassalarida hamda yoʻlovchilar koʻp toʻplanadigan boshqa joylarda) oʻrnatiladi, avtovokzallarga kirish joylarida yoʻlovchilar va ularning bagajini tekshirish uchun turgʻun metall detektorlar bilan jihozlangan tekshirish postlari tashkil etiladi;
b) yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar oʻrtasida avtotransport vositalari toʻxtab turadigan maydonchalar, texnik koʻrikdan oʻtkazish (avtovokzallarda) va avtotransport vositalari salonlarini tozalash postlari;
v) shahar transporti, shu jumladan taksi sifatida ishlatiladigan avtomobillar kirib kelishi va turishi uchun (avtovokzallarda) moʻljallangan avtovokzal oldi maydoni;
g) avtovokzal, avtostansiya hududi boʻylab va chiqarish (tushirish) perronlarida nogironlar aravachalari uchun moʻljallangan shohobcha yoʻllar, nogironlarni aravachalari bilan chiqarish va tushirish uchun jihozlangan joylar.
7. Quyidagilar avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash mezonlari hisoblanadi:
a) yoʻlovchilarning aynan bir vaqtdagi sigʻimi — kishi;
b) avtotransport vositalarining bir sutkadagi joʻnab ketishlari soni;
v) binolar, inshootlar, ishlab chiqarish hududlari, texnologik anjomlarning mavjudligi.
Avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash mezonlari mazkur Nizomga 4-ilovada keltirilgan.
IV Bob. Avtovokzallar, avtostansiyalarning funksiyalari va vazifalari
8. Quyidagilar avtovokzallar, avtostansiyalarning asosiy funksiyalari hisoblanadi:
a) dispetcherlik rahbarligi, har bir avtotransport vositasining sigʻimidan samarali foydalanishni hisobga olgan, yoʻlovchilar tashish xavfsizligi normalari va qoidalariga rioya qilgan holda avtovokzal, avtostansiya boʻyicha avtotransport vositalarining harakatlanish jadvaliga rioya qilinishini tashkil etish va taʼminlash, yoʻlovchilarni tashish xavfsizligi meʼyorlari va qoidalariga rioya etish, avtotransport vositalari harakatini tartibga solish, yoʻl varaqalari va dispetcherlik hujjatlarini rasmiylashtirish, harakatlanadigan tarkibni jihozlash va uni zarur sanitariya holatiga keltirish, yoʻlovchilarda chiptalar boʻlishini hamda yoʻlkira va bagaj uchun toʻgʻri haq toʻlanishini taʼminlash;
b) yoʻlovchilarni avtovokzallar, avtostansiyalardan foydalanish va avtotransport vositasida safar (sayohat) bilan bogʻliq masalalar yuzasidan oʻz vaqtida va toʻgʻri xabardor qilish, aholini yangi ochilayotgan yoʻnalishlar, avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidagi oʻzgarishlar, aholiga koʻrsatiladigan yangi xizmat turlaridan xabardor qilish (mahalliy matbuot, radio, televideniye va hokazolar orqali), shahar (aholi yashash punkti) korxonalari va muassasalari boʻyicha avtotransport vositalari harakatining reklama jadvallarini tarqatish, avtovokzallar, avtostansiyalarni joʻnatilayotgan avtotransport vositalaridagi boʻsh va boʻshayotgan oʻrinlar, yoʻldagi sharoitlarning oʻzgarishi va avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidan chetga chiqishlar toʻgʻrisida oʻzaro xabardor qilish;
v) yoʻlkira chiptalari sotilganligi va bagaj tashilganligi uchun yigʻimlar toʻplash, reysga qatnaydigan avtotransport vositalarida pochta joʻnatmalarini qabul qilib olish va joʻnatish, bagajni yoʻlovchilardan alohida tashish uchun qabul qilib olish va rasmiylashtirish (yuk va bagaj avtomobillari harakati tashkil etilgan yoʻnalishlarda), sotilgan chiptalar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun tashuvchilar bilan oʻzaro hisob-kitob qilish (shu jumladan chiptalarni oldindan sotish, chiptalarni uyga yetkazib berish, bagajni saqlash xizmatlari);
g) yoʻlovchilarga maishiy xizmat koʻrsatish, yoʻlovchilar avtovokzal, avtostansiyada boʻlgan davrda ularning maishiy ehtiyojlarini qondirish maqsadidagi tadbirlarni amalga oshirish, madaniy-maishiy va yoʻlovchilarga sanitariya-gigiyena xizmati koʻrsatishga moʻljallangan binolarda xizmat koʻrsatish madaniyati yuksak darajada boʻlishini taʼminlash;
d) haydovchilar uchun maishiy sharoitlar yaratish va ularning dam olishini tashkil etish, kafe, bufet, sartaroshxona, dushxonalar xizmatini tashkil etish; dam olish uchun mebellar bilan jihozlangan xonalar taqdim etish (ishda 4 soatdan kam reyslararo tanaffusga ega boʻlgan haydovchilar uchun), avtovokzal, avtostansiya qoshida uzoq vaqt dam olish uchun xona berish (ishda 4 soatdan ortiq tanaffus qiladigan va dam olish bilan ishlash rejimli haydovchilar uchun);
e) harakat xavfsizligini taʼminlaydigan uzellar va agregatlarni tekshirish uchun avtotransport vositalarini reyslar oʻrtasida texnik koʻrikdan oʻtkazish postini tashkil etish; avtotransport vositalari salonlarini tozalash; avtotransport vositalarini qoʻriqlash; haydovchilarni reysdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish;
j) tashishlar hisobini yuritish va ularni oʻrganish, yoʻlovchilar oqimini oʻrganish, xizmat koʻrsatiladigan yoʻnalishlarda avtotransport vositalari ishini yaxshilash masalalari boʻyicha yoʻlovchilarning takliflarini toʻplash, hisobga olish va tahlil qilish, shu asosda tegishli organlarga yangi yoʻnalishlar ochish, harakat jadvalini oʻzgartirish, u yoki bu yoʻnalishda reyslar sonini koʻpaytirish, avtotransport vositasining turi yoki rusumini oʻzgartirish, tranzit avtotransport vositalarining toʻxtab turish vaqtini qisqartirish yoki koʻpaytirish, reysni bajarish uchun vaqtni qisqartirish yoki koʻpaytirish, yoʻnalishga chiqmaslik, kechikib chiqishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish, yoʻnalishlar va reyslar boʻyicha yoʻlovchilarning toʻldirilishini tahlil qilish va hokazolar;
z) inshootlar, perronlarni oʻz vaqtida va sifatli taʼmirlash boʻyicha kompleks tadbirlarni bajarish, vokzal oldidagi hududni obodonlashtirish ishlari bajarilishi, yongʻinga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, avtovokzal, avtostansiyani saqlashning sanitariya shart-sharoitlarini taʼminlash.
9. Avtovokzallar, avtostansiyalar va tashuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnomalar asosida quriladi. Bunda chiptalar sotilganligi va xizmat koʻrsatilganligi uchun tashuvchilar tomonidan avtovokzallar, avtostansiyalarga ajratmalar miqdori avtovokzal, avtostansiyaning rentabelligidan kelib chiqib, tashkiliy-huquqiy shakli va mansubligidan qatʼi nazar, tashuvchilar uchun bir xil miqdorda belgilanishi kerak.
10. Chiptalar sotilganligi va xizmat koʻrsatilganligi uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilish (avtotransport vositasi reysga joʻnatilgandan keyin 3 kun mobaynida) avtovokzal, avtostansiyaning majburiyatlaridan biri hisoblanadi.
V Bob. avtovokzallar, avtostansiyalarning tuzilmasi, shtatlari
11. Avtovokzallar, avtostansiyalarning tuzilmasi va shtatlari avtovokzalning kategoriyasiga va/yoki avtostansiyaning klassiga qarab belgilanadi.
Avtovokzallar, avtostansiyalar xodimlari nomenklaturasi va lavozimlar soni rahbar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Har bir xodim uchun lavozim yoʻriqnomalari avtovokzal, avtostansiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
12. Avtomobil harakati va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq operatsiyalarni bevosita bajaruvchi xodimlar stansiyaning navbatchi smenasi tarkibiga kiradi.
13. Avtovokzallar, avtostansiyalar xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida xodimning shaxsini tasdiqlovchi koʻkrak nishoniga ega boʻlishi kerak.
Koʻkrak nishonining tavsifi va namunasi 5-ilovada keltirilgan.
VI Bob. Avtovokzallar, avtostansiyalarning ish rejimi va texnologik jarayoni
14. Avtovokzallar, avtostansiyalar uchun ish kunining boshlanish va tamom boʻlish vaqti avtobuslarning harakatlanish jadvalidan kelib chiqqan xolda avtovokzallar, avtostansiyalar rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.
15. Kecha-kunduz ishlamaydigan avtostansiyalar binosi yoʻlovchilar kirishi uchun birinchi avtotransport vositasi joʻnab ketishidan (kelishidan) kamida 30 daqiqa oldin ochiq boʻlishi va harakatlanishning sutkalik jadvali boʻyicha oxirgi avtotransport vositasi kelgandan (yoki joʻnab ketgandan) keyin kamida 30 daqiqadan soʻng yopilishi kerak.
Avtovokzal, avtostansiyada uzoq vaqt dam olinadigan xonalar mavjud boʻlgan taqdirda, avtovokzal, avtostansiya ishining umumiy rejimidan qatʼi nazar, ularga kecha-kunduz kirish taʼminlanadi.
16. Tushki tanaffus paytida yoki xonalarni tozalash uchun avtovokzal, avtostansiyaning yopib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Kutish zali, ona va bola xonasi va tibbiyot punkti avtovokzal, avtostansiyaning belgilangan butun ish kuni mobaynida yoʻlovchilar uchun ochiq boʻlishi kerak.
17. Chiptalar joriy tarzda sotiladigan kassalarning ish vaqti avtovokzal, avtostansiyaning ish rejimiga muvofiq belgilanadi. Bu avtotransport vositalarining harakatlanish jadvali bilan belgilanadi va chiptalarning barcha reyslarga oʻz vaqtida va toʻliq sotilishini taʼminlashi kerak.
18. Chiptalarni oldindan sotish kassalarining ish rejimi yoʻlovchilarga qulay boʻlishi hisobga olinib va avtotransport vositalarining harakatlanish jadvali bilan moslashtirilmasdan, mahalliy sharoitlardan kelib chiqib belgilanadi.
19. Navbatchilik qiladigan hamda hisobotlarni qabul qilish, tushumni inkassatsiya qilish bilan bogʻliq xodimlarning ish vaqti va dam olish kunlari avtovokzal, avtostansiya ishining texnologik jarayoni asosida rejalashtiriladi.
Avtovokzal, avtostansiya rahbari, uning oʻrinbosari va katta dispetcherning ish kuni tartibi avtotransport vositalari harakatining jadalligiga va yoʻlovchilar oqimining oʻzgarib turishiga qarab mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tabaqalashtirilishi mumkin.
20. Avtovokzal, avtostansiya ishining texnologik jarayoni avtovokzal, avtostansiya xizmatlari ishining oqilona tashkil etilishi hamda bir sutkada avtobuslarni qabul qilish va joʻnatish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha bajariladigan operatsiyalarning oʻzaro aloqasi va izchilligi asosida quriladi.
21. Avtovokzal, avtostansiyaning harakat sxemasi boʻyicha avtobuslarning stansiya hududiga kirishi, unda harakatlanishi va undan chiqishi belgilanadi.
Harakat sxemasini ishlab chiqishda quyidagilarni nazarda tutish zarur;
a) chiqish va kirishda oʻng tomonga burilishlarni qoʻllash;
b) harakatning har bir yoʻnalishi uchun avtotransport vositalarining atrofdagi koʻchalardan qayrilib kelish manzillari;
v) avtotransport vositalarining yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish platformalariga oʻng tomoni bilan (harakat boʻyicha) qoʻyish;
g) avtotransport vositalari berilishi va joʻnab ketishida eng kam manevr qilish;
d) avtotransport vositalari harakati yoʻllarining yoʻlovchilar oqimi yoʻli bilan kesishmasligi.
22. Yoʻlovchilar harakati sxemasini oʻzida aks ettirgan avtovokzal, avtostansiya chizmasi quyidagilarning joylashishini qayd etishi lozim:
a) xizmat binolari, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadigan binolar va yordamchi binolar, ularning vazifasi va tartib raqami;
b) kirish va chiqish eshiklari va ularning vazifasi;
v) yoʻlovchilarga maʼlumot beradigan asosiy elementlar (avtotransport vositalarining joʻnash va kelish jadvallari, chiptalar narxi jadvali, shaharlararo qatnov yoʻnalishlari sxemasi).
23. Stansiya hududi chizmasida, mavjud inshootlar va binolardan tashqari, quyidagilar belgilanadi:
a) avtotransport vositalari kirishi va chiqishi yoʻnalishlari hamda yoʻlovchilarning shaharga chiqishi yoʻnalishlari koʻrsatkichlarini joylashtirish punktlari;
b) avtotransport vositalarining reyslar oraligʻida toʻxtab turishi uchun belgilangan joylar (postlar)ning konturlari;
v) yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish uchun avtotransport vositalarining toʻxtash joylari (postlar) tartib raqami bilan belgilangan xolda platformalar (perronlar)ning vazifasiga koʻra (kelish, joʻnash, tranzit) ixtisoslashtirilishi;
g) avtotransport vositalarini yuvish uchun zaxira postlar va ular majburiy texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan punktlar konturlari;
d) yengil taksilar va boshqa avtomobillar toʻxtab turish joylari konturlari va koʻrsatkichlari.
Avtovokzal, avtostansiyaning asosiy kirish joyiga tutashib ketgan stansiya zonasining bir qismi, qoidaga koʻra, avtotransport vositalari toʻxtashi uchun moʻljallanmaydi.
24. Texnologik jarayonga stansiya xizmatlarining ish jadvali kiritiladi. Unda smena tarkibida navbatchilik qilayotgan har bir xodim uchun ish va tanaffus soatlari belgilanadi.
Ichki va tashqi dispetcherlik aloqasi vositalari sxemasi avtovokzal, avtostansiyada mavjud boʻlgan aloqa vositalari va signalizatsiyaning (telefonlar, teletayp, radiostansiya, selektor aloqasi va hokazolar) haqiqatda joylashganligini va ularning ish vaqtini belgilaydi.
Axborot va xabar berish sxemasi avtovokzal, avtostansiya hamda avtostansiyalar oʻrtasidagi avtomobil yoʻllarida iqlim va yoʻl sharoitlari toʻgʻrisida tezkor va shoshilinch maʼlumotlar berish tartibi, vaqti va ularning vazifalarini belgilab beradi.
Favqulodda vaziyatlarda va yongʻin paytida yoʻlovchilar va avtovokzal, avtostansiya xodimlarini evakuatsiya qilish rejasi odamlar va moddiy boyliklarni avtovokzallar, avtostansiyalar binolaridan evakuatsiya qilish yoʻllari va tartibini belgilab beradi.
25. Avtovokzallar, avtostansiyalar ishining texnologik jarayoni quyidagilarni tavsiflaydi:
a) harakatni tashkil etish va yoʻlovchilarga madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish;
b) axborot xizmatini tashkil etish;
v) chipta sotilishini tashkil etish;
g) yoʻlovchilarning bagaji, qoʻl yuki saqlanishini tashkil etish;
d) dispetcherlik xizmatini tashkil etish;
e) avtovokzal, avtostansiyani saqlash.
26. Avtovokzal, avtostansiya ishining texnologik jarayoni tartibiga quyidagilar ilova qilinadi:
a) har bir platforma boʻyicha avtotransport vositalarining kelishi va joʻnashi jadvali;
b) yoʻnalishlar roʻyxati, yil davrlari boʻyicha avtotransport vositalarining dispetcherlik harakati jadvali;
v) barchaning eʼtibori uchun osib qoʻyiladigan avtotransport vositalari kelishi va joʻnashining stansiya boʻyicha jadvali.
VII Bob. Avtotransport vositalari harakatini tashkil etish va yoʻlovchilarga madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish
27. Yoʻlovchilarning avtovokzal, avtostansiya hududi boʻylab harakat qilish yoʻli eng qisqa boʻlishi, yoʻlovchilar oqimi kesishmasligi hamda shaharlararo va shahar atrofi yoʻnalishlari uchun alohida boʻlishi zarur.
Yoʻlovchilarning joʻnash platformasi tomon harakatining maqbul yoʻnalishi binodan avtotransport vositasiga oʻtishning toʻliq xavfsizligi taʼminlanishini nazarda tutishi kerak.
28. Kutish zali avtotransport vositalari kelishi va joʻnashini kutayotgan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan, qulay mebel bilan jihozlangan, ventilatsiya bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
29. Ona va bola xonasi kichik yoshdagi bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yoʻlovchilar va homilador ayollarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Ona va bola xonasini jihozlash gigiyena talablariga javob berishi kerak.
Kichik yoshdagi bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yoʻlovchilar chipta bilan ona va bola xonasi navbatchisi orqali navbatdan tashqari taʼminlanadilar.
30. Haydovchilar uzoq dam olishi uchun moʻljallangan xonalar, shuningdek, yoʻlkira hujjatlari va pasport koʻrsatilgan taqdirda toʻlov evaziga tranzit yoʻlovchilarga ham taqdim etilishi mumkin.
VIII Bob. Avtovokzallar, avtostansiyalarning axborot xizmatini tashkil etish
31. Axborot ishlari yoʻlovchilarning avtotransport vositalari qatnoviga tegishli masalalardan tezkor va aniq xabardor boʻlishini nazarda tutadi.
32. Yoʻlovchilarga axborot berish quyidagilar orqali amalga oshirilishi mumkin:
a) avtovokzal, avtostansiya binosiga sxemalar, jadvallar, telemaʼlumotlar koʻrinishida joylashtirilgan maʼlumotnomalar vositasida;
b) ikki tomonlama aloqa orqali savollarga javob berish (radio, maʼlumotnoma);
v) avtomatik maʼlumotlar berish qurilmasi;
g) shahar telefon tarmogʻi orqali maʼlumotlar berish;
d) stansiyaning radiouzatish tarmogʻi orqali eʼlon berish;
e) yoʻlovchilarning savollariga xodimlarning shaxsan javob berishi (maʼlumotnoma byurosi).
Barcha maʼlumotlar yoʻlovchilarga bepul maʼlum qilinadi.
33. Yoʻlovchilarning xodimlarga murojaat qilmasdan turib zarur axborotni mustaqil ravishda olishiga imkoniyat yaratish bunday maʼlumotlar berishning maqsadi hisoblanadi.
Quyidagilar bunday maʼlumotlar berishning asosiy elementlari hisoblanadi:
a) mazkur avtovokzal, avtostansiya tomonidan xizmat koʻrsatiladigan avtotransport qatnov yoʻnalishlari sxemasi va avtotransport vositalari salonlaridagi oʻrindiqlarning tartib raqami;
b) platformalar va postlar koʻrsatilgan holda avtotransport vositalarining joʻnashi va kelishi jadvali;
v) yoʻlovchilarning yoʻlkira va bagaj tashish narxi jadvali;
g) Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalaridan koʻchirmalar hamda beriladigan imtiyozlar roʻyxati;
d) chipta kassalari va boshqa xizmatlarning ishi, avtobuslar joʻnaydigan va keladigan platformalarga chiqish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan koʻrsatkichlar va jadvallar.
34. Sxemalar, jadvallar va koʻrsatkichlarni yoʻlovchilarda paydo boʻlishi ehtimoli katta boʻlgan savollarga tatbiqan ularning avtovokzal, avtostansiyada harakatlanishlari yoʻnalishlarini hisobga olgan holda joylashtirish zarur.
35. Maʼlumotnoma byurosi zarur qoʻllanmalar va maʼlumot berish uchun zarur materiallar bilan taʼminlanishi zarur.
36. Radioretranslatsiya tarmogʻi orqali quyidagi masalalar boʻyicha yoʻlovchilarga axborot muntazam ravishda berib boriladi:
a) avtobuslarning kelishi;
b) avtobusga chiqarish boshlanishi vaqti (15 va 10 daqiqa oldin) va avtotransport vositalarining reysga joʻnashi toʻgʻrisida 5 va 3 daqiqa oldin;
v) avtotransport vositalarining qoʻshimcha reyslari qoʻyilishi va ularga chiptalar sotish;
g) tranzit avtotransport vositalarining toʻxtab turish vaqtlarining oʻzgarishi;
d) avtotransport vositalarida boʻsh joylar borligi.
Radioretranslatsiya tarmogʻi boʻyicha eʼlon berish navbatchi dispetcherga yuklanadi.
Radioeshittirish uchun jihozlangan xona mavjud boʻlgan taqdirda ushbu majburiyatlar suxandonga yuklatilishi mumkin. Bu holda dispetcherning xonasi suxandon bilan aloqa qilish uchun jihozlangan va translatsiya tarmogʻiga ulanish uchun alohida mikrofonga ega boʻlishi kerak.
37. Transport harakati va chipta kassalarining ishlashi masalalaridan tashqari radioretranslatsiya tarmogʻidan katta yoshdagi yoʻlovchilar qarovisiz qolgan bolalar, yoʻlovchilar unutib qoldirgan ashyolar, topilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi va boshqa shu singari bir martalik eʼlonlar uchun foydalaniladi.
IX BOB. ChIPTA SOTILADIGAN KASSALAR IShINI TAShKIL ETISh
38. Chipta kassalari ishi joriy va oldindan chiptalar yoʻlovchilar uchun eng kam vaqt sarflangan holda sotilishini taʼminlashi kerak.
Chipta sotish kassirlari uchun ish joylarini tashkil etishda chipta sotish bilan bogʻliq operatsiyalarning davom etishi vaqtini qisqartirishga, kassirlarning mehnatini yengillashtirishga koʻmaklashadigan quyidagi shart-sharoitlar nazarda tutilishi kerak: ish oʻrnining yoritilganligi, uning qulay inventar va maxsus jihoz bilan taʼminlanganligi, maʼlumotnoma materiallar va qoʻllanmalar mavjudligi va ularni maqsadga muvofiq toʻgʻri joylashtirish.
39. Chipta kassalarining 2 guruhi tashkil etiladi:
a) chiptalarni oldindan sotish;
b) chiptalarni joriy sotish.
Oldindan chipta sotadigan kassalarni joriy chiptalar sotadigan kassalar bilan birga qoʻshish tavsiya etilmaydi.
40. Chiptalar joriy sotiladigan kassalarning ishi “yoʻnalishlar boʻyicha” va “barcha yoʻnalishlarga” usulida amalga oshirilishi mumkin.
41. Chipta sotishni markazlashtirish xizmat koʻrsatuvchi operatorning har bir kassa bilan toʻgʻridan toʻgʻri ikki tomonlama aloqasini taʼminlaydigan boshqaruv pulti boʻlishini talab etadi.
42. Operatorga quyidagilar yuklanadi:
a) chipta kassirlarining soʻroviga koʻra chipta sotilishi kerak boʻlgan avtotransport vositalaridagi joylarning tartib raqamlarini maʼlum qilish;
b) chiptalarni kassada sotish qaydnomalarini yuritish va rasmiylashtirish;
v) muayyan reysga oʻtirib ketiladigan barcha joylarga chipta sotilib boʻlgan, chipta sotishni toʻxtatish toʻgʻrisida hamda ushbu reysga chipta sotish tamom boʻlganda kassirga koʻrsatma berish.
43. “Yoʻnalishlar boʻyicha” kassalar ishi tashkil etilganda chiptalarning toʻliq sotilishini taʼminlash va kassa qaydnomalarini jadval boʻyicha reysga joʻnashdan 5 daqiqa oldin (shaharlararo va viloyatlararo yoʻnalishlar uchun) va avtotransport vositalari joʻnashi paytida (shahar atrofi va shaharlararo — viloyat hududidagi yoʻnalishlar uchun) rasmiylashtirish uchun kassalarga biriktirilgan reyslar oʻrtasidagi oraliqlar, ularning har biridan sotiladigan chiptalar soni (kassalarning chipta sotish qobiliyati) hisobga olinishi kerak.
X Bob. Bagaj va qoʻl yukini saqlash xonalari ishini tashkil etish
44. Xalqaro va shaharlararo yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi avtovokzallar, avtostansiyalarda qoʻl yuki va bagajni vaqtincha saqlash uchun toʻlov asosida saqlash xonalari tashkil etiladi.
Saqlash xonalari yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda va ish uchun zarur boʻlgan inventar va qoʻllanmalar bilan jihozlanadi.
45. Qoʻl yuki fuqarolardan ularda yoʻlkira chiptalari bor-yoʻqligidan qatʼi nazar qabul qilinadi.
Saqlash uchun qabul qilinayotgan buyumlarning oʻlchamlari avtotransport vositalarida tashish uchun yoʻl qoʻyiladigan oʻlchamlardan ortiq boʻlmasligi kerak. Buyumlar saqlash uchun har qanday oʻramda qabul qilinadi.
Qabul qilish paytida saqlovchi buyumlarning saqlanishini taʼminlash uchun oʻramning mustahkamligini tekshiradi.
Boshqa yoʻlovchilarning buyumlarini iflos qilishi yoki ularga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan hamda tez yonadigan, portlovchi, zaharlovchi, oʻtkir va badboʻy hidli moddalar qabul qilinmaydi.
46. Saqlash kamerasining ishi kameraga topshirilgan buyumning oʻrniga jeton yoki kvitansiya bergan holda tashkil etilishi mumkin.
XI Bob. Shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda band boʻlgan avtotransport vositalari ishini dispetcher orqali boshqarish
47. Quyidagilar avtovokzal, avtostansiya dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) avtotransport vositalari tomonidan harakatlanish jadvaliga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
b) avtovokzal, avtostansiyaga biriktirilgan yoʻl uchastkasi doirasida yoʻnalishda avtotransport vositalari harakatini nazorat qilish;
v) bir-biriga bogʻliq va yaqin avtovokzallar, avtostansiyalar va haydovchilarni harakat, meteorologik va yoʻl sharoitlari, avtotransport vositalarida boʻsh joylar borligi toʻgʻrisida xabardor qilish;
g) yoʻlovchilarni avtotransport vositalarining avtovokzal, avtostansiyaga kelishi, avtotransport vositalariga chiqarish boshlanishi va ularning joʻnash vaqti, avtotransport vositalarining reysdan kelishining kechikishi yoki qoʻshimcha reyslar joriy etilishi, avtotransport vositalarining turi yoki rusumi almashtirilishi toʻgʻrisida xabardor qilish;
d) yoʻl hujjatlarini rasmiylashtirish, shtamp-soatlar yordamida haydovchilarning yoʻl hujjatlarida jadvalning amalda bajarilishini qayd etish va dispetcherlik jurnali yuritish;
e) avtotransport vositalari harakatlanish jadvalida koʻrsatilgan vaqtdan chetga chiqqan hollarda ularning rejaga koʻra harakatlanishi muntazamliligini taʼminlashga doir tezkor chora-tadbirlar koʻrish.
48. Avtotransport vositasi haydovchisi avtovokzal, avtostansiyaga kelgandan keyin oʻzining kelganligi haqida dispetcherga axborot beradi. Dispetcher dispetcherlik jurnalida va haydovchining yoʻl hujjatlarida avtotransport vositasining kelganligini qayd etadi (shtamp-soatlar yordamida) va hujjatlarni chipta sotish qaydnomasini rasmiylashtirish uchun operatorga (kassirga) beradi.
49. Avtotransport vositasini yoʻlovchilar chiqariladigan maydonchaga oʻtkazish paytida navbatchi dispetcher (operator) avtovokzal, avtostansiya boʻyicha avtotransport vositasiga chiqarish vaqti boshlanishi, platformaning tartib raqamini va avtotransport vositasining joʻnashi vaqtini eʼlon qiladi.
50. Yoʻlovchilarni chiqarish uchun avtotransport vositasi qoʻyilishi oldidan avtovokzal, avtostansiya navbatchisi yoki perron (chipta) nazoratchisi tomonidan avtotransport vositasining jihozlanganligi va sanitariya holati, yoʻl hujjatlari borligi (reys jadvali, yoʻnalish sxemasi, chiptalar, chiptalarni hisobga olish varaqasi mavjudligi va chiptalarning oxirgi tartib raqami yozilishining toʻgʻriligi, yoʻlkira haqi jadvallari, bagaj yorliqlari borligi) va ularning holati tekshiriladi.
Avtotransport vositasining jihozlanishi va sanitariya holatiga oid barcha kamchiliklar va nuqsonlar toʻgʻrisida haydovchining yoʻl varaqasiga hamda avtotransport vositasining holati va jihozlanishini hisobga olish daftariga tegishli qaydlar kiritiladi.
Jihozlash qoidalari buzilgan, sanitariya talablariga javob bermaydigan avtotransport vositasi yoʻnalishdan olib qoʻyiladi va boshqa avtotransport vositasi bilan almashtiriladi.
51. Har bir avtotransport vositasi yoʻlovchilarni chiqarish uchun mazkur reysga biriktirilgan platformaga reysga toʻliq tayyor holda belgilangan vaqtdan kechikmay qoʻyiladi (shaharlararo yoʻnalishda qatnaydigan avtotransport vositasi joʻnashdan 15 daqiqa oldin, shahar atrofiga qatnaydigan avtotransport vositasi joʻnashdan 10 daqiqa oldin).
52. Avtotransport vositasiga yoʻlovchilar faqat ushbu reysga olingan chiptalar bilan chiqariladi.
Avtotransport vositasi ortiqcha odam olgan holda hamda yoʻlkira va bagaj uchun chiptaga ega boʻlmagan yoʻlovchilar bilan reysga joʻnatilishi mumkin emas.
53. Avtotransport vositasi reysga harakatlanish jadvaliga muvofiq avtovokzal, avtostansiya boʻyicha navbatchi yoki perron nazoratchisi tomonidan joʻnatiladi, u bunda quyidagilarni bajaradi:
a) joʻnashdan besh daqiqa (tranzit avtobusda 3 daqiqa) oldin joʻnab ketayotgan yoʻlovchilar sonining qaydnomaga muvofiqligi, ularda yoʻlkira chiptalari mavjudligini va avtotransport vositasida boʻsh oʻrinlar borligini tekshiradi;
b) qaydnomaga joʻnatilgan yoʻlovchilar sonini yozib qoʻyadi va uni haydovchiga beradi;
v) tekshirish oʻtkazilganligini tasdiqlagan holda oʻz imzosini (shtamp) qoʻyadi;
g) harakat xavfsizligini taʼminlagan holda avtotransport vositasining perrondan joʻnashiga ruxsat beradi.
54. Perron xizmati xodimlariga quyidagilar uchun taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishi mumkin:
a) avtotransport vositasi zarur darajada jihozlanmasdan, gʻayrisanitariya holatida, yoʻlovchilarni chiqarish uchun kechikib qoʻyilishi;
b) chiptasi boʻlmagan yoki haqiqiy boʻlmagan chiptasi boʻlgan yoʻlovchilarning avtotransport vositasiga qoʻyilishi;
g) avtobusda yoʻlkira haqi toʻlanmagan (shu jumladan tranzit) va tashish taqiqlangan yoki qoidalarda nazarda tutilganidan koʻproq joyni egallaydigan (ogʻirlikdagi) bagaj borligi;
d) avtobuslarning reysga ortiqcha odam olgan holda hamda kechikib joʻnatilishi;
e) tashish hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi yoki notoʻgʻri rasmiylashtirilganligi, haydovchilar chiptalari oxirgi raqamlarining chiptalarni hisobga olish varaqasida notoʻgʻri qayd etilishi;
j) yoʻlovchilarning avtotransport vositasiga mast holda chiqarilishi.
Chiptalarni oldindan (joriy) sotish qaydnomalaridagi yozuvlar band qilingan oʻrinlar soniga muvofiq kelmagan taqdirda, tafovut sabablarini aniqlash uchun navbatchi dispetcher orqali choralar koʻriladi. Chiptalar ortiqcha sotilganligi aniqlangan taqdirda qaydnoma aniqlashtirish uchun operatorga (kassirga) qaytariladi. Yoʻlovchi avtobusga chiqish uchun kelmagan taqdirda perron xizmati xodimi qaydnomaga bu haqda belgi qoʻyadi va oʻz imzosini chekadi. Boʻsh oʻrinlar soni va ularning tartib raqamlari haqidagi maʼlumotni dispetcherga beradi.
XII Bob. Avtovokzallar, avtostansiyalarning jihozlanishi hamda binolar va hududni tozalash ishlarini tashkil etish
55. Shaharlarda va shahar tipidagi qoʻrgʻonlarda joylashgan avtovokzallar, avtostansiyalarning old tomonida “Avtovokzal”, “Avtostansiya” degan peshlavhalar oʻrnatiladi. Agar avtovokzallar, avtostansiyalar avtomobil yoʻllari trassalarida, qishloq aholi yashash manzillarida va ishchilar shaharchalarida joylashgan boʻlsa, koʻrsatib oʻtilgan yozuvga aholi yashash joyi manzili qoʻshimcha qilinadi.
56. Stansiya zonasidagi inshootlar va binolar ularning vazifasiga koʻra yozuvlar bilan rasmiylashtiriladi.
Avtobuslar joʻnaydigan va keladigan platformalarda postga berilgan tartib raqami va yoʻnalish nomini oʻz ichiga oluvchi koʻrsatkichlar oʻrnatiladi.
57. Vokzal binosini koʻchalar va stansiya zonasi bilan bogʻlaydigan barcha tashqi eshiklarga tegishli ravishda “Kirish” va “Chiqish” degan yozuvlar yozilgan boʻlishi kerak.
58. Barcha xizmat xonalari eshiklariga ularning vazifasini anglatuvchi yoki mansabdor shaxsning xizmat mavqeyi toʻgʻrisida axborot beradigan yozuvlar yozib qoʻyiladi.
Begona kishilarning kirishiga ruxsat berilmagan xizmat xonalarining eshiklariga (chipta kassalari, dispetcherning xonasi, maʼlumotlar berish byurosi, aloqa apparatlari joylashgan xona) tegishli ogohlantiruvchi yozuvlar qayd etilgan tablichkalar ilib qoʻyiladi.
XIII Bob. Avtovokzal, avtostansiya rahbarlarining javobgarligi
60. Avtovokzal, avtostansiya tegishli pasportga ega boʻlmagan holda faoliyat koʻrsatayotganligi uchun avtovokzal, avtostansiya rahbari (egasi) Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Nizomga 4-ILOVA
Avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash MEZONLARI
T/r Koʻrsatkichlar nomi Avtovokzallar Avtostansiyalar yirik katta oʻrta kichik I klass II klass III klass IV klass V klass 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 1. Bir vaqtning oʻzida yoʻlovchi sigʻimi- kishi 500 dan ortiq 300 dan 500 gacha 200 dan 300 gacha 100 dan 200 gacha 75 dan 100 gacha 50 dan 75 gacha 25 dan 50 gacha 25 25 2. Bir sutkadagi joʻnatishlar soni-avtotransport vositalari joʻnatilishi - - - - 150 dan ortiq 121 dan 150 gacha 71 dan 120 gacha 31 dan 70 gacha 30 va undan kam 3. Maʼmuriy bino + + + + - - - - - 4. Yoʻlovchilar uchun kutish zali + + + + + + kassa zali bilan qoʻshil-gan yoʻlovchilar uchun xona yoʻlovchilar uchun usti yopiq ayvon 5. Madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena xonalari + + + + + + + + + 6. Kassa zali + + + + + + yoʻlovchilar kutish zali bilan qoʻshilgan bitta chipta sotish kassasi bitta chipta sotish kassasi 7. Haydovchilar uzoq vaqt dam oladigan xonalar, ona va bola xonasi, qoʻl yuki saqlash xonalari, militsiya xonasi, bufet va tibbiy yordam punkti + + + + + - - - - 8. Yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida monitor orqali kuzatish uchun texnologik anjomlar oʻrnatilgan xona + + - - - - - - - 9. Yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, avtobuslarning qatnovlar oraligʻida toʻxtab turadigan maydonchalari, texnik koʻrikdan oʻtkazish va avtobus salonlarini tozalash postlari + + + + + + texnik koʻrik postidan tash-qari + texnik koʻrik postidan tashqari faqat yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonchalari faqat yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonchalari 10. Shahar transporti kirib kelishi va taksi avtomobillari turishi uchun moʻljallangan maydonchalari bor vokzal oldi maydoni + + + + - - - - -
Nizomga 5-ILOVA
Koʻkrakka taqiladigan nishonning TAVSIFI VA NAMUNASI
1. Koʻkrakka taqiladigan nishon plastmassadan tayyorlangan, qisqichi bor, toʻrt burchakli shaffof belgidan iborat. Unga xodimning fotosurati, familiyasi, ismi va lavozimi yozilgan karton kartochka kiritiladi (yoki presslanadi).
2. Barcha axborot davlat tilida koʻrsatiladi.
3. Koʻkrak nishoni ustki kiyimga, chap koʻkrakka taqiladi.
JIZZAX AVTOSNONBEKATI 15 mm Fotosurat uchun joy BOSNLIQ XALILOV Abdulla Xalilovich 55 mm 90 mm
